aybning darajasi bu
shaxsning ruhiy holati, ayb shakli, xulq-atvorining motivi, maqsadi,
aybdorning kayfiyati, his-hayajoni va turli kechinmalarini umumiy
tavsiflovchi kategoriyadir. Mazkur elementlar jinoyat huquqi nuqtai
nazaridan turlicha xususiyatga ega bo‘lib, ularning ba’zilari jinoyat
tarkibiga kiritilgan, ba’zilari kiritilmagan. Biroq tanlangan jazo yoxud
boshqa huquqiy ta’sir choralarini baholash uchun aybning darajasini
aniqlashda shaxsning o‘zi sodir qilgan jinoiy qilmishiga ruhiy
munosabatini ifodalovchi yuqorida keltirilganlarning barchasi inobatga
olinishi zarur.
(Subyekt tomon aybining darajasi haqida «Jinoyatning subyekt
tomoni» deb nomlanuvchi VII bobda batafsil berilgan.)
Tayinlanayotgan jazo yoki boshqa ta’sir choralari va sodir etilgan
qilmish, jinoyatchi shaxsining ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosibligi
qo‘llanilayotgan choralarning adolatliligini aniqlashda e’tiborga olinadi.
Jinoyatchi shaxsining ijtimoiy xavfliligi uning ijtimoiy hayotda
tutgan o‘rni, xulq-atvorining huquqqa xilof qat’iy yo‘nalishga ega ekanligi
yoki uning g‘ayriijtimoiy xulq-atvoridan dalolat beradi (misol uchun,
retsidivist, alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ularning
analoglari yoki psixotrop moddalar iste’mol qiluvchilar va boshq.).
Shaxsning ijtimoiy xavfliligini aniqlashda uning sodir qilgan jinoyati,
shuningdek, uning jinoyat sodir qilgunga qadar va muayyan holatda
ijtimoiy xavfli qilmish sodir qilgandan keyingi xulq-atvori hisobga olinishi
kerak.
42
JK 8-moddasining 2-qismi bir jinoyat uchun ikki marta
javobgarlikka tortish mumkin emasligini belgilaydi. Ushbu qoidaning
qonunda mustahkamlanganligi odillik prinsipining ikkinchi bir jihatini
ochib beradi. Xususan, agar