Zehn va iqtidor bilimlarni egallashdagi eng muhim xislatlardir. Inson
umrining 18 yoshidan 25 yoshgacha bo‘lgan davri uning eng ziyraklik
davri, 30 yoshidan 39 yoshgacha ijodiy iqtidorning barq urgan davri
hisoblanar ekan.
Abu Ali ibn Sinoning o‘z tarjimayi holida: «Men biror kecha
oxirigacha uxlamas, kunduzlari ham ilmdan boshqa narsa bilan
shug‘ullanmas edim», deb qayd etilgan. Kishi katta bo‘lgani sari oqil,
tajribali, ilmga beriluvchan bo‘lib borar ekan. Nobel mukofotiga
sazovor bo‘lganlarning ko‘pchiligi o‘z kashfiyotlarini 30 yoshdan
keyin yaratganlar.
Bilib oling!
Qo‘shma gaplarni tashkil etuvchi sodda gaplar uning qismlari
sanaladi. Ular grammatik jihatdan quyidagi bog‘lovchi vositalar
yordamida bog‘lanadi: teng va ergashtiruvchi bog‘lovchilar;
bog‘lovchi vazifasida qo‘llanuvchi bo‘lsa, esa, deb so‘zlari; -sa
shart mayli qo‘shimchasi;
Qismlarining qanday bog‘lovchi vositalar yordamida bog‘lanishiga
ko‘ra qo‘shma gaplar 3 xil turga bo‘linadi: bog‘langan qo‘shma
gaplar, ergashgan qo‘shma gaplar, bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar.