SHAROF RASHIDOV XOTIRASIGA
Marhumlar hayotdan erurlar yiroq,
Demakki, yiroqlar xushomaddan ham.
Makru nayranglarin qo‘ymaydi biroq,
Toki hayot ekan Nobakor Odam.
Ularning turfa xil odatlari bor,
Avval ganjlarini ko‘mgay tuproqqa.
So‘ng birdan o‘zlarin his etib nochor,
Gavharim qayda deb tushgay titroqqa.
Dunyoda har kimga qismat yor emish,
Kimdir toj kiygaydir, kimlardir kuloh.
Go‘yoki Alisher sizga ham dermish:
“Siyrating darveshu suvratingdir shoh”.
Ezgulik niqobin yuziga tortgan
Manfur bir maydonda surgandingiz ot.
Kimdir o‘z padarin bir pulga sotgan,
Qo‘l-oyoq kishanda, talangan bisot.
O’ychan ko‘zingizda ne g‘am bor edi,
Kelajakmidi yo moziyning shoni?
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
87
O’zbek-ku, bir erkka intizor edi,
Sizni ado qildi ming bir armoni.
Erksevar ellarning orzusin yoqlab,
Xayol dengizida tunlar suzgansiz.
Istiqlol so‘zini yurakda saqlab,
Siz qafas ichida gullar tuzgansiz.
Shoirman, bo‘ynimda she’rning gunohi,
Sohibin asraydi Saltanat makkor.
Ochko‘z, amalparast kimsalar gohi
Adolat menman deb topgay e’tibor.
Ularning dastidan notinch el, zamon,
Tanimay qolursan oq-qorani ham.
Chalg‘itib kelganlar topganda imkon,
Hattoki Temuru Boyqaroni ham.
Odildir - kim elni boshlagan baxtga,
O’zi o‘tda yonib, yo‘lni ochganlar.
Lekin intilarkan toj ila taxtga,
Vo ajab, ko‘pincha dordan qochganlar.
Qulluq, Sharof ota, ming bora qulluq,
Boqiy O’zbekiston sizga ham yodgor.
Bugun u istiqlol shavqiga to‘liq,
Xizmatingiz eslar takror va takror.
Ilohi, har kimga bersinu to‘zim,
But bo‘lsin Vatanning metin qo‘rg‘oni.
Sizni qo‘llab turar O’zbegim - o‘zim,
Va, yurtning posboni - jasur o‘g‘loni!
Sulton bo‘lmasangiz, Sharof ota, gar,
Yashardingiz qalam qo‘ldoshi bo‘lib.
Poklikka, vafoga timsol muqarrar,
Xursanoy ayaning yo‘ldoshi bo‘lib.
1992 yil 2 noyabr
XALQ NAQLI
Xalq naqlni to‘qimaydi atayin,
Naqllarning umri fuzun bo‘ladi.
Mana, sizga bittasini aytayin:
Yaxshilik qil - tiling uzun bo‘ladi.
O’yga solar biroq boshqa bir jihat,
Yaxshilikni hunar qilgan elimiz.
Boshimizga yog‘ar tinmay malomat,
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
88
Ayting, qachon uzun bo‘lar tilimiz.
1992
IKKI G‘ANIM
Qizlarning dushmani husni bo‘lsa gar,
Shoirning dushmani - iste’dodidir.
Ularning hayotin etguvchi zahar
Suq bilan hasadning istibdodidir.
Qizlarga suq bilan boqqan har kimsa,
Porloq yulduzlarga mengzab maqtaydi.
Shoir iste’dodin dushmani esa,
Uni oyoqosti qilib toptaydi.
1992
Dostları ilə paylaş: |