3. O‘rta Osiyo xalo‘lari arablar istilosi va
hukmronligi davrida.
O‘rta asrlar dunyosida juda katta iz qoldirgan, Mag‘rib va Mashriqning
ko‘plab davlatlarini o‘ziga bo‘ysundirib, qudratli saltanat darajasiga ko‘tarilgan
Arab xalifaligi o‘zining ijtimoiy- tadrijiy taraqqiyoti davomida murakkab,
ziddiyatili tarixiy jarayonlarni bosib o‘tgan. Eng muhimi, uning vujudga kelishi
rivojlanish sari yo‘l tutishi ham g‘oyatda ziddiyatli alg‘ov-dalg‘ovli kechgan.
Buning boisi shuki VI asrning o‘rtalariga qadar Arabiston yarim orolida yashagan
qabila, urug‘larning hayot tarzi qoloq bo‘lib, ularning mutlaq ko‘pchiligida
ibtidoiy-patriarxal tuzum munosabatlari hukm surgan. Ko‘chmanchi badaviy
oilalari, urug‘lari o‘z chorva mollari uchun er-suv, o‘tloq qidirib keng sahrolarni
kezib yurganlar. Faqatgina yarim orolning Qizil dengizga tutash Hijoz vohasi va
janubiy Yamanda ahvol birmuncha boshqacharoq bo‘lib, bu hududlarda arab
qabilalari asosan o‘troq hayot kechirgan, savdo-sotiq, hunarmandchilik ancha rivoj
topgan edi. Ayniqsa Hijozning bosh shahri - Makka xalqaro karvon savdosining
muhim markazi hisoblangan. Makkalik quraysh qabilasi savdogarlarining turli
mintaqalar bilan bog‘langanligi, savdo-tijorat va hunarmandchilik ishlarining
kuchayib borishi pirovardida bu hududning har jihatdan mavqeini ko‘taribgina
qolmay, shu bilan birga uning tarqoq qabila, urug‘larini birlashtirish,
markazlashgan kuchli davlat tuzishdagi etakchilik o‘rnini ham tayin qilib bergan.
Xususan Makka aholisi tevaragida ko‘chmanchi arab qabilalarining birlashuvi
jarayoniga turtki bergan yana bir muhim omil-bu shu erlik quraysh qabilasining
hoshimiylar urug‘idan chiqqan payg‘ambarimiz Muhammad Alayhi vassalam nomi
bilan paydo bo‘lib, keng yoyila boshlagan islom dini va ta’limoti bo‘ldi. Gap
shundaki, o‘zida yakka xudolilik g‘oyasini mujassamlashtirgan, xalqlarni birlik,
ahillik, birodarlik, hamjihatlik, o‘zaro mehr-muruvvatlik, do‘stlik singari olijanob
fazilatlarga da’vat etuvchi islom g‘oyalari har qanday to‘siqlarni, qiyinchiliklarni
bartarf etib, turli-tuman arab qabila-qavmlari ongi, qalbiga yo‘l topib, ularni
o‘zining yashil bayrog‘i ostiga birlashtira bordi. Muhammad ibn Abdulloh (570-
632) hayotining oxirlariga kelib ko‘p sonli arab qabilalarining islom bayrog‘i
ostida birlashuvi negizida Arab xalifaligiga asos solindi. Bu davlatning qudrati
Payg‘ambarimiz noiblari-choriyorlari - Abu Bakr Siddiq (632-634), Hazrati Umar
(634-644), Hazrati Usmon (644-656) va Hazrat Ali ibn Abu Tolib (656-661)
davrida yanada ortib, hududiy chegaralari kengaya bordi. Xalifalik tarkibiga
Shom, Iroq, Yaman va boshqa hududlar qo‘shib olindi. Ummaviylar davrida (661-
750) Arab xalifaligi hukmronligi shu qadar katta hududlarga yoyildiki, uning
tarkibiga G‘arbda Misr, shimoliy Afrika erlari, Andaluziya (hozirgi Ispaniya),
shimoli sharqda Kichik Osiyoning katta qismi, Eron va O‘rta Osiyo, shimoliy-
g‘arbiy Hind sarhadlari kirar edi.
Arab
xalifaligining
istilochilik
yurishlarida
O‘rta
Osiyo erlarini bosib olish va uning xalqlarini itoatga keltirish, bu hududda islom
dinini yoyish alohida o‘rin tutadi. Negaki bizning o‘lkamizdek boy-badavlat yurtni
qo‘lga kiritish, unga hukmronlik qilish, behisob moddiy va ma’naviy boyliklarni
tasarruf etish-bu arab hukmron doiralarining eng asosiy istilochilik maqsadlari
bo‘lgan. VII asr o‘rtalariga kelib Eron hududlari egallangach, endilikda xalifalik
e’tibori Xuroson va O‘rta Osiyo erlarini bosib olishga qaratiladi. Bunda Vatanimiz
sarhadlarida arablar istilosi jarayoni ikki bosqichda amalga oshirilganligini
ta’kidlab o‘tmoq joizdir. Uning birinchi bosqichi - VII asrning ikkinchi yarmiga
to‘g‘ri kelib, bu davrda ayrim arab lashkarboshlari qo‘shini Amudaryo atrofidagi
hududlarga bir necha bor hujumlar uyushtirib, bu erlarning boyliklarini talab,
ma’lum o‘ljalarni qo‘lga kiritib, ortga qaytganligini kuzatish mumkin. Bundan
ko‘zda tutilgan asosiy maqsad- bu hududlarni yaqin kelajakda bosib olishga
tayyorgarlik ko‘rish bo‘lgan. Masalan, arab lashkarboshlari Ziyod bin Abu
So‘fiyonning 666 yilda Marvga yurishi, 670 yilda uning o‘g‘li Ubaydulla ibn
Ziyodning Amudan o‘tib Boykand, Romiton erlarini egallashi, so‘ngra Buxoro
hukmdorini engib o‘z foydasiga sulx tuzib, katta xazina, boyliklarni qo‘lga
kiritishi va nihoyat, 675-676 yillarda Said ibn Usmonning yangidan Buxoro va
Samarqand tomon qo‘shin tortib kelishi va mahalliy hukmdorlarni engib, katta
boylik va ko‘p sonli asirlar bilan Arabistonga qaytib ketishi-bular O‘rta Osiyo
hududlarini egallash borasidagi dastlabki urinishlar edi.
O‘lkamizni bosib olishning ikkinchi, hal qiluvchi bosqichi VIII asrning
birinchi choragiga to‘g‘ri keladi. Xususan, 704 yilda Qutayba ibn Muslimning
Xuroson noibi etib tayinlanishi bilan uning zimmasiga butun O‘rta Osiyo
hududlarini uzil-kesil bosib olish vazifasi yuklanadi. Iste’dodli lashkarboshi
Qutayba katta tayyorgarlik ko‘rgandan so‘ng 706 yilda Jayxun (Amudaryo)dan
o‘tib Boykandni egallash sari harakatlanadi. Arablar mahalliy xalq qarshiligini
engib shaharni qo‘lga kiritadilar, uning boyliklarini talaydilar. O‘lja olingan
boyliklar tortib ko‘rilganda ularning og‘irligi 150 ming misqol (bir misqol-
4,240gr) chiqadi. 707 yilga kelib Kesh, Naxshab ham og‘ir janglar bilan fath
etiladi. 708-709 yillarda Qutayba qo‘shini Vardanze, Romiton va So‘g‘d erlarini
ishg‘ol qiladi. G‘oyatda usta diplomat va mohir sarkarda sanalgan Qutayba
mahalliy hukmdorlarning o‘zaro kelishuvi va ittifoqiga izn bermay, bu hududlarni
birin-ketin egallaydi. So‘g‘dning bosh shahri - Samarqand bosib olingach, qo‘lga
kiritilgan oltin butlar va xazinalarning umumiy og‘irligi 50 ming misqolni tashkil
etgan. Samarqand hokimi G‘urak (709-738) bilan tuzilgan Shartnomaga binan u
arablarga yiliga 2200000 dirxam tovon to‘lashi, 30 ming baquvvat yigitlarni qul
o‘rnida berishi ko‘zda tutilgan edi. Buning ustiga Samarqandning eng gavjum
mavzesi - Afrosiyob kelgindi arab aholisi uchun turar joy sifatida beriladi. Uning
tub aholisi esa o‘z joyidan mahrum etiladi. Samarqanddan so‘ng arab lashkari
Buxoroni bosib olib uning boyliklarini talaydi. Biroq Qutayba tobe Buxoroni
boshqarishni Buxoro xukmdori Xotun podshoning o‘g‘li Tog‘shoda izmida
qoldiradi. Qutayba ibn Muslim 711-715 yillarda Toshkent, Xo‘jand, sharqiy
Turkiston erlarini bosib olib, bu erlarda ham o‘z hukmronligini o‘rnatadi. Shu
tariqa, arablar Movarounnahr (daryo orti) deb nom bergan O‘rta Osiyo hududlari
VIII asrning dastlabki o‘n yilliklari davomida bosib olindi. Arablar istilochilar
sifatida bu hududda mahalliy aholiga nisbatan mislsiz zulm va zo‘ravonlik
o‘tkazdilar. Xalq tomonidan asrlar davomida yaratilgan noyob moddiy va
ma’naviy boyliklar, asori atiqalar talandi, yakson qilindi. Mahalliy yozuvlarda
bitilgan nodir kitoblar, qo‘l yozmalar yondirildi. Zardushtiylik, buddizm dinining
ko‘plab ibodatxonalari, muqaddas qadam jolari kunpaya- kun etildi. Ulug‘
bobokalonimiz Beruniy o‘zining «O‘tmish ajdodlardan qolgan yodgorliklar»
asarida achchiq alam bilan ta’kidlaganidek, arablar mahalliy din, san’at, adabiyot
namoyandalarini, olimlarni o‘ldirdilar, asarlarini esa olovda yondirdilar. So‘ngra
ular ajdodlarimizning bebaho boyligi hisoblangan mahalliy yozuvlar, tarixiy
hujjatlarni yo‘q qildilar. Musulmonchilik diniga, islom aqidalariga zid keladigan
jamiki narsalar ularning nazarida g‘ayritabiiy hol hisoblanib, ular ayovsiz yo‘q
qilindi. Bularning o‘rniga arablar aholidan olingan mo‘may daromadlar, to‘lovlar
evaziga hashamatli, serviqor masjidu, madrasalar xonaqolar, maqbaralar barpo etib
odamlarni ularga da’vat etdilar. Yurtimiz jilovini qo‘lga olgan arab hukmdorlari
xalqqa zulmu, asoratni kuchaytirish maqsadida turli xil soliq, o‘lponlarni joriy
etdilar.
Arab xalifaligi xazinasiga to‘lanishi majburiy bo‘lgan markazlashtirilgan
soliq turlari quyidagilardan iborat bo‘lgan:
- xiroj, daromadning uchdan bir qismi miqdorida yig‘ilgan;
- ushr, davlat idora ishlari uchun daromadning 10 foizi miqdorida olingan;
- juzya-jon solig‘i, oziq-ovqat, xomashyo yoki pul hisobida yig‘ilgan;
- zakot, mol-mulkning 2,5 foizi miqdorida olingan. Aholidan olinadigan
markazlashgan soliqlar hajmi daromadning qariyb yarmini tashkil etardi. Bundan
tashqari aholiga mahalliy va mavsumiy soliq va majburiyatlar ham yuklatilgan. IX
asr arab tarixchisi Xo‘rdodbehning ko‘rsatishicha, xalifalikka faqat xiroj solig‘i
hisobiga So‘g‘d viloyati 326 ming, Farg‘ona 280 ming, Shosh 607 ming,
Ustrushon 50 ming dirham to‘lagan. Buxoro va Samarqandga belgilangan xiroj
solig‘i miqdori bulardan ham ko‘p bo‘lgan, albatta. Shu boisdan istilochilar «kuch
xirojda» deganlar. Mahalliy aholi ko‘zda tutilgan bu soliqlarni muntazam to‘lab
borishga majbur etilgan. Bordiyu bunga qurbi etmasa o‘sha shaxsning eri, mulki
tortib olinib, oilasi bilan ko‘chaga uloqtirilgan. Arablar dastlab juz’ya solig‘ini
musulmon diniga kirmagan odamlarga joriy etganlar. Biroq keyinchalik hamma
islomga kira boshlagach, bu soliq yana barcha erli aholiga bab-baravar solina
bergan. Ayniqsa o‘lka aholisini islomlashtirish jarayoni g‘oyat murakkab kechgan.
Arab ma’murlari bu sohada ko‘p hollarda zo‘rlik, zo‘ravonlik va kuch ishlatish
yo‘li bilan mahalliy xalq vakillarini, islomni qabul qilishga undaganlar. Bunga
ko‘nmaganlar yoxud bosh tortganlar esa shafqatsiz jazolangan. Ko‘p joylarda
mahalliy kishilar noilojlikdan, qiyin-qistov asosida musulmonchilikni majburan
qabul etgan bo‘lsalar-da, biroq arablar ko‘zdan nari ketishi bilan ular yana bu
dindan qaytib o‘zlarining eski diniy aqida va marosimlariga amal qila berganlar.
Hatto arablar ishonchini qozonib musulmon dinini tantanovor qabul qilgan
Buxorxudot Tog‘shoda ham islom dinini xo‘ja ko‘rsinga yuzaki qabul qilgan
bo‘lib, aslida zardushtiylik ahkomlariga amal qilgan. U vafot etganda ham
ajdodlari diniy marosimlarga ko‘ra dafn etilgan. Bundan ko‘rinadiki, islom dini
va uning ruknlarining mahalliy xalq orasida yoyilishi nihoyatda qiyin, murakkab
kechgan.
Arablarning Vatanimiz hududida yurgizgan zo‘ravonlik va mustamlakachilik
siyosati, shubhasiz, erli aholining turli ijtimoiy qatlamlarining keskin norozililgiga
sabab bo‘ldi. Buning natijasida arablar hukmronligi davomida o‘lkaning turli
hududlarida xalq g‘alayonlari yuzaga kelib, alangalanib bordi. 720-722 yillarda
So‘g‘diyonada yuz bergan G‘o‘rak (Samarqand hukmdori) va Divashti (Panjikent
hokimi) boshchiligidagi qo‘zg‘olon arablar hukmronlikligiga qarshi yo‘nalgan
dastlabki shiddatli xalq harakatlaridan biri bo‘lgan. Unda arablar siyosati va
zulmidan g‘azabga kelgan o‘n minglab mahalliy xalq vakillari ishtirok etgan.
Xurosonning yangi tayinlangan va zolimligi bilan nom chiqargan noibi Al-
Xoroshiy, uning lashkarboshisi Mussayyob ibn Bashir Ar Riyohiylar katta
muntazam harbiy kuch bilan mazkur qo‘zg‘olonni shafqatsizlik bilan bostirishga
muvaffaq bo‘ladilar. Qo‘zg‘olon rahbarlaridan biri Divashti ham ushlanib qatl
etiladi. 725-729 yillar davomida xalifalikning og‘ir soliq siyosatiga qarshi
Samarqand, Buxoro, Xuttalon viloyatlarida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar ham xalq
ozodlik kurashida sezilarli iz qoldirdi. Qo‘zg‘olonchilarning ancha qismi arab
ma’murlari siyosatiga norzilik bildirib, islom dininidan chiqadilar. Kesh atrofida
yuz bergan mahalliy aholining arablar bilan to‘qnashuvi rostmona jangu jadal
tusini olgan. 736-737 yillarda Tohariston va Sug‘dda yangidan ko‘tarilgan kuchli
qo‘zg‘olon o‘z safiga aholining turli ijtimoiy qatlamlarini jalb etgandi. Faqat
Xuroson va Movarounnahrning yangi xukmdori, usta diplomat, o‘tkir siyosatchi
Nasr ibn Sayyor (738-748)ning uddaburon siyosati, nizoli masalalarni xal etish
borasidagi epchil tadbirlari tufayligina qo‘zg‘olon harakatlarini bartaraf etish,
o‘lkada muvozanatni saqlash mumkin bo‘ldi. Bunda u mahalliy aholiga, ayniqsa
uning nufuzli qatlamiga muayyan yon berishga majbur bo‘ldi. Jumladan, u
arablarning mahalliy aholi bilan qon-qardoshlik aloqalarini kuchaytirishga intildi.
O‘zi ham Buxorxudot Tog‘shodaning qiziga uylandi. Islomni qabul qilgan kishilar
juzyadan ozod etiladi va barcha musulmonlar huquqiy jihatdan tenglashtirildi.
Xiroj solig‘i to‘lash barcha uchun baravar deb e’lon qilinadi.
Muqanna qo‘zg‘oloni. Vatanimiz xalqlarinig arablar asoratiga qarshi olib borgan
kurashi tarixida alohida o‘rin tutadi. Bu qo‘zg‘olon o‘zining maqsad, vazifalari,
yo‘nalishi, jug‘rofiy ko‘lami va ommaviyligi bilan keskin farqlanib turadi. Gap
shundaki, qo‘zg‘olon shunday bir paytda boshlanib, keng hududiy chegaralarni
qamrab, aholining yangi-yangi qatlamlarini o‘ziga jalb etib bordiki, uning quddratli
oqimi, na’rasi ajnabiy hukmdorlarni ham sarosimaga solib qo‘ydi. Ular joriy etgan
tuzum va tartiblarni qaqshatishga olib keldi. Tarixda «oq kiyimlilar» nomi bilan
mashhur bo‘lgan bu qo‘zg‘olonga o‘z zamonasining har tomonlama etuk kishisi,
xalq dardi, qayg‘usi va maqsadlarini chuqur tushungan, asl ismi Hoshim ibn
Hakim, ammo Muqanna (ya’ni yuziga niqob kiygan ma’noda) nomi bilan tanilgan
buyuk shaxs rahnamo bo‘ldi. 776 yilda Marvda boshlangan xalq qo‘zg‘oloniga
qadar ham Muqanna hayotning katta mashaqqatli yo‘lini bosib o‘tgan, oddiy kir
yuvuvchidan vazirlik darajasiga ko‘tarilgan (757-759), ummaviylar sulolasi
inqiroziga kuchli ta’sir ko‘rsatgan Abu Muslim qo‘zg‘olonida faol ishtirok etgan,
ijtimoiy tenglik, erkin hayot va adolat g‘oyalarini o‘ziga singdirgan taniqli siymo
bo‘lgan. Shuning uchun ham uning yangidan xalq kurashiga bosh bo‘lishi bu
harakatning keng quloch yozishiga, uzoq muddat davom etishiga (14 yil) sabab
bo‘libgina qolmay, ayni chog‘da arab hukmron doiralari uchun ham kutilmagan
oqibatlarni vujudga keltirib, ularga katta hayotiy saboqlar berdi. Qo‘zg‘olon
Marvda boshlangan bo‘lsa-da, u tez orada Movarounnahrning keng hududlariga
yoyildi. Muqanna qo‘zg‘oloni davomida Samarqand, Buxoro, Naxshobu, Kesh
hudulari aholisi ham faol harakatga keldi. Uni Iloq, Ohangaron, Shosh, Farg‘ona
vodiysining ko‘p sonli xalqi ham quvvatlab chiqdi. Qo‘zg‘olonning bosh g‘oyasi -
Vatanimiz xalqlari, ularning asl farzandlarining muqaddas yurtni ajnabiy
hukmronlardan ozod qilish, uning mustaqilligini kurashib qo‘lga kiritish g‘oyasi
to‘la kuch bilan namoyon bo‘ladi. Mana shu yuksak vatanparvarlik, yurtparvarlik
tuyg‘usi qo‘zg‘olonchilarga hayotiy ruh, ma’naviy madad bag‘ishlagan, ularning
uzoq vaqt davomida arablarning katta harbiy kuchlari bilan jon berib, jon olishib
kurash olib borishiga, mislsiz qurbonlar berishiga sabab bo‘lgan. Biroq shu bilan
birga qo‘zg‘olonga tortilgan aholining hamma ijtimoiy tabaqalari ham shu ulug‘vor
g‘oyaga sodiq bo‘lgan, unga oxirigacha amal qilgan, deb xulosa chiqarib
bo‘lmaydi, albatta. Negaki qo‘zg‘olon kuchaygan kezlarda undan o‘z xudbin
maqsadlari yo‘lida foydalanishni ko‘zlab xalq kurashiga qo‘shilgan yuqori tabaqa
namoyandalari ham bo‘lgan. Ular keyinchalik qo‘zg‘olon pasayishi va mag‘lubiyat
sari yuz tutgan kezda darhol xiyonat yo‘lini tutib, ajnabiylar bilan til topib,
ularning tomoniga o‘tib ketganligi faktdir. Ammo bunday istisnolardan qat’i nazar,
bir necha yillar davom etgan «Oq kiyimlilar» qo‘zg‘oloni yurtimizning ozodlik
kurashi tarixida katta dovrug‘ taratdi, arab bosqinchilarini larzaga soldi, ularga
sezilari zarbalar berdi. Qo‘zg‘olon Muqannaga katta madadkor, jangovar safardosh
bo‘lgan Hakim ibn Ahmad, Xishriy va Bog‘iy, Girdak, So‘g‘diyon degan xalq
qahramonlarini ham etishtirib chiqardi. Ular oxirgi tomchi qonlari qolgunga qadar
bosqinchilarga qarshi mardonavor kurashdilar. 780-783 yilar qo‘zg‘olon
harakatlari so‘nggi hal qiluvchi pallaga kiradi. Bu davrda Muqanna kuchlari
Qashqadaryoning Kesh vohasida to‘plangan edi. Qo‘zg‘olonning bosh tayanch
nuqtasi-Som qishlog‘i ham shu joyda bo‘lgan. Albatta, bu vaqtga kelib xalifalik
qo‘shinlari katta ustunlikka ega bo‘lib, ular mahalliy aholining yuqori tabaqalarini
o‘z tomoniga jalb etib, qo‘zg‘olonchilarni tabora siqib borayotgan edi. Muqanna
Somda mustahkamlanib, o‘z tarafdorlari bilan so‘nggi nafasigacha kurashdi.
Pirovardida esa dushman qo‘lida mag‘lub bo‘lmay, o‘zini yonib turgan olovga
otib, qahramonlarga halok bo‘ladi. Bu voqea Beruniy ma’lumotiga ko‘ra 785 yilda
sodir bo‘lgan. Garchand Muqanna qo‘zg‘oloni engilgan bo‘lsa-da, biroq u buyuk
xalq qudratini, agar u birlashsa, uyushsa nimalarga qodirligini namoyon etdi.
Qo‘zg‘olon ayni chog‘da xalifalikning Movarounnahrdagi mustamlakachilik va
bosqinchilik ildizlarini ham qaqshatdi. Uning hukmronligi davomini shubha ostiga
solib qo‘ydi. Eng muhimi, u erk, hurlik va ozodlik uchun talpinayotgan yurtimiz
kishilarida vatanparvarlik tuygusini jo‘sh urdirdi, ularni ajnabiy zolimlarga qarshi
yanada shiddatkorlik bilan kurash olib borishga da’vat etdi. Buning samarasi esa
IX asrning boshlariga kelib yurtimiz ustidan xalifalik hukmronligining uzil-kesil
ag‘darilishi va bir qator mustaqil milliy davlatlarning yuzaga kelishida to‘la
namoyon bo‘ldi.
Arablar istilosi va hukmronligi Vatanimiz hududida qanchalik murakkab
ijtimoiy-siyosiy oqibatlar bilan bog‘liq bo‘lmasin, shu bilan birlikda yakkaxudolik
g‘oyasi, ilg‘or ijtimoiy-siyosiy, falsafiy qarashlarni o‘zida mujassam etgan islom
dini va ta’limotining o‘lkamizda asta-sekin ildiz otib borishi ulug‘ ajdodlarimiz
hayoti va tafakkurida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Butun arab dunyosini
birlashtirish, uning ma’naviy qudratini kuchaytirishda etakchi omil rolini o‘ynagan
islom dini va uning muqaddas kitobi-Qur’oni karim g‘oyalari va oyatlarining
mahalliy xalqlarning ongi, shuuriga singib, ularning turmush va fikrlash tarzining
ajralmas bir qismiga aylanib borishi, shubhasiz, ularning ma’naviy olamiga
hayotbaxsh ta’sir ko‘rsatdi hamda yuksak moddiy va ma’naviy madaniyat
namunalarini ijod qilib borishlarida yangi ufqlar ochib berdi. Buning asosiy boisi
shundaki, Allohning yagonaligiga imon keltirish, uning yuksak insonparvarlik
g‘oyalariga, olijanab shaxsiy fazilatlarga ishonch va e’tiqod-bular yurt kishilarida
bir-birlarini quvvatlash, birlashish, o‘zlarini yagona makonda his qilish, o‘zaro
hamkorlikda, keng sa’y-harakatlarda bo‘lish tuyg‘usini shakllantirib bordi. Negaki,
islom ta’limoti, Qur’oni karim g‘oyalari negizida tarkib topgan musulmonchilik
ahkomlari va ruknlarining o‘lkamizga yoyilishi islomni qabul qilgan
o‘tmishdoshlarimizning Alloh buyurgan olijanob amallarga rioya etib, ruhiy-
ma’naviy poklanish sari harakatlanishi, shubhasiz, jamiyat hayoti va uning asosiy
tamoyillarining sog‘lom negizlarda rivojlanib, takomilashib borishiga sezilarli
ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu ma’noda Yurtboshimiz: «Biz ota-bobolarimizning
muqaddas dini bo‘lgan islom dinini qadrlaymiz, hurmat qilamiz, odamzod ruhiy
dunyosida iymon- e’iqodni, insoniy fazilatlarni mustahkamlashda uning o‘rni va
ta’sirini yuksak baholaymiz»
1
deb ta’kidlaganligi bejiz emasdir. Zero, o‘lkaning
ma’naviy yuksalishini ta’minlash, odamlarning bir-biriga qon-qardoshligi,
hamjihatligini jipslashtirishda muhim omil bo‘lgan asriy bebaho qadriyatlarimizni
o‘zida mujassam etgan islomiy ahkomlarning bugunda ham hayotimizda o‘z
munosib o‘rnini topayotganligi islomning jamiyat taraqqiyotidagi muhim omil
ekanligidan dalolat beradi.
Dostları ilə paylaş: |