www.ziyouz.com kutubxonasi
18
aladdavom rabbulolamindan rajo va tamanno etmakdamiz. Janobi Haq bod fursatlarda, yaqin va sa’id soatlarda to‘kis-tugallik birlan diydor ko‘rishmakka nasib va ro‘zi qilsin, omin yorabbulolamin. Ba’dab so‘zimiz: o‘g‘lim, Marg‘ilong‘a sihhat va salomat yetish maktubingni olib haq taolog‘a shukurlar qildik. Bizning Toshkanddan ahvol so‘rasang, balki Marg‘ilong‘a ham eshitilgandir, munda Azizbek qandog‘dir bir kuchka tayanib Qo‘qong‘a isyon etdi. Xazina hisobini olish uchun kelg‘an devon beklarini o‘ldirib o‘rda darbozasiga osdi, bunga qarshi Qo‘qon ham tinch yotmag‘an bo‘lsa kerak. Bu kun Kirovchidan besh ming sipoh ila Normuhammad qushbegini Toshkand ustiga buyurilg‘anlig‘in eshitdik. Fuqaroning tag‘in qandog‘ ko‘rguliklari bor ekan, o‘g‘lim! Kechagina qonliq qilichini fuqaro ustida yurguzib turg‘an Azizbekka uning tig‘i zulmi bilan qora qonig‘a belanilgan o‘g‘lining, otasining, onasining, og‘asining mazlum gavdasi tuproq ostida hali chirib bitmay turib bu kun xalq yana Azizbekka, o‘sha qonxo‘rg‘a o‘z qoni bilan yamin etdi; Azizbekni to o‘zining bir tomchi qoni qolg‘unchaliq himoya qilmoqqa ond ichdi. Azizbekning buyrug‘i bilan kecha o‘rda tegiga barcha Toshkand xalqi yig‘ilg‘an, bu yig‘inda ulamolar ham bor, fuzalo ham bor; xulosa, shaharning har bir sinfidan ham hozir edi. Azizbek o‘rda qorovulxonasidan turib fuqarog‘a salom qildi. Azizbekning salomiga musharraf bo‘lg‘unchilarning ko‘z-laridan yoshlar oqmoqda edi. O‘g‘lim, sen bir qadar oq bilan qorani ajrata olasan, yozg‘anlarimni diqqat bilan o‘qi. Azizbek o‘rda darbozasig‘a osilg‘an ikki gavdani ko‘rsatib so‘radi: «Fuqaro! Ko‘rasizmi bu ikki gunohkorni, nima uchun bu jazog‘a mustahiq bo‘ldilar?» Xalq: «Bilmaymiz, taqsir». Azizbekning o‘zi javob berdi: «Bular Musulmon cho‘loqni sarkardalaridan, qip-choqlarning yo‘lboshchilaridan va qora choponning dushmanlaridan bo‘lgan ikki to‘ng‘izning gavdalari! Men bularni siz qora chopon fuqarom tomonidan o‘ch uchun o‘ldirdim, siz qora chopon og‘aynilarning qipchoq qo‘lida shahid bo‘lg‘an qarindoshlaringizning ruhlarini shodlandirmoq uchun o‘ldirdim! Yoki bu harakatim adolatdan emasmi, fuqaro!» Xalq javob berdi: «Adolat! Xo‘b qilg‘ansiz, taqsir! Qipchoqlarning ja-zolari shunday bo‘lmog‘i kerak!» Azizbek maqsadg‘a ko‘chdi: «Siz qora choponliqlarg‘a xolisona qilg‘an bu xizmatimga qarshi albatta qipchoqlar qasdimg‘a tusharlar, meni Toshkand hokimligidan azl etmakchi va qo‘llaridan kelsa hatto o‘ldirmakchi bo‘lurlar! Siz bu ehtimolga qandog‘ qaraysizlar?!» Xalq o‘zining quyidag‘i javobi bilan ko‘kni ko‘tardi: «Bir tomchi qonimiz qolg‘uncha yo‘lingizda jon beramiz! Qipchoqlarda had bo‘lg‘aymiki, biz tirik turg‘an joyda sizning bir tola mo‘yingizni xam qilsinlar!» Azizbek xalqqa tashakkur aytib yarasini yordi: «Rahmat fuqaro! Eshitamanki, qipchoqlar Normu-hammad qushbegi qo‘l ostida Toshkand ustiga harakat boshlag‘an emishlar. Bunga qarshi bizning hozirlanishimiz kerakmi, yo‘qmi fuqaro?!» Xalq: «Kerak, albatta kerak, taqsir! Agar ruxsat bersangiz, bu kundan boshlab qo‘rg‘onlarni tuzata beramiz!» Azizbek: «Rahmat fuqaro! Orqamda sizningdek fuqarom turg‘anda menga hech bir qayg‘u yo‘qdir!» Xalq: