www.ziyouz.com kutubxonasi
82
qiluvchi haqida so‘rashdi. U zot: «Yo‘q, faqat rag‘bat-xohish bilan qilingan nikoh joiz.
Aldov-hiyla nikohi joiz emas. Alloh azza va jallaning kitobini istehzo qilish mumkin emas.
Toki asaldonidan totib ko‘rsin», dedilar (Abu Ishoq Juzjoniy rivoyati).
Bir kishi Ibn Umardan: «Bir kishi xotinini uchtaloq qildi. Bir birodari u bilan
maslahatlashmasdan, halollab berish maqsadida uning xotiniga uylandi. Endi birinchisiga
halol bo‘ladimi?» deb so‘ragan edi, u: «Yo‘q. Faqat rag‘bat-xohish bilan qilingan nikoh
joiz. Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida bu ishni fohishabozlik deb
hisoblardik», dedilar (Hokim rivoyati).
Asram va Ibn Munzirlar rivoyat qilishlaricha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Halol
qiluvchi va halol qildiruvchini huzurimga olib kelishsa, ikkalasini ham toshbo‘ron qilgan
bo‘lardim», deganlar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan ayolni eriga halollab berish haqida so‘rashganida:
«Bu ish fohishabozlik», deb javob berganlar.
Abdulloh ibn Sharik Omiriy aytadilar: «Ibn Umar roziyallohu anhumodan: «Bir kishi
amakisining qizini (ya’ni, xotinini) taloq qilib, so‘ng afsuslanib, xotiniga rag‘bat bildirdi.
Boshqa birov u kishiga halollab berish uchun unga uylanmoqchi. Shu ish mumkinmi? deb
so‘rashgan edi, u zot: «Agar u halollab bermoqchi ekanini bilsa, garchi yigirma yil yoki
shunga yaqin muddat yashasa-da, ikkalasi ham zinokordir», deya javob berdilar.
Bir kishi Ibn Abbos roziyallohu anhumoga: «Amakimning o‘g‘li xotinini uchtaloq qilib,
endi afsuslanib o‘tiribdi», degan edi, u zot: «Amakingni o‘g‘li Rabbiga osiylik qilgan edi,
Rabbi uni nadomat chektirib qo‘ydi. Shaytonga itoat qilgan edi, shayton unga (bu
mushkul holatdan) chiqar yo‘lni paydo qilmadi», dedi. «Birontasi unga xotinini nikohlab
bersa bo‘lmaydimi?» deb so‘ragan edi, «Kim Allohni aldamoqchi bo‘lsa, o‘zini aldab
qo‘yadi», deya javob berdilar.
Ibrohim Naxa’iy aytganlar: «Birinchi er va yoki ikkinchi er va yo ayol – uchovidan
birontasining niyati halollab berish bo‘lsa, ikkinchisining nikohi botil bo‘ladi va
birinchisiga halol bo‘lmaydi».
Tobe’inlarning imomi Said ibn Musayyab: «Avvalgi eriga halollab berish maqsadida biron
xotinga uylangan kishining nikohi halol emas», deganlar.
Molik ibn Anas, Lays ibn Said, Sufyon Savriy, Imom Ahmadlar ham shu gapni aytganlar.
Ismoil ibn Said aytadi: «Imom Ahmaddan: «Bir kishi ayolga avvalgi eriga halol qilib
berish maqsadida uylanmoqchi. Biroq ayol bundan bexabar. Shu ish joizmi?» deb
so‘ragan edim, u zot: «U halol qiluvchidir. Agar bu bilan halollab berishni xohlar ekan, u
mal’undir», dedilar».
Alloh taolodan bizlarni O‘zi rozi bo‘lgan ishlarga muvaffaq aylashini, gunoh ishlardan
yiroq qilishini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, mag‘firatli va rahmli zotdir.