www.ziyouz.com kutubxonasi
125
tahlika solib o‘tdi. Bobur bu gal yana aldanmaslik uchun shahar ichidagi tarafdorlarning
hech biriga xabar bermasdan, faqat o‘z kuchiga ishonib, tavakkal qilib keldi. Ammo
uning ikki yuz qirq kishilik bir dasta qo‘shini Shayboniyxonning besh-olti ming kishilik
lashkarlariga qanday bas kelishi mumkin? Yana xon qo‘shini mustahkam qal’a ichida.
Tarixda bunchalik tavakkalchilik bo‘lganmikin?
Qo‘rg‘onga pinhon yetib oldilar. Agar Shayboniyxon ichkariga «qopqon» qo‘ygan bo‘lsa-
chi? Bobur bu «qopqon»ga o‘z oyog‘i bilan kirib boradimi?
Ba’zi beklar mana shu andishalarni aytib, Boburni qaltis niyatidan qaytarmoqchi ham
bo‘ldilar.
Ammo bu niyatdan qaytish — Andijonga shumshayib borib, yana Ali Do‘stbekka mute
bo‘lish degan so‘z edi. Yoki uysiz, joysiz, kuz izg‘irinlariyu qish sovuqlarida xoru zor
bo‘lib yurishlari kerak edi. Bobur muteligu xor-zorlikdan ko‘ra bir o‘limni bo‘yniga olib,
Shayboniyxonga yo‘lbarsday dadil tashlanishni afzal ko‘rgan va beklarni ham shunga
ko‘ndirgan edi.
Agar ishlari chappasidan kelsa-yu, Shayboniyxonning qopqoniga tushsalar, ajal sirtmog‘i
eng avval Boburning bo‘yniga tushishini hammalari bilardilar. Boburning barcha harakati
— yov «qopqoni»ning qopadigan joyiga tegmasdan o‘tishga qaratilgan edi. Shu
yergacha sharpalarini yovga sezdirmay keldilar. Endi bu yog‘i qandoq bo‘larkin?
Bobur butun vujudi bilan atrofga quloq solar ekan tun sukunatida o‘z yuragining dukillab
urishini baralla eshitdi. Bu dukillashda go‘yo taqdir otining dukuri ham bor edi.
* * * Og‘ir shotilarni sekin ko‘tarib, qadimiy Chaqardiza* qabristonini aylanib o‘tayotgan
navkarlarning biri — Tohir edi. Ular qorong‘ida turtina-turtina Shohi Zindaning orqa
tomonidagi bahaybat bir o‘ngirga yaqinlashdilar. O‘ngirning tepasi baland jar. Uning
etagida g‘or ham bor. Bu vahimali joylarga kunduzlari ham hech kim kelmaydi. Oyoq
osti chakalakzor. Qo‘rg‘onning devori mana shu jar ustidan o‘tadi. Shotilarni devor
tagiga ko‘tarib borguncha, yigitlar qora terga botib ketishdi.
Ularga boshchilik qilayotgan No‘yon Ko‘kaldosh devor tepasiga tikilib birpas kutdi. Terak
bo‘yi keladigan g‘ishtin devor juda enli bo‘lib, uning tepasidan bir necha kishi bemalol
yurib o‘tishi mumkin edi. Biroq tepada hech bir sharpa sezilmas, qorovullar sovqotib
pastga tushib ketganga o‘xshardi.
Shotilarni sekin tikladilar, uchini devor qirrasiga tirab qo‘ydilar.
— Qani, chiqinglar! — shivirladi No‘yon Ko‘kaldosh g‘uj bo‘lib turgan navkarlarga. Ammo
o‘n uch gaz balandlikdagi devor juda vahimali, undan yiqilgan odam tirik qolmasligi aniq
edi. Ehtimol, qorovullar sezib qolisharda, chiqayotganlarga tosh otar, o‘q yog‘dirar? Sal
itarib yuborsa ham tamom. Shuni sezgan navkarlarga birinchi bo‘lib chiqish juda
dahshatli tuyulardi.
Oxiri No‘yon Ko‘kaldosh o‘zi shotining poyasiga oyoq qo‘ydi-yu:
— Bir o‘lim bo‘lsa hammavaqt bor, mardona bo‘ling-lar, qani! — dedi.
Tohir ikkinchi shotidan chiqa boshladi. Shotilar keng, mustahkam qilib ishlangan, har biri
olti-etti kishini bemalol ko‘tarar edi.
Yigitlar oldinma-keyin yuqoriga chiqar ekanlar, No‘yon hammadan oldin devor tepasiga
yetdi. Devorning usti yo‘lkaday keng, otliq yursa ham bo‘ladigan. Yaqin orada hech kim
yo‘q.
Tohir ham chiqib, o‘zini devor kungurasining panasiga oldi va pastdan chiqqan navkarni
qo‘lidan tortib shivirladi: