sizlarga ochiq dushmandir. 209. Agar sizlarga hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin ham yanglishsangizlar, bilingizki, albatta, Alloh qudrat va hikmat sohibidir. 210. Ular (haqni inkor etuvchilar) balkim, soyabon bulutlar ostida Alloh va farishtalar kelganda ish tugashini (qiyomatni) kutayotgandirlar. Barcha ishlar Allohga oshirilajak, albatta. 211. Isroil avlodidan so'rang, ularga qanchalab aniq mo''jizalar beribmiz! Kim Allohning ne'mati kelgandan keyin uni o'zgartirar (noshukrlik qilar) ekan, albatta, Allohning jazosi qattiqdir. 212. Kufr yo'lidagilarga bu dunyo ziynatli qilib qo'yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo'lganlar ulardan balanddirlar. Alloh xohlagan kishilarga behisob rizq berur. 213. Odamlar bir millat (bir xil dinda, ya'ni, Islomda) edilar. So'ng (ular buzilib ketgach,) Alloh ham xushxabar beruvchi, ham ogohlantiruvchi payg'ambarlarni yubordi. Yana ular bilan birga odamlar orasida chiqqan kelishmovchiliklarni hal etadigan hukmlarni chiqarsin deb (ilohiy) Kitob ham nozil qildi. Hujjatlar (oyatlar) kelgandan keyin, shu kitob berilganlarning o'zi hadlaridan oshib (hasad qilib,) u to'g'rida ixtilof qildilar. Lekin, Alloh imon keltirganlarni ular ixtilof qilgan narsalar (ichi)dan O'z izni bilan haqqoniy yo'lga yo'lladi. Alloh O'zi xohlagan kishilarni hidoyatga yo'llaydi. Izoh: Bu oyatdagi "bir millat" iborasiga turli xil tafsirlar aytilgan. Birinchisi - Idris va Nuh (a. s.)lar zamonida odamlar bir xil kofir millat edilar. Ikkinchisi – Ibrohim (a. s.) zamonlarida ko'pchilik odamlar bir millat, ya'ni Islom dinida edilar. Yana boshqa tafsirda Odam (a. s.) davrida hamma musulmon edi. O'g'li Qobil o'z birodari Hobilni o'ldirgandan keyin kofirlar safi ko'paya boshlagan.