74. Faqat Iblisgina kibrlanib, kofirlardan bo'ldi. 75. (Shunda Alloh) dedi: "Ey, Iblis, "qo'lim" bilan yaratgan narsaga sajda qilishdan seni nima man etdi?! Kibr qildingmi yoki sen (Odamga nisbatan) oliy (zot)lardan edingmi?!" 76. U aytdi: "Men undan yaxshiroqdirman. Meni olovdan yaratgansan, uni esa loydan yaratding". 77. (Alloh) dedi: "Bas, undan (jannatdan) chiq! Zero, sen (dargohimdan) quvilgan (mal'un)san! 78. Yana, to jazo kuni (qiyomat)gacha senga Mening la'natim bo'lur". 79. (Iblis iltijo qilib) dedi: "Parvardigorim, u holda menga ular tiriladigan kungacha (o'lmaslikka) muhlat bergin". 80. (Alloh) dedi: "Sen muhlat berilganlardandirsan 81. ma'lum vaqt kunigacha (qiyomatgacha)". 82. (Iblis) aytdi: "Endi, Sening qudratingga qasamki, albatta, ularning hammasini yo'ldan ozdirurman. 83. Faqat ularning orasidagi (ayrim) ixlosli bandalaringgina (ozmay qolurlar)". 84. (Alloh) dedi: "Haqqa (qasam). Faqat haqni ayturmanki, 85. albatta, Men jahannamni sen va ular orasidagi barcha senga ergashgan kimsalar bilan to'ldirurman!" 86. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Men (Payg'ambarligim uchun) sizlardan haq so'ramayman va men (payg'ambarlikni o'zimcha) da'vo qiluvchilardan ham emasman. 87. (Ushbu Qur'on) faqat olamlar uchun eslatmadir. 88. Qasamki, sizlar uning (ilohiy vahiy ekanligi haqidagi) xabarini (ozgina) vaqtdan so'ng (Qiyomat kuni), albatta, bilursizlar".
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur