1. Ho, Mim. 2. (Ushbu Qur'on) qudratli va bilimli Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir. 3. (U) gunohni mag'firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehson egasidir. Undan o'zga iloh yo'q. Qaytishlik faqat Uning O'zigadir. 4. Allohning oyatlari haqida kofir bo'lganlargina tortishurlar. Bas, ularning shaharlararo kezishlari Sizni aldab qo'ymasin! Izoh: Ya'ni, kofirlarning shaharmashahar tijorat va boshqa sabablar bilan sayru tomosha qilib yurishlari Sizni o'ksitib qo'ymasin. Zero, ularning bu dunyodagi yutuqlari ulkan bo'lgani bilan oxiratda ko'radigan zararlariga qaraganda arzimagan narsa bo'lib qolishi muqarrardir. Bu nasihat barcha mo’minlarga ham taalluqlidir. Foniy dunyo matohi uchun imondan voz kechish, turli makruh va manfur ishlarga qo'l urish nomaqbul sifatlardan ekanligiga oyatda ishorat bordir. 5. Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi va ulardan keyingi (Od, Samud qabilalari kabi) firqalar ham (o'z payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqarganlar. Har bir millat o'z payg'ambarini tutishga (o'ldirishga) qasd qilgan va botil (hujjatlar) bilan tortishib, uning yordamida Haqni yengmoqchi bo'lgan edilar. Birdan Men ularni (O'z azobim bilan) tutdim. Bas, azobim qanday bo'ldi?! 6. (Ey, Muhammad, qavmingiz orasida) kofir bo'lgan kimsalar ustiga ham Rabbingiz So'zi (azobi) mana shunday muqarrar bo'lgandir - albatta, ular do'zax ahlidirlar. 7. Arshni ko'tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar (yakkayu yagona) Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh ayturlar va Unga imon keltirurlar hamda imon keltirgan kishilarni mag'firat etishini so'rarlar: "Parvardigoro, O'zing rahmat va ilm jihatdan barcha narsada kengdirsan. Bas, tavba qilgan