TAZKIRACHILIK TARIXIDA MAJZUB NAMANGONIYNING OʻRNI
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini tobora koʻproq qamrab olmoqda. Bunda xalqimizning asrlar davomida shakllangan maʼnaviy qadriyatlarini tiklash, uzoq va yaqin tarixdagi madaniy-adabiy merosni mustaqillik mafkurasi asosida oʻrganishga katta ahamiyat berilmoqda. Zero, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Yurtimizda dunyo adabiyotining bebaho mulki boʻlgan ming-minglab asarlar tarjima qilinib, kitobxonlar qalbidan joy olgani, badiiy tarjima va tarjimashunoslik boʻyicha oʻziga xos ijodiy maktab shakllanganini alohida taʼkidlash lozim”.
Biz yoshlar buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼrifiy va madaniy merosiga hurmat va milliy iftixor ruhida tarbiyalansak, mamlakatimizning taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻsha olamiz. Zaminimizda ulgʻayib oʻz asarlari bilan bashariyat tamadduniga hissa qoʻshgan allomalar, mutafakkirlar, hunarmandlar va xattotlarning hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish, uni kelajak avlodga yetkazish, ular qoldirgan ilmiy va maʼnaviy meros aks etgan qoʻlyozmalar, osori-atiqalar vositasida islom dinining tinchlikparvarlik, insoniylik va bunyodkorlik mohiyatini targʻib qilish bizning asosiy burchimiz hisoblanadi.
Oʻzbek adabiyoti tarixida tazkirachilik anʼanalari alohida ajralib turadi. Tazkira arabcha soʻz boʻlib “zikr”, yaʼni “eslatib oʻtish”, “yozib qoʻyish” maʼnolarini anglatadi. Tazkira milliy va oʻzaro yaqin boʻlgan adabiyotlar tarixini yaratishda, muayyan davrning adabiy muhitini oʻrganishda, adabiy siymolar va asarlarni tadqiq etishda adabiyotshunoslikning benazir janri sifatida xizmat qiladi. Tazkiraning eng qadimgi namunasi Abu Mansur Saolibiy yaratgan “Yatimat ud-dahr fi mahosini ahl al-asr” (“Zamona ahlining fazilatlari haqida yagona durdona”) asaridir. Bu asar (XII asr) Arab, Ajam, Movarounnahr, Xorazm va Xuroson adabiyoti haqida qimmatli maʼlumotlar beradi.
Keyinroq tazkirachilik rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar yetishib chiqib, bu anʼanani davom ettirgan. Jumladan, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”(XV), Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” (XV), Fazliy Namangoniyning “Majmuat ush-shuaro” kabi asarlarini keltirish mumkin.
XVIII asrda yashab oʻtgan shoirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻrta Osiyo zaminida yuzaga kelgan tazkira va tarixiy-badiiy xronikalarda juda kam uchraydi. Shunga qaramay, V.Abdullayevning XVIII asrdagi adabiy hayot boʻyicha koʻrsatgan saʼy-harakatlari tufayli Nishotiy, Ravnaq, Mavlono Kiromiy, Roqim, Yahyo, Umar Boqiy, Nurmuhammad Andalib, Muhammad Tohir Xorazmiy kabi shoir va adiblarning nomlari, ular haqidagi baʼzi ilmiy ishlar paydo boʻldi.
Tohir Eshon Xorazmiy Qurʼon, hadis va boshqa islomiy kitoblarda keltirilgan aziz-avliyolar, mashoyixlar haqidagi rivoyat va naqllar asosida “Silsilatul avliyo” kitobini yozgan. Bu asar 1747 yili Buxoroda forsiyda yozilgan, soʻngra Xorazmda oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Unda Xorazm, Samarqand, Buxoro, Turkiston, Xuroson va boshqa joylarda yashab oʻz karomatlari, diniy eʼtiqodlari bilan shuhrat topgan aziz avliyolar, shayxlar, soʻfiylar toʻgʻrisida zikr qilingan. Akmal Xoʻqandiy ham XVIII asrning 60 yillarida Vozeh yozgan “Tuhfatul ahbob” tazkirasida u haqidagi maʼlumotlar bilan birga, shoir oʻzbek tilida yozgan sheʼrlarini bir devonga, fors-tojik tilida yozgan sheʼrlarini bir devonga muntazam qilganini aytadi.
XVIII asrning oxiri XIX asr boshlarida yashab ijod etgan tasavvufshunos olim, oʻziga xos til va uslubga ega boʻlgan shayx va shoir Abdulaziz Majzub Namangoniy ham tazkirachilik anʼanasida ijod qilgan edi. Bu tariqatshunos olim haqida maʼlumotlar juda kam.
Xalifa Abdulaziz Hasan Koʻchak oʻgʻli Majzub Namangoniy Fargʻona tasavvuf maktabining namoyandasi, Turkistonda keng yoyilgan majzubiylar davrasining asoschisidir. Unga zamonasining allomalari “roqimi hurufiy” (hurufiylik tariqatini raqam qilgan,) nisbasini bergan. U Majzub taxallusli sheʼrlari asosida “Devon” jamlangan. “Manoqibi ahli suluk”, “Dar tavzeh” (“Izohlash haqida”) nomli risolalar bitgan. Tasavvufda zikri jahriya (oshkora zikr) yoʻlini naqshbandiylik taʼlimotiga tatbiq etgan. Uning “Devon”iga kirgan “Soqiynoma” (181 sahifa) asari soʻfiylarning jahr majlislarida oʻqilgan.
Asar toʻgʻrisida hali alohida ilmiy ish yaratilgan emas. Uni forsiydan adabiyotshunos Jaloliddin Joʻrayev oʻzbek tiliga tarjima qilgan (2015). Manbashunos olim Otabek Joʻraboyev, Alixon Halilbekovlar Namangoniyning hayotiga, ijodiy merosiga oid bir qancha qimmatli maʼlumotlar bergan. Shuningdek, Naima Aliqulova, Dilorom Abdullayeva kabi yosh adabiyotshunoslarimiz ham tasavvufshunos olimning hayoti va ijodi toʻgʻrisida ilmiy ish olib borishmoqda.
“Tazkiratul avliyo” (“Valiylar tazkirasi”) Majzub Namangoniyning valiylar hayotiga oid muhim asarlaridan boʻlib, “Tazkirayi Majzub Namangoniy” nomi bilan ham yuritilgan. Fors tilida bitilgan bu tazkira, asosan, muallifga zamondosh va unga yaqin tarixiy davrda yashagan tariqat arboblari va avliyolar zikriga bagʻishlangan. Asarda tasavvufning umumiy qoidalari, suluk odobi va ayrim shayx va mashoyixlarning manqabalari bir qator hikoyatlar asosida bayon qilingan. Tazkirada Ibrohim Xoja Eshon, Piri Avval Hazrat Musoxon, Xoja Xalifa Ashur (Abdulaziz Namangoniyning xalifasi), Mulla Lutfilloh (Eshon Shahid), Soʻfi Ollohyor, Eshon xoja, Muhammad Rizo, Mirzoi Joni Jonon, Mirzo Bedil, Mavlaviy Namangoniy, Devona Mashrab, Mavlono Sharif kabi yuzdan ortiq tasavvuf ahli haqida tarixiy maʼlumotlar keltirilgan.
Majzubning tazkirasi Attor, Jomiy, Navoiy, Rushdiy va boshqa mualliflarning shu taxlit asarlaridan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu tazkira XVI-XIX asrlarda yashagan tasavvuf shayxlari, ayrim tasavvufiy maqomlar, soʻfiyona istilohlarning mazmuniga bagʻishlangan nodir asardir. Unda masalan, Alisher Navoiy tazkirasidagi kabi ismlar koʻrsatilib, alohida shayx xususida izchil soʻz yuritilmaydi, lekin biror tasavvufiy masala yuzasidan navbati bilan mazmunli hikoyatu misollar yordamida fikr bildiriladi, ayrim oʻrinlarda (koʻproq hikoyatlarning oxirida) forscha yoki oʻzbekcha baytlar keltiriladi. Koʻp hollarda “eshon”, “aziz”, “darvesh” deb nomlari koʻrsatilmasdan oʻsha zotning holati yoki u bilan bogʻliq biror voqea toʻgʻrisida soʻzlanadi. Misol uchun, Maxdumi Aʼzam Kosoniy-Dahbediy, Musoxon Dahbediy, Sharif Xoja Toshkandiy, Mirmaqsud Xoja eshon, Ofoq Xoja eshon, Hazrat Imloi Buxoriy, Domla Iso Oxund, Xalifa Husayn, Mavlaviy Namangoniy, Mavlaviy Jabaliy, Xalifa Ashur, Mullo Lutfulloh Chustiy, Xalifa Abduqayum va boshqa yana koʻplab zamonasining valiylari haqida hikoyalar qilinadi. Soʻfi Ollohyor, Mashrab, Mirzo Joni Jonon, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi mashhur shaxslarning hayotidan keltirilgan voqealar asar mundarijasini boyitadi. Shuningdek, tazkirada ayrim shoirlar asarning mazmun-mohiyatiga koʻra, faqat avliyo sifatida talqin qilinadi, lekin sheʼrlari xususida soʻzlanmaydi. Misol uchun, Boborahim Mashrab tazkirada “Devona Mashrab” deb keladi va baʼzi oʻrinlarda u toʻgʻrisidagi voqealar hikoya qilinadi.
Majzubning tazkirasida asosan unga zamondosh boʻlgan va yaqin tarixiy davrda yashagan tariqat arboblari, avliyolar haqidagi hikoyatlar keltirilgan. Tazkirada keltirilgan tasavvuf arboblarining deyarli barchasi bilan uning oʻzi suhbat qurgan. Shuning uchun ham u zikr avvalida bu shaxslarning toʻliq ismi, qayerda yashagani, ilmi va fazilatlari haqida gapiradi. Bu asar manoqib asar deb ham yuritiladi.
Oʻzbekistonda ilk bora toʻliq holda chop etilayotgan bu asarning muayyan qismini Hofizxon Muhammadiyev fors tilidan oʻzbekchaga oʻgirgan. Bu asar 2000 yilda Namanganda arab yozuvida bosmadan chiqqan.
Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, milliy maʼnaviyatimizning takomilida tasavvuf va tasavvufiy adabiyot alohida mavqega ega. Uning paydo boʻlishi va takomili toʻgʻrisida koʻplab ilmiy ishlar qilingan. Mazkur mavzu ham vatanimiz tarixidagi tasavvufiy adabiyotning yirik va oʻziga xos vakillaridan biri Shayx Abdulaziz Majzubning merosini oʻrganishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tarix bugungi kunimizgacha yashaganlarning boshidan kechirgan hodisalarini va qahramonligini hikoya qiladi. Oʻsha voqealarga aloqador boʻlgan, ularda ishtirok etgan kishilarning hayoti haqidagi lavhalar va hikoyalar voqeaning oʻzi kabi muhimdir. Adabiyot gulzoridagi har bir “gul”ning tabiati haqida moziydan kelajakka yollangan “maktub” – tazkiralar maʼlumot beradi. Kitobxon esa ijodkorlar toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni olish uchun tazkiralarga yuzlanadi. Shu sababdan tazkiralar adabiy siymolar va ularning asarlarini tadqiq etishda adabiyotshunoslikning benazir janri sifatida xizmat qiladi.
Shu oʻrinda Majzub Namangoniyning manqabaviy xarakterdagi tazkirasiga yuzlansak. Tazkira oʻzbek tilida yozilgan. U boshqa tazkiralardan manoqiblik jihatdan farq qiladi. Shuningdek, bu asar XVIII asrning nodir durdonasidir.
Yosh avlodga adabiyotning ulugʻ insonlaridan biri – Majzub Namangoniyni tanishtirmay, tarixiy xotiramizni yangilamay, kuchaytirmay turib oʻtmish, bugun va kelajak orasidagi maʼnaviy bogʻliqlikni taʼminlay olmaymiz.