- bosqich - vaziyatsiz-shaxsli muloqot (4 yoshdan 7 yoshgacha) - kattalar bilan o‘zaro bir-birini tushunishga va kattalarning g‘amxo‘rlik ko‘rsatishiga ehtiyojmandlik. Bu ehtiyoj bolaning insoniy munosabatlar olamiga qiziqishi tufayli vujudga kelib, u bolaning muno sabatlar qoidalari va me'yorini o‘zlashtirish bilan bog‘liqdir. Bola kattalar bilan qarashlar umumiyligiga erishishga intiladi va bu unga ulardan o‘z xatti-harakatlarida qo‘llanma sifatida foydalanish imkonini beradi.
Shunday qilib, nutqni rivojlantirish jarayoniga muloqot vositasi, ya'ni kommunikativ faoliyat sifatida qarash kerak. Uning vujudga kelishi va rivojlanishi bolaning muloqot va umumiy hayot faoliyati ehtiyojlariga bog‘liqdir.
Nutqqa u bajaradigan tahlil vazifasidan kelib chiqib yondashish nutqning eng avvalo bolaning atrofdagi odamlar bilan muloqot vositasi sifatida paydo bo‘lishini tushunib yetishga olib keladi. O‘z-o‘zidan, agarda bolaning muloqoti nutqqa jon bag‘ishlasa, uning rivojlanish sur'ati va muddati bolalarda muloqot faoliyati turli yosh bosqichlarida qanday yo‘lga qo‘yilganligi bilan bog‘liqdir, ushbu vazifalarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi bolaning ong va erkinlikning yuqori darajasiga qanchalik tez erishishi, bolaning unga turli sohalardagi bilimlarini rivojlantirish va takomillashtirish imkonini beradigan yozma nutqni qancha muddatda o‘zlashtira olishiga bog‘liqdir. Matndan kelib chiqadigan ravon nutqni shakllantirish, uning vazifalarini o‘zgartirish bola faoliyatining murakkab-lashayotgani oqibati bo‘lib, u bolaning atrofdagilar bilan muloqoti mazmuni, sharti va shakllariga bog‘liqdir. Bolalarda ravon nutqni rivojlantirish - bolalar bog‘-chasining asosiy vazifasi hisoblanadi, maktab yoshining nihoyasiga kelib bola kattalarga xos bo‘lgan og‘zaki nutqning asosiy shakllarini egallashi, ya'ni ravon nutqning ikki shakli dialogik va monologik nutqni egallab olishi shart.
Bolalar bog‘chasining vazifasi bolalarda ravon so‘zlashuv nutqi (dialogik nutq) va monologik nutqni rivojlantirishdan iborat. So‘zlashuv nutqini shakl-lantirish vazifasi ko‘p qirrali. Maktabgacha bosqichdagi kichik yoshli bolalarda ularga qaratilgan nutqni tinglash va tushunish, bir-birini tinglash, savollarga javob berish va o‘zi ham savollar berish, suhbat mavzusi bo‘yicha izchil javob berish qobiliyati shakllanadi.
Tilga o‘rgatish, nuqtni rivojlantirish nafaqat lingvistik sohada (bolaning til ko‘nikmalarini – fonetika, leksika, grammatikani egallab olishi), balki bolalarning o‘zaro hamda kattalar bilan muloqotini shakllantirish sohalarida ham ko‘rib chiqilmoqda. SHundan kelib chiqqan holda, e’tiborga molik vazifa nafaqat nutq madaniyatini, balki muloqot madaniyatini ham shakllantirishdan iborat bo‘ladi.
Fanning turli yo‘nalishlari vakillarining asarlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan kommunikatsiyaning nutqni rivojlantirishda qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini isbotlab bermoqda.
Maktabgacha yoshdagi bola nutqini rivojlantirishning asosiy vazifasi bola tomonidan ona tilining har bir yosh bosqichi uchun belgilangan normalari va qoidalarini o‘zlashtirilishi hamda uning kommunikativ qobiliyatlarini rivojlantirishdan iboratdir. Qayd etish lozimki, bir xil yoshdagi bolalarning nutqiy darajasi bir-biridan mutlaqo farq qilishi mumkin.
Maktabgacha yoshda nutqni o‘stirish va rivojlantirish (ona tilini egallash) o‘z tabiatiga ko‘ra ko‘p qirrali jarayon hisoblanadi. U aqliy rivojlanish bilan uzviy bog‘langan, chunki insonning rivojlangan tafakkuri – bu nutqiy, til, so‘z-mantiqiy tafakkurdir. Nutqiy rivojlanish, tilni egallash va aqlni, bilishni rivojlantirish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tafakkurni rivojlantirish uchun tilning qanchalik muhim ahamiyatga egaligidan dalolat bermoqda.
SHu bilan birga nutqiy (til) va intellektual rivojlanishdagi o‘zaro bog‘liqlikni teskari yo‘nalishda – intellektdan tilga qarab ham ko‘rib chiqish zarur. Bunday yondashuvni shartli ravishda intellektning til (lingvistik) funksiyasini tahlil qilish, ya’ni intellekt, fikrlash faoliyatining tilni egallashdagi ahamiyatini aniqlash sifatida ham belgilash mumkin (F.A.Soxin).
Ayniqsa, ravon nutqni, ya’ni mazmunli, mantiqiy, izchil nutqni shakllantirishda nutqiy va intellektual rivojlanish o‘rtasidagi uzviy aloqa yanada aniqroq ko‘rinadi. Biron-bir narsa haqida tushunarli qilib so‘zlab berish uchun hikoya ob’ektini (predmet, voqeani) aniq tasavvur qilish, tahlil qila olish, asosiy xususiyat va sifatlarni tanlab olish, predmet bilan hodisalar o‘rtasida turli nisbatlarni (sabab-oqibat, vaqt) o‘rnata olish lozim. Bundan tashqari, ushbu fikrni ifodalash uchun eng maqbul so‘zlarni tanlay olishni, oddiy va qo‘shma gaplarni tuzishni bilish, alohida gaplar va fikrlarning bo‘laklarini bog‘lash uchun turli vositalardan foydalanish zarur.
Ona tilini to‘laqonli egallash, til qobiliyatlarini rivojlantirish maktabgacha yoshdagi bola shaxsini to‘laqonli shakllantirishning o‘zagi hisoblanadi.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishda erishilgan asosiy natijalar tengdoshlar bilan muloqot asosiy o‘rin egallaydigan muloqot sohasidagi chuqur o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Bola katta yoshdagi odamdan ko‘ra o‘z tengdoshini afzal ko‘ra boshlaydi. Birga o‘ynayotgan o‘rtog‘iga qaratilgan nutq kattalar bilan bo‘lgan nutqdagiga nisbatan mazmunliroq bo‘lib boradi. SHerik bilan dialog muvofiqlashtirilgan predmetli va nutqiy harakatlar tusiga ega bo‘ladi. Bola endi qo‘shnisining e’tiborini o‘ziga jalb qilishni biladi, uning o‘zi o‘rtoqlarining ishlari va fikrlari bilan qiziqadi.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqining funksiyalari ko‘p qirralidir. Bunda bola nutqdan atrofdagilar bilan muloqot o‘rnatish, o‘ziga, o‘z ishlari va kechinmalariga e’tiborni jalb qilish, bir-birini tushunish, sherigining xulqiga, fikr va hissiyotlariga ta’sir qilish, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zining va birga o‘ynayotgan o‘rtoqlarining harakatlarini muvofiqlashtirish uchun foydalanadi. Nutq atrofdagilar haqidagi bilimlarning muhim manbai, tabiat, narsalar va kishilar olami haqidagi tasavvurlarni qayd etish vositasi, bilish faoliyatining vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Maktabgacha katta yoshdagi bola uchun nutq ob’ektiv munosabatlarning alohida sohasi bo‘lib, bola ularni so‘zlar, tovushlar, qofiyalar, ma’nolar bilan o‘ynash orqali anglab etadi.
Bola o‘zining amaliy, bilish va shaxsiy ehtiyojlarini qondirish uchun o‘zida mavjud bo‘lgan barcha vositalardan va noixtiyoriy vaziyatlarda fikr bildirishdan, nonutqiy vositalardan (imo-ishoralardan, mimika va harakat) va bevosita nutqning o‘zidan foydalanadi. Nutqning barcha turlari va shakllari til shaxsining takrorlanmas individual portretini hosil qilgani holda o‘zaro birgalikda mavjud bo‘ladi.
Dialogni rivojlantirish faqatgina nutqning muayyan kompozitsion shaklini o‘zlashtirishdan iborat bo‘lib qolmay, balki u bolaning ijtimoiy jihatdan rivojlanishi va uning shaxsi shakllanishining muhim tarkibiy qismi bo‘lib ham hisoblanadi. Dialogik muloqot nafaqat xabar qilishga (intellektual mazmundagi xabarga) va o‘z manfaatlariga yo‘naltirilishni, balki sherigining mavqeisini, uning manfaatlari, istak-xohishlari va kayfiyatini ham hisobga olishni nazarda tutadi. Dialogda nutqiy harakatlarni muvofiqlashtirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri sherigini tushuna olish, uning nuqtai-nazarini qabul qilishni bilishga ham bog‘liqdir. Bunday tajribani bolalar o‘zaro uyushgan faoliyatda (birgalikda yasash, rasm chizish, hikoya qilish, jamoaviy o‘yinlar) orttiradilar. Tengdoshlar bilan muloqotda bola nutqi mazmunlilik (muloqot vaziyatidan qat’iy nazar til vositalaridan foydalanish asosida mazmunning tushunarliligi) kasb etadi.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalarning dialogik muloqoti jarayonida nutqning yangi shakli – monolog vujudga keladi va shakllanadi. U bolaning o‘z fikrlari, hissiyotlari, atrofdagi olam haqidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashishni istashi tufayli vujudga keladi. Bunda nutq qisqa hikoya shaklida ro‘y beradi. Hikoyada bolani hayron qoldirgan va hayajonga solgan qandaydir qiziq narsa (yangi o‘yinchoq sotib olish, oila a’zolarining kulgili vaziyatlarga tushib qolishi va h.k.) aks etadi. Maktabgacha yoshdagi bolalar tanish ertaklarni hikoya qilish, multfilmlar mazmunini aytib berish, o‘qigan narsalarini aytib berishni yaxshi ko‘radilar.
Jaranglayotgan nutqqa bo‘lgan qiziqishning shiddat bilan rivojlanishi, til borlig‘ini eng oddiy anglashning shakllanishi maktabgacha katta yoshdagi bolalar erishgan eng muhim yutuq hisoblanadi. So‘zga nisbatan lingvistik munosabat tovushlar, qofiyalar, mazmunlar bilan to‘satdan boshlangan o‘yinlar, so‘z mazmuni, ularning jaranglashi va mazmuni haqidagi masalalarda ko‘rinadi. Til borlig‘ini anglash uning barcha – fonetik, leksik, grammatik tomonlarini qamrab oladi. Nutqqa nisbatan ongli munosabat lug‘atni takomillashtirishga (antonimlar, sinonimlar, ko‘p ma’noli so‘zlarni tushunishga), nutqning tovush madaniyatini (tovush talaffuzi, talaffuz, tinglay olish qobiliyati, ohang ifodaliligi) rivojlantirishga, nutqning grammatik to‘g‘riligini (morfologiya, so‘z hosil qilish, sintaksisni) shakllantirishga, ravon nutqni rivojlantirishga ta’sir qiladi.
Lug‘atni rivojlantirishda uni sifat jihatdan takomillashtirish dastlabki o‘ringa chiqadi. Bu antonimiya (o‘tkir-o‘tmas, achchiq-chuchuk), sinonimiya (o‘tkir - uchi o‘tkirlangan, o‘tkirlangan), ko‘p ma’nolilik (o‘tkir pichoq, achchiq qalampir, achchiq til) kabi hodisalarni tushunish va ularni nutqda faol qo‘llashga taalluqlidir. Bolalar narsalar, tabiat hodisalari, insonlar qilmishlarini ko‘rib, ulardagi har xillik va umumiylikni aniqlashni hamda ularni ma’nosi qarama-qarshi yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan so‘zlar, taqqoslashlar, aniq fe’llar, tashbeh (epitet)lar yordamida nutqda aks ettirishni o‘rganadilar. So‘z birikmasiga sinonim yoki antonimni tanlab olish usullari bolalarga so‘zlarning ko‘p ma’noga egaligini tushuntiradi. Narsalarning funksiyalarini taqqoslash asosida umumlashtiruvchi nomlar (hayvonlar, idish-tovoqlar, transport va boshq.) shakllanadi.
Nutqning tovush madaniyatini tarbiyalash ham til borlig‘ini eng oddiy anglashni shakllantirish bilan o‘zaro bog‘liqdir. Maktabgacha yoshdagi katta bolalar so‘zlar, tovushlar, qofiyalar bilan faol o‘ynaydilar. Ular so‘z jaranglagandagi umumiy va alohida jihatlarni payqay oladilar, artikulyasion va akustik jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgan tovushlarni (S-SH, S-Z) farqlay oladilar, maqol, matal va tez aytishlardagi 4-5 ta so‘zda uchragan tovushlarni sezadilar.
Maktabgacha katta yoshda nutqning grammatik to‘g‘riligini shakllantirish nutqqa nisbatan tanqidiy munosabat paydo bo‘lishi hamda rivojlanishi, aniq va to‘g‘ri so‘zlashga intilish bilan bog‘liq. To‘g‘ri so‘zlashga intilish grammatikaning barcha sohalari – morfologiyada (aniq shakl hosil qilishda, shakllarning turli-tumanligini o‘zlashtirishda: stollar, stullar, qavatlar va boshq.), so‘z hosil qilishda, (non uchun – nondon, tuz uchun tuzdon va boshq.) sintaksisda (og‘zaki nutq qurilmasini engib o‘tish: va bog‘lovchisini ko‘p marta qo‘llash orqali gapni cho‘zib yuborish, bitta gapda to‘g‘ri va bilvosita nutqni aralashtirib yuborish va boshq.) ko‘zga tashlanadi. Nutqning grammatik to‘g‘riligiga intilish ko‘proq etti yoshli bolalarga xosdir. Besh yoshli bolakay hali ham grammatik shakllar ustida zavq bilan mashq qiladi va aynan mana shu so‘z bilan mashqlar kelajakda grammatik jihatdan to‘g‘ri ifodalangan nutq uchun poydevor yaratadi.
Lug‘atni rivojlantirish, nutqning tovush madaniyatini tarbiyalash, grammatik jihatdan to‘g‘rilikni shakllantirish ravon nutqni tuzish usullarini (gaplarni bog‘lovchilar, leksik takrorlashlar, sinonimlar yordamida bog‘lash vositalari; tavsiflash, bayon qilish, mulohaza yuritish tuzilmasi) o‘zlashtirish bilan uzviy bog‘liqdir. Turli funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq dialogli muloqot negizida rivojlangan nutqning barcha tomonlari til ongining shakllanishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi va ular buning uchun bolaning kattalar bilan muayyan shakldagi muloqotiga, to‘g‘rirog‘i, nafaqat tashqi olam va boshqa odamni bilishga qaratilgan muloqotga, balki tilning o‘zini, uning tuzilishi va faoliyatini anglab etishga qaratilgan muloqotga muhtoj bo‘ladilar.
Nutqiy rivojlanishdagi individual qobiliyatlar kirishimlilikda ham, til hamda ravon nutqni o‘zlashtirish sur’atlarida ham ifodalanadi. Ko‘pchilik bolalar o‘z harakatlarini sharhlashni, atrofdagilarning diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb qilishni yoqtiradilar. SHu bilan birga bunda ayrim bolalarning nutqiy rivojlanishi ularning amaliy faoliyatiga mos kelmaydi, natijada bunday sergap bola ish bajarishda guruhdagi boshqa bolalardan ortda qoladi. Unchalik kirishimli bo‘lmagan bolalar kam gapiradilar, biroq odatda amaliy vazifalarni boshqalardan ko‘ra tezroq va to‘g‘riroq bajaradilar.
Ravon nutqning vujudga kelish muddatlari va uning mahsuldorligi ham farqlanishi mumkin. Nutqiy rivojlanishning ilk xilida bolaning maxsus o‘qitilmasidan turib hikoya qilishi 4-5 yoshlarda paydo bo‘ladi. Bolalar sehrli ertaklarni bir-birlariga aytib beradilar, o‘yinchoqlar yordamida o‘zlari ham original voqelarni to‘qiydilar. Agarda bola etti yoshda an’anaviy tanish ertakni mustaqil aytib bera olsa, o‘yinchoqlar, suratlarga qarab kichik og‘zaki hikoya tuza olsa – bu normal holat hisoblanadi. Maktabgacha yoshdagi bola nutqining yuqori darajada rivojlanganligi quyidagilarni nazarda tutadi:
- bola ona tilining barcha tovushlarini va tovush birikmalarini to‘g‘ri, ya’ni adabiy til normalariga muvofiq holda talaffuz qiladi; ovozni ko‘tarishni (pasaytirishni) biladi; aniq talaffuzga ega; fonematik qabul qilish va nutqni tinglash qobiliyati rivojlangan; nutqdagi xatoliklarni sezadi va ularni tuzatadi; maishiy leksikaga ega, mebel, poyabzal, kiyim, daraxtlarni anglatuvchi umumlashtiruvchi so‘zlarni, narsalarning ayrim detallari va qismlarini biladi; antonimlar, otlarga ta’riflarni to‘g‘ri tanlay oladi; otdan sifat yasay oladi (yog‘och-yog‘ochdan ishlangan va boshq.); barcha ranglarni aytib bera oladi; turli kasb kishilarining (vrach, oshpaz va boshq.), hayvonlarning harakatlarini ko‘rsatib bera oladi (vovullaydi, miyovlaydi, pishqiradi va boshq.); nutqda ravish, sifatdosh, ravishdoshlarni qo‘llaydi;
- nutqda barcha kundalik so‘zlarni, ayrim turlanmaydigan otlarni (pianino, metro, palto) to‘g‘ri qo‘llaydi; otlarni sonda, kelishikda sifat bilan moslashtira oladi; qaratqich kelishik shaklini to‘g‘ri qo‘llaydi; old qo‘shimcha, suffiks, qo‘shimchalar yordamida so‘zlar hosil qiladi; nutqda oddiy (yoyiq, yig‘iq), qo‘shma (bog‘langan qo‘shma gap va ergashgan qo‘shma gap) gaplardan, har xil turlanadigan fe’llardan (xohlashmoqda, yugurishmoqda, uxlashmoqda, va boshq.) foydalanadi; hikoyani mustaqil aytib bera oladi; matn mazmunini voqealar ketma-ketligiga rioya qilgan holda ortiqcha pauzalarsiz aytib beradi; nutqda ifoda vositalaridan foydalanadi; asosiy qismlarni o‘zga darajali qismlar bilan bog‘lay oladi; narsalarni mustaqil bayon qiladi, o‘z shaxsiy hayotida ro‘y bergan voqealar (hodisalar) haqida hikoya qilib bera oladi.
O‘rtacha daraja:
- bola ona tilining barcha tovushlarini va tovush birikmalarini to‘g‘ri talaffuz qiladi; o‘rta-miyona baland nutqqa, aniq talaffuzga ega, lekin intonatsion ifodalilik etarli emas; unda fonematik qabul qilish qobiliyati rivojlangan; nutqdagi mazmuniy xatoliklarni payqaydi; maishiy leksikani biladi va uni nutqda qo‘llaydi; umumlashtiruvchi so‘zlarni (mebel, poyabzal, kiyim, daraxtlar) biladi, narsalarning ayrim detallari va qismlarini aytib bera oladi; antonimlarni tanlay oladi; barcha ranglarni biladi; otdan sifat yasay oladi (yog‘och-yog‘ochdan ishlangan); turli kishilar, hayvonlarning harakatlarini aytib beradi; otlarni sonda, kelishikda sifat bilan moslashtira oladi, biroq har xil turlanadigan fe’llarni (xohlashmoqda, yugurishmoqda, uxlashmoqda, va boshq.) qo‘llashda xatoliklarga yo‘l qo‘yadi;
- old qo‘shimcha, suffikslar, qo‘shimchalar yordamida so‘z hosil qilishni biladi; nutqda oddiy yoyiq gaplardan foydalanadi; hikoya qilib berishda ba’zan kattalarning yordamiga muhtoj bo‘ladi; matn mazmunini deyarli muallif matniga yaqin darajada aytib bera oladi, lekin matnning ayrim qismlarining o‘rnini almashtirib yuboradi; ba’zan ifoda vositalaridan foydalanadi; asossiz pauzalarga yo‘l qo‘yadi; hikoyani faqat kattalar yordamidagina tuza oladi; hikoya qilishda faqat asosiy tafsilotlarni qayd etadi, bayon qilishda mantiqiy ketma-ketlikka rioya qiladi; shaxsiy tajribaga oid voqeani (hodisani) bayon qilishda qiynaladi; ortiqcha so‘zlarni ishlatadi (o‘sha…, keyin…, shunaqa… va boshq.) va ularni noo‘rin qo‘llaydi.
Past daraja:
- bola ona tilining tovushlarini va tovush birikmalarini talaffuz qilishda xatoliklarga yo‘l qo‘yadi, artikulyasiya va akustik jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgan (qattiq va yumshoq, bo‘g‘iq va jarangdor, chiyillovchi va shuvillovchi, sonor tovushlar) tovushlarni tinglab, bir-biridan ajrata olmaydi va ularni to‘g‘ri talaffuz qila olmaydi; talaffuz sur’ati va balandligini boshqara olmaydi; nutqning intonatsion ifodaliligi mavjud emas;
- bola maishiy leksikani tushunadi, lekin ulardan foydalanmaydi, umumlashtiruvchi so‘zlarni ayta olmaydi (daraxtlar, mebel, poyabzal, kiyim); narsalarning qismlari, detallari nomini ayta olmaydi, antonimlar, otlarga ta’riflarni tanlashni bilmaydi; sifatdan ot yasay olmaydi (loy-loydan yasalgan va boshq.); ba’zi ranglarni biladi; turlanmaydigan otlarni (pianino, metro, palto) qo‘llashda; roditelno‘y padejning birlik va ko‘plikdagi otlarini qo‘llashda xatoliklarga yo‘l qo‘yadi; old qo‘shimcha, suffikslar, qo‘shimchalar yordamida so‘z hosil qilishda qiynaladi; nutqda qo‘shma gaplardan foydalanmaydi;
- hikoya qilishda kattalarning yordamiga muhtoj bo‘ladi; mazmun jihatdan muhim bo‘lgan ayrim qismlarni tushirib qoldiradi; nutqda ifoda vositalaridan foydalanmaydi, ko‘pincha asossiz to‘xtab qoladi, uzoq pauzalarga yo‘l qo‘yadi; bayon qilishda mantiqiy ketma-ketlik mavjud emas; o‘z hayotida ro‘y bergan biron-bir voqeani mustaqil ravishda hikoya qilib bera olmaydi, narsani tavsiflab berolmaydi; nutqda tugamagan gaplarni, ortiqcha so‘zlarni qo‘llaydi.
4 yoshdan boshlab bolalarga suhbatda ishtirok etishni, uzluq-yuluq fikrlardan nisbatan keng, izchil fikrlarga o‘tish, savollar berishni o‘rgatish zarur; 5-6 yoshli bolalar uzoq davom etadigan maqsadli suhbatlarga qodir bo‘ladilar. Bolalarga qo‘yilgan savollarga ularning mazmunidan kelib chiqqan holda qisqa yoki keng qilib aniq javob berish, suhbatdoshi so‘zini bo‘lmasdan diqqat bilan tinglash, ularning javoblarini to‘ldirish, tuzatishlar kiritish, o‘zlari ham savollar berishni o‘rgatish zarur va h.k. Ayni paytda shaxsning nutqiy sifatlarini tarbiyalash bolalarda kirishimlilik, xushmuomalalik, hushyorlik, bosiqlik kabi sifatlarni shakllantirish; suhbat jarayonida nutqiy muloqot madaniyati ko‘nikmalarini, tengdoshlar jamoasi oldida chiqish qila olish qobiliyati va telefon orqali suhbatlashish madaniyatini tarbiyalash lozim.
Monologik nutqning o‘quv vazifasi mustaqilligi, tugallanganligi, qismlari o‘rtasida mantiqiy aloqasining mavjudligi bilan tavsiflanadigan ravon fikr bildirishni o‘rgatishdan iboratdir, ya'ni bu -qisman (nutqiy) ko‘nikmalar va ona tilida fikr bildirish uchun zarur bo‘lgan murakkab qobiliyatlarni shakllantirish demakdir.
Agarda maktabda suhbat bilimlarni yetkazish vositasi sifatida qo‘llanilsa, suhbat jarayonida bolalar nutqini boyitishda qo‘shimcha ijobiy hodisa ko‘rinishida qabul qilinadi, maktabgacha tarbiya muassasasida ham suhbat aynan nutqni rivojlantirish uchun o‘tkaziladi. Biroq, nutq albatta borliq hodisasini albatta aks ettirishi, kodlashtirishi bois bolalar bog‘chasidagi suhbat xuddi maktabdagi kabi bilim beradi.
Suhbatlar mavzusi va mazmuni bolalarning yosh xususiyatlari hamda ularning nutqiy rivojlanish darajasini hisobga olgan holda «Bolalar bog‘chasida tarbiyalash va ta'lim berish dasturi» bilan belgilanadi.