«Pedagogik mahorat» fanidan test variantlar 1-variant Al-Forobiy ta’lim-tarbiya haqida nima degan?


-Mavzu: Pеdаgоgik mulоqot – о‘qituvchining ijоdiy fаоliyati sifаtidа



Yüklə 0,69 Mb.
səhifə67/236
tarix20.11.2023
ölçüsü0,69 Mb.
#165360
1   ...   63   64   65   66   67   68   69   70   ...   236
«Pedagogik mahorat» fanidan test variantlar 1-variant Al-Forobiy (1)

4-Mavzu: Pеdаgоgik mulоqot – о‘qituvchining ijоdiy fаоliyati sifаtidа.
Reja:
1.O'qituvchilik faoliyatida pedagogik muomalaning o’rni va ahamiyati.
2.PEDAGOGLAR JAMOASIDA MUOMALA ODOBI
3.OTA-ONALAR BILAN MUOMALA ODOBI
4.MAKTAB RAHBARINING O'QITUVCHILAR BILAN MUOMALA
ODOBI
4.1.O'qituvchilik faoliyatida pedagogik muomalaning o’rni va ahamiyati.
O'qituvchilik faoliyatida pedagogik muomalaning muvaffaqiyatli bo'lishi ko'p jihatdan unda pedagogik qobiliyatning mavjudligiga va pedagoglik nazokati (odobi) ni egallaganiga bog'liq bo'ladi.
Psixologiyada pedagogik qobiliyatlar deganda insonning muayyan psixologik xususiyatlarini tushunish qabul qilingan. Bu xususiyatlar uning o'kituvchi vazifasida bolalarni o'qitish va bolalarga ta’lim berishda yuksak natijalarni qo'lga kiritishining sharti xisoblanadi.
Ma’lumki, shaxsning u yoki bu qobiliyatlarini hosil qiluvchi xislatlar va xususiyatlar orasida bir xillari yetakchi rol o'ynasa, boshqalari yordamchi vazifasini bajaradi. Pedagogik faoliyatda shaxsning o'zaro fikr almashuv bilan bog'liq xususiyatlari yetakchi rol o'ynaydi. Birinchi navbatda pertseptiv, ya’ni idrok qilish sohasiga taalluqli bo'lgan xususiyatlar (ulardan eng muhimrog'i kuzatuvchanlikdir) yetakchi rol o'ynaydi, o'kituvchiga o'kuvchining psixologiyasini, uning psixik holatini o'xshash tarzda idrok etish, muayyan holda umuman sinf jamoasining axvoliga va xususan mazkur pedagogik vaziyatdagi ahvoliga to'g'ri baho berish imkonini beradi. O'qituvchi shaxsining o'zaro fikr almashuv bilan bog'liq xususiyatlari tarkibiy qismi sifatida empatiyaga, ya’ni o'kuvchilarning psixik holatini tushunishga va ularga achinishga tayyorgarlikni hisoblash mumkin. Buning zarur sharti bolalarga bo'lgan mhabbatdir. Nihoyat, o'kituvchi shaxsining o'zaro fikr almashuv bilan bog'liq xususiyatlarining uchinchi tarkibiy qismi deb ijtimoiy o'zaro harakatga bo'lgan yuksak rivojlangan ehtiyojni hisoblash mumkin, u bilimlarni boshqalarga berishga, bolalar bilan muomala qilishga intilishda, bolalar jamoasini tashkil etish istagida namoyon bo'ladi. Tashkil etish qobiliyati ham pedagogik qobiliyatlarning tarkibiy qismidir. U barcha o'kuvchilarning har xil faoliyat turlariga jalb qilinishida, jamoaning har bir o'kuvchiga ta’sir ko'rsatish quroliga aylanishida, har bir o'kuvchiga faol vaziyatni ta’minlab berishda namoyon bo'ladi. O'qituvchida ijtimoiy o'zaro harakatga bo'lgan ehtiyojni muvaffaqiyatli amalga oshirishning sharti bo'lib, unda mavjud bo'lgan pedagogik nazokat maydonga chiqadi.
Endi pedagogik qobiliyatlar tizimiga kiradigan yordamchi xislatlar va xususiyatlardan ayrimlarini qarab chiqamiz. Bu, avvalo, aql - idrokning muayyan xislatlari: hozirjavolik, tanqid ko'z bilan qarash, sobitqadamlik va boshqa bir qator xislatlardir. O'qituvchining nutqi: notiqlik qobiliyatining mavjudligi, so'z boyligi va hokazolar ham muhim rol o'ynaydi. Tabiatida bir qadar artistlik xususiyatiga ega bo'lish (xayol, fantaziya ishlata bilish) ham o'kuvchilar bilan muomalada muvaffaqiyatga erishishda muayyan rol o'ynaydi.
Pedagogik qobiliyatlar - faqat pedagogik faoliyat samarali bo'lishining shartigina emas, balki ko'p jihatdan o'qituvchining muvaffaqiyatli ishlashining natijasi hamdir. Shu munosabat bilan o'qituvchining o'zida pedagogik qobiliyatlarning aniq maqsadni ko'zlab tarkib topishi va rivojlanishi kata rolo'ynaydi. Tajriba va maxsus tadqiqotlar buning batamom haqiqiy narsa ekanligini ko'rsatmoqda. Masalan, shaxs pertseptiv xususiyatlarining eng muhim elementi bo'lgan kuzatuvchanlik o'kituvchining pedagogik tajriba hosil qilish jarayonida ham, uning maxsus kuch g'ayrati natijasida ham rivojlanadi, takomillashadi. O'qituvchi o'zining ijtimoiy - psixologik kuzatuvchanlini, ya’ni o'kuvchilarda turli xarakter xususiyatlari va mayllarni payqab olish qobiliyatinigina emas, shu bilan birga ularning paydo bo'lish sabablarini bilib olish, ularga bu sabablarning paydo bo'lish vaziyatiga muvofiq baho berish mahoratini va hokazolarni rivojlantirishga qodir.
O'qituvchi o'z o'kuvchilarini, ular muhitidagi o'zaro munosabatlarni, o'zining ular bilan o'zaro munosabatlarini hozirgi daqiqada qanday bo'lsa, xudi shunday idrok etish va ko'rish mahoratini, ya’ni ta’lim - tarbiya jarayonida ro'y berayotgan narsalarni ichdan idrok etish mahoratini doimo takomillashtirib borishi lozim. Bu esa osonlikcha qo'lga kiritilmaydi. Pedagogning idrok etishi har qanday kuzatuvchining idrok etishiga o'xshaydi, chunki pedagog hamisha o'quvchilarga nisbatan tashqi vaziyatda turadi, hamisha ma’lum darajada ulardan, ular faoliyatidan uzoqlashgan bo'ladi. Shu sababli pedagog o'zi ko'rayotgan narsalarga o'zining ijtimoiy rivojlanish jarayonida idrok qilgan mulohazalarini ongli va ongsiz ravishda qo'shib boradi. Bu narsa shunga olib kelishi mumkinki, pedagog uchun yangi bo'lgan xodisalar uning o'zida mavjud bo'lgan tasavvurlar asosida an’anaviy tarzda talqin etilishi mumkin. Bundan tashqari, pedagogning muayyan masalaga javob izlashga intilishi unda ahamiyatli biror xolatni o'tkazib yubormaslik uchun qulay yo'nalish hosil qiladi. Lekin bu yo'nalishning o'zi ayrim hollarda oldindan yanglish fikrga olib kelishi va ko'rgan narsalarini o'zi kutgan narsalar ruhida talqin etishga majbur qilishi mumkin.
Pedagogik vaziyatlar tez- tez o'zgarib turadigan sharoitda o'kituvchining vazifasi ro'y bergan vaziyatda tez mo'ljal olib, unga to'g'ri baho bera bilish, zarur tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan to'g'ri qarorga kelishdan iboratdir. Agar o'qituvchi bolalarning xatti- harakatlarini faqat to'g'ri idrok etib, baho bera bilsa, ularni vujudga keltirgan sabablarni chuqur ko'ra olsagina, shu bilan birga o'zida sabot, o'zini tuta bilish, sabr - toqat, sezgirlik kabi fe’l - atvor xususiyatlarini rivojlantira olsagina, yuqoridagi vazifaga erishishi mumkin. Bu pedagogik nazokatga rioya qilishning zarur shartidir.
Nazokat me’yor tuyg'usi yoki odob qoidalariga rioya qilishni bildiradi. Pedagogik nazokat me’yor tuyg'usi va o'z o'quvchilari bilan to'g'ri munosabatga amal qilishdir. Pedagogik nazokatning psixologik asoslari deb bir qolipdagi fikrlar (barqaror tasavvurlar), ijtimoiy yo'l - yo'riqlar va shaxsiy xislatlarning jamini aytish mumkin, ular o'qituvchining o'kuvchilar bilan muomalasi sohasidagi xulq - atvorini belgilab beradi. Biroq, bu tarkibiy qismlar qandaydir berilgan yoki o'zgarmaydigan narsalar emas. Ular o'qituvchining butun faoliyati mobaynida qaror topib boradi va odatda tugallangan shaklga ega bo'lmaydi, ya’ni o'qituvchining o'zi ularning biror tarkibiy qismini ma’lum darajada o'zgartirishga moyil bo'ladi, pedagogik nazokatni ko'proq egallashga intiladi, o'quvchilar bilan o'zining o'zaro munosabatlarini eng qulay shaklga keltirishga harakat qiladi.
O'qituvchidagi pedagogik nazokatning mazmuni va uning namoyon bo'lish shakllarini belgilab beradigan ayrim ijtimoiy yo'l - yo'riqlarni ko'rib chiqamiz. O'qituvchining o'zi o'kuvchilar bilan munosabatlari dialog (muloqot) tarzida bo'lishi lozimligini tushunishi muhimdir. Agar o'qituvchida o'quvchilar bilan munosabatlarining ishonch asosiga qurilishiga erishishga yo'l - yo'riq bo'lsagina bunday muloqot ro'y beradi. Tarbiya tajribasida bunday yo'l -o'riqni amalga oshirish qiyin ishdir, lekin unga butunlay erishish mumkin. Albatta, kata yoshdagi kishining bolalar muhitiga uzviy ravishda qo' shilib ketishi nihoyatda qiyin narsa. Lekin bu muhitga u yaqinlasha oladi, ancha yaqinlashib boradi. Pedagogda bolalar bilan o'zaro ishonch va do'stlik munosabatlari vujudga kelgandagina bunga erishish mumkin. Natijada bolalar bilan ma’naviy muomala uchun imkoniyat vujudga keladi. Bunga shuning uchun ham erishish mumkinki, bolalarda kata yoshdagi do'stga ega bo'lish va u bilan muomala qilishga qat’iy ehtiyoj mavjud bo'ladi.
Tabiiyki, pedagog batamom aniq va muayyan nuqtai nazarda turgan taqdirdagina uning o'kuvchilar bilan o'zaro munosabatlarida ishonch vaziyati vujudga kelishi mumkin. Bunda gap pedagogning tashqi holati haqida emas, balki jamoadagi ichki holati haqida boradi. U shundan iboratki, pedagog bolalarning kattalar bilan muomalada bo'lishga yuqorida eslatib o'tilgan ehtiyoji asosida ularning munosabatlari tizimiga ma’lum darajada kirib borishga muvaffaq bo'ladi. Bunday holda u bolalar muhitida ro'y beradigan va tashqi kuzatishdan yashirin bo'lgan jarayonlarni o'rganish imkoniga ega bo'ladi. U o'z oldida turgan vazifalarni hal qilishga bolalarning o'zini ma’lum darajada jalb qila oladi. Bu narsa suhbatlarda u bolalar bilan birga ularning hayotidagi turli voqealarni tahlil qilish, ro'y berayotgan narsalarga ularning qarashlarini, tevarak - atrofdagi narsalarga beradigan bahosini aniqlab olishi mumkinligida ko'rinadi. Agar bolalar bilan o'kituvchi o'rtasida ishonch munosabatlari o'rnatilgan bo'lsa, ular hayotning og'ir damlarida uning huzuriga yordam so'rab keladilar, o'z quvonchlarini u bilan baham ko'radilar. Nihoyat, ishonch munosabatlari pedagogning bolalarni turli vaziyatlarda ko'rish imkonini beradi. Masalan, bolalar bilan shunday vaziyatlarda muomalada bo'lish juda muhimki, bunda ularning xulq - atvorini maktab sharoitidagidan boshqa andazalar boshqaradi. Bunda pedagog o'quvchilar bilan norasmiy sharoitda muomala qilish uchun har gal o'zining qanday yo'l tutishini aniqlab olishi zarur.
O'qituvchining o'z o'quvchilarini: ularning fe’l - atvorini, tengdoshlari va kattalar bilan munosabatlarini, turli voqealarga muammolarga munosabatlarini doimo o'rganib va bilib borishga intilishi muhimdir. O'qituvchi bolalarni qanchalik yaxshi bilib olsa, unda bolalar bilan munosabatlarda xushmuomala bo'lish imkoniyatlari shu qadar ko'proq bo'ladi. Lekin o'qituvchi o'z o'quvchilari bilan yaqinroq bo'lishga harakat qilar ekan, ba’zan tegishli daqiqalarda o'zi eshitmasligi lozim bo'lgan narsalarni eshitmasdan o'tib ketishni bilishi zarur. Bunga sabab eshitish odobsizlik bo'lishi mumkinligi, yoki vaziyat noaniq bo'lib turganda, eshitish darhol aniqlik kiritish zarurligini taqozo qilishidir. O'quvchilar bilan o'z muomalasini baqiriq va mayda - chuyda narsalarga aralashishiga aylantirib yubormaslik uchun kundalik ishlarda nimanidir sezmay qolishni o'rganish muhimdir. Nihoyat, ba’zan biror narsani tushunmay qolish ham foydali bo'ladi. Bularning hammasi o'kituvchining o'kuvchilar bilan bo'ladigan kelishmovchiliklarga tegishli darajada odob bilan aralashuviga yordam beradi. Bu keyingi holat ayniqsa muhim va murakkabdir. Pedagog bolalar ayniqsa, katta yoshdagi o'quvchilar o'rtasidagi ziddiyatlarga juda ehtiyotkorlik bilan aralashuvi lozim. U shuningdek ziddiyatlarning shunday sohasi borki, unda pedagogning aralashuvi nihoyatda cheklangan bo'lishi, hamma kelishmovchiliklar va ziddiyatlar ham jamoada muhokama qilish ob’ekti bo'lmasligi mumkin.
O'qituvchining muhim ijtimoiy yo'l - yo'riqlaridan biri dilkashlikdir. An’anaviy dilkashlik yoki odamlarga aralashmaslik shaxsning o'ziga xos xususiyatlari deb qaraladi, bu butunlay qonuniy holdir. Lekin bunday yondashuv bir tomonlamadir. U dilkashlik, odamlarga aralashmaslik shaxsning o'ziga xos xususiyatlarigina bo'lib qolmay, shu bilan birga odamning u yoki bu vaziyatdagi muayyan xulq - atvori hamdir, ya’ni ijtimoiy yo'l - yo'rig'idir.
Shaxsning xususiyati bo'lgan dilkashlikni atrofdagilar bilan barqaror, kuchli rivojlangan aloqalarga intilish sifatida ta’riflash mumkin, bu intilish odamlar bilan tez aloqa o'rnatish bilan birga qo'shib olib boriladi.

O'quvchilar bilan muomala qilish pedagogning o'z tarbiyalanuvchilari bilan muloqat olib borish mahoratini taqozo etadi. Buning uchun esa u gapirishni bilishi zarur. Gapirishni, muloqot olib borishni doimo o'rganib borish kerak.


Bu o'rinda ikki savol tug'iladi: «nimani o'rganish kerak?» va «qanday o'rganish kerak?»
Pedagog jamoa bilan, bolalar guruhlarining ayrim o'kuvchilari bilan gaplasha olishi kerak. U darsni samarali olib borish uchun gapirishni bilishi, suhbat, ma’ruza, hikoya qilish kabi usullardan foydalanishi, umuman butun ta’lim

  • tarbiya jarayonida o'quvchilar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ya olishi kerak. O'quvchilar bilan gaplasha olish (har qanday shaklda) muayyan qoidalarni bilishni va bu qoidalarni amalga oshirishning nazarda tutadi. Ularni qarab chiqamiz.

O'quvchilar jamosi bilan muomala ko'pincha suhbat, ma’ruza, axborot va hokazolar shaklida bo'ladi. Bu muomala samarali bo'lishi uchun nimalar zarur?
Birinchi navbatda suhbatni qanday boshlash, qanday qilib darhol o'qituvchining gaplariga bolalarning diqqatini tortish, ularni qiziqtirish mumkinligi haqida gapirib o'tamiz. Buning uchun bir necha usullar bor. Gapni masalaning qo'yilishidan boshlash mumkin, bu masalada bo'lajak suhbatning ma’nosi mujassamlashgan bo'ladi. Mavzuga diqqatni tortishga urinib ko'rish ham mumkin, bunda gapni yorqin, qiziqarli ma’lumotni ma’lum qilishdan boshlasa bo'ladi, keyin uni tushuntirish va tahlil qilish esa muomalaning mazmunini tashkil etadi. Tegishli maqola yoki biror jumla keltirish ham muvaffaqiyatli bo'lib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, darhol bolalarga bo'lajak suhbat ularning qiziqishlari bilan bog'liq ekanligini aytib o'tsa ham bo'ladi.
Mana, suhbatga bolalarning diqqati jalb qilindi, ham deylik. Endi uning mavzusini ancha qisqa, lekin yetarli darajada aniq qilib ochib berish vazifasi turadi. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Masalan, suhbatni tuzishning bunday varianti bo'lishi mumkin. Dastlab pedagog o'quvchilar ongi va hissiyotiga yetkazmoqchi bo'lgan asosiy fikr qisqacha bayon etiladi. So'ngra u ochib beriladi, buning uchun misollar va illyustratsiyalar tizimi bayon qilinadi. Bunda yorqin taqqoslashlar, kutilmagan o'xshatishlardan foydalanish juda foydali bo'ladi. Shundan keyin xulosa chiqarish, ya’ni suhbatning asosiy fikrini boshqacha so'zlar bilan takrorlash mumkin.
Suhbat bolalarda doimiy qiziqish uyg'otishi uchun bir qator murakkab bo'lmagan usullardan foydalanish zarur, eng muhim so'zlar va iboralarni intonatsiya bilan ajratib ko'rsatish va aksincha, intonatsiyani o'zgartirish, unchalik muhim bo'lmagan mavzuni bayon qilish kerak, ovoz va nutq ohangini o'zgartirish foydalidir (masalan, muhim iboralar, fikrlardan oldin va keyin to'xtalish qilishi zarur).
Suhbatni qanday tugallash ham muhim ahamiyat kasb etadi. U turlicha bo'lishi mumkin. Asosiy g'oyalarni yana bir marta qisqacha bayon qilib berish mukin. Uni she’riy satrlar bilan ham tugallasa ham bo'ladi. Agar pedagog bolalarning o'zlari eshitgan narsalari haqida fikr yuritishlarini xohlasa, javobsiz savol bilan ham tugallash mumkin. Suhbatning yakuni barcha ko'rsatib o'tilgan tarkibiy qismlarni o'z ichiga oladigan variant ham bo'ladi.
Bu qoidalarga rioya etish pedagogning so'zlari o'quvchilarga zarur ta’sir ko'rsatish uchun shart - sharoit yaratadi. Chunki pedagogning tarbiyalanuvchilar bilan har qanday muomalasining ma’nosi ana shundan iboratdir.
Har qanday suhbat jarayonida pedagogning asosiy maqsadi bolalarni qiziqtirishdir. Buning o'rniga ba’zan ayrim o'kituvchilar shu qadar berilib ketadilarki, bolalarga deyarli yoki butunlay hech narsa qoldirilmaydi. Albatta, bunda muomala maqsadiga erishib bo'lmaydi.
Bundan tashqari, pedagog eski fikr uchun yangi so'zlarni izlashi va topishi darkor, ya’ni ayni bir fikrni turlicha bayon qilishni bilishi zarur. Agar bu hol ro'y bermasa, shunday vaziyat hosil bo'ladiki, uni quyidagicha ta’riflash mumkin: yaxshi audio yozuvini birinchi bor eshitib ko'rganda kutilmagan bir hodisa bo'ladi, ikkinchi marta tinglaganda - nasihat, keyingi eshitib ko'rishda esa ichki, ba’zan esa tashqi qarshilik keltirib chiqaruvchi zo'rlik bo'ladi.
Hozirga qadar fikr pedagogning o'kuvchilar jamoasi bilan muomalasi haqida borgan edi. Endi o'kuvchilardan har biri bilan muomalani qanday qilib maqsadga muvofiq tashkil etish shakllari haqida to'xtalamiz.
Birinchi navbatda quyidagilarni esda tutish kerak: suhbat samarali bo'lishi uchun dastlab suhbatdoshni moyil qilib olish zarur. Agar pedagogning o'zi bunga moyil bo'lsa va bundan tashqari, suhbatdoshiga o'zining moyilligni yaqqol ko'rsatsagina bunga erishish mumkin.
O'zaro moyillikka erishish uchun bir qator murakkab bo'lmagan usullardan foydalanish mumkin. Birinchi navbatda o'kituvchi o'kuvchi bilan o'zini shunday tutishi kerakki, unda men pedagog uchun ahamiyatliman degan hissiyot paydo bo'lishi kerak. Shunday hissiyot uyg'otish uchun xar bir o'quvchida ustun afzal tomonlarni, boshqalardan farqni topish muhimdir, faqat topishgina emas, shu bilan birga unga buni aytish ham kerak. Bundan tashqari, suhbatdosh o'kuvchiga, uning ishlariga, hissiyotlariga, kayfiyatiga, kechinmalariga samimiy qiziqishni his qilishi lozim.
Suhbat har ikkala suhbatdosh uchun qiziqarli bo'lishi uchun u muloqot tarzida bo'lishi zarur. Shu maqsadda birinchi navbatda suhbatdoshning hissiy holatini hisobga olishi va shunga muvofiq ravishda suhbatni boshlashi kerak. Masalan, agar o'kuvchi hayajonlanib turgan bo'lsa, yaxshisi u bilan o'zi uchun yoqimli bo'lgan narsa haqida gaplashishdan boshlash yoki uning kechinmalari sababiga va suhbat mavzuiga aloqador bo'lmagan begona bir narsa haqida gaplashish kerak. Agar, aksincha, o'kuvchi xafa ko'rinsa, oldiniga uning diqqatini uning kayfiyatini buzgan narsadan chalg'itishga urinish va hatto qandaydir maroqli narsa haqida gap boshlab, uni bir muncha ovutishga harakat qilish muhimdir.
Shuni nazarda tutish kerakki, agar pedagog hamma vaqt gapirib, so'rayversa o'quvchi faqat eshitib, bir xildagi javoblarni beraversa, muloqot vujudga kelmaydi.
O'quvchilar bilan ham, sinf bilan ham, guruhlar bilan ham, ayrim bolalar bilan ham muomala qilganda ba’zi umumiy usullarni esda tutish va ulardan foydalanish foydalidir, ular muomalani dialogli, samarali, kam ixtilofli qilishga imkon beradi. Birinchidan, pedagogning boshqa kishilar tomonidan qilingan u yoki bu murojaatni tasavvur etishi foydalidir. Shunda o'kuvchilar bilan suhbatlarda buyruq berish huquqini suiiste’mol qilish kerak emasligi, yaxshisi - ko'proq iltimos shaklidan foydalanish kerakligi ma’lum bo'lib qoladi - chunki har qanday kishining buyruqdan ko'ra iltimosni bajarishi oson va yoqimliroq bo'ladi. Shunda o'quvchilar bilan suhbatlar tez -tez «marhamat», «rahmat», «baraka toping» degan so'zlardan foydalanish, ko'pincha ularga shart fe’li bilan: «siz manna bunday qilsangiz bo'lmasmikin. . .», «sizningcha, bunday qilsak yaxshiroq bo'lmasmikin .
. .» deb murojaat qilish foydali ekanligi ma’lum bo'ladi. Nihoyat, bolalarga biror narsa deganda, ulardan biror narsa talab qilganda, ularga biror narsa taklif etganda, pedagogning o'z - o'ziga: «nima uchun?», «nega?», «buning boisi nima?» degan savollarni berishi nihoyatda foydali bo'ladi.
O'quvchilar o'zlari bilan bo'layotgan butun muomalasi hatto jahl bilan aytilsa -da, do'stona bo'layotganini ko'rib turishlari lozim. Jahl - o'tkir, nihoyatda o'tkir quroldir. U shifobahsh bo'lishi ham, javob tariqasida jahl uyg'otishi ham, g'azabni qo'zg'ab, asossiz janjalga olib kelishi ham mumkin. Lekin pedagogning o'quvchilar bilan muomalasida jahlga o'rin bo'lmasligi kerak, deb o'ylash qiyin. Bu jahlning qanday namoyon bo'lishi - boshqa masala. Jahlni chiqargan sababni o'kuvchining shaxsiy sifatlari bilan aslo bog'lamaslik kerak. Bunday jahl munosabatni buzadi, o'quvchini g'azabga keltiradi.
O'quvchilarning pedagoglarga nisbatan eng ko'p tarqalgan shikoyatlaridan biri: «Ular bizning gapimizga e’tibor bermaydilar!» degan gapidir.Tabiiyki, o'z suhbatdoshing gapiga quloq solmasang, u bilan muloqot qilish mumkin emas, samarali muomala qilib bo'lmaydi. Shu sababli pedagog bu bilimni egallay olishi nihoyatda zarurdir. Birovning gapini eshita olish qobiliyati va mahorati inson tabiatining boshqa ko'pgina qimmatli sifatlariga qaraganda ancha kamroq uchraydi. Shu sababli birovning gapini tinglay oladigan, binobarin, odatda tushuna oladigan kishilar ancha qadrlanadi.
Birovning gapini eshita bilish degani nima? Birinchidan, har qanday o'quvchi nima gapirsa ham, noto'g'ri fikrga bormay uni eshita olishi, uning gaplari mohiyatini anglashga o'zini chog'lab, uni tushunishga harakat qilishi zarur.Bunda pedagog o'quvchini tinglab, u gapirgan narsalarni, u bayon qilgan ma’lumotlarni o'zining ular haqidagi fikridan va bu o'quvchiga, u ma’lum qilgan ma’lumotlarga o'z munosabatidan ajratishga erishsagina real voqelikka aylanadi. Ikkinchidan, o'quvchi so'zlarining mohiyatini anglashga harakat qilishi kerak. Buning ma’nosi shuki, faqat u aytgan narsalarni tushunishga harakat qilib qolmay, u bularni qanday aytgani, uning so'zlari ostida nimalar borligi, haqiqatda u nima demoqchi, u nimani hohlaydi yoki nimani aytmoqchi emas - ana shuni bilib olishga intilish kerak.
Pedagog savollar berishni - asosiy, aniqliq kirituvchi, yo'lga soluvchi savollarni berishni bilish muhimdir. Lekin bu savollarni shundapy berish kerakki, ular o'quvchini savollarga batafsil javob berishga rag'batlantirsin. Savollar uni o'zi haqida, qandaydir voqealar to'g'risida, o'z - fikr mulohazalari, hissiyotlari, kechinmalari haqida gapirib berishga undashi lozim, ya’ni o'qituvchining savollari ortida suhbatlashishga bo'lgan chinakam qiziqish turishi kerak. Bu nihoyatda muhimdir, chunki pedagog o'quvchi uchun qiziqarli suhbatdosh bo'lib qolishi uchun u anna shu o'quvchining hayoti bilan juda qiziqadigan kishi bo'lishi lozim.
O'zbekiston maktablarida ta’lim-tarbiya ishlari, pedagogik faoliyatning samaradorligi, ta’sirchanligi o'qituvchilar, ota-onalar jamoasi, oila va mahallada shakllangan axloqiy munosabatlarga, muomala odobiga bog'liq. Muallim ta’lim- tarbiya ishlari jarayonida o'quvchilar, kasbdoshlari, ota-onalar bilan muomalada bo'ladi. Barkamol shaxs sifatida shakllanayotgan o'quvchilar, kasbdoshlari, ota- onalar muallimning har bir harakati, barcha ishlarini inson sifatida kuzatib boradi, his etadi, axloqiy jihatdan baholaydi, qabul qiladi yoki rad etadi. Xullas, ta’lim- tarbiya ishlarining natijasi, o'qituvchi faoliyatining ta’sirchanligi pedagogik jarayonda sodir bo'ladigan muomala odobiga, pedagogik jarayon ishtirokchilarining axloqiy-ruhiy xolati, kayfiyatiga bog'liqdir.
Muomala odobi o'z tabiati, mohiyatiga ko'ra ijtimoiy hodisadir. Ijtimoiy qonuniyatlar pedagogik jarayondagi muomala odobida namoyon bo'ladi. Pedagogik odob jamiyatda qabul qilingan ma’naviy, umuminsoniy va milliy axloqiy qadriyatlarga asoslanadi. Ijtimoiy munosabatlar pedagogik jarayonda qatnashuvchilar o'rtasidagi muomala odobini tartibga solib, boshqarib boradi. Ijtimoiy munosabatlarning har biri o'ziga xos xususiyatga, mezonlarga ega. Bu xususiyat va mezonlar ijtimoiy faoliyatning sohasi, shaxslararo aloqalarning xarakteri bilan belgilanadi. Muomala odobi kishi bajarishi lozim bo'lgan axloqiy qoidalar bilan shaxs ularni qay darajada qabul qilishi o'rtasidagi, shaxsiy va ijtimoiy manfaatlar orasidagi bog'lanishlarga asoslanadi.
Muomala odobi bevosita baho beruvchilik xususiyatiga ham ega. Axloqiy baho esa kishilarning hulqini, xatti-harakatlarini nazorat qiladi, tartibga soladi. Muomala-munosabatlar kishi o'z hulqi va faoliyatida axloqiy printsiplar, qoidalar, talablar, an’analarga, urf-odatlarga qay darajada amal qilayotganiga qarab baholanadi.
Pedagogik jarayonda sodir bo'ladigan muomala odobida muallimning axloqiy madaniyati, tarbiyalanganlik darajasi aks etadi. Muallimning pedagogik kasb egasi sifatida o'ziga, o'z kasbiga, o'quvchilarga, kasbdoshlariga, ota-onalarga muomalasini belgilovchi asosiy qoidalar, talablar mavjud. Bu mezonlar jamiyat davlat o'qituvchiga, ta’lim-tarbiya ishlariga nisbatan qo'yayotgan axloqiy talablariga, pedagogik faoliyatning axloqiy xarakteri va xususiyatlariga asoslanadi.
Pedagogik jarayonda muomala odobi o'qituvchining faoliyatida namoyon bo'ladi. O'qituvchilik faoliyatiga qo'yiladigan axloqiy talablar, o'z navbatida. O'zbekiston Respublikasi rahbariyati yosh avlodni umuminsoniy va milliy- ma’naviy, madaniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash sohasida kun tartibiga qo'yayotgan vazifalarga bog'liq. Ular pedagogik jarayondagi muomala odobida unda qatnashayotgan kishilarning xulqi, xatti-harakatlarida ifodalanadi. Bu xatti- harakatlar pedagogik jarayon qatnashchilarining ta’lim-tarbiya maqsadi, vazifalari usul va vositalarini, axloqiy qadriyatlarni qay darajada qabul qilishlari shaklida namoyon bo'ladi.
Muomala odobining tuzilishi juda murakkabdir. U pedagogik faoliyatda sub’ekt-ob’ekt munosabatlari shaklida ifodalanadi. Sub’ekt-ob’ekt munosabatlari muallim o'zining professional burchini bajarayotganida o'quvchilar, kasbdoshlari, ota-onalar, jamoat tashkilotlarining vakillari bilan o'qituvchi o'rtasidagi aloqalarda vujudga keladi. U o'zaro hurmat darajasi, ishonch, talabchanlik, xayrixohlik, tashabbuskorlik, o'zaro g'amxo'rlik, har birlarining inson sifatida qadr qimmatini e’zozlash kabilarda namoyon bo'ladi. Ular o'qituvchining pedagogik faoliyatda boshqalar bilan muomalasining xarakterini baholashga xizmat qiladi. O'zaro ta’sirlar o'quv ishida, turmushda, dam olish paytlarida, oiladagi muomala- munosabatlarning xususiyatlarini aniqlashga imkon beradi.
Pedagogik jarayonning o'zida ham faoliyatning turli sohalarida turlicha muomala-munosabatlar mavjud. Masalan, o'quv ishlari sohasida, jamoat topshiriqlarini bajarishda, o'quvchilar bilan sinfdan tashqari ishlarda, dam olish paytlaridagi muomala, shuningdek, o'qituvchining Vatanga, xalqqa bo'lgan munosabati o'ziga xos xususiyatlarga ega. Uning mohiyati shundan iboratki, agar o'qituvchining bu muomala-munosabati o'z professional vazifasini, burchini bajarish jarayonida sodir bo'lsa, jamiyat o'qituvchining va pedagoglik kasbining ijtimoiy mavqeini, unga ma’lum bir huquq va vakolatlar berilganligini nazarda tutadi.
Pedagogik etikada muomala odobining biror jihati, masalan, o'qituvchining o'z kasbiga munosabati, burchi alohida tahlil etilishi mumkin. O'qituvchilik kasbi kishiga ma’lum talablarni qo'yadi, lekin muallim bu talablarni qanday bajarayotgani bu talablarda hali aks etmaydi. O'qituvchining pedagogik faoliyati natijalarini xalq ta’limi bo'limlari, maktab ma’muriyati, metodik birlashma xodimlari baholaydi. O'qituvchining pedagogik jarayon qatnashchilari bilan muomalasi — bu kishilarning o'zaro bir-birlariga bo'lgan shaxsiy insoniy munosabatlari sifatida ham qaraladi, ular pedagogik jarayon qatnashchilarining xatti-xarakatlarida, hulqida, ish shakli va usullarida namoyon bo'ladi. Ular o'rtasidagi o'zaro axloqiy baholashlar ham muhim rol o'ynaydi.
Pedagogik jarayonda o'qituvchi axloqiy munosabatlarning sub’ekti hisoblanadi. U pedagogik jarayonning asosiy kishisi — figurasi sifatida o'quvchilar, kasbdoshlar, ota-onalar bilan muomalada bo'ladi. Pedagogik muomala odobi tizimida o'qituvchi asosiy figuradir. O'quvchilar, kasbdoshlari, ota-onalar, pedagoglar jamoasi va jamoat tashkilotlarining vakillari o'qituvchi uchun pedagogik muomala-munosabatlarning ob’ekti hisoblanadi. Ular bilan bo'ladigan aloqalar yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish vazifalarini bajarish jarayonida sodir bo'ladi. Bu muomala jarayonida ishtirok etadigan kishilar bir-birlariga nisbatan xayrixoh, ijobiy hissiyotda bo'lishlari, bir-birlarining fazilatlarini o'zaro baholashlari, qadrlashlarini nazarda tutadi.
Pedagogik muomala-munosabatlarda hissiyot aralashgani uchun ularning axloqiy va ruhiy jihatlarini bir-biridan ajratish qiyin bo'ladi. Shuning uchun ham bunday hodisalar haqida gapirganda, odatda, pedagogik jamoadagi axloqiy-ruhiy vaziyat tushunchasi ishlatiladi.
Demak, o'qituvchining muomala odobi - u aloqa qiladigan odamlar, muassasalar bilan o'z professional vazifasini bajarayotganda sodir bo'ladigan axloqiy munosabatlar majmuidir. Bu yondoshuv asosida pedagogik muomala odobini shartli ravishda quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: o'qituvchi bilan o'quvchilar o'rtasidagi muomala; o'qituvchi bilan pedagogik jamoa o'rtasidagi muomala; o'qituvchi bilan ota-onalar o'rtasidagi muomala; o'qituvchi bilan maktab rahbarlari o'rtasidagi muomala.
Muomala odobida o'qituvchining axloqiy ongi, axloqiy faoliyatining yetuklik darajasi, axloqiy ehtiyojlari va axloqiy yo'nalishlari, so'zi bilan ishining birlik darajasi, xullas, muallimning faol hayotiy nuqtai nazari namoyon bo'ladi.
Pedagogik jarayondagi aloqalar tizimida o'qituvchi bilan o'quvchi o'rtasidagi muomala-munosabatlar katta o'rin egallaydi. Bu jarayonda bola insoniyat asrlar davomida to'plagan bilimlarni, axloqiy tajribani egallab oladi. Muallim pedagogik jarayonda yetakchi kishidir. Unga yosh avlodni o'qitish va tarbiyalash vazifasi yuklatilgan. Shuning uchun ham o'qituvchiga, uning axloqiy sifatlari, hulqiga, o'quvchilar bilan muomalasiga nisbatan alohida, yuksak talablar qo'yiladi:
Muallim hayotga endigina kirib kelayotgan, barkamol shaxs sifatida shakllanayotgan insonlar — yosh bolalar bilan muloqotda bo'ladi. Bolalar ta’lim- tarbiya jarayonida umuminsoniy va milliy axloq normalarini (mezonlarini) o'zlashtiradi. O'quvchi muomala odobini asosan o'qituvchi timsolida anglab oladi.
Sevimli muallim bola uchun bir umr ideal, ibrat, namuna bo'lib qolishi ham mumkin.
Respublikamiz o'qituvchilari orasida o'z ishining ustasi, Xalq o'qituvchisi, Xizmat ko'rsatgan o'qituvchi deb tan olingan, ota-onalar, yoshlar e’zozlab Ustoz deb ataydigan mo'’tabar insonlar ko'plab topiladi. Ular pedagogik ishda fidoyilik ko'rsatib, muallimlik burchini yuksak darajada bajarib, bolalarga bilim berib, ular qalbiga halollik, go'zallik, haqiqat, odob axloq nurini singdira olganliklari, xushmuomal bo'lganlari uchun ham bunday obro' va hurmatga erishganlar.
Afsuski, hamma muallimlar haqida ham shunday deb bo'lmaydi. O'zining dag'al muomalasi bilan bolaning ko'nglini o'qishdan sovutib, dilini o'rinsiz ranjitadiganlari ham uchrab turadi. Pedagogik tajribada bunga misollar ko'plab topiladi. Bundaylar yoshlar tarbiyasiga, ularning axloqiga salbiy ta’sir etadilar. Tarbiyaviy ishlarga tuzatish qiyin bo'lgan darajada ziyon yetkazadilar.
Barkamol, ijodkor shaxsni shakllantirishga, tarbiyalashga doir axloqiy normalar pedagogik etikada ifodalangan. Tarbiyalanuvchiga ijobiy ta’sir o'tkazish shartlaridan biri bolaga bo'lgan ishonch bilan unga nisbatan qo'yilayotgan talablarning birligidadir. Bu qoida pedagogik amaliyotda ko'p marta sinovdan o'tgan va o'zini oqlagan. Muallimlar, talabalar bilan o'tkazilgan suhbat natijalari shundan dalolat beradiki, maktabda xushmuomala o'qituvchilar bilan bir qatorda bolalarga xuda-behuda do'q urib, baqirib muomala qiladigan muallimlar ham uchraydi. Bunday muomala jamiyatda qabul qilingan umuminsoniy va milliy axloqiy normalarga to'g'ri kelmaydi. Bunday o'qituvchilar bolalar orasida obro' orttira olmaydilar.
Pedagogik jarayon, tarbiya jarayoni, odamlarning tabiati shu darajada murakkabki, muallim ba’zan istasa-istamasa qo'pollik qilishga «majbur» bo'ladi, o'quvchi muallimning o'rinli talablarini bajarmayotgan paytlarida u o'zini tutolmay qoladi. Muallim o'z talablarini, hatto, qo'pollik holatini ham, bolaga yaxshilik qilyapman deb hisoblaydi, chunki bu ishni bolaga bilim berish, uni to'g'ri yo'lga solish, yaxshi odam qilib tarbiyalash uchun qilayotganiga ishonadi. Sa’diy Sheroziynnng «Guliston» (Toshkent, 1968) asarining «Tarbiyaning ta’siri bayoni» bobidagi hikoyatlarda; Alisher Navoiyning «Mahbub-ul-qulub» asaridagi «Mudarrislar to'g'risida», «Maktabdorlar to'g'risida»gi maqolatlarida bildirilgan mulohazalar bu fikrimizga hamohangdir.
Bunday holatlar ko'pincha tarbiyasi qiyin bola bilan muomala-munosabatlar jarayonida sodir bo'ladi. Shuni ham unutmaslik lozimki, bunday bola odatda, nosog'lom oiladan chiqadi. Bola oiladagi yomon muhitning qurboni bo'lishi ham mumkin. Tajribali pedagoglar tarbiyasi qiyin bola bilan ishlash, muomala qilish murakkabligini, shu bilan birga ular insoniy mehrga zor, xush muomalaga, e’tiborga muhtoj ekanligini, bundaylarga nisbatan sabr-toqatli, bardoshli, kechirimli bo'lish zarurligini ham ta’kidlaydilar.
Jismoniy jarohat olgan bolani o'qituvchi jazolamasligini hamma biladi. Jismoniy tarbiya muallimi oyog'ii jarohatlangan boladan yugurish musobaqasida qatnashishni talab etmaydi. Bola ba’zan qalbi, ruhi jarohatlangan holda maktabga kelishi mumkin. Ta’lim jarayonida buni hamma o'qituvchilar e’tiborga oladimi? Afsuski, yo'q. «Bola javob berishni xohlamayapti, dars tayyorlashni istamagan» deb hisoblab, hamma o'quvchilarga bir xil talab qo'yish, bir xil muomala qilish hollari ko'plab uchraydi. Ba’zan boladan hatto u bajara olmaydigan ishlar ham talab etiladi. Ayrim o'qituvchilar bolaning oilasidagi, ota-onasidagi nuqsonlari uchun ham uni ayblashga urinadilar.
Voqeiy hikoyat. To'qqizinchi sinf o'quvchisi Karim bir kuni darsni tayyorlamay keldi. Muallima unga «ikki» baho qo'ydi. Oilada Karim onasi bilan yashaydi, otasi boshqaga uylanib ketgan. Muallima Karimga «yomon» baho qo'ygani yetmagandek, unga zarda bilan: «Otang sizlarni bekorga tashlab ketmaganga o'xshaydi, bunday boladan qochib qutulishdan boshqa chora yo'q»,- deb uni sinfdan chiqarib yubordi. Muallimning bu muomalasi o'quvchini tahqirlash bilan birga sinfdagi boshqa o'quvchilarning ham noroziligiga, nizo kelib chiqishiga sabab bo'ldi.
Talabchanlik o'qituvchi odobining normalaridan biri hisoblanadi. O'qituvchining bolaga qo'yayotgan talabi adolatli bo'lmog'i kerak. Muallimning talabchanligida uning bola shaxsiga chuqur hurmati, bolaning kuchi, qobiliyati va imkoniyatlariga bo'lgan chuqur ishonchi ifodalanadi. Bu insoniylikning namoyon bo'lishi, ya’ni rivojlanayotgan bola shaxsi to'g'risida, o'ziga va jamiyatga foyda keltira oladigan barkamol kishini tarbiyalash to'g'risidagi g'amxo'rlikdir. Odatda, bolalar murosasozlik va oliftagarchilikni—betayinlik, o'ta muruvvatni — mas’uliyatsizlik, printsipsizlik deb tushunadilar. Aksincha, yaxshi niyat bilan qilingan oqilona talabchanlik — qattiqqo'l muallimga bolaning hurmati va minnatdorligini oshiradi.
Voqeiy hikoyat. To'lqin maktabda quyi sinflarda past baholar olib o'qirdi. Sakkizinchi sinfga o'tganida fizika o'qituvchisi D. Sh. juda talabchan, hech kimni erkalatib qo'ymaydigan kishi bo'lib chiqdi. Muallim uni doskaga chiqaradi. To'lqin fizikaga doir masalani yecha olmaydi. O'qituvchi unga boshqa masalani beradi va o'sha boshlagan usuli bilan yechishni aytadi.
Nihoyat u, masalani to'g'ri yechadi. O'qituvchi: «Mening fikrimcha To'lqin, sen uchun bu oddiy masala. Sen murakkabroq masalalarni ham yecha olasan, faqat, ko'proq ishlash kerak» deydi. Bu gap bolaga ijobiy ta’sir etadi, u darslarni ko'proq tayyorlaydigan bo'ldi, ayniqsa fizikaga qiziqib qoldi. Maktabni bitirgach, texnika universitetiga o'qishga kirdi. Muhandislik kasbini egalladi. Bir kuni To'lqin o'quvchilik yillarini eslab bunday dedi: «Fizika o'qituvchimiz kattiqqo'l, talabchan edi. U bizni boshqa fanlarga qaraganda fizikani ko'proq o'qishga majbur etardi. Biz uning aytganlarini bajarar edik, chunki u yaxshi odam, hatto do'stimiz edi».
O'qituvchi avvalo, o'ziga talabchan bo'lmog'i kerak, shundagina bolaga nisbatan qo'yayotgan talablari o'rinli, samarali bo'ladi. Aks holda uning «talabchanligi» bolaning g'ashini keltirishi va o'quvchilar uni bajarmasliklari mumkin. Bolaga biror topshiriq berayotganda u o'quvchining kuchiga mosligi, bola uni bemalol bajara olishiga muallimning ishonchi komil bo'lsin. Bola oldiga qo'yiladigan talablar, unga berilayotgan vazifalar sekin-asta murakkablashtirila borishi, o'quvchilarning qobiliyati, individual xususiyatlarini hisobga olib tabaqalashtirilishi lozim.
Muallim har qancha hushyor, ehtiyotkor bo'lsa ham sinfdagi hamma bolalarning ruhiy holatini, iztiroblarini bilmasligi mumkin. Bu ishda muallim sinf bolalar jamoasining ko'magiga tayanmog'i lozim. Sinf jamoasi boshiga tashvish tushgan bolaning holidan xabardor, unga hamdard bo'lishiga erishmoq kerak. Shunda muallim bilan o'quvchi o'rtasidagi muomala natijasida sodir bo'ladigan ayrim xatolarning oldini olish imkoni tug'iladi.
Voqeiy hikoyat. Sanobarning oilasida uning otasi bilan onasi o'rtasida kelishmovchilik, janjallar bo'lib turishini sinfdoshlari biladi. Bugun u darsga ko'zlarining atrofi qizargan, ma’yus holda keldi. Kecha ularning uyida bo'lgan janjal tufayli uy vazifasini ham bajarolmay kelgani, kitobni o'qisa ham boshiga hech narsa kirmayotgani ko'rinib turardi. Sinfdoshlaridan biri unga sezdirmay bu holatni sinf rahbariga ma’lum qilib, yaxshisi muallimlar bugun Sanobarni doskaga chiqarmasliklari, undan uy vazifasini ham so'ramasliklari lozimligini aytdi. Sinf rahbari o'z darsi jarayonida bevosita usullar bilan Sanobarga tasalli berishga harakat qildi. Shu tariqa sinf jamoasi qalbi jarohatlangan Sanobarga nisbatan to'g'ri muomala qilishda o'qituvchilarga yordamlashdi.
Bolaning ruhiy holatini tushunish, sinfdoshlarida unga nisbatan xayrixohlik, g'amxo'rlik xis-tuyg'usini uyg'otish o'qituvchining yuksak pedagogik, axloqiy madaniyatidan dalolat beradi. Odobli, madaniyatli muallim bolalar bilan qo'pol muomala qilmaydi, o'quvchining «sirini» oshkor etmaydi, uning ustidan kulib, qalbini jarohatlamaydi. Aksincha, fikr-mulohazasi qotib qolgan, bolalarning qalbi, ehtiyoj va qiziqishlarini inobatga olmaydigan, hammaning xulqini bir xil qolipda baholaydigan muallim ko'pincha pedagogik muomala odobi normalarini buzadi, bolalar orasida obro' ham ololmaydi. Bunday muallim odatda, agar bola mo'min- qobil bo'lsa, uni yaxshilar qatorida ko'radi, agar tanqidiy fikrlaydigan bo'lsa - manman, takabbur deb hisoblaydi. Qobiliyatli, lekin sho'x bolalarni xush ko'rmaydi, natijada o'qituvchiga hurmatsizlik, konflikt - mojarolar kelib chiqadi.
O'qituvchi bilan o'quvchi o'rtasidagi nizolar ko'pincha bolaga nisbatan adolatsizlik qilish, unga qo'yilayotgan talablar mavhumligidan kelib chiqadi. Bunday o'qituvchi bolani asossiz ayblayotganini talabchanlik, pedagogik jamoa rahbarlarining unga qo'ygan to'g'ri talabini esa adolatsizlik deb qaraydi. Bolaning mustaqil harakatlarini - uning obro'sini to'kishga intilish, itoatkorligini esa eng yaxshi hislat deb biladi. Muallim bilan o'quvchi o'rtasidagi nizolar haqida gap borganda shuni esda tutish lozimki, ta’lim-tarbiya juda murakkab, qarama- qarshiliklarga to'la jarayondir. Ularni bartaraf etish muqarrar ravishda nizolar chiqishiga ham sabab bo'lishi mumkin. Bu nizolarni oqilona hal etish uchun muallim ularning mohiyati va sabablarini aniqlashi, bilishi kerak.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatda axloqiy tarbiya jarayoniga xos qarama-qarshiliklar manfaatdorlik, axloqiy-ruhiy omillar, shuningdek, muhit ta’sirida sodir bo'lishi mumkin. Bunday faktorlar qatoriga quyidagilar kiradi:

  • bola tarbiyalanayotgan muhitdagi axloqiy tajriba, xulqiy odatlar jamiyatda qabul qilingan umuminsoniy, milliy axloq mezonlariga mos kelmasligi;

  • bolada ilgari shakllangan qiziqish va istaklar axloqiy tarbiyaning maqsadiga to'g'ri kelmasligi;

  • bolaning irodasi, o'zini tuta bilish darajasi bilan tarbiyachi-o'qituvchining talablari bir-biriga to'g'ri kelmasligi;

  • bolaning jamoada o'z o'rnini topishga bo'lgan intilishi bilan o'z manfaatlarini jamoaning manfaatlariga bo'ysundirish zarurligini bir-biriga mos kelmasligi;

  • tarbiyachi, o'qituvchining pedagogik, axloqiy madaniyat darajasi o'quvchilarni axloqiy tarbiyalash sohasida kun tartibiga qo'yilayotgan vazifalar, talablarga mos kelmasligi. Bu qarama-qarshiliklar ob’ektiv yoki sub’ektiv harakterga ega bo'lishi mumkin. Tarbiya jarayonida ular sub’ektivlikdan ob’ektivlikka o'tishi yoki aksincha bo'lishi ham mumkin. Masalan, ota-onalarning axloqiy madaniyat darajasi sub’ektiv faktor hisoblansa ham u bola uchun ob’ektivlik xarakteriga ega, chunki ota bilan onani tanlab olish mumkin emas.

Sub’ektiv qarama-qarshiliklar ham, ob’ektiv qarama-qarshiliklar ham jiddiylashib, nizolar chiqishiga olib kelishi mumkin. Burch bilan istak o'rtasidagi, zarurat bilan erkinlik o'rtasidagi ob’ektiv qarama-qarshiliklar natijasida yuzaga keladigan nizolarni, kelishmovchiliklarni bartaraf etish, ko'pincha, rivojlanish usuliga aylanadi. Bunday konfliktlarni ijobiy hal qilish natijasida shaxs o'z tajribasida jamiyat o'rtaga qo'yayotgan axloqiy talablarni jamoatchilik va o'qituvchi ta’sirida anglab oladi.
Quyidagilar axloqiy tarbiya jarayonida vujudga keladigan ob’ektiv (asosiy) qarama-qarshiliklar sirasiga kiradi: tarbiya tizimi va yosh avlod erishishi zarur bo'lgan yuksak axloqiy namunalar (ideallar) kun tartibiga qo'yayotgan vazifalar bilan tarbiyalanuvchilarning hayotiy tajribasi o'rtasidagi qarama-qarshilik; o'quvchi egallashi lozim bo'lgan axloqiy qoidalar bilan bolaning o'tkinchi ehtiyojlari va xohishlari o'rtasidagi qarama-qarshilik; axloqiy erkinlik bilan axloqiy mas’uliyat o'rtasidagi qarama-qarshilik. Bu qarama-qarshiliklarni bartaraf etish silliq kechmaydi, ularni to'g'ri hal etish natijasida bola axloqiy kamolotga erisha boradi. Odatda, bunday nizolar, yo o'quvchini yuksak axloqiy ideallarga yo'naltiruvchi o'qituvchi foydasiga, yoki bolaning o'tkinchi xohishlari foydasiga hal etilishi mumkin. Ikkala holatda ham «sakrash», «portlash» yo'li bilan yangi holatga o'tiladi: yo o'quvchining hulqida ijobiy o'zgarish bo'ladi, yoki salbiy holat mustahkamlanadn. O'qituvchi har bir nizoni yechayotganida buni nazarda tutmog'i kerak.
Ob’ektiv qarama-qarshiliklar natijasida vujudga kelgan konfliktlarni oqilona bartaraf etish o'qituvchining pedagogik madaniyatiga, muomala odobiga, tanlagan vositalarining to'g'riligiga bog'liq. Sub’ektiv sabablarga ko'ra paydo bo'lib, janjallarga olib kelgan qarama-qarshiliklar salbiy natijalar beradi, o'qituvchiga nisbatan ishonchsizlik tug'diradi o'qituvchi bilan bolalar o'rtasida ruhiy to'siqlar hosil qiladi. Bunday nizolar shaxsning axloqiy rivojlanishiga turtki bo'la olmaydi, chunki bu holat muallimning axloqiy madaniyati pastligidan sodir etiladi. Bu qarama-qarshilikni bartaraf etish yo'li - ularni o'z vaqtida aniqlab, nizoga aylanib ketishiga yo'l qo'ymaslikdir. Bunga erishish uchun muallim hayotni yaxshi bilishi, sezgir, vijdonli bo'lish bilan birga bolalarning ruhiy rivojlanish qonunlarini, axloq normalarini ham bilishi, voqealarni oldindan ko'ra bilish fazilatiga ham ega bo'lmog'i kerak.
Pedagogik axloqda ta’lim-tarbiya jarayonida vujudga kelib, an’anaga aylanib qolgan ayrim qoidalar sub’ektiv qarama-qarshiliklar va konfliktlarning kelib chiqishiga sabab bo'lishi ko'rsatilgan. Masalan, shunday qoidalardan biri -har qanday holatda ham o'quvchi oldida muallimning obro'sini saqlash kerak, degan tushunchadir. Bu qoidaga amal qilaman deb, muallim ba’zan o'z vijdoniga qarshi ish tutadi, kasbdoshi noxaq bo'lsa ham uning harakatlarini to'g'ri deb isbotlashga, o'quvchini esa ayblashga, yomonlashga urinadi. «Muallimni o'quvchi tanqid qilishi mumkin emas», degan axloqiy qoida ham o'qituvchining obro'sini saqlash uchun o'ylab topilgan.
Majlis borayotganda o'quvchiga muallim haqidagi fikrlarini, mulohazasini aytishni ta’qiqlash mumkindir, lekin bola o'z tengqurlari davrasida kattalarning hulqi, xatti-harakatlari haqida o'z fikrini aytishi, baho berishini ta’qiqlab bo'lmaydi-ku. Natijada o'quvchilarning ayrim o'qituvchi haqidagi fikrlari, tushunchalari shakllanish jarayonini pedagogik jihatdan boshqarib bo'lmay qoladi. Ba’zan buning natijasida o'quvchilar talabchan muallimni - adolatsiz kishiga, bolaning kamchiligi va sho'xliklariga e’tibor bermaydigan muallimni yaxshi odamga chiqarib qo'yadilar.
Muallimning biror tasodifiy xatti-harakati natijasida o'quvchilarda u haqda sodir bo'lgan noto'g'ri fikr ham ta’lim-tarbiya jarayoniga salbiy ta’sir etishi, muallimning ishini murakkablashtirishi mumkin. Odatda, bunday konfliktlar uzoq davom etadi va o'qituvchi foydasiga «hal» etiladi. Muallimning obro'sini saqlayman deb, kattalar ba’zan bolaning qadr-qimmatini yerga uradilar, o'qituvchidan kechirim so'rashni talab etadilar, vaholanki bu nizoga o'qituvchining noto'g'ri xatti-harakati sabab bo'lgan. Muallimlarning bu ishi axloqiy tarbiya talablariga to'g'ri kelmaydi. Yaxshi pedagogik an’analarni saqlash va ularga amal qilish bilan mutaassiblik o'rtasidagi farqni, o'qituvchilik burchini bajarish bilan o'taketgan rasmiyatchilikni ajrata bilmoq lozim.
Muallim o'quvchilar bilan o'zaro muomalasida ko'tarinki ruh, yaxshi kayfiyatni saqlay bilishi pedagogik axloqning muhim talablaridan biridir. O'qituvchi dars o'tayotgan yoki tarbiyaviy tadbirni bajarayotganida bolalarning do'sti, maslahatchisi ekanligini esda tutmog'i lozim. Bu, muallim hamma vaqt bolalar bilan oshna-og'aynigarchilik qilaveradi degan gap emas. Bolalar ko'p o'tmay muallimning hulqidagi bu kamchilikni payqab olib, uning ustidan kulib yuradilar.
Pedagogik axloq normalariga amal qilishda muallim odob-muomala qoidalarini buzmasligi, shu bilan birga muallimning hulqi o'quvchilarning xatti- harakatlarini, o'zaro munosabatlarini ham tartibga solib borishi haqida g'amxo'rlik qilmoq kerak.
Voqeiy hikoya. Ikkinchi sinfga boshqa maktabdan yaqinda kelgan Diloromni muallim o'qish uchun doskaga chiqardi. Dilorom harflar va bo'g'inlarni zo'rg'a o'qiyotgani, o'qiy olmay qiynalayotganidan uyalib qizardi, to'xtalib qoldi. Sinfdagi bolalar kulib yubordilar. Chunki bu sinfdagi bolalarning hammasi yaxshi o'qiydigan bo'lib qolgan edilar. Bolalarning bu kulgusi Diloromga qattiq salbiy ta’sir etdi. Muallim qiynalib zo'rg'a o'qiyotgan Diloromni o'qishdan to'xtatib, kulgan bolalarga tanbeh berdi. Bolalarning bu qilig'i odob qoidalariga to'g'ri kelmas edi.
Muallim bolani doskaga chaqirayotganda ham, yoki o'quvchi bajargan ishni boshqalarga namuna qilib ko'rsatayotganida ham me’yorga amal qilmog'i lozim. Agar yaxshi o'qiydigan bola hadeb doskaga chiqarilaversa yoki har safar bir bolaning bajargan ishi boshqalarga namuna sifatida ko'rsatilaversa bu, axloqiy jihatdan salbiy oqibatlarga olib keladi.
O'quv ishining shunday o'ziga xos axloqiy jihatlari borki, ular muallim bilan o'quvchi o'rtasidagi muomalaga bevosita yoki bavosita ta’sir etadi. Masalan, ta’lim jarayonida ishonchning o'z o'rni bor: o'quvchi muallim berayotgan bilimlarning to'g'riligi, haqqoniyligiga ishonadi, muallim bolaning bu ishonchiga munosib bo'lishi kerak. O'qituvchi ham bolalar uning aytganlarini hech ikkilanmay qabul qilayotganlariga ishonadi. Bu muomala odobining umumiy tamoyillaridan biridir. Respublikamiz maktablaridagi ta’lim-tarbiya jarayoni o'qituvchi va o'quvchilarning o'zaro bir-birlariga ishonishlariga asoslanmog'i zarur. Muallim bilan o'quvchining muomala-munosabatlari ijodiy xarakterga ega. Ishonch yo'q joyda ijodkorlik ham bo'lmaydi. Ishonch, hurmat, mehribonlik, xayrixohlik talabchanlikni inkor etmaydi, balki nazarda tutadi. Muallimning qattiqqo'lligi va talabchanligi bolaga axloqiy ta’sir o'tkazishning zarur shartlaridan biridir. Bolada hayotiy tajriba yo'qligi, irodaviy sifatlar yaxshi shakllanmaganligi tufayli ham muallim unga nisbatan talabchan bo'lmog'i darkor.
O'qituvchi bolaning imkoniyatlarini, qobiliyatini hisobga olgan taqdirdagina undagi kamchiliklarni bartaraf eta oladi, uning pedagogik talablarini bola bajarishi mumkin. Muallimning talablari bolaning imkoniyat darajasidan past bo'lsa, undagi qobiliyatlarning rivojlanishiga to'sqinlik qiladi; agar muallimning talablari bolaning qobiliyati va imkoniyatlaridan ortiq bo'lsa, bolada o'z kuchiga ishonmaslik, ishdan o'zini chetga olish his-tuyg'usini paydo qiladi. Muallimning qattiqqo'lligi va talabchanligi axloqiy tarbiyaning boshqa vositalari bilan birga olib borilishi kerak.
Muallim bilan o'quvchi o'rtasidagi muomalani tartibga soluvchi talablardan biri bolaning hulqini, muomalasini, bola bajargan ishni odilona, to'g'ri baholashdir. Bolaning hulqi, muomalasi ko'pincha u qilgan biror ish bilan tenglashtiriladi. Lekin xatti-harakat axloqiy muomalaning bir qismidir, xolos.
Hulqi, muomalasida esa bolaning biror kishi yoki narsaga munosabati ham ifodalanadi. Bolaning hulqi, muomalasi axloqiy jihatdan baholanishi mumkin.Bolaning qilig'i deganda uning xatti-harakatiga berilgan baho ham nazarda tutiladi. «Karim yaxshi ish qilmadi. O'ktam ishni qoyil qildi», degan iboralar ko'p ishlatiladi.
Muomala o'z mohiyati va tuzilishiga ko'ra murakkab axloqiy hodisadir. Unda kishining axloqiy ongi (motiv, istak, unga erishish yo'lini tanlash), axloqiy faoliyat (xatti-harakat), axloqiy munosabat (baholash) va kishining unga munosabati namoyon bo'ladi. Shaxsning niyati (mayli) zamirida uni u yoki bu maqsadga undovchi manfaatlar mavjuddir. Manfaatlar ijtimoiy va shaxsiy qimmatga ega bo'lib, ma’lum bir ehtiyojlardan hosil bo'ladi. Insonning maqsadi doimo asoslangan bo'ladi. Sabab (vaj) muomala odobining, xatti-harakatning, qiliqning bir qismi bo'lib, biror harakatni bajarishga, uning yaxshi yoki yomon ekanligini baholashga asos bo'ladi. Motivlar (sabab, vaj) ijtimoiy qimmatli yoki xudbinlik xarakteriga ega bo'lib, ko'zlangan maqsadga erishish uchun vositalar tanlashga ta’sir etadi. Lekin axloqiy maqsadga faqat axloqiy vositalarni qo'llash bilangina erishish mumkin.
Voqeiy hikoya. Shahardagi maktablardan birida uchinchi sinfda shunday hodisa sodir bo'ldi. Sinfdagi o'quvchilar ikki guruhga bo'linib, tuvaklarda gul o'stirib, sinf xonasini bezatish uchun musobaqa o'tkazishdi. Bolalar uylaridan gul tuvak, gul ko'chat keltirib, gul o'stirishga kirishdilar. Musobaqa (o'yin)ni yakunlashga bir hafta qolganida birinchi tuvakdagi gullar so'lib qoldi. Bolalar har qancha urinsalar ham foydasi bo'lmadi. Maktabning biologiya o'qituvchisiga. murojaat qilishga to'g'ri keldi. Biolog muallim gul ko'chatlaridan birini tortib ko'rsa, uning ildizi kesilgan ekan. Bu ishni ikkinchi guruhnnng yetakchisi Salima qilganligi ma’lum bo'ldi. Salima buni, nima qilib bo'lsa ham, o'z guruhi g'olib chiqishi uchun qilgan ekan. Bu voqeaning tahlili shuni ko'rsatadiki, bolalarning hammasida bir xil maqsad - gul o'stirib, sinf xonasini bezash maqsadi bo'lgan. Lekin ular musobaqa jarayonida turli sabablarga ko'ra harakat etganlar. Guruhdagi bir bolaning xudbinligi tufayli ko'ngilsiz hodisa ro'y berdi.
Bolalar hayotida, ayniqsa kichik yoshdagi bolalar (faoliyatida va hulqida hissiyotning ta’siri kuchli bo'ladi. Ular holi o'z xatti-harakatlarining motivlarini to'la anglab yetmaydilar. Katta yoshdagi o'quvchilarning hulqida ham vaj - sabablar hamma vaqt ijobiy xatti -harakatlarga olib kelavermaydi. Bolalarning hulqini baholashda xatti-harakatlarning natijasiga qarab xulosa chiqarish lozim. Muallim o'quvchining o'z xatti - harakatlariga, hulqiga shaxsiy munosabatini ham e’tiborga olishi kerak. O'qituvchi bolaning xulqini, xatti-harakatini ob’ektiv baholash uchun bolani bu ishga nima da’vat etganini, nimalar sabab bo'lganini ham aniqlashi lozim. Shundagina axloqiy baho tarbiyaviy qimmatga ega bo'ladi.
Bola harakat qiladigan hayotiy vaziyatlarni, kutilmagan holatlarni oldindan aniqlash juda qiyin. Bolalarni xatolardan mutlaqo saqlab qolish ham muammo. Muallimning vazifasi o'quvchiga o'z xatti- harakatlarining natijasini ko'z oldiga keltira bilishni va o'z hulqi uchun mas’ul ekanligini tushuntirish, anglatishdan iborat. Bu muallimning dam olish paytlarida ham, o'qishdan tashqari vaqtlarda ham o'quvchilar bilan o'zaro muomala odobida ma’lum axloqiy normalarga rioya qilishni talab etadi.
Pedagogik faoliyatda sinfdan va maktabdan tashqari ishlar o'qituvchi bilan o'quvchi o'rtasidagi muomalaning muhim sohalaridan biri hisoblanadi. Sinfdan tashqari ishlar o'z xususiyatiga ko'ra darsdan keskin farq qiladi. Bu ishlar dars singari qat’iy tartibga tushirilmaganligi uchun ham muallim va o'quvchilardan o'zaro nazoratni kuchaytirishni, halollik va vijdonlilikni, xolislikni, axloqiy mas’uliyatni ko'proq talab etadi. Shanbaliklar, safarlar, sayohatlar, kino -teatrlarga jamoa bo'lib borish muallim bilan o'quvchilarning muomala odobiga qo'proq bog'liq bo'ladi.
Axloqiy munosabatlar tizimida muallimning o'quvchilar jamoasi, o'z-o'zini boshqarish organlari bilan muomalasi muhim rol o'ynaydi. O'quvchilarning o'z - o'zini boshqarish tashkilotlari bolalarni amaliy faoliyatga jalb etishning muhim yo'nalishidir. Pedagogik faktlar va ularning tahlili shundan dalolat beradiki, muallim o'quvchilar bilan muomalada ma’lum axloqiy talablar, mezonlarga amal qilishi zarur. Bulardan eng muhimlari quyidagilar: - pedagogik faoliyat jarayonida muallim har bir o'quvchining qadr - qimmatini inson sifatida hurmat qilishi, o'quvchiga nisbatan ishonch;

  • o'quvchining bilimi va hulqini baholashda talabchan, adolatli bo'lish. Muallimning bolaga pedagogik talablari aniq, uning kuchi, qobiliyati va imkoniyatlariga mos bo'lishi, bolalarda o'z-o'ziga nisbatan talabchanlik va tanqidiy munosabatni o'stirish;

  • muallimning bolaga mehribon, g'amxo'r bo'lishi, bolaning shodligiga ham, tashvishlariga ham sherik bo'lish;

  • bola mushkul vaziyatga tushib qolganda unga ko'maklashish. Muallimning yordami xolis, beg'araz, beminnat bo'lishi;

  • pedagogik jarayonda sodir bo'lib turadigan konfliktlar - nizolarni ma’muriy yo'l bilan emas, balki axloqiy mezonlar asosida murosaga kelish yo'li bilan hal etish;

  • sinf jamoasining fikr-mulohazalarini e’tiborga olish, ularga ishonch bilan qarash, bolaning xulqiga baho berganda uning sabablarini - motivlarini e’tiborga olish;

  • sinfda muallim «yaxshi ko'radigan», «yomon ko'radigan» o'quvchilar bo'lmasligi; o'quvchini biror xato xatti-harakati uchun yomon ko'rib qolmaslik; har bir bolaning yaxshi fazilatlarini aniqlash, o'stirish va tarbiyaviy ta’sir o'tkazishda unga tayanish;

—o'qituvchi o'zining butun hayoti va mehnat faoliyatida yomonlikka, adolatsizlikka, nopoklikka, hulqi buzuqlikka nisbatan murosasiz ekanligini ko'rsatishi;

  • bolaning ishonchini suiste’mol qilmaslik, uning qalb «sir» larini oshkor etmaslik, oldin yo'l qo'ygan xatolarini ta’na qilmaslik;

  • muallim tarbiyachi sifatida, tajribali inson sifatida o'quvchilarga axloqiy yo'l-yo'riqlarni o'rgatishi, ularda xayrli voqealar va faktlarga ijobiy munosabatni, axloqsizlik faktlariga murosasiz bo'lish tuyg'usini o'stirishi;

  • bolalar bilan muomala va munosabatlarda ularning har biriga alohida yondoshish, pedagogik taktni saqlash.

4.2.PEDAGOGLAR JAMOASIDA MUOMALA ODOBI
Pedagoglar jamoasida o'qituvchilar o'rtasidagi muomala, munosabatlar insonparvarlik, demokratiklik, ixtiyoriylik tamoyillariga asoslanadi. Ular odatda, ikki xil bo'lib, biri - rasmiy, ikkinchisi - norasmiy muomala deyiladi. Rasmiy muomala, munosabatlar O'zbekiston Respublikasining qonunlari, direktiv hujjatlariga asoslanadi. Norasmiy muomala pedagogik etikaning (o'qituvchi odobining) qonuniyatlariga asoslanadi va jamoaning har bir a’zosi tomonidan ixtiyoriy ravishda bajariladi. Muomala odobi psixologik qonuniyatlar, odob normalari, qoidalari, talablari pedagoglar jamoasining fikri asosida boshqariladi.
Yoshlarga ta’lim-tarbiya berish - bir kishining ishi emas, uni pedagoglar jamoasi bajaradi. Yolg'iz o'qituvchi har qancha urinsa ham, qobiliyatli, tirishqoq, ishchan bo'lsa ham bir o'zi ko'zlangan pedagogik maqsadlarga erishib bo'lmaydi. Maktab oldiga qo'yilgan vazifalarni samarali hal eta olmaydi. Ta’lim-tarbiyadan ko'zda tutilgan maqsadga erishish uchun maktab, o'quv yurtining butun jamoasi, hamma o'qituvchilar birlashib harakat qilishlari lozim. Har bir muallimnnng xatti - harakati, hulqi, muomalasi pedagoglar jamoasining maqsadi, talablariga mos bo'lmog'i kerak. Tajriba shuni ko'rsatadiki, jamoaning o'quvchiga ta’siri pedagoglar jamoasida shakllangan muomala odobi, munosabatlariga bog'liq.
O'zbekiston Respublikasi maktablarida yoshlarni barkamol insonlar qilib tarbiyalash, ular ongiga umuminsoniy va milliy-madaniy, ma’naviy, axloqiy qadriyatlarni singdirish talab etiladi. Bu o'z navbatida pedagoglar jamoasidan har bir bolaning tarbiyasi uchun yuksak mas’uliyatni, bolaga nisbatan bir xil talablar qo'yib, birgalikda tarbiyaviy ta’sir o'tkazishni taqozo etadi. O'qituvchi o dobida muallimlar o'zaro muomala - munosabatlarida amal qilishlari zarur bo'lgan axloqiy talablar ishlab chiqilgan.
Har bir bolaning tarbiyasi uchun mas’uliyatning birligi pedagoglar jamoasining o'quvchiga nisbatan talablari ham bir xil bo'lishini taqozo etadi. Bu o'qituvchi odobining qonuniyatlaridan biridir. Maktab pedagoglar jamoasining maqsadi, intilishlari, talablari yagona pedagoglar jamoasining maqsadi, intilishlari, talablari ham yagona bo'lmasa, tarbiyaviy ishlarning ta’siri, samarasi bo'lmaydi. Buning uchun pedagogik talablarning xarakteri, mazmuni, shakli va usullari hamma muallimlarnnng fikr - mulohazalariga mos kelishi lozim. Ma’lumki, pedagogik talabning mazmuni maktab jamoasining maqsadi, vazifalaridan kelib chiqadi. Lekin bu talablarning xarakteri, shakl va usullari har bir muallimning muomala odobiga, shaxsiy fazilatlari, uquvi, pedagogik mahoratiga borliq.
Darsda o'quvchilarning intizomi pedagogik jamoadagi muomala odobi, axloqiy munosabatlar darajasini ko'rsatadi. Maktabda o'quv intizomini saqlash butun pedagoglar jamoasining ishi. Pedagogik amaliyotda esa har bir muallim o'quv intizomini saqlash uchun o'zicha yo'l tutadi: ba’zilar — darsni jonli, qiziqarli tashkil etish bilan; ba’zilar esa «ikki» baho qo'yish, qattiqqo'llik bilan dars jarayonida tartib intizomni ta’minlashga intiladilar. Bolaga do'q - po'pisa qilish, baqirish, hulqiga yomon baho qo'yish bilan uni vaqtincha tiyish mumkin, lekin bu, ongli intizomni tarbiyalash usuli emas va pedagogik odob talablariga to'g'ri kelmaydi.
Dars jarayonida bir o'quvchi uchun boshqasi pichirlab, sekin javob berishi, bir o'quvchi bajargan ishni ikkinchisi ko'chirib olishi, ko'chirmachilik kabi masalalar pedagogik axloqiy muammolar qatoriga kiradi. Bir maktabning o'zida ham o'qituvchilar bu muammoni turli muomala usullari bilan yechadilar: bir muallim o'sha pichirlagan bolaga «yomon» baho qo'yadi, ikkinchisi- zaharxanda so'zlar aytadi. Uchinchisi - darsdan chiqib ketishini talab etadi, boshqasi buni vijdon amriga havola qiladi va hokazo. Vaholanki, maktab pedagoglar jamoasida bu muammolarga doir yagona axloqiy talablar ishlab chiqilgan va qaror topgan bo'lishi maqsadga muvofiq.
Pedagoglar jamoasi ma’lum talablar qo'yish, faoliyatiga axloqiy baho berish yo'li bilan o'qituvchining hatti-harakatlarini yo'naltirib, o'zgartirib, to'g'rilab beradi. Pedagogik jarayonda muallimning erkin bo'lishi bilan birga intizomga ongli ravishda rioya qilishi, ijodkorlik bilan bo'ysunish birga olib borilgan taqdirdagina pedagoglar jamoasining fikrini, axloqiy talablarini muallim ixtiyoriy ravishda bajaradi. Bunday muhit o'qituvchida o'z kuchiga ishonch tuyg'usini o'stiradi.
Pedagoglar jamoasida o'zaro yordam va ishonchning mavjudligi muomala odobiga amal qilishning muhim shartlaridan biridir. O'zaro yordam va bir-biriga ishonch pedagogik, metodik adabiyotlardan bilib olingan yangliklarni o'zaro baham ko'rish, tajriba almashish kabilarda yaqqol namoyon bo'ladi.
Kishi bir so'm pulini sherigi bilan baham ko'rsa, uning cho'ntagidagi pul miqdori kamayadi. Lekin kishi o'zidagi bilimni boshqaga o'rgatsa, bilimlar soni ko'payadi, o'rgatgan kishining bilimi kamayib qolmaydi, aksincha mustahkamlanadi. Pedagoglar jamoasida yangi g'oyalar, bilimlarni o'zaro almashish muomala odobining qonun-qoidasi darajasiga ko'tarilishi har bir muallim buni o'z xohishi, qalb amri bilan bajarishi hamma uchun foydalidir.
Muomala odobiga rioya qilish pedagoglar jamoasining maqsadiga, o'qituvchilarning axloqiy saviyasiga bog'liq. Bu jarayonda muallimlar orasida o'zaro fikr almashish, o'rtoqlarcha munozaralar qilish natijasida har bir o'qituvchining bilim darajasi ortadi, o'zaro aloqalari mustahkamlanadi. Maktablarda muallimlarning o'zaro aloqa shakllari xilma-xildir. Muomala odobini shakllantir^da o'qituvchilarning o'zaro ijodiy hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Bunday sharoitda muallimlar bir-birlarini darhol tushunadilar, yutuqlaridan quvonib, bolalarni o'qitish va tarbiyalashning muammoli masalalarini birgalashib hal etadilar. Bunday hamkorlik ko'pincha bir xil fanlardan dars beradigan muallimlar o'rtasida mavjud bo'ladi. Pedagoglar jamoasida o'zaro tajriba almashish bir-birlarining darslariga kirish, tarbiyaviy tadbirlarini kuzatish shaklida amalga oshiriladi. Afsuski, ayrim hollarda maktab ma’muriyati o'zaro darslarga kirish natijalari yozilgan daftardagi kamchiliklarni ro'kach qilib, pedagogik kengashlar va yig'ilishlarda o'qituvchilarni tanqid qiladilar. Bu bilan muomala odobi mezonlariga, axloqiy munosabatlarga ziyon yetkazadilar. Vaholanki, muallimning faoliyatiga kuzatilgan bitta darsning natijasiga qarab baho berib bo'lmaydi. Bunday kuzatish daftarlariga muallim darsda erishgan yutuqlarni, yangi usullarni yozib, tahlil etib, boshqalarga namuna sifatida ko'rsatish muomala odobi talablariga mos bo'lib, jamoada axloqiy vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.
Pedagogik faoliyatning o'ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, o'qituvchi bilan pedagoglar jamoasi orasida qarama-qarshilik vujudga kelishi mumkin. Ma’lumki, o'qitish jarayonida muallim o'quvchilar bilan yakkama-yakka holda muloqotda bo'ladi. Shuning uchun ham ayrim kishilarda ta’limning samarasi pedagoglar jamoasiga emas, faqat o'qituvchining o'ziga bog'liq, degan xato tushuncha hosil bo'ladi. Bunday tushunchada bo'lgan muallim pedagoglar jamoasidan ajralib qoladi. Shuning uchun ham pedagoglar jamoasi har bir o'qituvchining hulqini to'g'ri yo'naltirib borishi lozim. Chunki bolalarga ilm, tarbiya beradigan kishining o'zi odobli bo'lmog'i shart. Maktabda ta’lim-tarbiya ishlarining samarasi ayrim o'qituvchigagina emas, avvalo, maktabda inoq, ahil pedagoglar jamoasi yaratilganligi, ularning yuksak axloqiy - ma’naviy darajasiga bog'liqdir.
Sog'lom va ahil pedagoglar jamoasi yosh o'qituvchilarni axloqiy tarbiyalash, ularning pedagogik mahoratini oshirish maskanidir. Maktabda ahil pedagogik jamoa bo'lsa, ayrim o'qituvchilarning xudbinligiga barham beriladi. Pedagoglar jamoasi o'zining har bir a’zosiga hurmat bilan qarashi, uning yutuqlari va kamchiliklaridan ogoh bo'lishi, ularni tuzatishga ko'maklashishi zarur. Pedagoglar jamoasining muallimga qo'yayotgan talablari, muomalasi adolatli bo'lmog'i kerak. O'quv yurtlarini bitirib, maktabga endigina kelgan yosh o'qituvchi haqida alohida g'amxo'rlik ko'rsatishi zarur. Va o'z o'rnida ishga yangi kelgan yosh o'qituvchining pedagoglar jamoasi bilan muomalasi, o'zini tuta bilishi ham axloqiy munosabatlar shakllanishida muhimdir.
Pedagogik jamoaning a’zolari mayda-mayda to'dalarga bo'linib guruhbozlik yo'liga kirib ketsa, jamoada muomala odobi qoidalari, ma’naviy - axloqiy vaziyat buziladi, bo'lar-bo'lmasga o'qituvchilar orasida nizolar chiqaveradi. Ma’lumki, tarbiyaviy jarayon konfliktlarsiz sodir bo'lmaydi. Demak, pedagoglar jamoasining ijodiy faoliyatida fikrlar to'qnashuvi bo'lishi ham mumkin. «Qovun qovundan rang oladi», «Yaxshi bilan yursang yetarsan murodga, yomon bilan yursang qolarsan uyatga» kabi hikmatlar bejiz aytilmagan. Ijodiy munozaralarda, pedagogik jarayonda vujudga keladigan tortishuvlarning ba’zilari o'qituvchilar o'rtasidagi yaxshi muomala-munosabatlarni buzmasdan turib hal etiladi. Bunday holda jamoatchilikning fikri odob normalariga binoan umumiy manfaatni himoya qilayotgan, jamoaning ishiga ijodiy ruh, yangilik kiritayotgan o'qituvchi tomonida bo'ladi.
Ayrim hollarda esa bunday konfliktlar ijobiy hal etilsa .ham og'ir asoratlar qoldiradi. Shunday nizolar ham bo'ladiki, pedagoglar jamoasi sha’niga dog' tushiradi.
Pedagogik jarayonda sodir bo'layotgan qarama-qarshiliklar, nizolarning sabablari xilma-xil bo'ladi. Bulardan biri, maktab ma’muriyati o'qituvchilarning fikri, tanqidiy mulohazalariga e’tibor bermasligi, noto'g'ri muomala qilishi natijasida yuz beradi. Bu ko'pincha, maktab rahbarlarining ish uslubiga bog'liq. Maktab rahbari o'z sha’niga aytilgan tanqidiy fikrlarni to'g'ri tushunib, qabul qilsa, o'z kamchiliklarini bartaraf etishga intilsa o'qituvchilarning kamchiliklarini ko'rsatish va tuzatishni talab qilish borasida axloqiy huquqqa ega bo'ladi.
Pedagogik odob nuqtai nazaridan tanqid shu kamchilikni sodir etgan kishining shaxsiga emas, balki kamchilikni bartaraf etishga, ta’lim-tarbiya ishini, pedagoglarning o'zaro muomalasini yaxshilashga yo'naltirilgandagina to'g'ri hisoblanadi. Muomala odobini shakllantirishda tanqid va o'z-o'zini tanqidning roli kattadir. O'ziga, o'z faoliyatiga tanqidiy yondoshmaydigan rahbar oqibatda mag'rurlikka, o'zboshimchalikka mubtalo bo'ladi. Mas’uliyat hissi pasayib ketadi. Odatda, bunday maktab rahbarlari o'z martabasi, shuhrati va mansabini saqlab qolish uchun ko'zbo'yamachilikka yo'l qo'yadi. Afsuski, o'qituvchilar va maktab rahbarlari orasida o'z faoliyatiga tanqidiy qaray olmaydiganlar, ko'zbo'yamachilikka yo'l qo'yayotganlar anchagina uchraydi, o'z-o'zini tanqid esa yo'q darajada, ayrim o'qituvchilar tanqidga noto'g'ri munosabatda bo'ladilar. Pedagogik jamoada xush.muomalalik, o'zaro do'stlik va hamkorlik pedagogik mahoratni oshirishga, ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Bunday muhit ishni yaxshilashga qaratilgan printsipial tanqid va o'z-o'zini tanqidni rad etmaydi. O'qituvchining xato, kamchiliklarini to'g'ri ko'rsata bilish, kasbdoshining mulohazalarini hamdardlik sifatida qabul qilish lozim. Kishi o'z sha’niga aytilgan tanqidni to'g'ri tushunishi - o'qituvchining axloqiy madaniyatidan, pedagoglik burchini yuksak darajada anglashidan dalolat beradi.
Pedagoglar jamoasida o'zaro muomala - munosabatlar kollegiallik va yakka boshchilikka, intizomni saqlashga asoslanadi. Muallimning umumiy ish uchun mas’uliyat hissi va odob qoidalari kishidan jamoada o'zini tuta bilish, intizomga bo'ysunishni talab etadi. Bu muallimning axloqiy fazilatlari bilan bog'liq.
Pedagogik faoliyat muallimdan o'z - o'ziga, kasbdoshlariga talabchan bo'lishni taqozo qiladi. Bunday talabchanlik xolis, beg'araz, umuminsoniy va milliy axloqqa mos bo'lmog'i lozim.
Jamoatchilik fikri, pedagogik nuqtai nazarlarning xarakteri, yagona talablarga ixtiyoriy ravishda rioya qilish, odob normalarini ongli bajarish - pedagoglar jamoasidagi ma’naviy-axloqiy vaziyatni yaxshilaydi. Bunday axloqiy muhitda o'zaro muomalada xayrixohlik, ijodiy hamkorlik, yaxshi kayfiyat, yuksak mehnat intizomi vujudga keladi. Pedagogik faoliyat zavqli, samarali bo'ladi. Bunday pedagogik jamoada muallim ilhom bilan ishlaydi, o'z ishidan qanoat hosil qiladi.
Pedagogik jamoada sog'lom axloqiy-ruhiy muhit mavjud bo'lsa, axloqiy norma va yo'l - yo'riqlar bajarilibgina qolmasdan, balki ular har bir muallimning e’tiqodiga, odatiga aylanadi. Pedagoglar jamoasidagi tartib-qoidalarga, urf- odatlarga ongli ravishda amal qilish uchun muallimlik ishida erkinlik bilan ongli intizom, ijodiy faollik bilan bo'ysunish oqilona mujassamlashgan bo'lishi zarur. O'zaro bir-birini tushunadigan, hurmat qiladigan ijodiy muhit bor joydagina o'qituvchi o'ziga yuklatilgan vazifalarni ishonch bilan faol bajaradi. Pedagoglar jamoasining shaxs va jamoa uchun foydali ishlariga asoslangan ta’siri natijasida muallimning ma’naviy qiyofasida chuqur ijobiy o'zgarishlar sodir bo'ladi, ijtimoiy burchni to'g'ri anglash, o'z hulqini (xatti-harakatlarni) to'g'ri baholay olish odati shakllanadi, jamoada o'zaro muomala yaxshilanadi.
Pedagoglar jamoasidagi muomala, munosabatlar bu, oddiy do'stlik yoki qo'shnichilik emas, balki umumiy ish uchun javobgar jamoa a’zolarining mas’uliyatli bog'lanishlaridir. Pedagoglar jamoasidagi muomala, munosabatlar axloqiy qoidalar, huquqiy normalar bilan, jamoaning an’analari, urf-odatlari bilan tartibga solib turiladi.
Pedagoglar jamoasida ijodkorlik muhiti muomala odobini shakllantirishning muhim shartidir. Jamoaning ijodkorligi murakkab, qiyin vazifalarni ham yechishga imkon beradi. Bunday jamoada ishlash har bir muallim uchun ko'pgina qulayliklar tug'diradi, o'z qobiliyatlarini namoyish etishga imkon yaratadi.
Mamlakatimizda ko'plab maktab jamoalarida ishchanlik, xayrixohlik muhiti yaratilgan bo'lib, bu o'zaro yordam va talabchanlikka, har bir muallimning yaxshi ishlarini qadrlashga, qo'llab-quvvatlashga yordam berayotir. O'qituvchi mehnatini ilmiy asosda tashkil etish ham pedagoglar jamoasida o'zaro muomala- munosabatlarni yaxshilaydi. Maktabdagi axloqiy-ruhiy vaziyatni jamoa a’zolarining kayfiyatidan bilib olish mumkin. Ko'pchilikning kayfiyati chog', ruhi baland bo'lsa, muallimlarning kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shiladi. Bu, o'z navbatida, o'quvchilarning axloqiy tarbiyasiga ijobiy ta’sir etadi.
Pedagoglar jamoasida kelishmovchiliklar, qarama- qarshiliklar bo'lib turishi ham qonuniy hodisa. Chunki bolalarni o'qitish va tarbiyalash murakkab jarayon bo'lib, konfliktlarni taqozo qiladi. Vujudga kelgan nizolarni uz vaqtida tahlil qilib, bartaraf etish yo'llarini izlash lozim. Xayrixohlik bilan adolatli hal etilgan kelishmovchiliklar muomala odobiga ijobiy ta’sir etadi. Ayrim muallimlarning xarakteridagi xudbinlik, ko'rolmaslik, manmanlik, o'zboshimchalik kabi qusurlar yo'q joydan ham nizolar chiqarishga sabab bo'lib, mojarolarni bartaraf etishni qiyinlashtiradi. Bundaylar ba’zan biror kasbdoshlarining obro'si ortayotganini ko'rolmay ham janjal chiqaraveradilar.
Voqeiy hikoya. Bir maktabda ikki o'qituvchi ko'p yillar davomida birga ishlaydi. Tashqaridan qaragan kishi ular bir-birlarini yoqtirmasliklarini sezishi qiyin. Lekin mana qariyb olti yildan beri ularning o'zaro muomala- munosabatlarida adovat yashirin. Sababi keksa muallimaning xudbinligi yosh, tajribasi kamroq bo'lsa ham qobiliyatli muallimaning obro'si ortib borayotganini ko'rolmasligida. Axir, keksa muallima maktabning eng birinchi o'qituvchisi-ku, nega endi ota-onalar, maktab ma’muriyati u kishiga e’tibor bermay qo'ydi. Chorak, o'quv yili oxirida yakun chiqarish, mukofotlarga taqdim etish, rag'batlantirish paytlarida ular o'rtasidagi muomala ayniqsa, yomonlashadi. O'quvchilarning muvaffaqiyatini ham o'z raqiblari ustidan g'alaba deb tushunadilar. Mojaro girdobiga boshqa o'qituvchilar ham tortildi, maktabda nosog'lom axloqiy vaziyat vujudga keldi.
Pedagoglar jamoasida qarama-qarshiliklar chiqishiga, ko'pincha, biror o'quvchining noto'g'ri xatti - harakatini baholash; tanqidni to'g'ri tushunmaslik; pedagoglar jamoasi yoki ularnnng bir qismi bilan maktab ma’muriyati, jamoat tashkilotlari rahbarlarining kelishmovchiligi; oila bilan maktab o'rtasidagi mojaro kabilar sabab bo'ladi. Bunday hollarda nizoni keltirib chiqargan sabab, motivlarni sinchiklab o'rganish, aniqlash va shunga qarab hal etish lozim.
Pedagoglar jamoasida paydo bo'layotgan mojarolarnnng ko'proq uchraydigan sabablaridan biri ba’zi muallimlarning xudbinligidir. Pedagogik amaliyotda buning uchun real imkoniyatlar mavjud. Buning ko'rinishlaridan biri obro'ni saqlash uchun intilishdir. Obro' uchun kurash - ustunlik uchun kurashga, manmanlikka aylanib ketadi. Bunday hollarda pedagogik madaniyati, mahorati pastroq muallim bolalar yaxshi ko'radigan kasbdoshini ko'rolmaydigan bo'lib qoladi.
Natijada pedagoglar va o'quvchilar jamoasining fikri, muomalasida, axloqiy baholashlarida tafovutlar paydo bo'ladi. bolalar yaxshi ko'radigan qobiliyatli muallim ba’zan yakkalanib qoladi. O'ziga ortiqcha bino qo'ygan, o'ziga nisbatan tanqidiy qaray olmaydigan muallimlar bunday illatga kuproq chalinadigan bo'ladilar. Bundaylar o'zlarining jamoadagi mavqeilariga ortiqcha baho beradilar. Ko'pincha, ular o'zlarining injiqligi va toshbag'irligini - talabchanlik va qattiqqo'llik hisoblab, o'zlariga qo'yilayotgan qonuniy talablarni esa adolatsizlik deb qaraydilar. Professional xudbinlik yuqumli illat bo'lib, muallimlar orasidagi yaxshi muomala-munosabatlarni buzadi, zaharlaydi, tarbiyaviy ishlarga putur yetkazadi. Guruhbozliklarni keltirib chiqaradi. Guruhbozlik, xudbinlik qusurlari pedagogik jamoani bo'lib - bo'lib yuboradi, asosiy, muhim ishlarni bajarishdan- chalg'itadi, odamlarning tinkasini quritadigan nizolarni keltirib chiqaradi, pedagoglar jamoasida nosog'lom axloqiy - ruhiy vaziyat paydo qiladi. Bu illatlarni bartaraf etish uchun pedagoglar jamoasining kuch - g'ayratini muallimlarning pedagogik madaniyati, mahorati, mas’uliyatini oshirishga, o'quvchilar bilimini, o'quv intizomini yaxshilash yo'llarini izlashga safarbar etish lozim.
Pedagoglar jamoasidagi muomala -munosabatlarni tartibga keltirib turuvchi muhim vosita bu, tanqid, o'z-o'zini tanqiddir. Lekin, tanqid qilish kishidan ehtiyotkorlikni talab etadi. Qo'pol tanbeh, noto'g'ri tanqid muallimlar o'rtasidagi yaxshi muomalani buzishi, kishini o'rinsiz xafa qilishi mumkin. Bundan pedagoglar jamoasi ham aziyat chekadi. Shuning uchun ham muallimning biror ishiga baho berish, muomala qilishda pedagogik odob talablariga rioya qilish, muallimning insoniy qadr - qimmati, obro' sini saqlashga intilishi zarur.
Maktab jamoasida muomala odobining muhim vazifasi pedagoglar orasida ma’naviy vaziyatni yaxshilashdir. Buning uchun maktab va jamoat tashkilotlarining rahbarlari pedagoglarning hayoti, faoliyati, muomala - munosabatlari qaysi omil (faktor) va shart - sharoitlarga bog'liqligini aniqlab, bilib olishlari zarur. Xarakteriga ko'ra ob’ektiv yoki sub’ektiv sharoitlar, omillar bo'lishi mumkin.
Muomala odobining shakllanishida jamoat tashkilotlarining roli kattadir. Ular muallimning obro'sini oshirish, jamoat ishlariga faol qatnashtirish yo'li bilan o'qituvchining axloqiy va pedagogik madaniyati, mas’uliyatini oshirishga ko'maklashadi. Jamoat tashkilotlari maktabda mehnat intizomini mustahkamlashi, o'qituvchilarga talabchanlikni, ularning mas’uliyat hissini oshirish, qadr - qimmatini saqlash, qobiliyat va iste’dodini namoyish etishiga ko'maklashishi zarur. Muallim aytadigan so'zini o'ylab gapirishi, boshqalarning, kasbdoshlarining so'zi, fikri, mulohazalarini tinglay bilish ham pedagogik jamoada o'zaro muomala- munosabatlarni yaxshilashga xizmat qiladi. Xullas, pedagoglar jamoasida muomala odobi quyidagilarni taqozo qiladi:

  • muallimning o'z ishidan ma’naviy qoniqish hosil qilishi;

—o'qituvchilar va barcha pedagogik xodimlarning o'z-o'zini tarbiyalashi, o'z bilimlarini oshira borishi;

  • pedagoglar jamoasidagi har bir muallimning ruhiy xususiyatlarini e’tiborga olib, uning faoliyatini, ishchanligini pedagogik odob nuqtai nazaridan nazorat qilib borish;

  • nizoli vaziyatlarni qat’iyatlilik asosida, tahlil etib, o'zaro nizolarni adolat va muallim shaxsini hurmatlash asosida bartaraf etish;

  • muallimlar mehnatini rag'batlantirishda adolatli bo'lish;

  • kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yishda ruhiy xislati, fe’l -atvorlarining bir - birlariga mos kelishini e’tiborga olish;

  • pedagoglar jamoasini boshqarishni insonparvarlik va demokratiklik tamoyillari asosida takomillashtirish kabilar.

4.3.OTA-ONALAR BILAN MUOMALA ODOBI
Maktabda ta’lim - tarbiya ishlarining samaradorligi faqat o'qituvchining tayyorgarligi, ma’naviy qiyofasi va o'z vazifasini qanday bajarishigagina bog'liq bo'lib qolmasdan, bola yashaydigan muhit va oilaning ta’siriga ham borliqdir. Oila bolani axloqiy tarbiyalash, uning ma’naviy - axloqiy yo'nalishlarini shakllantirishning muhim omilidir. Oila bola tarbiya oladigan eng birinchi jamoa bo'lib, bola unda axloqiy qoidalar. Urf - odatlarni bilib oladi, dastlabki axloqiy tajriba orttiradi.
Har bir inson yoshlikda ona qo'lida tarbiya oladi. Ona allasi bilan birga bola qalbiga ona muhabbati singadi va onaning erkalatishlari bir umr yodda qoladi, oilada bola yaxshi bilan yomonning farqini ajratishni o'rganadi. Oila tarbiyasi orqali bola ongida umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yashashdan maqsad haqida dastlabki tasavvurlar hosil bo'ladi. Oilada shaxsning ijtimoiy fazilatlari tarkib topadi. Bola maktabga qadam qo'yganda yaxshi va yomon narsalar haqida tasavvurga ega bo'ladi. O'qituvchi bolada qanday axloqiy tushunchalar mavjudligini va bu tushunchalar, axloqiy fazilatlar qanday sharoitda shakllanganligini ham bilmog'i kerak. Shuning uchun ham muallim o'quvchilarning ota-onalari bilan aloqa bog'lab, bolani tarbiyalashda ular bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi lozim.
Bolani maktabga, o'qishga qabul qilayotganda muallim uning ota - onasi bilan tanishadi. O'qituvchi bilan ota - onaning muomalasi, aloqalari ana shu tanishuvdan boshlanadi, muallim bilan ota - onalar o'rtasida axloqiy - pedagogik munosabatlar bola maktabni bitirguncha davom etadi. Pedagogik amaliyot shuni ko'rsatadiki, o'qituvchilar ko'pincha tarbiyasi qiyin bolalarning ota - onasi bilan aloqa o'rnatadilar. Muallimning ota - onaga e’tibori ko'pincha bolaning yomon hulqi, salbiy qiliqlari bilan bog'liq bo'ladi. Agar bola mo'min - qobil, odobli bo'lsa, ayrim muallimlar uning ota - onasi, oiladagi tarbiyasiga deyarli e’tibor bermaydi.
Tarbiyaning samaradorligi ko'pincha oila va maktabning bolaga nisbatan bir xil talab qo'ya bilishiga bog'liq. Shuning uchun ham pedagogik axloqqa o'qituvchi bilan ota - onalarning o'zaro munosabatlari, muomalasi masalasiga katta e’tibor beriladi, muallim oila bilan aloqa va hamkorlik qilmasdan turib bolani axloqiy tarbiyalash vazifasini bajara olmaydi. Chunki maktab oilada shakllangan axloqiy fazilatlarni mustahkamlashi yoki salbiy sifatlarni qayta tarbiyalashi lozim bo'ladi.
Otasi yoki onasidan ajralgan bola bilan muallimning o'zaro muomalasi jiddiy, nozik ish. Ota yoki onaning vafot etishi bolaga og'ir qayg'u, iztirob keltiradi, bunday kulfatga ko'nikish bola uchun juda qiyin kechadi. Bunday bolalar o'z dardi, o'z qayg'usi bilan ovora, atrofda sodir bo'layotgan voqealar, hodisalarga befarq qaraydigan bo'lib, yakkalanib qoladi. Muallim bunday bolaga g'amxo'r bo'lishi, yaxshi muomala qilishi uning ruhini ko'taradi. Bunday paytda muallimning o'ta rasmiy muomalasi yaxshi oqibatga olib kelmaydi, bolaning irodasini bo'shashtirib, qiyinchiliklarga bardosh berolmaydigan qilib qo'yadi. Yarim yetim bolalar orasida shundaylari ham borki, bular otasi yoki onasi tashlab ketganlardir. Eng ishongan va yaxshi ko'rgan, eng yaqin odamidan ajralib qolgan bolaga qo'pol muomala qilish uni ranjitadi, qalbini jarohatlaydi. Kichkinagina haqsizlikka ham chiday olmaydigan, har bir narsadan xavfsiraydigan, kattalarning gapiga quloq solmaydigan, qo'rs, o'jar, o'zboshimcha bo'lib qoladi. Muallimning o'ta xushyorlik, e’tibor bilan to'g'ri muomala qilishi natijasidagina ularda kattalarga ishonch tuyg'usi qayta tiklanishi mumkin.
Voqeiy hikoya. Karim beshinchi sinfda ikkinchi yilga qoldirildi. Yangi sinf rahbari Sh. ayrim o'qituvchilar va bolaning o'qishiga kasal onasi e’tibor bermay qo'yganliklarini aniqladi. Karim darslarni muntazam qoldirar, uy vazifalarini bajarmas edi. Muallima Karimning oilasiga borib, u har kuni ertalab maktabga ketishi va uyga kech qaytishini bilib oldi. Onasi esa kasalligi tufayli bolasi nima ish bilan shug'ullanayotganini nazorat etolmas edi. Bir kuni sinf rahbari Karimning uyiga ertaroq borib, uni maktabga birga olib ketmoqchi bo'ldi. Dars boshlanishiga hali bir soatdan ko'proq vaqt bo'lishiga qaramay Karim uyda yo'q edi. Karimlar oilasi yashaydigan tuman qo'rg'oni uncha katta bo'lmaganligi uchun o'smirlar ko'proq boradigan bozorchaga kirib o'tdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki. Karim darvozadan kirgan joyda shaftoli sotib turgan edi. Karim bir necha kundan beri bozorda meva sotayotgani ma’lum bo'ldi. Bu mevalarni Karim shahar chekkasidagi jamoa xo'jaligining bog'idan o'g'irlab olib kelayotgan bo'lsa kerak, deb o'yladi sinf rahbari. Shanba kuni sinf rahbarining bir soatgina darsi bor edi. Maktabga borishdan oldin u yana bozorga yo'l oldi. Karim bozorda ham, uyida ham yo'q edi. Sinf rahbari jamoa xo'jaligining bog'iga qarab yurdi. Karimni kiyimlari yirtilgan, qo'l - oyoqlari kir, iflos, yig'lagan, nochor ahvolda uchratdi. Qorovul uning qo'lidan mahkam ushlab, ismi, familiyasi kimligini, qaysi maktabda o'qishini surishtirayotgan ekan. Qorovulxonada kichikroq xaltada Karim daraxtdan uzib olgan olmalar turardi. Muallimasini ko'rgach bola:

  • Nega hadeb mening orqamdan yurasiz, mendan nima istaysiz? — deb baqirdi.

  • Bu sizning bolangizmi? — qorovul muallimadan so'radi.

  • Ha, mening o'g'lim, — dedi sinf rahbari.

  • O'g'lingiz uchun tovon to'lashingiz zarur.

Qorovul bunday paytda ota - onaga aytish lozim bo'lgan gaplarni aytdi. Bu og'ir gaplarni eshitganidanmi, Karimga rahmi kelibmi yoki kasal onasiga rahmi kelganidanmi muallimaning ko'zlariga yosh keldi.

  • Mayli, uzilgan mevalar uchun tovonni to'layman. U boshqa bunday qilmaydi. To'g'rimi, bolam? - deb Karimga qaradi. Bola ishonib - ishonmay muallimaning ko'zlaridagi yoshga hayratlanib qaradi. Muallima sumkachasidan pul chiqarib uzatdi. Bu voqea Karimga qattiq ta’sir etdi. Sinf rahbari bolaning qo'lidan ushlab, yo'lda unga hech nima demay, o'z uyiga olib bordi, yuvintirdi, maktabga birga borishdi. Maktabda oxirgi dars bo'layotgan edi. Darsdan so'ng ular birga bolaning uyiga bordilar. Karim muallimaga «Bu voqeani onamga aytmang, men bu ishni boshqa qilmayman», — dedi. Darhaqiqat, bu voqea sinf rahbari bilan o'quvchi orasida sir bo'lib qoldi. Shundan buyon ko'p yillar o'tdi. Karimning onasi vafot etdi. U maktabni bitirib, qishloq xo'jalik institutiga o'qishga kirdi. Sinf rahbarining qilgan muomalasi, yaxshiligi bir umrga uning yodida qoldi.

Har bir bolani yaxshi odam qilib tarbiyalashda muallim ham, ota - ona ham manfaatdor. Maqsad birligi o'qituvchini ota - onalar bilan bog'lab turadi.
Bolani yoqtirsa ham, yoqtirmasa ham ota - onasi bilan aloqada bo'lish muallimning vazifasi. Muallimning ota - onalar orasidagi obro'si ko'pincha o'quvchining fikri, mulohazalari asosida shakllanadi. Vaholanki, bolaning fikri xato bo'lishi ham mumkin. Shuningdek, muallimning ota - onalar to'g'risidagi fikri ham bolaning suvrati va siyratidan olgan taassurotlariga asoslanadi.
O'qituvchi odobi muallimda ham, ota - onada ham xato fikr, noto'g'ri taassurot qoldirmasligini taqozo qiladi.
Bu printsipga avvalo muallim amal qilishi lozim, chunki u pedagog - tarbiyachi sifatida o'zini tutishi, mabodo ota - onalarning u haqidagi biror fikri xatoligini sezsa ham, mayda - chuyda o'tkinchi gaplarga berilib ketmasligi zarur. Muallim ko'nglida kek saqlashi bola bilan muomalasida axloq qoidalarining buzilishiga sabab bo'ladi.
Muallimning ota - onalar bilan to'g'ri muomala qila olishi murakkab, nozik ish. Chunkn hozirgi ota - onalarning ko'pchiligi o'rta yoki oliy ma’lumotli kishilar, ular vaqtli matbuot, televidenie, radio orqali ko'pgina pedagogik axborotlarni bilib oladilar. Mulkchilik munosabatlarining o'zgarishi ham muomala odobiga ta’sir etadi. Bu hol muallimdan yuksak pedagogik madaniyatli bo'lishini taqozo qiladi.
Turli sabablarga ko'ra bolaning bir maktabdan ikkinchisiga o'tib o'qish hollari pedagogik amaliyotda uchrab turadi. O'quvchi bolalarning yangi jamoasiga qo'shilib ketgunicha ancha vaqt o'tadi. Bu davrda sodir bo'ladigan voqealar o'qituvchi bilan ota - onalarning muomala, munosabatlariga ham o'z ta’sirini o'tkazadi.
Voqeiy hikoya. Boshlang'ich maktabni a’lochilar qatorida bitirgan Shahlo beshinchi sinfda o'qishni boshqa shahardagi maktabda davom ettirdi. Shahloning kundalik daftarida matematikadan nuqul «uch» baholar paydo bo'layotgani ota - onasini tashvishga solib qo'ydi. Shahlo bir hafta darsga bora olmagan kunlari o'tilgan mavzularni bilmasligi bunga sabab bo'lgan, muallimga esa bu gapni aytishga cho'chiyotgan ekan. Shahloning onasi maktabga borib, sinf rahbari bilan maslahatlashdi. Ertasi kuni matematika o'qituvchisi: «Uyingda menning haqimda har xil bo'lmag'ur gaplarni tarqatibsan», — deb Shahloga gapirdi. Onasining matematika o'qituvchisi bilan uchrashuvi ham dilsiyohlik bilan tugadi.

  • Qizingiz «uch» olayotgani nega sizni buncha tashvishga solyapti. Bu yerda hatto, eng qobiliyatli bolalar ham matematikadan besh» ololmaydi, - dag'dag'a iddao qildi muallima.

  • Mening qizim hali siz uchun qobiliyatsiz o'quvchi bo'lib qoldimi? — bo' sh kelmadi Shahloning onasi.

Natija shu bo'ldiki, Shahloning matematikadan bilimi ham, baholari ham pasayib ketdi. Muallimning adolatsizligi o'quvchining qalbidagi ishonchni ham barbod qildi, matematikani o'rganishdan ixlosi qaytdi. Pedagogik - odobning muhim tamoyillaridan biriga - maktab bilan oilaning hamfikrliligi, hamkorligiga putur yetdi.
Muallimning ota - onalar bilan aloqa qilish yo'llari, vositalari xilma - xildir. O'quvchining kundalik daftariga baho qo'yish, turli xabarlarni bitish, xat yozish, ota - onalar majlisi yoki boshqa yig'inlarda uchrashish, o'quvchining uyiga borish kabilar shular jumlasidandir.
O'quvchining kundalik daftaridan muallim axloqiy tarbiyaning, bolaga ta’sir o'tkazishning muhim vositasi sifatida foydalanishi mumkin va lozim. Aks holda u dars jadvali va uy vazifalari yoziladigan oddiy bir daftarga aylanib qoladi. Ayrim o'qituvchilar bolaning kundalik daftariga hatto, olgan bahosini qo'yishga ham e’tibor bermaydilar, sinf rahbarlari ham bu masalaga turlicha yondoshadilar: ba’zilar bolaning hafta davomida olgan hamma baholarini yozib qo'ysa, ba’zilari faqat «ikki» yoki faqat «to'rt», «besh» baholarini va qoldirgan darslarinigina yozib, to'g'risiga imzo qo'yadilar. Shu bilan birga kundalik daftarga bolaning hulqi va o'qishda erishgan yutuqlari, maslahat va takliflarini yozadigan sinf rahbarlari ham bor. Bolaning kundalik daftarida uchraydigan: «Darslarda faolroq qatnashadigan bo'lding, muallimlaring sendan mamnun», «Fizika va biologiyadan dars qoldirgan kunlaringda o'tilgan mavzularni o'zlashtirib ol, boshqa fanlardan biliming tuzuk», «Jamoatchilik ishlariga, mehnatga munosabatingni o'zgartir, faolroq bo'l», «Sinfdoshlaring bilan xushmuomala bo'l, o'zingni tuta bil, irodangni ishga sol», «Uyda nima ishlar qilishingni menga aytib tur» kabi yozuvlar shundan dalolat beradi. Muallim o'quvchi bilan gaplashayotgandek tuyulsa ham, aslida bu yozuvlar ota - onalar uchun ham eslatmadir.
Voqeiy hikoya. Beshta bolasi bor oila boshlig'i bunday degan edi: «Katta o'g'limiz birinchi sinfda o'qiganda uning muallimasi juda yaxshi kishi bo'lib chiqdi. U mudom o'g'limizni uy-ro'zg'or ishlariga jalb etishni va bu haqda har kuni uning kundalik daftariga yozib borishimizni talab qilardi. Hatto bir kuni, ikkinchi sinfga o'tgan kezlari edi, muallima rafiqamga o'g'limiz bajarayotgan ishlarni ko'paytirish zarurligini jon kuydirib tushuntirayotganining guvohi bo'lganman. Biz o'g'limiz uyda muntazam bajarishi lozim bo'lgan ishlarni belgilab qo'ydik. U magazinga borib non va sutni har kuni o'zi olib kelishga, yotayotgan joyini yig'ishtirib qo'yishga, oyoq kiyimini o'zi tozalab, moylab, yamoqchiga yamatib kelishga ham odatlandi. Keyinchalik unga uyni yig'ishtirish, hovlini tozalash, gullarni, ekinlarni sug'orish, parvarish qilish kabi ishlarni ham topshiradigan bo'ldik. Ukalariga ham o'zi qaraydigan bo'ldi. Muallima uyimizga ko'p kelmasa ham, vaqti - vaqti bilan telefon qilib turardi. O'g'limiz yaxshi o'qigani uchun bo'lsa kerak ko'proq bolaning uy ishlarida onasiga qanday yordamlashayotgani haqida maslahatlashardik. Natijada maktabni bitirguncha o'g'limiz ukalariga g'amxo'r, mehnatsevar bo'lib qoldi. Akasidan o'rnak olib, boshqa bolalarimiz ham kattasi kichiklariga qaraydigan, ishlarni ham o'zlari bilib, o'z vaqtida bajaradigan bo'lishdi. Boshlang'ich sinf o'qituvchisi boshlagan ish yaxshi natijalar berdi». Afsuski, keyingi o'n yilliklarda ayrim ota - onalar o'zlari ikkinchi jahon urushi yillarida va undan keyingi davrda boshdan kechirgan qiyinchiliklaridan noto'g'ri xulosa chiqarib: «Biz ko'rgan qiyinchiliklarni bolamiz ko'rmasin», deb hamma narsani muhayyo qilish yo'liga o'tib oldilar. Ayrim oilalarda bolalarni mehnatga jalb etishga e’tibor kamaydi. Hatto, bolasi 17 - 20 yoshga kirsa ham, go'dak o'rnida ko'rib muomala qildilar. Hali katta bo'lsa ishlashga ulguradi, deb o'yladilar," erkatoy qilib o'stirdilar. Bu bilan ayrim ota - onalar o'z bolalarini o'zini - o'zi eplay olmaydigan, oilasini tebrata olmaydigan, boqimanda «uy qurib ber, mashina olib ber, ishga joylashtirib qo'y, nabiralaringga ham o'zing qaray ber» deydigan qilib qo'ydilar.
Bunday pedagogik xatolarning oldini ol^da, maktab bilan oilaning o'zaro hamkorligi, munosabatlarini yaxshilashda ota - onalar majlislari, o'qituvchilarning uyiga muallimning borishi, ota - onalarning pedagogik bilimi va axloqiy madaniyatini oshirish muhim rol o'ynaydi. Buning uchun maktab rahbarlari, muallimlar pedagogik muomala odobi qoidalarini o'zlari yaxshi egallagan bo'lishlari va targ'ibot qilishlari zarur.
Voqeiy hikoya. Shahardagi maktablardan birida 10 - sinf ota-onalar majlisida Dilbarning onasi yonida turgan ayolga:

  • o'g'lingiz qizimni tinch qo'ysin, qachongacha mening qizimga gapiradi. Sizlar bizning tengimiz emassizlar, - dedi dabdurustdan jahl bilan.

  • Nima, o'g'lim biror yomon ish qilibdimi? — dedi uning yonida turgan ayol, - Gapirsa, gapirgandir. Eringiz katta bo'lsa o'ziga, menga nima!

Bunday vaziyatlarda sinf rahbari oilaviy odob qoidalari, o'spirinlik davrining o'ziga xos xususiyatlari, kuyov, kelin bo'lish odobi, mustaqil oila qurish, ro'zg'or tutish odobi haqida ota-onalarga to'g'ri maslahat berishi, ularni o'g'il - qizlarining tarbiyasiga oqilona qarashlari, ehtiyot bo'lishlari zarurligini uqtirishi lozim edi. Afsuski, unday bo'lmadi. Vaholanki, bu maktabda shu sinf o'quvchilari orasida o'zaro muomala, munosabatlar o'ta yomonlashib borayotgan edi. Buning oldini olish o'rniga sinf rahbari: sinfda Dilbar bilan K. o'rtasida «sevgi-muhabbat» boshlangani, ular yaxshi o'qimay qo'yganliklarini aytdi. «Buning oldini olmasangizlar, nevaralik bo'lib ham qolishlaringiz mumkin», — dedi loqaydlik bilan. Ota - onalar majlisi dilsiyohlik bilan tugadi. Dilbar o'qishni bitirdi, uni boshqa bir yigitga turmushga berishdi. Lekin oradan ko'p va o'tmay, Dilbarning hayoti fojea bilan tugadi.
Albatta, hamma o'qituvchilarni muomala odobini buzishda ayblab bo'lmaydi, ko'pgina muallimlar ota - onalar majlisidan tarbiyaning vositasi sifatida o'rinli foydalanadilar. Maktab bilan oila o'rtasidagi muomala - munosabatlar jarayonida konfliktlar, nizolar sodir bo'lishi tabiiydir. Chunki bolalarning individual xususiyatlari, xarakteri juda xilma - xildir. Ular bilan muomalada hech kutilmagan hodisalarga duch kelinadi. Bola tajribasizligi tufayli xato qilishi mumkin. Bunday paytlarda maktab rahbari va pedagoglar muomala odobi qonuniyatlariga qat’iy amal qilishlari talab etiladi.
Shunday vaziyatlar ham bo'ladiki, o'g'il yoki qiz bola maktabda o'zboshimchalik qiladi, lekin oilada xushyor va gapga quloq soladi. yoki aksincha. Oilada muomalasi qo'pol, o'zboshimcha, maktabda esa o'zini xushmuomala, intizomli tutadi. Buning sababi nimada? Bunday holatlarning hammasi uchun bir xil sabab va to'g'ri javobni topish amri mahol. Chunki har bir holatda uning sabablari turlicha bo'lishi mumkin. Demak, o'qituvchi va ota - onalarning maqsadlari bir xil bo'lsa ham, ularning hamkorligi, bir - birini tushunishi, muomala

  • munosabatlari qarama - qarshiliklarsiz bo'lmaydi. Shuning uchun ham bunday vaziyatlarda muallim ota - onalar bilan muomalasida quyidagi odob mezonlariga amal qilmog'i lozim: muallim ham, ota - ona ham bolada ro'y berayotgan o'zgarishlarga befarq qaramasligi; bolaning hulqida uchragan nuqsonni yashirmasliklari; maktab bilan oila orasidagi muomala samimiy bo'lishi; bolaning hulqi maktabda ham, uyda ham bir xil bo'lishiga erishish, muallim ham, ota - ona ham bola haqida ko'proq bilishga intilishlari; muallim ota - onalarning xis - tuyg'ularini e’tiborga olishi, qadr - qimmatlarini e’zozlashi darkor.

Muallim bolaning ota - onasiga yolg'on gapirishi kerakmi? Yo'q, albatta. Lekin Hadislarda ta’kidlanganidek, foydali yolg'on joyi kelganda zararli haqgo'ylikdan afzaldir. Pedagogik jarayonda o'qituvchi bu muammoga bolani axloqiy tarbiyalash nuqtai nazaridan vaziyatga qarab yondoshmog'i lozim.
Voqeiy hikoya. Yettinchi sinf o'quvchisi To'lqin darslarni qoldiradigan odat chiqardi. Sinf rahbari bilan qo'pol muomala qiladigan bo'lib qoldi. Muallim «Onangga ayt, maktabga kelsin», — deb tayinladi unga. Lekin onasi maktabga kelmadi. Sinf rahbari bo'layotgan voqealarni ochiq - oydin aytish uchun To'lqin bilan birga uning uyiga bordi. To'lqinning onasi og'ir kasalga chalinib qolganini ko'rib, bu fikridan qaytdi. Onasiga To'lqin qo'li gul bola ekanligini aytib, uning uyidan xabar olish, oilasiga qanday yordam kerakligini bilish uchun kelganini aytdi. Muallimning bu so'zlarini eshitib, To'lqin qattiq ta’sirlandi. Sinf rahbari hovlidan chiqib ketayotganida izidan yetib kelgan To'lqin hayajondan ko'ziga yosh olib, sinf rahbaridan kechirim so'radi va boshqa o'zboshimchalik, intizomsizlik qilmasligini aytdi; shundan so'ng uning yurish - turishi, hulqida katta o'zgarish bo'ldi. Ayrim sho'xliklari uchrab tursa ham muallimlar bilan yaxshi muomalada bo'lib, o'qishni bitirdi. U Qarshi shahridagi zavodlardan birida katta usta bo'lib ishlamoqda.
Shunday ota - onalar ham borki, bo'lar - bo'lmasga bolasini jazolayveradi. Bunday vaziyatlarda muallim bolaning barcha xatolarini hadeb ota - onasiga aytaverishi shart emas. Shuningdek, hal etilgan mojarolar, ilgari bo'lib o'tgan voqealarni ham ota - onaga yetkazaverish yaxshi natija bermaydi.
Tarbiya masalasida muallimning va ota - onalarning fikrlari bir - biriga to'g'ri kelmasa ham bu sohada ular birga bajargan yaxshi ishlarini yo'qqa chiqarmaslik lozim. Pedagogik odob muallimdan ota - onalar bilan faqat ularning ko'magi zarur bo'lgan paytlardagina emas, balki muntazam ravishda aloqada, yaxshi muomalada bo'lib turishni talab etadi. Shu bilan birga ota -onalar jamoatchiligining yordami bilan muallim bolaning hulqiga, axloqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotgan yoki maktab, muallimlar haqida nojo'ya so'zlarni aytib yuradigan ota - onalarga ta’sir etishi mumkin. Ayrim noqobil ota - onaning xatosini tashkil qilishga sinf ota - onalar jamoasini jalb etish ham maqsadga muvofiqdir. Ayrim jamoatchi faollar ularga muallimdan ko'ra ko'proq ta’sir o'tkazishi mumkin.
Voqeiy hikoya. Sanjar uy vazifalarini bajarmaydigan, darsga kechikib keladigan odat chiqardi. 5-sinf rahbari Sanjarning uyiga borib yashash, dars tayyorlash sharoitlarini bilib kelish uchun ota - onalar komitetining a’zosi Jo'raevni uning uyiga yubordi. Jo'raev Sanjarning uy sharoitidan xabardor bo'lgach, ota - onalar majlisida shunday dedi: «Bolani uyda nima qilayotganini otasi ham, onasi ham nazorat qilmas ekan. Uy vazifalarini ham Sanjar esiga tushganida va xohlaganida tayyorlaydi. Ba’zan uylariga mehmon kelib, ayniqsa, ziyofatbozlik, ulfatchilik avjiga chiqqan paytlarda dars tayyorlaydimi, o'qishga boradimi - bunga e’tibor beradigan odam uyda topilmas ekan. Majlisda qatnashayotgan Sanjarning otasi norozilik bildirmoqchi bo'ldi: «Men ertadan kechgacha ishda bo'lsam, nima qilishim kerak?» — dedi. Ota - onalardan boshqa biri o'rnidan turib: «Nima, siz boshqalarni ishlamaydigan, bekorchi odamlar deb o'ylaysizmi?» — deb unga e’tiroz bildirdi. Bu majlisda noqobil otaga sinf rahbarining bir o'zidan ko'ra ota - onalarning ta’siri kuchliroq bo'ldi.
Ayrim ota - onalarda, muallim mening o'g'lim yoki qizimga nisbatan noto'g'ri muomala, adolatsizlik qilyapti, degan taassurot mavjud bo'ladi. Bola, ko'pincha, o'zining biror nojo'ya xatti - harakatini, yomon qilig'ini o'zicha izohlab, tug'ri deb hisoblab, muallimning tanbehini esa o'ziga nisbatan adolatsizlik deb, xato o'ylaydi va bu o'zining xato fikrini ota - onasiga yetkazadi. Ota- ona ham bolaning so'ziga ishonib, voqea nima ekanligini aniqlamay, muallimni yomonlash yo'liga o'tadi. Pedagogik odobning talablaridan biri shundan iboratki, muallim ota

  • onalar bilan muomala qilganida bu holatni e’tibordan qochirmasligi lozim. Pedagogik muomala odobining talablaridan biri o'qituvchining sabr - toqatli bo'lishidir. Ota - onaning maktab va boshqa o'qituvchilar haqidagi tanqidiy fikr - mulohazalarini diqqat bilan eshitish, xatto bunday tanqid noto'g'ri bo'lgan taqdirda ham, muallim ota - ona bilan muomalada o'zini tuta bilmog'i shart.

Lekin bunday muallim ota - onaning u haqida yoki boshqa muallimlar haqida aytayotgan fikrlariga befarq qarashi kerak, degan xulosa chiqmaydi. Bunday paytlarda printsipsizlik ko'rsatish jamoatchilik orasida o'qituvchi haqida noto'g'ri fikr paydo bo'lishiga olib keladi. Ayrim ota - onalarning bunday fikr - mulohazasi xatoligini asoslab, odob qoidalarini saqlagan holda rad etish, muallimning gapi haq ekanligiga ishontirish kerak.
Ba’zi ota - onalar bolasining o'zlashtirishi to'g'risida gaplashish uchun maktabga kelib, bolasi go'yo qobiliyatli-yu, u yoki bu muallim yaxshi o'qitmayotganidan arz qila boshlaydi. Bunday vaziyatda ba’zan o'qituvchi jahli chiqib turgan ota - onaga ahvolni yotig'i bilan tushuntirish, bu xatoni tuzatish yo'llarini birga izlash o'rniga jahl qilib, e’tiroz bildirish yo'liga o'tadi. Ota - ona bilan muallim o'rtasidagi nizolar ana shunday vaziyatlarda kelib chiqadi, uni bartaraf etish maktab rahbarlarining zimmasiga tushadi. Bunday voqealar sodir bo'lmasligi yoki ularning oldini olish uchun muallim bolaning qobiliyati va bilimlarini to'g'ri, asosli baholashi, bolalarning ba’zilarini hadeb yomonlayvermasligi, ota - onalar bilan odob doirasidan chiqmay muomala qilishi talab etiladi. Muallim ota - onalar bilan muomala jarayonida bolaning taqdiriga befarq emasligini, uni kelajakda yaxshi odam bo'lib yetishishiga tilakdosh ekanligini tushuntirish lozim. Ayrim ota - onalarga bolasini haddan tashqari erkalatishlari zararli ekanligini, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntirish kerak. O'qituvchi xushmuomalalik bilan ayrim ota - onalarga jamiyat oldidagi burchini, bolani kelajakda o'z mehnati bilan yashaydigan, ishbilarmon qilib tarbiyalash zarurligini ko'rsata olishi darkor. Muallimning asosiy vazifalari, pedagogik odobning muhim talablaridan biri o'quvchiga ota - onasining yaxshi fazilatlarini aytib, bolada ota - onasiga nisbatan hurmat, muhabbat tuyg'usini o'stirish, mustahkamlashdan iborat.
Pedagogik odobning muhim talablaridan biri muallim ham, ota - ona ham, maktab rahbarlari ham o'smir yoshidagi bolalar bilan muomala qilganda pedagogik odobni saqlashi, bolaning izzat-nafsiga tegmasligidir. Bu sohadagi xato, ba’zan, fojiaga olib kelgan hollar ham uchrab turadi.
Voqeiy hikoya. N. ismli qiz sakkizinchi sinfda o'qirdi. U o'z sinfdoshiga muhabbat izhor qilib, xat yozdi. Xat sinfdoshlaridan birining qo'liga tushdi. Va uni sinfda ovoz chiqarib o'qiy boshladi. Bundan xabar topgan muallim xatni bolaning qo'lidan tortib olib, baland ovoz chiqarib zaharxanda kulgi bilan butun sinfga o'qib berdi. Direktorning tarbiyaviy ishlar bo'yicha muovini qizni va onasini chaqirib, o'qituvchilar xonasida barcha o'qituvchilar oldida xatni o'qidi. Onasining jahli chiqib barcha tengdoshlari oldida qizini urishdi, uning sha’niga haqoratli so'zlar aytdi. Kechqurun uyga borgach, oilada ham bu mojaro davom etdi. Tahqirlarga chiday olmagan o'quvchi ertasiga hammadan oldin maktabga keldi, o'zi o'qiydigan xonaga kirib, joniga qasd qildi (o'ziga o'zi o't qo'ydi).
Bunday hodisa kamdan - kam uchraydi. Lekin bu fakt muallim va ota - onalarning pedagogik johilligi nimalarga olib kelishi mumkinligini ko'rsatadi. Demak, o'qituvchigina emas, balki ota-onalar ham odob qoidalariga amal qilishlari, o'quvchilar bilan bilib, o'ylab muomala qilishlari, bunday paytda jahlga erk bermasliklari, aql bilan ish tutishlari zarur.
Muallimning ota - onalari bilan, oila bilan muomala, aloqalari faqat salbiy holatlar yuz bergandagina emas, balki muntazam ravishda bo'lmog'i lozim. Pedagogik odob ota - onalarning bolaning ko'zi oldida maktab haqida, muallim haqida yomon so'z, salbiy fikrlar aytmaslikni, muallimning obro'sini, maktabning nufuzini saqlash, maktab sha’nini yerga urmaslikni talab etadi.
Muallim ota - onalar orasida olib borayotgan targ'ibot muomala odobini kengroq yoyishga xizmat qilishi kerak. Muallimning bola haqidagi tanqidiy gaplari, bolasi qanday bo'lishidan qat’i nazar, ota - onaning nafsoniyatiga tegadi. Muallim bilan ota - onalar o'rtasida nizolarga sabab bo'ladi. Shuning uchun muallim bolaning xatosini bo'rttirib ko'rsatmasligi kerak. Bunday paytlarda odob qoidalariga qat’iy rioya qilish, aql - idrok hissiyotdan ustun turishi zarur.
4.4.MAKTAB RAHBARINING O'QITUVCHILAR BILAN MUOMALA
ODOBI
Maktabda ta’lim-tarbiya ishlarining samaradorligi ko'p jihatdan maktab rahbarlarining o'qituvchilar va o'quvchilar bilan muomala odobiga, rahbarlik qilish uslubiga bog'liq. Bu sohada muomala odobining murakkabligi shundan iboratki, unda rahbarlik va bo'ysunish, erkinlik va ijodkorlik tamoyillarini uyg'unlashtira bilish talab etiladi.
Pedagogik jarayonni boshqarish tarbiya nazariyasi va amaliyotida eng murakkab muammolardan hisoblanadi. U eng avvalo pedagoglar jamoasi uchun rahbar kadrlarni to'g'ri tanlash va joy-joyiga qo'yishga bog'liq. Maktab rahbarining eng muhim vazifasi yosh avlodni o'qitish va tarbiyalash sohasida pedagoglarning axloqiy mas’uliyatini oshirish, o'zaro muomalani o'qituvchi odobi qonuniyatlari asosida amalga oshirishdan iborat. Buning uchun esa maktabning butun jamoasi - barcha o'qituvchilar va o'quvchilar bir kishi atrofida, ya’ni maktab direktori atrofida ahil, inoq, ishchan, ijodkor pedagogik jamoaga jipslashishlari zarur.
Ma’lumki, maktab jamoasi qobiliyati va axloqiy, ruhiy darajasiga ko'ra turli toifadagi, xarakteri va hulqi turlicha kishilardan iborat bo'ladi. Ta’lim - tarbiya ishida samaraga erishish uchun ularning hammasini yagona pedagoglar jamoasiga aylantirish lozim. O'qituvchilar bilan muomala qilish, ularni boshqarishning murakkab jihatlaridan biri shundaki, ular o'quvchilar jamoasini boshqaradi va maktab rahbariga bo'ysunadi. Pedagoglar jamoasini to'g'ri boshqarish uchun o'zaro talabchanlik bilan bo'ysunish me’yorlarini topa bilish va unga amal qilish, shu bilan birga har bir muallimning erkinligi, tashabbuskorligi, ijodkorligini qo'llab - quvvatlash kerak. Bu, maktab rahbari pedagoglar jamoasi bilan muomalasida amal etishi zarur bo'lgan axloqiy talablardan biridir. Pedagogik muomala odobining mohiyati pedagogik faoliyatning o'ziga xos xususiyatidan, ya’ni o'quvchi va o'qituvchilarni yagona bir jamoaga birlashtirish maqsadidan kelib chiqadi. Bu, o'z navbatida, maktab rahbarlari va o'qituvchilarning o'zaro muomala-munosabatlariga talabchanlikni oshiradi.
Maktab jamoasiga rahbarlik, ular bilan muomala qilishda pedagogik ishning psixologik jihatlarini nazardan qochirmaslik kerak. Pedagogik jarayon o'qituvchilar va o'quvchilar jamoasidagi mavjud tartiblarga, muomala odobi qoidalariga amal qilishni talab etadi. Ta’lim - tarbiya maqsadini amalga oshirish uchun pedagogik xodimlarning butun kuch va g'ayratini safarbar etish talab qilinadi. Maktab rahbarlari pedagoglar jamoasi, o'quvchilar bilan muomalasida muammoning ana shu axloqiy - pedagogik jihatlarini e’tiborga olishi zarur.
Ishchan pedagoglar jamoasining shakllanishi ko'p jihatdan maktab direktorining faoliyatiga bog'liq. Maktabda ahil, yagona jamoa tuzish uchun pedagoglarning o'zaro axloqiy munosabatlarini, maktabda mavjud bo'lgan an’analarni, o'qituvchilarning axloqiy darajasini o'rganish, bilish zarur. Yagona, ahil, ishchan pedagoglar jamoasining shakllanishi asta - sekinlik bilan amalga oshiriladi. Buni quyidagi mezonlar asosida aniqlash mumkin.
Maktab rahbarining o'qituvchilar bilan muomala odobida pedagoglar jamoasidagi xayrixohlik va ijodkorlik vaziyati muhim rol o'ynaydi. Ta’lim - tarbiya ishlarini yuqori saviyaga ko'tarish avvalo, maktab rahbarining muomala odobiga, ahil, inoq pedagoglar jamoasini asta - sekin shakllantira borishga,- jamoadagi o'zaro munosabatlarni o'qituvchi odobi normalari, talablari asosida yo'naltirishga bog'liq. Jamoa shakllanishining dastlabki paytlarida bu jarayon umumiy va axloqiy normalar va mavjud shart - sharoitlarni bilib olishdan boshlanadi. Bu davrda maktab rahbari va pedagoglarning hulqi, xatti - harakatlarida bir - biriga, o'zaro moslashish sodir bo'ladi. Maktab direktori har bir muallimning ijodkorligi, individual xususiyatlarini, o'qituvchilarning bilim darajasini o'rganadi, aniqlaydi. Bu jarayonning tezlashuvi maktab direktorining rahbarlik uslubiga ko'proq bog'liq bo'ladi.Agar pedagoglar jamoasi yangidan tashkil etilgan bo'lsa, maktab rahbarining vazifasi avvalo, o'qituvchilarning individual imkoniyatlarini aniqlash, rahbar kadrlarni tanlab, joy-joyiga qo'yish, pedagoglar jamoasini birlashtirish yo'llarini izlashdan iborat bo'ladi.
Maktab direktori pedagoglar jamoasida shakllangan axloqiy munosabatlar, muomala odobini mustahkamlash, rivojlantirish, yaxshilash uchun intilishi kerak. Bunday sharoitda muallimlar o'z kasbdoshlarining yaxshi tajribalarini o'rganib, o'z ish faoliyatlarida tadbiq eta boshlaydilar. Turli fan o'qituvchilari orasida, shuningdek, fan o'qituvchilari bilan sinf rahbarlari, o'qituvchilar bilan o'quvchilar tashkilotlari orasida aloqalar yo'lga qo'yiladi va mustahkamlanadi. Maktab rahbari bunday aloqalarni qo'llab -quvvatlash lozim. Ijodkor, tajribali o'qituvchilarning ochiq darsiga tajribasi kam, yosh muallimlarni taklif etish va birgalashib muhokama qilish, ularga bu hamkorlikni davom ettirishni maslahat berish yo'li bilan maktab rahbari o'qituvchilar o'rtasidagi o'zaro muomalani yo'lga qo'yadi, yaxshalaydi. Maktab rahbarining har bir xatti - harakati, muallimlar orasidagi o'zaro muomala munosabatlar o'qituvchi odobi qoidalariga asoslanishi kerak.
Ishchan, pedagogik jamoaning shakllanishi pedagogik adabiyotlarda umumlashtirilgan ta’lim - tarbiya sohasidagi ilg'or tajribalarni o'rganish va ayni maktabda joriy etish bilan bog'liq. Muallimlar orasida kitoblarda tasvirlangan ish shakllari va usullari bizning sharoitimizga to'g'ri kelmaydi, deb o'ylaydiganlari ham topiladi. Maktab rahbari bunday paytda ishni, avvalo, o'qituvchilarning pedagogik madaniyatini oshirishdan boshlashi; pedagogika, psixologiya, axloq ilmlarini, ta’lim - tarbiyaning dolzarb muammolarini jamoa bo'lib (seminar, konferentsiya) va yakkama - yakka tartibda o'rganish lozim. Pedagogik mehnatni ilmiy asosda tashkil etishga e’tiborsizlik, muallimlarning vaqti va imkoniyatlarini hisobga olmaslik maktab rahbari bilan ayrim pedagoglar o'rtasida nizo chiqishiga sabab bo'ladi. Shuning uchun ham maktab rahbari o'qituvchilar bilan muomala qilganda ularning kun tartibini qulaylashtirish, moddiy - maishiy sharoitlarini yaxshilash sog'lig'ini himoya qilish, bo'sh vaqtini ko'paytirish kabilarni nazarda tutishi zarur. Bunday g'amxo'rlik maktab rahbarining axloqiy fazilati, o'qituvchi odobining normalaridan biri bo'lib, boshliqning pedagogik jamoasida obro'yini oshiradi, o'zaro bir-birlarini to'g'ri tushunish vaziyatini hosil qiladi.
Ishning ko'zini biladigan tashabbuskor rahbar pedagoglar jamoasi oldiga ta’lim - tarbiya amaliyotida paydo bo'layotgan muammolarni to'g'ri, oqilona yechish yo'llarini topish kabi murakkab vazifalarni ham qo'yadi. Muammoli masalani to'g'ri tanlash, uni hal qilishni qo'lidan keladigan kishilarga topshirish, an’anaviy qo'lidan keladigan kishilarga topshirish, an’anaviy ish usullaridan voz kechish jarayoni oson kechmaydi. Bunday paytlarda pedagoglar jamoasida ajralish ro'y beradi: rahbarni qo'llaydiganlar bilan birga, natija nima bo'lishini kutib (poylab) turadiganlar ham topiladi. Ular yangilikka to'g'ridan - to'g'ri qarshi chiqmasalar ham, topshiriqni xushlamayroq bajaradilar. Maktab direktorining diqqati bunday hollarda ikkilanayotgan muallimlarni tezroq faollashtirishga qaratilishi lozim. Buning uchun ularning ish - faoliyat motivlari (sabablari)ni, qiziqish va ehtiyojlarini maqsadini o'rganish zarur. Bu o'qituvchi odobining qonuniyat darajasidagi talablaridan biridir.
Maktab rahbarining pedagoglar jamoasi bilan muomala - munosabatlarida ma’muriyatning talablari va farmoyishlarini bajarishga ochiq qarshi chiqadigan muallimlar ham topiladi. Maktab rahbari ular bilan muomala qilganda pedagogik taktni (odobni) saqlashi, o'z talablariga tanqidiy ko'z bilan ham qarashi, ularning mulohazalarini ham o'ylab ko'rishi foydadan holi emas.
Ijodiy hamkorlikda ishlaydigan pedagoglar jamoasining muhim belgilaridan biri barcha muallimlar o'quvchilarg nisbatan qo'yayotgan talablarining birligi va maktab rahbarining talab, farmoyishlarini pedagoglar jamoasi to'g'ri tushunib, to'g'ri qabul qilishidir. Bunday jamoa yetuk pedagogik jamoa hisoblanadi. Yetuk pedagogik jamoa a’zolari yagona maqsad yo'lida birlashgan bo'lib, ishchanlik fazilatlari, pedagogik mahorat va axloqiy madaniyatni oshirishga, ta’lim - tarbiya ishlarining samarali yo'llarini topishga intiluvchanligi bilan ajralib turadi. Bunday jamoada axloqiy vaziyat yaxshi bo'lib, o'qituvchi odobi qoidalariga amal qilinadi. Lekin uni boshqarish maktab direktoridan yuksak darajada bilimdonlik va ishchanlikni, pedagogik va boshqarish madaniyati yuqori bo'lishini, eng muhimi - yuksak axloqiy saviyali bo'lishini talab etadi. Maktab rahbari pedagoglar jamoasi bilan muomala - munosabatlarida quyidagi tamoyillarga amal qilish zarur:
-direktorning muallimlarga talabchanligi bilan ularga ishonch va hurmatning birligi;
-hamma o'qituvchilarga bir xil talab qo'yish bilan birga har bir muallimning individual qobiliyati va iqtidorini hisobga olish;
-maktab jamoasi qabul qilgan qarorlarni bajarishda har bir muallimning mas’ulligi;

  • pedagogik madaniyat va mahoratni oshirishning xilma-xil usul va shakllarini qo'llash;

  • maktab rahbariyati muallimlarning mehnat qilishi va dam olishi haqida g'amxo'rlik qilishi;

  • direktorning tashabbusi o'qituvchilar tomonidan faol qo'llab - quvvatlanishi lozim.

Maktab rahbarining o'qituvchilar bilan muomalasi, o'zaro munosabatlarida ijodkorlik muhitini yaratish muhimdir. Ijodkorlik muhiti o'z-o'zidan yuzaga kelavermaydi, balki rahbariyatning oqilona xatti -harakatlari, urinishlari natijasida yaratiladi. Boshliq muallimlarga ta’lim - tarbiyaning samarali usullarini taklif etish, qiziqarli tadbirlar tashkil etish bilan bu maqsadga erishishi mumkin. Hayot, jamiyat o'zgarishi bilan vujudga kelayotgan pedagogik nazariy va amaliy muammolarni o'rtaga qo'yish va hal etish shu maqsadga xizmat qiladi. Maktab rahbarining pedagoglar jamoasi bilan muomala - munosabatlarida Markaziy Osiyoda yashagan donishmandlarning ma’rifiy merosidagi ilg'or tarbiyaviy g'oyalaridan foydalanish qo'l keladi. Boshliqning o'zi bu muammolardan xabardor bo'lishi, tushunishi, ularni pedagoglar jamoasi bilan birgalikda muhokama qilishi o'zaro muomala- munosabatlarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Maktab rahbarlari muomala odobining talablaridan biri pedagoglar jamoasining kuch-g'ayratini birlashtirishdir. Bu, barcha o'qituvchilarni umumiy pedagogik vazifalarni, muammolarni hal qilishga safarbar eta olishda namoyon bo'ladi va har bir muallimning, ayniqsa, maktab rahbarining qadr-qimmati, ish uslubi to'g'risida jamoatchilik fikrining yakdilligidan dalolat beradi.
Muomala odobi, maktab rahbarining odilligi va beg'arazligi muallimlarning foliyatini nazorat qilishda, ularni rag'batlantirish va jazolashda yaqqol ko'rinadi. Muomala odobida pedagogik nazoratning axloqiy jihati juda muhimdir. Bu muammoning murakkabligi shundaki, o'qituvchining ko'p qirrali va takrorlanmas mehnati natijalarini aniq baholaydigan mezonlarni topish juda qiyin. Bu har bir muallimdan yuksak axloqiy ongli bo'lishni, intizomli, halol, vijdonli, axloqiy e’tiqodli bo'lishni talab etadi. Pedagogik nazoratda muallimning qobiliyati va aqliy imkoniyatlari rasmiy baholanadi, ular o'z navbatida, kishining qadr - qimmati bilan bog'liq.
Pedagogik nazorat o'quvchilarni axloqiy tarbiyalash masalasi bilan ham bog'liq. U muallimning o'quvchilar bilan, o'z kasbdoshlari va maktab rahbarlari bilan muomala odobida ham namoyon bo'ladi. Muallim o'quvchilar faoliyatini muntazam nazorat qiladi. Shu bilan birga muallimning faoliyati ham ota -onalar va maktab ma’muriyatining muttasil nazorati ostidadir. Shuning uchun ham pedagogik nazoratning shakl va usullari muomala odobida muhim ahamiyat kasb etadi.
Pedagogik nazorat kishidan chuqur bilim va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo'lishni talab etadi. Pedagoglar jamoasida nazoratning xususiyatlaridan biri - ko'pincha, tekshiruvchi bilan tekshiriluvchining ma’lumot darajasi, professional (kasbiy) tayyorgarligi bir xil darajada bo'ladi, ba’zan tekshiriluvchining pedagogik mahorati tekshiriluvchinikidan ustunroq ham bo'ladi. Pedagoglar jamoasida nazorat obro'yi baland, ma’naviy - axloqiy jihatdan yuksak kishi tomonidan amalga oshirilishini nazarda tutadi.
Maktab direktori, uning o'rinbosarlari, inspektor, nazoratchilar ta’lim - tarbiya ishlarining sifati bilan birga muallim o'z ijtimoiy burchini qanday bajarayotganini ham nazorat qiladilar. Bu ularga, nisbatan yuksak axloqiy talablar qo'yadi:o'z ishiga sadoqat, shaxsiy va ijtimoiy manfaatlar uyg'unligi, maqsadga intiluvchanlik, qat’iy e’tiqodli,yuksak axloqiy madaniyatli bo'lish shular jumlasidandir.
Muomala odobi pedagogik nazorat nihoyatda adolatli bo'lishini talab etadi. Adolatsizlik qilish pedagogik jamoaning bo'linib ketishiga, ba’zan axloqiy tanazulga olib keladi. Pedagogik nazoratda muallimlarga nisbatan - «buning tajribasi, xizmatlari katta, bu esa - hali yosh; bu -o'zimizniki, bu -begona» qabilida yondoshish mumkin emas. Bu, muomala odobiga mutlaqo ziddir.
Pedagoglar jamoasida muomala odobi demokratik xarakterda bo'lishi lozim, o'zaro bir-birini nazorat qilish yakka nazoratga nisbatan samaraliroqdir.
Pedagogik odob maktab direktorining o'qituvchilar bilan o'zaro muomalasi yuksak axloqiy madaniy darajada bo'lishini taqozo qiladi. Yuksak axloqiy madaniyat - maktab rahbarining o'z ishini yaxshi bilishini muallimlarga ishonch bilan qarashni, har bir o'qituvchining faoliyatida ijobiy jihatlarni ko'ra bilishni, xushmuomalalikni, birgalashib ishlashni, ayrim o'qituvchilar tajribasizligi tufayli yoki bilmasdan yo'l qo'ygan xatolarga nisbatan bardoshli bo'lishni; shu bilan birga ishga beparvo qaraydigan, vijdonsiz kishilarga nisbatan murosasiz bo'lishni taqozo qiladi.
O'qituvchilarda pedagogik va axloqiy madaniyatni tarbiyalash maktab rahbarining muhim vazifasi bo'lib, bu ishni butun pedagoglar jamoasining ishtiroki va qo'llab - quvvatlashi bilangina bajarish mumkin. Pedagogik mahorat tug'ma talant talab qiladigan alohida san’at emas, balki har bir kishi o'rganib, egallab olishi mumkin bo'lgan malakadir. Agar muallim pedagogik va axloqiy madaniyatni, pedagogik mahoratni egallab olishdan manfaatdor bo'lsa va bunga intilsa o'z maqsadiga erisha oladi.
Maktab rahbari o'qituvchilar bilan muomalasida quyidagi axloqiy normalarga amal qilishi zarur:
-maktab rahbari o'qituvchiga nisbatan insoniy munosabatda bo'lishi, muallimning yutuqlari ham, xatolari ham bo'lishi mumkin deb qarash;
-boshqarish faqat rahbarning ishi bo'lmay, pedagoglar jamoasi rahbar bilan birga umumiy vazifani bajarayotganini anglash;
maktab rahbari qattiqqo'l, talabchan, lekin adolatli bo'lishi, talablari asosli va maslahat shaklida ifodalanishi;
-muallimning ishlarini tekshirib tahlil etayotganda uning shaxsiga tegmaslik va qadr - qimmatini yerga urmaslik;
-maktab rahbarlari va o'qituvchilar o'zaro bir - birlarining obro'larini oshirishga intilishi;
-do'stona murojaat qila bilish, bir-birlarining fikr-mulohazalarini diqqat bilan tinglay bilishi;
-maktab rahbari pedagoglarning kayfiyati (hissiyoti), ruhiyatini seza bilishi, jamoada ishchanlik vaziyatini yarata olishi;
-jamoatchilik fikrini boshqara bilish, u yoki bu masalalarni hal etayotganda unga asoslanish.
Maktab rahbari pedagoglar jamoasi bilan muomalasida pedagogik odobning quyidagi talablariga amal qilishi lozim;

  • muallimga nisbatan talabchanlikni unga bo'lgan hurmat bilan birga olib borish;

  • o'qituvchiga yordam berish, lekin uning ishini bajarib qo'ymaslik;

  • jamoadagi hamma muallimlarning faoliyatiga diqqat - e’tibor bilan qarash, ayirmachilik qilmaslik;

  • o'qituvchining mehnatini qadrlash va odilona baholash;

  • o'z bilimlarini oshirish va o'z-o'zini tarbiyalashda o'qituvchiga ko'maklashish;

  • ishdagi yutuqlarni ma’qullash, yaxshi tajribalarni ommalashtirib borish;

  • muallimning obro'sini saqlash va mustaxkamlash;

  • o'qituvchiga nisbatan muruvvatli, himmatli bo' lish;

  • muallim bilan muomalada nasihatgo'ylikka berilmaslik;

  • pedagogning ish usulini o'rganish, yaxshi ishlarini rag'batlantirish;

  • muallimning ayrim xatolarini bo'rttirib, betiga solavermaslik;

  • kishi darhol tuzata olmaydigan kamchiligini aytaverib, uning diliga ozor bermaslik;

  • muallim bilan suhbatlashganda uning ruhini ko'tara bilish.

Maktab rahbari o'qituvchiga nisbatan e’tiborsizlik, ishonchsizlik, beparvolik, nazoratsizlikka yo'l qo'ysa, u ishni bo'shashtirib yuboradi. Muallimga nisbatan beg'araz talabchanlik esa ishni ular o'rtasidagi muomala munosabatlarni yaxshilaydi. Maktab direktorining rasmiyatchilik, qo'rqitish, jazolashga asoslangan ish uslubi ziyon keltiradi, o'zaro muomala odobini buzadi.
Ahil hamjihat, xushmuomala pedagoglar jamoasida eng murakkab pedagogik masalalar ham osoyishtalik bilan hal etiladi. Ishda biror kamchilik ro'y bersa, «gunohkor»ni qidirib ovora bo'lib yurilmaydi, balki uning sabablari aniqlanadi va bartaraf muhitda o'qituvchilarda o'z kuchiga va bir-birlariga ishonch bo'ladi, kasbdoshining mulohazasiga quloq solinadi, har kimning umumiy ishga qo' shgan hissasi to'g'ri baholanadi.
Ta’lim - tarbiya ishlarini bajarish jarayonida maktab rahbarlari bilan muomalada har bir muallim pedagogik odobning quyidagi qoidalariga amal qilishi zarur:
-O'zbekiston davlati ta’lim - tarbiya ishlarini nazorat qilish sohasida maktab direktri zimmasiga yuklagan mas’uliyat, javobgarlikni anglash;
-maktab oldida turgan ijodiy vazifalarni bajarishga pedagoglar jamoasini safarbar etish uchun rahbar qanday imkoniyatlarga ega ekanligini bilish;

  • maktab rahbarining yaxshi tashabbusini qo'llab - quvvatlash;

  • o'z sha’niga aytilayotgan tanqidiy fikrlarni tinglay bilish, agar muallim haq bo'lsa, xushmuomalalik bilan asoslab berish;

  • o'qituvchi o'zining nojo'ya hulqi, xatti - harakatiga rahbarning xatosi yoki kamchiligini ro'kach qilishi odobsizlik ekanini anglash;

  • o'quvchilar, ota-onalar oldida maktab rahbarlarini obro'sizlantirishga yo'l qo'ymaslik;

  • maktab jamoasi ishini tanqid qilayotganda odob doirasidan chiqmaslik.

Maktab rahbarining obro'yi pedagoglar jamoasining, o'quvchilarning,
maktabning obro'yidir. Rahbarning ma’muriy obro'yi uning ma’naviy - axloqiy obro'si bilan qo'shilsa, katta tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega bo'ladi. Maktab jamoasining rahbarlari va a’zolari o'z huquqlari va burchlarini yaxshi bilishlari lozim. Jamoada har bir kishining huquq va burchlari aniq belgilab qo'yilishi pedagogik odob talablariga mos keladi.
Xullas, maktab rahbarlari, o'qituvchilar o'zaro muomalada pedagogik odobning qonuniyatlari, tamoyillari, normalari va talablariga amal qilishlari pedagogik jarayonining fayzli, samarali bo'lishini ta’minlaydi.

Yüklə 0,69 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   63   64   65   66   67   68   69   70   ...   236




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin