4 - Mavzu: DIDAKTIKA – PEDAGOGIK TA’LIM NAZARIYASI. O‘QITISH JARAYONI YAXLIT TIZIM SIFATIDA.
Mavzu rejasi:
1. Ta’lim nazariyasi (didaktika) pedagogikaning tarkibiy qismi sifatida.
2. Didaktikaning maqsad va vazifalari.
3. Ta’lim jarayonining mohiyati.
4.O‘qitish va o‘rganish jarayonlari tavsifi, o‘quv jarayonida ularning o‘zaro bog‘liqligi.
5.O‘quvchilarning bilish faoliyati va uning tuzilishi.
6. Ta’lim tamoyillari va qonuniyatlari.
Tayanch tushunchalar: didaktika, o’qitish, o’qitish jarayoni, didaktikaning asosiy kategoriyalari, ta’lim paradigmalari, ta’lim qoninuyatlari, ta’lim tamoyillari.
Didaktika pedagogikaning tarkibiy qismi sifatida. Didaktika pedagogika nazariyasining nisbatan mustaqil qismi bo’lib, unda o’qitish jarayonining umumiy qonuniyatlari ochib beriladi. Didaktikaning so’zma-so’z tarjimasi «ta’lim nazariyasi» ma’nosini anglatadi. Didaktika «yunoncha» so’zdan olingan bo’lib, «didacticos» – o’rgatish, o’qitish ma’nosini bildiradi.
Bu atamani nemis pedagogi V.Ratke (1571-1635) fanga kiritgan, deb hisoblanadi. Didaktika nomi ostida fanni nazariy va metodologik asoslarini tadqiq qiladigan ilmiy fanni tushundi. Didaktikaning fundamental ilmiy asoslari ilk bor Ya.A.Komenskiy tomonidan ishlab chiqilgan. 1657-yilda u chex tilida «Buyuk didaktika» asarini yozdi. Didaktikani Komenskiy «hammani hamma narsaga o’rgatish san’ati» deb tushuntirdi.
Didaktikada ta’limni tashkil etishning umumiy masalalari, o’qitish jarayonining mohiyati, ta’limning mazmuni, o’qitish qonuniyatlari, o’qitish tamoyillari, metodlari, uning tashkiliy shakllari yoritiladi.
O’qitish jarayoni pedagogning o’rgatuvchilik faoliyatini va o’quvchilarning maxsus tashkil etilgan bilish faoliyatini o’z ichiga oladi. Shu o’rinda bu jarayonlarning tahliliga e’tibor qarataylik. Ta’limda o’qituvchining boshqaruvchilik roli o’z kasbining ijtimoiy asoslaridan kelib chiqib, ajdodlarining boy tajribasini, insoniyatning asrlar davomidagi bilish, mehnat, muloqot, umumiy aloqalar, estetik hamda axloqiy qarashlar jarayonida qo’lga kiritgan yutuqlarni egallashni shart qilib qo’yadi.
Bularning barchasi o’qituvchining ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi vazifalarini amalga oshirishida o’z aksini topmog’i lozim. Ana shu asosdan kelib chiqib aytish mumkinki, ta’lim jarayonida o’qituvchi o’quvchilariga qo’lga kiritilgan bilimlarni o’rgatadi. O’quv faoliyatida ularni ko’nikma va malakalar bilan qurollantiradi. Shu bilan bir paytda u o’quvchilarda dunyoqarash va axloq normalarini hosil qiladi, qiziqish va qobiliyatlarni shaklantiradi, ularning bilish faolligini oshiradi. O’qituvchining faoliyati o’quvchi shaxsining maqsadga muvofiq shakllanishiga katta imkoniyatlar ochib beradi. Yanada aniq qilib aytsak, butun o’quv jarayonini rejalashtiradi, ushbu jarayonda o’quvchilar bilan birgalikdagi faoliyatni tashkil etadi. O’quvchilarga qiyinchiliklarni yengib o’tishda yordam beradi hamda ularning bilimlarini va butun ta’lim jarayonini tashxis qiladi. O’z navbatida o’quvchilarning faoliyati o’quv jarayonida o’rganishga, bilim, ko’nikma hamda malakalarni egallashga, o’zini jamiyatga foydali faoliyatga tayyorlashga yo’naltiradi. Ta’lim jarayonida o’quvchilarning faoliyati ko’p qirrali yo’nalgan harakatni ifodalaydi va bu harakat bilishga doir vazifalarni hal qilishda ularga katta yordam beradi.
Didaktika va metodika mustahkam aloqa va o’zaro bog’liqlikda joylashadi. Didaktika o’qitishning umumiy qonuniyatlarini o’rganadi. Aniq bir predmetni o’qtishning o’ziga xos xususiyatlari xususiy metodikalarda ishlab chiqiladi.
Dostları ilə paylaş: |