Axloqiy madaniyat
– jamiyatdagi axloqning yuksaklik darajasini, fuqarolarning
axloqiy saviyasini aks ettiruvchi tushuncha. U shaxsning jamiyatdagi asosiy
axloq
meʼyorlarini egallashi va oʻzgalar bilan shu asosda munosabatda boʻlishi,
oʻzini axloqiy tomondan muntazam takomillashtirib borishi singari jihatlarni oʻz
ichiga oladi. Axloqiy aqidalarning eng muhim omillaridan biri
– muomala odobi.
Insonlar bir-biri bilan hamkorlik qilmasdan,
oʻzaro tajriba almashmasdan, oʻzaro
taʼsir koʻrsatmasdan yashashi mumkin emas. Binobarin, muloqot, muomala
inson uchun asosiy ehtiyoj, zarurat. Muomala odobi
oʻzgalar qadr-qimmatini,
hurmatini joyiga
qoʻyishni, anʼanaviy axloqiy-meʼyoriy talablarni bajarishni taqozo
etadi.
Maʼnoli va ravon soʻzlash, suhbatdoshni tinglay bilish, nutq madaniyati
muomalaning muhim jihatlarini tashkil etadi. Muomala odobida muloqotning
asosiy vositasi
boʻlmish til katta ahamiyatga ega. Xalqimizda “Siz” ham, “sen”
ham bir
ogʻizdan chiqadi» degan dono naql bor. Shu
bois muloqot paytida
suhbatdoshga hurmat ifodasi sifatida har bir
soʻzni suhbatdoshining koʻngliga,
qiziqishi va kayfiyatiga qarab, yoshini kasbu kori, ijtimoiy hamda oilaviy ahvolini
eʼtiborga olib, hurmatini joyiga qoʻyib gapirish, muloqot jarayonida oʻrinsiz
harakatlarga
yoʻl qoʻymaslik lozim.