Psixologik metodlarni to`liqroq holatda ko`rib chiqamiz.
Qiyosiy metod: («Ko‘ndalang kesim» metodi) turli guruhlarga mansub odamlarning yoshi, ma’lumoti, faoliyati va muloqotiga ko‘ra taqqoslashdan iborat. masalan, yoshi va jinsi bir xil bo‘lgan odamlarning ikkita katta guruhi (talabalar va ishchilar) ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun bir xil tajriba metodlari bilan tadqiq etiladi va olingan ma’lumotlar o‘zaro solishtiriladi.
Longityud metodi: («uzunchoq kesim» metodi) tanlangan sinaluvchilarni uzoq vaqt davomida qayta-qayta tekshirishdan iborat. masalan, talabalarni oliygohda ta’lim olish vaqti davomida ko‘plab marta tekshirish.
Qiyosiy va longityud metodlari o‘z afzalliklariga ega. Kesimlar metodi qisqa vaqt ichida ko‘p sonli sinaluvchilarni tadqiqot bilan qamrab olish imkonini beradi. Longityud metodi kesimlar metodi e’tiboridan chetda qolgan nozik farqlar, xususiy rivojlanish turlarini qayd etishga imkon yaratadi. Amaliyotda bu ikki metod bir-birini to‘ldiradi.
Majmuiy metod: Tadqiqotda turli fan vakillarining ishtiroki turli hodisalar, masalan, shaxsning fiziologik, psixologik va ijtimoiy taraqqiyoti o‘rtasidagi aloqalar va bog‘liqliklarni o‘rnatish imkonini beruvchi o‘rganish usuli.
Kuzatish: Psixika tashqi alomatlarini oldindan belgilangan, tizimli, maqsadga muvofiq va qayd etilgan holatda qabul qilishdan iborat bo‘lgan metod. Bu metod ilmiyligining asosiy sharti bo‘lib uning ob’ektivligi, ya’ni, qayta kuzatuv yoki tadqiqotning boshqa usullarini, masalan, tajribalarni qo‘llagan holda nazorat olib borish imkoniyati xizmat qiladi. Kuzatish bir necha xil: standartlashtirilgan (belgilangan dasturga qat’iyan mos ravishda o‘tkazilgan), erkin (oldindan o‘rnatilgan chegaralarga ega bo‘lmagan), kiritilgan (tadqiqotchi o‘zi kuzatayotgan jarayonning bevosita ishtirokchisiga aylanadi), yashirin bo‘ladi.
Kuzatish metodini qo‘llash uchun quyidagi shartlar qo‘yiladi:
- sinaluvchining hulq-atvori uning ko‘pgina ko‘rinishlari va turli vaziyatlarda har tomonlama baholanishi lozim;
- kuzatuvchi sinaluvchi bilan juda ko‘p vaqt birga bo‘lishi kerak (kamida 2-3 oy davomida). Seanslar haftasiga 3-4 marta o‘tkazilishi kerak, ularning davomiyligi kuzatish maqsadidan kelib chiqib o‘rnatiladi;
- kuzatish jarayoni boshlanmasdan avval sinaluvchi hulq-atvorining qayd etiladigan xususiyatlari aniqlab olinishi, va xulq-atvorning bunday belgilari bilan tadqiqotchi bu metodni qo‘llagan holda baholamoqchi bo‘lgan psixologik xususiyatlar o‘rtasidagi aloqa oldindan o‘rnatilishi kerak;
- tadqiqotchi avvaldan kuzatish olib borish mashqini olgan bo‘lishi zarur;
- muammoni xolisona hal etish maqsadida sinaluvchi va tadqiqotchi o‘rtasidagi rolli munosabatlarga yo‘l qo‘ymaslik kerak;
- sinaluvchi bir vaqtning o‘zida kamida 10 ta ruhshunos kuzatuvida bo‘lishi va olingan baho har bir ruhshunos belgilagan balldan o‘rtachasini tashkil etgan bo‘lishi kerak.
Barcha ruhshunoslar bir-biriga bog‘langan bo‘lmasliga zarur. Bunday holat natijalar samarasini oshiradi (baholash metodi).