Suhbat metodi. Bu metod bilan inson psixikasini o‘rganishda suhbatning maqsadi va vazifasi belgilanadi, uning ob’ekti va sub’ekti tanlanadi, mavzusi, o‘tkaziladigan vaqti aniqlanadi, yakka shaxslar, guruh va jamoa bilan o‘tkazish rejalashtiriladi, o‘rganilayotgan narsa bilan uzviy bog‘liq savol-javob tartibi tayyorlanadi. Suhbatning bosh maqsadi muayyan bir vaziyat yoki muammoni hal qilish jarayonida inson psixikasidagi o‘zgarishlarni o‘rganishdir. Suhbat orqali odamlarning tafakkuri, aql-zakovati, xulq-atvori, qiziqishi, tiyrakligi, bilim saviyasi, e’tiqodi, dunyoqarashi, irodasi to‘g‘risida ma’lumotlar olinadi.
Suhbat metodining ijobiy jihatlari bilan birga ayrim zaif tomonlari ham mavjud. Qaytariq so‘zlar, «g‘aliz» iboralar, nutqning tezligi, fikrning mavhumligi, zerikarliligi muvaffaqiyatsizlikka sabab bo‘ladi. SHuningdek, savol-javobning bir shaklda emasligi sinaluvchida o‘ziga xos ishlash uslubi, oshkoralikning etishmasligi, iymanish, uyalish atroflicha ma’lumotlar olishni qiyinlashtiradi va shu sababli boshqa metodlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.