Tulki bilan Chumoli
Tulki bilan Chumoli do’st bo’lib bug’doy sepishibdi. Ayyor Tulki har kuni qornim og’riyapti, boshim zirqirayapti degan bahona bilan dalaga chiqmabdi. Chumolining bir o’zi ertadan-kechgacha ishlab suv quyar, o’toq qilar ekan. Nihoyat, bug’doy pishibdi.
Tulki xirmonning bug’doyga to’lib ketganini ko’rib, Chumolini aldab, hosilning barini o’zi olmoqchi bo’libdi.
Chumoli do’stim, shuncha bug’doyni taqsimlab o’tirishning nima keragi bor? Kel, yaxshisi, quvlashmachoq o’ynaymiz. Xirmonga kim birinchi bo’lib yetib kelsa, hamma hosil o’shaniki bo’lsin, — debdi.
Chumoli biroz o’ylanib, nihoyat, rozi bo’libdi.
Yonma-yon turishibdi.
Qani, bo’lmasa boshladik! — deya Tulki qichqiribdi-da, xirmon tomon yugurib ketibdi. Lekin chumoli ham bo’sh kelmabdi. U Tulkining dumiga yopishib olibdi.
Tulki xirmon oldiga yetib kelibdi-da, silkinibdi. Shunda Chumoli sirg’alib tushibdi-da, bug’doy ustiga chiqib olib, o’sha yerdan gap boshlabdi:
Hoy, Tulki, namuncha imillamasang?
Tulki sarosimaga tushib qolibdi: Qachon kela qolding?
Allaqachon! Men dam olishga ham ulgurdim, sen bo’lsang, hali ham hansirab turibsan.
Shunday qilib Tulki yengilib, boshqa hiyla o’ylab topolmay jo’nab qolibdi.
Chumoli barcha hosilni omborga tashib olib, qishda uni bir chekkadan yeb yotaveribdi. Dangasa Tulki bo’lsa butun qish och qolibdi.
Dostları ilə paylaş: |