Qadimgi Sharq va G‘arb falsafasi vujudga kelishi va rivojlanishining umumiy qonuniyatlari



Yüklə 97,45 Kb.
səhifə5/16
tarix05.12.2023
ölçüsü97,45 Kb.
#173367
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
Falsafiy tafakkur evolyusiyasi. Qadimgi davr, o‘rta asrlar, uyg‘-fayllar.org

To‘rtinchidan, Qadimgi G‘arb va Sharqda materiyaning tuzilishi haqidagi ta'limotda ham farqlar mavjud. G‘arb antik falsafasida materiyaning diskret tuzilishi haqidagi ta'limot – atomistika vujudga keldi. Uning asoschilari qadimgi yunon faylasuflari Levkipp va Demokrit bo‘lgan, atomistika g‘oyalarini Epikur va qadimgi rim faylasufi Lukretsiy Kar rivojlantirgan. Demokrit dunyo atomlar va bo‘shliqdan iborat deb hisoblagan. Uning fikricha, atomlar – sifatga ega bo‘lmagan mayda zarralar. Sifatlar atomlarning shakl, o‘rin va tartib jihatidan uyg‘unligidan paydo bo‘ladi. Demokrit, nima uchun sut oson ichiladi?, degan savolga, shuning uchunki, sut, «yumaloq atomlar»dan iborat, nima uchun xantalni sutday ichish mumkin emas? Shuning uchunki, xantal atomlari «ilmoqsimon»dir, deb javob beradi. U narsalar sifati va ularning rang-barangligini ham shunday tushuntirgan. Demokritning atomistikasida sababiyatning sodda izohlari bilan bir qatorda ayni shu sababiyatni narsalarning o‘zida, aniqrog‘i – atomlarda ko‘rishga bo‘lgan intilishga ham duch kelish mumkin. Sharq falsafasida esa, materiyaning diskretligi, uning tuzilishi muammosi qo‘yilmaydi. Unda materiyaga asosan jonga «xalaqit» beruvchi muayyan omil yoki shakl bilan birlikda yoki muayyan substansional asos sifatida yondashiladi.

Beshinchidan, G‘arb va Sharq falsafasida bilish muammolarini yechishda farqlar mavjud. G‘arb falsafasida bilish empirik, hissiy va oqilona jarayon sifatidagi emas, balki mantiqiy jarayon sifatida ham qaraladi, ya'ni mantiq muammolari atroflicha o‘rganiladi. Bu muammolarni o‘rganishga Suqrot, Platon, ayniqsa Aristotel ulkan hissa qo‘shgan. Sharq falsafasida esa, mantiq muammolari bilan amalda hind nyaya (sansar, qoida, mulohaza, predmetga kirish, mantiq) maktabigina shug‘ullangan. Nyaya falsafiy muammolarni yechishda mushohadaning ahamiyatini alohida qayd etgan. U haqiqatning tagiga yetishning to‘rt manbai: idrok etish, xulosa chiqarish, taqqoslash va isbotlashni o‘rganadi. Bu manbalar haqiqiy bilimga erishish imkonini beradi. Umuman olganda qadimgi Sharq falsafasiga ko‘proq o‘zini o‘zi bilish xos.

Oltinchidan, G‘arb va Sharq falsafasidagi o‘ziga xoslik va farqlar ijtimoiy muammolarni o‘rganish jarayonida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Sharq falsafasida bu o‘tmish, hozirgi davr va kelajak manbai bo‘lgan «dunyoviy inson» muammolari, shuningdek umuminsoniy qadriyatlar, o‘zini o‘zi kamol toptirish, boshqa odamlarni boshqarish uchun zarur bo‘lgan insoniy fazilatlar muhim ahamiyatga ega. Masalan, Konfutsiy Osmonga, uning ulug‘vorligiga murojaat etib, ijtimoiy tuzilmalar ierarxiyasi, kishilar qat'iy subordinatsiyasining zarurligini ko‘rsatishga harakat qiladi: «Osmon har bir insonga uning jamiyatdagi o‘rnini belgilaydi, uni taqdirlaydi, unga jazo beradi..»8. “Avesto”da esa insonning haq-huquqlari, burch va mas'uliyati haqida fikr bildirilgan. Jumladan, agar odam olgan qarzini o‘z vaqtida qaytarib bermasa, u tunda birovning uyiga o‘g‘irlikka kirgan odam bilan barobardir. Shuningdek, unda qarindoshlarning o‘zaro oila qurishi taqiqlangan, avlodlarning sog‘lom, benuqson tug‘ilishiga e'tibor qaratilgan. Bordi-yu erkak zurriyot qoldirishga qobiliyati bo‘lib, so‘qqa bosh bo‘lib yursa, uning peshonasiga tamg‘a bosish yoki beliga zanjir bog‘lab yurishga majbur ekanligi belgilangan. Sharq falsafasida qonun muammosiga ham ko‘p e'tibor beriladi. Ayrim faylasuflar uni rad etgan, ayrimlari esa unga tayangan. Xalq va podsho muammosi ham Sharq falsafasining muhim muammolaridan biri hisoblanadi. Jumladan, “Avesto” da huquqiy masalalar: jinoyat va jazo, oila va nikoh, mulk bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi qoidalar o‘z ifodasini topgan. Oilaviy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qoidalarda er xotinning bir-biriga xiyonati yoki nikohsiz er-xotinlik munosabatlarida bo‘lgan kishilar tan jazosini olgan. “Venidat” (Devlarga qarshi kurash qonuni) ning 13, 14 boblarida suvni tejash, uni qadrlash, undan unumli foydalanish haqidagi qoidalar bitilgan. Unda har kuni ekinni ikki marta sug‘orish mumkinligi, har bir kunda ekuvchi bir belkurak kenglik va chuqurlikdagi ariqqa sig‘adigan suv olishga haqli ekanligi, suvni taqsimlash bilan kohinlar shug‘ullanishi, suvni ifloslantirishni taqiqlovchi qoidalar belgilagan. Bu qoidalarni buzganlarga nisbatan majburiy mehnatga jalb qilish jazosi belgilangan9. G‘arbda, xususan, qadimgi yunon va qadimgi rim falsafasida esa ijtimoiy muammolar doirasi kengroq. Ularni o‘rganish usullari ham Sharq falsafasidagi usullardan ancha farq qiladi. Birinchidan, Demokritdan boshlab, qadimgi dunyoning deyarli barcha faylasuflari davlat, qonun, mehnat, boshqaruv, urush va tinchlik, mayllar, manfaatlar, hokimiyat, jamiyatning mulkiy tabaqalanishi muammolariga murojaat etganlar.
Ikkinchidan, bu ijtimoiy-falsafiy muammolarni tadqiq etish jarayonida insonni jamiyatga bog‘lab o‘rganish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Demokrit shunday deb yozadi: «Umumiy muhtojlik ayrim insonning xususiy muhtojligidan og‘irroqdir. Zero umumiy muhtojlikda yordamga hyech qanday umid qolmaydi»; «qonun odamlarning hayotini tartibga solishni xohlaydi, bunga u faqat odamlar o‘zlariga yaxshi bo‘lishini istagan taqdirda erishishi mumkin. Zero qonun o‘ziga bo‘ysunadigan kishilargagina ijobiy ta'sir ko‘rsatadi»; «Oqil odamga butun dunyo ochiq. Zero yaxshi qalb uchun butun dunyo vatandir»10.
Platon ham ijtimoiy muammolarni tahlil qilgan. U davlatning mohiyati va shakllarini shaxs, ayniqsa podshoni shaxsi nuqtai nazaridan o‘rgangan. Uning fikricha, podsho haqiqatparvarlik, oqillik, mardlik, adolatparvarlik kabi fazilatlarga ega bo‘lishi lozim; umuman olganda, podshoda insonning barcha qobiliyatlari mavjud bo‘lishi darkor. Platon insoniyat tarixida birinchi ideal davlat nazariyasini yaratadi. U davlatning uch shaklini tan oladi: monarxiya, aristokratiya va demokratiya. Bu shakllarning har biri ikki ko‘rinishda: qonuniy va noqonuniy yoki zo‘rlik ishlatishga asoslangan ko‘rinishlarda amal qiladi. Platon davlatning qonuniy shaklini ma'qul ko‘radi. Uning fikricha, davlatni faylasuflar hammadan yaxshiroq boshqara oladilar. Platon o‘zining «Davlat» asarida bu haqda shunday deb yozadi: «Agar qashshoq va yo‘qsillar o‘z shaxsiy manfaatlarini qondirishni ko‘zlab, jamiyatni boshqarish imkoniyatini qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, bundan yaxshi ish chiqmaydi: hokimiyat bellashuv maydoniga aylanadi va bunday ichki urush uning ishtirokchilarini ham, qolgan fuqarolarni ham halokatga mahkum etadi. Hokimiyat uni sevguvchi kishilar qo‘liga o‘tishi ham yaramaydi. Aks holda ular bilan bu sevgida raqiblar bellashadi...»11.
Aristotel ham o‘zining «Siyosat» asarida o‘z davlat nazariyasini bayon etgan. U: «Davlat nima uchun vujudga kelgan va insonni uning jamiyatdagi hayotida boshqaruvchi hokimiyatning nechta turi bor?», degan savolni o‘rtaga tashlaydi va o‘zining bu savoliga shunday javob beradi: «Davlat yashash uchun yaratilmaydi, balki asosan baxtli yashash uchun yaratiladi... Davlat oilalar va jamoalar o‘rtasida yaxshi hayot kechirish uchun aloqalar o‘rnatilganda, farovon va o‘ziga to‘q mavjudlik maqsadida vujudga keladi»12. Davlat hokimiyati masalasiga kelsak, Aristotel uning «uch yaxshi» va «uch yomon» shaklini qayd etadi. Davlat hokimiyatining «yaxshi» shakli deganda u jamiyatga xizmat qiluvchi hokimiyat shakllari: monarxiya, aristokratiya, «politiya», ya'ni o‘rta sinf hokimiyatini tushunadi. Davlat hokimiyatining «yomon» shakllari qatoriga Aristotel tiraniya, sof oligarxiya va ashaddiy demokratiyani kiritadi.
Qadimgi dunyo falsafasi haqidagi so‘zimizga yakun yasar ekanmiz, shuni qayd etishni istar edikki, u mazkur dunyo madaniyatining o‘zagi hisoblanadi, G‘arb va Sharq ma'naviy sivilizatsiyasining qiyofasini belgilaydi. Gap shundaki, falsafa qadimgi dunyoning barcha ma'naviy qadriyatlari: san'at va din, axloq va estetik tafakkur, huquq va siyosat, pedagogika va fanni qamrab olgan.
Xullas, Sharq ma'naviy sivilizatsiyasi shaxsning borlig‘iga, uning o‘zlikni anglash tuyg‘usiga va moddiy dunyodan uzoqlashish orqali o‘zini o‘zi kamol toptirishiga murojaat etish ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lib, bu Sharq xalqlarining turmush tarzida va madaniy qadriyatlarni o‘zlashtirish usullarida o‘z aksini topgan. G‘arb ma'naviy sivilizatsiyasi o‘zgarishlarga, haqiqatning tagiga yetish yo‘lidagi izlanishlarga ochiq bo‘lgan. Bu izlanishlar turli, shu jumladan ateistik, intellektual va amaliy yo‘nalishlarda kechgan.
Umuman olganda qadimgi dunyo falsafasi keyingi davrlardagi falsafiy tafakkur va madaniyatga, kishilik jamiyatining rivojlanishiga ulkan ta'sir ko‘rsatgan.


Yüklə 97,45 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin