5-reja bayoni. O’zbekistonda diniy terrorizmga qarshi «Jaholatga qarshi ma’rifat» g’oyasining ahamiyati. Hozirda terrorizm dunyo hamjamiyati uchun asosiy tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning keng tarqalishi, zo‘ravonlik va terrorizm xurujlarining ortishi ham kuzatilmoqda. Bunday holatning achinarli jihati shundaki, ekstremistik va radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgan insonlarning aksarini yoshlar tashkil qilayotgani va ularning son jihatdan ortib borayotganidir. Bu esa radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslar bilan individual ish olib borish va ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish dolzarbligini yanada oshirmoqda.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, bugungi kunda radikallashuv jarayonlariga qarshi kurashning eng samarali yo‘li – bu “jaholatga qarshi ma’rifat” asosida kurash uslubidir. Bunday kurash uslubi bugungi kunda ilg‘or xorijiy davlatlarda keng qo‘llanilmoqda. Xususan, Birlashgan Arab Amirligi, Singapur, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Misr Arab Respublikasi kabi musulmon mamlakatlarida individual suhbat va turli ma’rifiy usullar yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Shu sababli mutaxassislar tomonidan radikallashuvdan qaytarishda shaxsning noto‘g‘ri qarashlarini to‘g‘rilash ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’rifiy va oqilona usuli ekanligi e’tirof etilmoqda.
O‘z navbatida radikalizmga qarshi kurashishda faqatgina majburlov orqali kurash olib borish muayyan vaqt davomida natija bergani bilan radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxsning ong ostida o‘zining noto‘g‘ri qarashlariga ishonch hissi saqlanib qolishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Radikal g‘oyalarga berilgan shaxs buzg‘unchi harakatlardan o‘zini tiyib tursa-da, ong ostida mutaassiblik qarashlarining ma’lum elementlari saqlanib qolish ehtimoli mavjud. Shu bois, radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslar bilan ma’rifiy suhbatlar asosda ishlar olib borish, ularning ongiga o‘rnashib qolgan buzg‘unchi g‘oyalarga shu yo‘l bilan barham berish kerak bo‘ladi.
Psixologlarning ta’kidlashicha, yoshlardagi tajribasizlik va hissiyotga tayangan holda ish yuritishi, tashqi ta’sir natijasida ruhiy holatining o‘zgaruvchanligi; ruhiy tushkunlikka tez tushishi va ruhiy zarbalarga chidamsizligi; yaqinlari e’tiboridan butunlay chetda qolishi; o‘ta qiziquvchanlik hamda axborotlarni to‘laqonli tahlil qilmaslik, ishonuvchanlik kabi qator omillar radikallashuv jarayoniga xizmat qilishi mumkin.
Binobarin, radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan yoshlar o‘z oila a’zolari, yaqinlari, mahalla, ko‘cha-ko‘ydagi tengdoshlarini ham mutaassib shaxsga aylantiradi. Shuningdek, yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga bo‘lgan qiziqish va intilishi hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga (boylik, shon-shuhrat, martaba va h.k.) ega bo‘lishga harakat qilishi, ilmiy tilda aytganda maksimalizm kabi ma’naviy-ruhiy omillarni ham alohida ajratib ko‘rsatish lozim.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, "jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish"ning asosiy sharti sifatida ish olib borishdan oldin har bir vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda muayyan reja-dastur asosida chora-tadbirlarni amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Bunda dasturlarning asosiy tarkibiy qismlariga mutaassib g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslar bilan o‘zaro yaqin munosabat, suhbatlar, diniy munozara va ko‘rsatmalar, tajovuzkor xatti-harakatlarning sababi deb qaralgan masalalar bo‘yicha o‘zaro muloqotlar, psixolog va boshqa mutaxassislarning tavsiya va ko‘rsatmalari kiradi.
“Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish”ning muvaffaqiyati quyidagi zaruriy shartlar asosida amalga oshirilishi lozim:
mutaassiblashgan shaxsning asosiy ilgari surayotgan mafkurasini bilish va uning psixologik portiretini chizish;
shaxsning kelib chiqqan jamiyatdagi muammolarni yaqindan o‘rganish;
ekstremistik aqidalarni aniqlash va radikalizm ko‘rsatkichlarini aniq belgilab olish;
diniy muloqotni yo‘lga qo‘yish;
diniy ta’lim darajasini monitoring qilish;
ta’lim o‘quv dasturlarida umuminsoniy tuyg‘ular hamda ma’rifatparvarlik faoliyatiga taalluqli dars soatlarini ko‘paytirish;
yoshlarning tarixni o‘rganish bo‘yicha dasturlarni qo‘llab-quvvatlash;
yoshlar bilan muloqot qila oladigan psixologik yordamlarni ko‘rsatish qobiliyatiga ega mutaxassislarni jalb etish;
yoshlar orasida doimiy ravishda buzg‘unchilik mafkurasi va hatti-harakatlarini qonunga xilof ekanligini anglatish va ularning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish.
Yuqorida sanab o‘tilganidek, “jaholatga qarshi ma’rifat” asosida ishlarni tashkil qilish jamiyatda o‘zaro bir-birini tushunishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda tinchlik-barqarorlikni ta’minlashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.