2.3. Stajor-tadqiqotchilik bosqichi Stajyer tadqiqotchilik – ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur o‘rganish va ilmiy izlanishlar olib borish uchun oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy tashkilotda tashkil etilgan ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha tegishli ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktoranturaga tayyorlov bosqichidir. Uning yakuni bo‘yicha ilmiy daraja berilmaydi, balki tayanch doktoranturaga kerakli bilim va ko‘nikmalar o‘zlashtiriladi.
Tayanch doktorant va doktorantning farqi oliy ta'limdagi bakalavr va magistr singari bo‘lib, tizimda faqat doktorant degan tushuncha ishlatiladi, tayanch doktorant tushunchasi ishlatilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutiga tayyorlov bosqichi sifatida stajyor-tadqiqotchilik institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Hujjat bilan oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida 2019-yilning 1-sentabridan boshlab Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutiga tayyorlov bosqichi sifatida ikki yillik stajyor-tadqiqotchilik instituti tashkil etilishi mumkin.
Stajyor-tadqiqotchilik instituti to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining buyurtmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2020 yilgi parametrlari doirasida va 2020 yildan boshlab, har yili stajyor-tadqiqotchilik institutining joriy faoliyati xarajatlarini qoplash uchun zarur mablag‘lar (shu jumladan Fanlar akademiyasi uchun 100 tadan kam bo‘lmagan o‘rin) ajratilishini nazarda tutadi.
Nizomga ko‘ra, stajyor-tadqiqotchilar instituti huzurida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim instituti mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida tashkil etiladi.
Stajyor-tadqiqotchilar institutiga qabul qilinayotgan nomzod magistrlik yoki mutaxassislik dasturlari bo‘yicha olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lishi lozim.
Tasarrufida OTM yoki ITM bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar har yili 1 iyungacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar tayyorlash zaruriyatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tayyorlov bosqichiga kvota ajratish masalasida asoslangan takliflar bilan murojaat qiladilar.
Vazirlik, idora va tashkilotlar bo‘yicha qabul kvotasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi va har yili 1 iyuldan kechikmasdan tegishli ravishda tasarrufida OTM va ITM bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlarga yuboriladi.
Vazirlik, idora va tashkilotlar idoraviy mansub OTM va ITM bo‘yicha ehtiyojdan kelib chiqib kvotani taqsimlaydi.
Vazirlik, idora va tashkilotlar tasdiqlangan kvotani tasarrufidagi OTM va ITMlarga har yili 1-avgustgacha yetkazadilar.
Hujjatlar stajyor-tadqiqotchilikka nomzodlardan OTM va ITM qabul komissiyasi tomonidan har yili 15 avgustgacha bo‘lgan davrda qabul qilinadi.
OTM va ITMlarda rektor (direktor) raisligida qabul komissiyasi tuziladi. Qabul komissiyasi a’zolari rektor (direktor) tomonidan ixtisoslik bo‘yicha olimlar orasidan tayinlanadi.
Stajyor-tadqiqotchilikka nomzodlar OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
ariza;
qisqacha biografik ma’lumotnoma;
mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotganlar uchun);
oliy ta’lim muassasasi magistraturasi yoxud oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati, ularning nusxalari.
Stajyor-tadqiqotchilikka nomzodlar OTM yoki ITMning qabul komissiyasi tomonidan ixtisoslik bo‘yicha suhbatdan o‘tadilar.
Stajyor-tadqiqotchilikka qabul uchun suhbat har yili 20-25 avgust davrida o‘tkaziladi.
Stajyor-tadqiqotchilikka kiruvchi talabgorlarning suhbat natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi tomonidan 25 avgustgacha bo‘lgan muddatda qaror qabul qilinadi.
Stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilish OTM rektori yoki ITM direktori buyrug‘i bilan har yili 25 avgustgacha bo‘lgan muddatda amalga oshirilib, tayyorlov bosqichi 1 sentabridan boshlanadi.
Tayyorlov bosqichiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqda stajyor-tadqiqotchining ixtisosligi bo‘yicha OTM kafedrasi yoki ITM tegishli laboratoriyasi (bo‘lim)ga biriktirilishi belgilanadi.
Stajyor-tadqiqotchilar OTM kafedrasi yoki ITM laboratoriya (bo‘lim) ilmiy-tadqiqot rejalari bo‘yicha ish olib boradilar.
Stajyor-tadqiqotchi har yarim yilda biriktirilgan OTM kafedrasi, ITM laboratoriyasi (bo‘lim)da qilgan ishlari to‘g‘risida hisobot beradi, yil yakunida attestatsiyadan o‘tkazilib, attestatsiya natijalariga ko‘ra keyingi bosqichga o‘tkaziladi.
Tayyorlov bosqichiga qabul qilingan sanadan boshlab stajyor-tadqiqotchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-avgustdagi 233-sonli “Ilmiy xodimlar mehnatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oylik maosh to‘lanadi.
Oliy ta'limdan keyingi tizimda umumiy tahsil olayotganlarning barchasi izlanuvchi deyiladi.
Izlanuvchi ilmiy faoliyatga tegishli bo‘lmagan tashkilot, korxonada ishlagan holda mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirib, ilmiy izlanish olib borishi mumkin. Ariza hujjat topshirilayotgan OTM yoki ilmiy tashkilot rahbari nomiga yoziladi.
Doktorantura bosqichlariga qabul yilda bir marotaba – sentabr oyida e'lon qilinadi, oktabr oyiga qadar hujjatlar qabul qilinadi. Noyabr oyida imtihon o‘tkaziladi va dekabrda qabul bo‘yicha yakuniy qaror chiqariladi. O‘qish jarayonlari yanvar oyidan boshlanadi.
Kvotalar OTMlar, ilmiy tashkilotlarga yuqori turuvchi vazirlik va idoralar beradigan buyurtma asosida shakllantiriladi. So‘ngra Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan kvotalar ilmiy tashkilot va OTMlarga taqsimlanadi.
Ilmiy izlanuvchilarga belgilangan tartibda stipendiya to‘lanadi.
Izlanuvchi ilmiy ishni belgilangan vaqtda himoya qilmasa yoki umuman himoya qilmasa, to‘langan stipendiya qaytarilmaydi. Ammo ilmiy rahbarga va ilmiy maslahatchilarga nisbatan chora ko‘rilishi belgilangan.
Izlanuvchi ilmiy ishni o‘qish muddati tamom bo‘lishidan kamida 6 oy oldin himoya qilsa, ilmiy rahbar va konsultantlarga kollegial organ qarori bilan OTM yoki ilmiy tashkilotning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,3 baravarida mukofot to‘lanadi.
Doktorantura tahsili davomida izlanuvchi shaxsiy ish yuzasidan xorijiy davlatlarga borishi kerak bo‘lsa, buni tegishli tartibda rahbariyatni xabardor qilgan holatda, ta'minlanmagan ta'til hisobidan amalga oshirishi mumkin. Ammo ilmiy izlanish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan konferensiya, simpozium, ilmiy tadbirlar bundan mustasno.
Izlanuvchi uzoq muddat betob bo‘lsa, tug‘ruq holati bo‘lsa, akademik ta'til beriladi.