Davlat boshqaruvi. Mansablar va unvonlar. O‘zbeklarning ming qabilasi (urug‘i) boshliqlaridan biri Shohruhbiy asos solgan Qo‘qon xonligidagi davlat boshqaruv tizimi o‘rta asrlarda Movarounnahrda hukm surgan musulmon davlatlari boshqaruv tizimidan farq qilmas edi. Xonlikda Buxoro amirligida bo‘lgani kabi Amir Temur davrida shakllangan hamda Shayboniylar davrida qisman islohot qilgan davlat boshqaruvi va tizimi mavjud bo‘lgan.
Xonlikda eng oliy va markaziy unvon xon unvoni bo‘lib, uning hukumati cheklanmagan. Farmon berish va uning bajarilishini nazorat etish salohiyatlari xonning qo‘lida bo‘lgan.
Xonlikning ming qabilasidan bo‘lgan hokimlar turli yillarda Shahrisabz, Urgut, Mog‘iyon, Urmitan viloyatlari va bekliklarida ham hukm surganlar. Olimxon davrigacha (1798y.) ming urug‘i boshliqlari XIX asrning boshlarida biy unvoni bilan hokimiyatni boshqarganlar. Olimxon 1805 yilda o‘zini rasman xon deb e’lon qildi. Xon unvoni bilan hokimiyatni boshqargan Umarxon (1810-1822yy.) 1818 yilda o‘zini “amir ul-muslimin” deb e’lon qildi. 1822 yilda Muhammad Alixon ham hon unvoni bilan taxga o‘tirgan.
Xon avlodlari xonzoda, amirzoda, mirzoda, shahzoda, to‘ra deb atalganlar.
Xonlikdagi davlat nizomi mutlaq yakka hokimlik bo‘lib, xonning o‘zi cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lsa-da, ma’lum tarixiy davrlarda uning salohiyati va hokimiyati cheklanib, saroy amaldorlari hamda qo‘shin boshliqlarining xonga ta’siri kuchli bo‘lgan. Bunga Musulmonqulining mingboshi va otaliq bo‘lgan davrini (Xudoyorxon davrida, 1844-1852yy.) yoki Aliqulining amirlashkarlik va vazirlik davrini (Sulton Sayidxon, 1863-1865 yy.) misol qilib keltirish mumkin. Bu holat xonning siyosiy kuch qudrati ma’lum iqtisodiy asoslarga hamda ma’lum ijtimoiy guruhlar faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan deyishga asos bo‘ladi.
Mamlakatda xon eng katta va yirik mulkdor bo‘lib, xonlik hududidagi barcha boyliklarga, yer, suv, qo‘riq yerlar, ko‘lu anhorlarga egalik qilgan. Ulardan keladigan zakot, xiroj, tanobona va boshqa soliqlar shaklidagi daromadlar xon xazinasini muntazam ravishda to‘ldirib turgan. Xon va uning qarindoshlari, saroy ahli va ma’muriyat, qo‘shinlar va qo‘shin boshliqlari asosan soliqlar hisobidan rag‘batlantirilgan.
Qo‘shbegi – harbiy qo‘shinning boshlig‘i. Bu mansab yurish va jang vaqtlarida berilib, uning egasi mingboshi unvonini olishga da’vogarlik qilgan hamda alohida viloyatga ham hokim bo‘lishi mumkin edi.
Voli yoki voliy (noib, muovin) – tobe etilgan viloyat va tumanlarda xonning o‘rinbosari. Viloyatlarda lashkar unga itoat etgan hamda u viloyatning harbiy ma’muriy ishlariga boshchilik qilgan.
Qal’abon yoki kutvol – Qo‘qon xonligining chegeralarida joylashgan qal’a va istehkomlarining hokimi bo‘lib, shu hududlarning harbiy-ma’muriy, xiroj va boj olish ishlariga javobgar bo‘lgan. Harbiy maqsadga ko‘ra, qal’abon vazifasiga dodxohdan qushbegigacha bo‘lgan shaxslar tayinlangan.
Qo‘rboshi – qo‘rxona ya’ni aslahaxona boshlig‘i. Bu mansab egasi xon va mingboshiga itoat etgan. Qo‘rboshi qo‘rxona, miltiqxona, to‘pxonalarga boshchilik qilib,xomashyo topib kelishdan tortib to tayyor mahsulot ishlab chiqarish va ularni xon qaroriga binoan tarqatib berish jarayoniga javobgar bo‘lgan.
Yofar – soqchilar boshlig‘i. Bu mansab egasining guruhi yuz nafar askardan iborat bo‘lgan. Yofar o‘z guruhining hisob-kitobi, yillik xarajatini askarlari uchun xazinadan olib bergan. Manbalarda yofarlar g‘allagir (g‘alla oluvchi), javgir (bug‘doy oluvchi) va sarpo oluvchi sifatida ham qayd etilgan.
To‘pchiboshi – to‘pchilar, zambarakchilar guruhi boshlig‘i.
To‘qsabo – o‘zlarining tug‘iga ega bo‘lgan harbiy guruhning boshlig‘i. - Ponsadboshi – besh yuz nafar askardan iborat guruh rahbari.
Yuzboshi – yuz kishilik harbiy dasta boshlig‘i.
Panjohboshi – ellikboshi, ellik nafarli harbiy guruh boshlig‘i.
Dahboshi – o‘n kishilik harbiy guruh boshlig‘i.
Qorovulbegi – soqchilar va qorovullar boshlig‘i.
Harbiylar qatoriga askar, sarboz, nukar, sipohi, mergan, mahram, botur, to‘pchi, zanbarchi, qo‘rchi, qorovul kabilar ham kirib, qo‘shin safida, nog‘orachi, surnaychi, to‘g‘chi (bayroqdor) kabilar ham xizmat qilganlar. Bu harbiy unvonlar orasida mingboshidan ponsadboshigacha bo‘lganlari oliy unvonlar, qo‘rboshidan qorovulboshigacha bo‘lganlar o‘rta unvonli mansablar, qolganlari esa past unvonlar hisoblangan. Elikboshidan mingboshigacha bo‘lgan harbiy lavozimdagi amaldorlar o‘z xizmatlariga mulozimlar olganlar. Ponsadboshidan yuqori mansabdagi harbiylarga yana mirzolar va munshiylar ham hizmat qilgan. Manbalarda harbiylarga saroydan yiliga turli hajmdagi maosh berilganligi qayd etilgan.