Qo‘qon xoligidagi saroy unvon va mansablari quyidagilar edi:
Otaliq – xon yoki xonzodaning murabbiysi, ularning homiylari. Ular tarbiyalagan xonzoda taxtga o‘tirganidan so‘ng, otaliqlar ham yuqori mansab va unvonlarni egallaganlar.
Beklarbegi – beklarning begi. Bu unvon xonning vorisiga yoki ba’zi viloyatlarning hokimiga berilgan.
Biy – turkiy qabilalarning boshliqlari.
Devonbegi – xon devonining boshlig‘i, Qo‘qon xonligi viloyatlaridan
Toshkent va Dashti qipchoq mulkida ham devonbegi mansabi bo‘lgan.
Xazinachi – davlat xazinasining hisob-kitobiga javobgar shaxs.
Xazinachilar viloyat markazlarida ham faoliyat yuritgan.
Inoq – xonning xos va sirdosh mulozimi.
Eshikog‘asi yoki chehraog‘asi – eshik oldidagi soqchi, posbon. Xon mahramlari va soqchi-mulozimlarining boshlig‘i. Notanish kishilarni xon huzuriga ijozatsiz qo‘ymaslikka javobgar shaxs.
Parvonachi – bu unvon egasi xon nomiga kelgan xat va arizalarni saroyga olib kirib, javobini olib chiqqan. Bu unvon boshqa unvon sohiblariga ham berilgan.
Dodxoh – xon oldiga fuqarolarning xohish-istak hamda maqsadlarini bayon etish huquqiga ega mansab, saroy unvoni.
Dasturxonchi – xon dasturxoniga, umuman, oshxonasiga javobgar saroy mansabi.
Saroy qorovulbegisi – xon o‘rdasining soqchilariga boshliq bo‘lgan saroy amaldori.
Tunqator – tun bo‘yi uyg‘oq bo‘ladigan soqchi. Xonning dam olishi va yurishlari vaqtida qo‘riqchilik qilib, xonning yaqin kishilaridan tayinlanadigan amaldor.
Oftobachi – xonning xos mulozimlaridan bo‘lib, uning yuvinishi va tahorati vaqtida xizmat qiladigan amaldor.
Sharbatdor – eng oliy va faxriy unionlardan bo‘lib, xonning xos majlislari va safarlarida hizmatda bo‘lgan.
Hidoyatchi – xon saroyiga yuborilgan tortiq va sovg‘alarni qabul qilib olib, xon nazaridan o‘tkazuvchi amaldor.
Shig‘ovul – saroyga tashrif buyurgan elchilar va choparlarni xon huzuriga boshlab kiruvchi amaldor. Manbalarga ko‘ra, bu mansabdagi amaldorning vazifalari keng bo‘lgan.
Sarkor – saroydagi xon amaldorlarining boshlig‘i. Bu mansabdagi shaxs xonga tegishli shifoxonalar, korxonalar hamda qurilish ishlariga ham boshchilik qilgan.
Qushbegi (mirishkor) – ov paytida xonga hamrohlik qiladigan mansab egasi. Qushbegining ovchi itlari, lochin va burgutlari bo‘lib, ov paytidagi xonning dam olish jarayonlariga ham bu shaxs javobgar bo‘lgan.
Salomog‘asi – xon nomidan xalqqa salom beruvchi.
Kitobdor – saroy kitobxonasi uchun javob beradigan amaldor.
Risolachi – elchilar va ularning xat-xabarlariga javob berish uchun mas’ul bo‘lgan saroy amaldori.
Jam’og‘a – xonning suhbati, qabuli hamda bazmlariga ishtirok etuvchilarga xabar berib, chaqirib keladigan saroy amaldori.
Jarchi – xalq yig‘iladigan ommaviy joylarda xonning farmon va buyruqlarini jar solib (baland ovoz bilan) e’lon qiladigan shaxs.
Chopquchi – pichoq yasovchi, xon saroyidagilar uchun qurollar (pichoq, xanjar qilich) yasab, qo‘rchi vazifasini ham bajargan.
Shotir – xon rikobi oldida yuradigan hizmatchi, odamlarni xon kelishidan xabardor etib, ularni ta’zimga chorlab turgan.
Udaychi - xon rikobi oldida yurib, uning sha’niga baland ovoz bilan maqtovli so‘zlar va hamdu sanolar aytib boruvchi hizmatchi.
Yuqoridagi amal va mansab egalari o‘z hizmatlari evaziga yillik maosh (pul, ot, qo‘y, g‘alla ko‘rinishida) olganlar. Bundan tashqari, ularga tegishli yer-mulklar ham berilgan.
Butun o‘rta asrlar musulmon davlatlarida bo‘lgani kabi Qo‘qon xonligidagi musulmon ruhoniylari ham alohida imtiyozlarga ega bo‘lgan ijtimoiy tabaqa hisoblangan. Xonlikdagi davlat boshqaruvida, ta’lim – tarbiyada, sud ishlarida hamda jamiyat hayotining turli sohalarida ularning fikri katta ahamiyat kasb etgan. Qo‘qon xonligida qo‘yidagi diniy va qozixona mansab, unvon hamda amallari mavjud bo‘lgan:
Shayx ul-islom – dindorlarning eng oliy unvoni bo‘lib, 1818 yilda Umarxon tomonidan joriy etilgan.
Xoja kalon – fikh olimi (huquqshunos) ning faxriy unvoni.
Xalifa – o‘rinbosar. Qo‘qondagi naqshbandiya, qalandariya, yassaviya taraqqiyotlarining rahbarlari.
A’lam – faqih, olim hamda shariat qonun – qoidalarning bilimdoni.
Oxund – bilimli va madrasada o‘qiydigan kishi.
Sudur – vaqf mulklarining daromadlari hamda hisob – kitobiga javobgar mansabdor.
O‘roq – vaqf yerlarining xiroj va soliqlariga mas’ul shaxs, O‘roq shaklidagi nishonni sallasiga taqib yurgan.
Mudarris – madrasada ta’lim beruvchi ustoz.
Imom va imom xatib – masjid imomi hamda juma nomozlarida xutba o‘qib xizmat qiladigan imom.