Bir kuni yozuvchilar uyushmasida mushoira bo`ladi. Mushoiraga raislik qilayotgan Hamid Olijon she’r o`qish navbatini Q.Muhammadiyga beradi. Q.Muhammadiy zavq bilan “Sa’va sayrarkan” she’rini o`qiydi
Bir kuni yozuvchilar uyushmasida mushoira bo`ladi. Mushoiraga raislik qilayotgan Hamid Olijon she’r o`qish navbatini Q.Muhammadiyga beradi. Q.Muhammadiy zavq bilan “Sa’va sayrarkan” she’rini o`qiydi.
Q.Muhammadiyning ijodiy qobiliyatini payqagan H.Olimjon she’r tugashi bilan uni yoniga chaqirtiradi. Qachondan beri she’r yozishini, qaerda ishlashini surishtirib, she’r ma’qul tushganini aytadi. So`ng bolalar uchun she’rlarning kamligi haqida to`xtalib, mana shunday ajoyib she’rlarni ko`proq yozishni ta’kidlaydi.
Quddus Muhammadiy ijodiga xos bo`lgan muhim xususiyatlardan biri hozirjavoblikdir. Shoir asarlarida ona – Vatanga muhabbat, a’lo o`qish, xulq-odobda boshqalarga namuna bo`lishga da’vat etish, fan va texnikani o`rganish muammolari asosiy mavzulardan hisoblanadi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Quddus Muhammadiy Islom shoirga adabiy kotiblik qiladi. Bu yerda u xalq og’zaki ijodi namunalari bilan yaqindan tanishadi. Islom shoirdan ko`p narsalarni o`rganadi.
Shoirning birinchi she’rlar to`plami 1946-yilda “O`quvchiga esdalik” nomi bilan bosilib chiqadi. Shundan keyin uning 60 dan ziyodroq turli nom va tillardagi kitoblari bosilib chiqdi.
Quddus Muhammadiy doimo zarur mavzularda asarlar yaratib keldi. Har bir she’rni kundalik hayotdan olib yozdi. Yozganda ham qiziq yozdi, qizg’in yozdi, soz yozdi. Bolalarni o`qishga, hunar o`rganishga, odobli bo`lishga, mehnatga chaqirdi, qiziqtirdi, yordam berdi. Buni shoirnnig “O`quvchiga esdalik” she’rida ko`rish mumkin.
Asarda maktab o`quvchisining ma’naviy qiyofasi va vazifalariga mufassal to`xtalib, o`qish, bilim o`rganish zarurligini ta’kidlaydi:
San’atkorning qaysi turkumda yaratgan asarini olmang, barchasida hayotbaxsh ruh, da’vatkorlik, bolani nimagadir chorlash, yaxshilik, a’lo o`qish, axloq-odobli bo`lishda boshqalarga o`rnak ko`rsatish, qushlar va jonivorlarga mehribon bo`lishdek ibratomuz ma’no va mazmun yotadi.
Shoir o`quvchi bolalar hayotining faqat eng muhim, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan masalalarinigina qalamga oldi va ularni badiiy jihatdan yorqin va ifodali qilib tasvirlashga urindi. Bu esa u tomonidan ishlatilgan tasvirlash vositalarining naqadar o`rinli va mazmundorligini tasdiqlaydi, obrazli ibora eng qisqa ifodali va mazmundor ibora ekanini isbotlaydi.
Quddus Muhammadiy sofdil, a’lochi o`quvchi bolalarni samimiy sevadi, o`z she’rlarida bunday bolalarni maqtaydi. “A’lochi Sodiq”, “Sinov”, “Mening orzuim”, “Bizning uyda”, “Yasha, Omon!”, “Besh”, “Solijonning darsxonasi” va boshqa she’rlari a’lochi o`quvchilar haqida yaratilganligi bilan muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Shoir bu she’rlari orqali a’lo o`qish, tinmay mehnat qilish bilangina ilm-fan sirlarini egallash mumkinligini bolalar qulog’iga quyadi.
Quddus Muhammadiy ijodining yana bir muhim qirrasi satirik va yumoristik asarlari bilan bog’liq. “Nomsiz erkatoylar haqida”, “Dum”, “Ahmadjonga uyat”, “Lapashang”, “Ravshanjonning qo`li tilga kirdi” kabi ko`plab she’rlarida bolalar xarakteridagi yaramas odatlar ayovsiz tanqid qilinadi. Ayniqsa, shoirning “Dum” she’ri shu jihatdan xarakterlidir. Ulgurmovchi, uyga berilgan vazifani tayyorlamay «dum» bilan yuruvchi o`quvchilar haqida nasr va nazmda yozilgan ko`pgina asarlarni bilamiz. Q.Muhammadiy «dum»chilar ustidan kulish uchun mutlaqo yangi so`z va obraz topgan.