Friktsion ishsizlik. Unga ish qidirayotgan yoki yaqin vaqtlar ichida ish bilan ta’minlanishni kutayotgan ishchi kuchlari kiradi. Ishsizlikning bu turi asosan mavsumiy ishlar, ishlab chiqarishdagi eski modelning yangisi bilan almashtirilishi, ish yoki turarjoylarni o’zgartirishlar, o’quv yurtlarini tugatish va shuningdek, boshqa sabablardan kelib chiqadi. U doimo mavjud bo’lib, ma’lum bir darajada kerakli hisoblanadi.
Strukturaviy(tarkibiy) ishsizlik. Unga asosan malakalarini o’zgartirishi va oshirishi, ma’lumot olishi, kasb egallashi lozim bo’lgan ishsizlar guruhlari kiradi. Friktsion ishsizlik bilan strukturali ishsizlikning asosiy farqi shundaki, birinchisida, ma’lum malaka va tajriba mavjud bo’ladi va undan foydalanib, ish joylarini tezroq topib olishadi, ikkinchisida esa, ishchi kuchi darhol va tezroq ish joylarini topa olmaydi. Strukturali ishsizlik iste’mol bozori ma’lum mahsulotlar bilan to’ldirilganda va ularga ehtiyoj qolmaganda paydo bo’ladi.
Davriy ishsizlik asosan ishlab chiqarishning pasayishi natijasida ishchi kuchiga bo’lgan talabning kamayishidan paydo bo’ladi. Davriy pasayish tovar va xizmatlarga bo’lgan yalpi taklifning kamayishini, shunga muvofiq, yalpi taklifning kamayishini, va oqibatda aholining ish bilan bandligi qisqarishi va ishsizlikning o’sishini bildiradi.
To’la ish bilan bandlik barcha ishchi kuchining 100% ish bilan ta’minlanganligini bildirmaydi. Aksincha, friktsion va strukturali ishsizlik ilojsiz hol bo’lganligini hisobga olsak, biz mutlaq to’la ish bilan bandlilikka erishib bo’lmasligini tushunamiz.
Agarda davriy ishsizlik bo’lmasa, u holda to’la ish bilan bandlilikka erishiladi. To’la ish bilan bandlik davridagi ishsizlik, ishsizlikning tabiiy darajasi deyiladi. Bunga ish qidiruvchilar soni bo’sh ish joylari soniga muvofiq kelsagina erishish mumkin.
Ishsizlikning tabiiy darajasi birinchidan, u iqtisodiyotning ishlab chiqarish potentsialidan to’liq foydalanayotganligini ko’rsata olmaydi, chunki amaliyotda ishsizlik darajasi «ishsizlikning tabiiy darajasi»dan ko’proq bo’ladi, ikkinchidan, ishsizlikning tabiiy darajasi doimiy emas, chunki u qonun va milliy an’analar bilan bog’liq holda o’zgarishini bilishimiz lozim.
Umumiy holda ishchi kuchi ish bilan band va faol ish qidirib yurgan ishsizlarga bo’linadi. Ishsizlik darajasi deb ishsizlarning ishchi kuchiga nisbatiga (% hisobida) aytiladi va uni quyidagi formula bilan aniqlash mumkin: