Referat mavzu: Dinlarining tarixiy ildizlari va shakllari zardushtiylik va yaxudiylik dinlari


Yahudiylik dinining yuzaga kelishi



Yüklə 51,14 Kb.
səhifə4/4
tarix27.12.2023
ölçüsü51,14 Kb.
#199137
növüReferat
1   2   3   4
Referat mavzu Dinlarining tarixiy ildizlari va shakllari zardus

4. Yahudiylik dinining yuzaga kelishi.
Yahudiylik dinining yuzaga kelishi Dunyodagi eng qadimiy milliy dinlardan biri bo‘lgan Yahudiylik taxminan mil.avv. 2 – ming yillikda Misrda paydo bo‘lgan. Ushbu din taʼlimotiga ko‘ra, Xudo 400 yil davomida Misrda qullikda saqlanib kelgan Ibrohim avlodlarini ozod qilib, Misr yerlaridan olib chiqib ketgan Muso (Moshe)ga Sinay tog‘ida vahiy yubordi va yahudiylik dini yuzaga keldi, deb hisoblanadi. Hozirda dunyo bo‘yicha taxminan 15-20 million kishi yahudiylikka eʼtiqod qiladi. Ulardan 4,4 millioni Isroilda, 6 millioni AQShda, qolganlari esa Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlarida istiqomat qiladi. Yahudiylikning muqaddas kitoblarida Bani Isroil bilan Tangri orasidagi “ahd”ga keng o‘rin berilgani uning eng muhim xususiyatlaridan biridir. Shuning uchun ham, bu din “Ahd” dini sifatida ham eʼtirof etiladi.
Yahudiylik yagona Xudoga, muqaddas kitobga va payg‘ambarlarga imon keltirilishi bilan milliy dinlardan, milliylashtirilishi bilan esa, ilohiy dinlardan ajralib turadi. Yahudiylikda diniylik va milliylik o‘zaro birlashib ketgan bo‘lib, ularni bir-biridan alohida tushunish mumkin emas.
Yahudiylik dini vakillari tarixiy va adabiy – badiiy manbalarda “yahudiy”, “ibroniy” va “isroil o‘g‘illari” kabi nomlar bilan tilga olinadi. Bani Isroilning 12 qabilasiga asos solgan, deb hisoblanadigan Ishoq payg‘ambarning o‘g‘li Yaʼqubning 12 o‘g‘lidan birining ismi “Yuda” yoki “Yahuda” bo‘lgan degan taxmindan kelib chiqqan holda uning ismiga monand ravishda “yahudiy” atamasi shakllangan. Muso payg‘ambarning “Biz senga qaytib, yolvordik” so‘zlariga tayanib bayon etilgan boshqa bir taxminga ko‘ra, yahudiy so‘zi arabcha “هاد”(hoda) o‘zagidan kelib chiqqan bo‘lib, “qaytish” va “tavba qilish” maʼnolariga ega.
Tarixiy manbalarda “ibroniy” atamasi (ibr. “Ibri” – “narigi tomonning odami, kelgindi”) Frot va Iordan daryolarining narigi tarafidan kelgan ko‘chmanchilarga nisbatan ishlatilgan. Bu nom Falastinning Kanʼon o‘lkasida yashovchi mahalliy xalq tomonidan Yahudiylarga nisbatan ham ishlatilgan va davrlar o‘tib, ushbu ikki so‘z sinonimlarga aylangan.
Yahudiylarning o‘zlari orasida keng tarqalgan qarashlarga ko‘ra, “Isroil” atamasi “Xudo bilan kurashib uni yenggan” degan maʼnoni anglatadi. “Ibtido” kitobining 32 – bobi 28 – matnida keltirilishicha, bugungi kunda barcha yahudiylarga nisbatan ishlatiladigan “Isroil o‘g‘illari” nomi Yaʼqub payg‘ambarga Xudo tomonidan berilgan.
Yuqoridagi kabi yondashuvlarni umumlashtirgan holda mutaxassislar orasida bu xalq Kanʼon (Falastin)ga joylashishdan oldin yahudiy, Kanʼonda ibroniy, keyinroq esa Bani Isroil deb nomlangan va ushbu uch atama bir-birining o‘rniga ishlatilgan, degan qarashlarda muayyan yakdillik mavjudligini alohida qayd etish lozim.
Umuman olganda, yahudiylikda nasl–nasab otaga emas, balki onaga qarab belgilanishidan kelib chiqqan holda yahudiy onadan tug‘ilganlar boshqa din tanlamaydilar. Agar boshqa millat vakillari yahudiylikka o‘tishni istasa, unda u ruhoniylar tomonidan belgilab qo‘yilgan diniy qonun–qoidalarga itoat etishi shart hisoblangan. Muqaddas manbalari har bir din asoslarini qamrab oladigan manbalar mavjud. “Tanah” va “Talmud” Yahudiylikning ana shunday manbalaridan hisoblanadi. “Tanah” (xristianlarda “Qadimgi ahd”) “Tora” (“Tavrot”), “Naviim” (“Payg‘ambarlar”) va “Ketuvim” (“Kitoblar”) kabi uch bo‘limdan tashkil topgan. “Tanah” nomi esa, ana shu uch bo‘limning ibroniycha bosh harflarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Mazkur manba “Kitve kodesh” (“Muqaddas kitoblar”), deb ham yuritiladi.
“Tanah” (“Qadimgi ahd”) xristianlikning ham muqaddas kitobidir. Shunday bo‘lsa-da, ularning bo‘limlari borasida juzʼiy farqlar uchraydi. Jumladan, “Bibliya”da “Qadimgi Ahd” 39 ta kitobni o‘z ichiga olsa, yahudiylikda baʼzi qismlar birlashtirilgani uchun 24 ta kitobdan tashkil topgan.
“Tanax”ning birinchi bo‘limi “Tora” (ibr. – qonun, amr, dars, rahbar)ning o‘zi besh kitobdan iborat. U Xudo tomonidan Muso payg‘ambarga Tur tog‘ida tahminan mil. avv. 1571 yilda nozil qilingan, deb eʼtiqod qilinadi. Yahudiylikda mil. avv. 586 yilda ravvinlar va yahudiy dini arboblari tomonidan jamlangan “Bobil Tavroti”ga tayanilsa, xristianlikda uning yunon tiliga tarjima qilinishi natijasida “Yunon Tavroti”, shuningdek, tarjima qilishda 72 ta yahudiy ruhoniy ishtirok etganidan kelib chiqib “septuaginta” deb nomlangan “Tavrot”ga asoslaniladi.
Besh kitobdan iborat “Tavrot”ni ifodalash uchun ibroniycha “Humash”, yunoncha “Pentateukhos” (penta: besh, teukhos: kitob), G‘arb tillarida pentakok (Pentateuch-Pentateuque) kabi so‘zlar ishlatiladi.
50 bobdan iborat “Ibtido” (ibr. – “Bereshit”) kitobi “Tavrot” tarkibidagi birinchi kitob hisoblanadi. Unda ilk inson va koinotning yaratilishidan to isroil xalqining Misrga kelib joylashishigacha bo‘lgan voqealar tadrijiy ravishda bayon qilingan. 40 bobdan iborat “Chiqish” (ibr. – “Shemot”) kitobida esa, isroil xalqining Muso boshchiligida Misrdan chiqishi va shu voqea bilan bog‘liq tafsilotlar hikoya qilingan. 27 bobdan iborat “Loviylar” (ibr. – “Vayikra”) kitobida esa, yahudiylik dinining asosiy axloqiy asoslari va diniy ko‘rsatmalar, gunohlarning kafforati, isteʼmoli harom qilingan narsalar, taqiqlangan nikohlar, diniy marosimlar, bayramlar va qurbonliklar bilan bog‘liq masalalar yoritilgan.
Bani isroilning cho‘lda o‘tkazgan hayoti va boshdan kechirgan hodisalari, qoya toshdan suv chiqarilishi, o‘lim va ilon vositasida shifo topish bilan bog‘liq bo‘lgan maʼlumotlar esa 36 bobdan iborat “Sonlar” (ibr. – “Bamidbar”) kitobida keltirilgan. Musoning o‘limi, dafn etilishi, tutilgan aza va shu kabi masalalarni o‘z ichiga olgan 34 bobdan iborat “Ikkinchi qonun” (ibr. – “Dvarim”) kitobi esa “Tavrot”ning so‘nggi qismini tashkil etadi.
“Tanax”ning 2-bo‘limi bo‘lgan “Naviim” kitobi 8 bobdan iborat. Unda Hokimlar (ibr – Shoftim), I va II-Samuel, I va II Qirollar (ibr. – Malaxim), Yoshuʼa, Yirmiyax, Ixzqiyol, Hashuʼ, Yo‘ʼel, Amos, Ovadya, Yonah, Miha, Nahum, Xavakuk, Tzefaniya, Xagai, Zakariyyo, Malaxi kabi payg‘ambarlar faoliyati, jumladan, ularning yakkaxudolik g‘oyasini targ‘ib qilish borasidagi harakatlari, hayot yo‘llari va amallari haqida so‘z boradi.
“Ketuvim” kitobi esa, Tehilim (Zabur), Mishle (Sulaymoninng Masallari), Iyov (Ayyub), Shir ashirim (Nashidalar nashidasi), Kohelet (Voiz), Rut, Ester, Yeremyaning marsiyalari, Doniyol, Uzayr va Nehemya, Divre Ayamim (I va II Tarixlar) kabi qismlardan iborat bo‘lib, ularda ibodat vaqtida o‘qiladigan duolar, shuningdek, tarixiy voqealar bayon qilingan.
“Tavrot”ning tafsiri sifatida eʼtirof etiladigan “Talmud” (ibr. – “o‘rganish”) og‘zaki tarzda avloddan avlodga o‘tib kelgan. Keyinchalik ularni unutish xavfi paydo bo‘lishi, vaqti-vaqti bilan “Tavrot” va tafsir taʼlimining taqiqlanishi, yahudiylikning kelajagiga tahdid sola boshladi. Bundan tashvishga tushgan yahudiy ruhoniylari og‘zaki bo‘lgan “Talmud”ni yozma shaklga keltirganlar. “Talmud” yahudiylar uchun “Tavrot” kabi ahamiyatga ega bo‘lib, uning vahiy va ilhom mahsuli ekaniga ishonilib, uni inkor qilgan kishi yahudiy, deb eʼtirof etilmaydi. Qadimdan “Talmud”ning hajmiga alohida eʼtibor berishgan. Shuning uchun ham, mavjud “Talmudlar”ning barchasi 2947 varaq va 5894 betdan iborat. “Talmud” “Mishna” (ibr. – “o‘rganish”, “taʼlimot”) va “Gemara” (ibr. – “xotima”) kabi ikki bo‘limga bo‘linadi. 190-200 yillar oralig‘ida patriarx Yahuda ha-Nasi (135-220) tomonidan jamlangan “Mishna”da Xudo tomonidan Sino tog‘ida Musoga vahiy qilingan yahudiylikning diniy, axloqiy asoslari bayon etilgan, deb eʼtiqld qilinadi. “Gemara” esa, “Mishna”ning bayoni va sharhidir.
Yüklə 51,14 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin