Mavzu: Muhammad Aminxo'ja Muqimiy.
Muqumiy lirikasi
REJA:
Shoirning hayoti va faoliyati.
Shoirning ijodiy merosi. Lirikasi.
Muqimiy XIX asr o'zbek adabiyoti ravnaqiga juda yirik hissa qo'shgan yuksak iste'dod sohibidir. Muqimiy ijodi o'zbek adabiyoti taraqqiyotida muhim bosqich bo'ldi. Asosan XIX asrning ikkinchi yarmida anchagina jonlangan Qo'qon adabiy muhitining ko'zga ko'ringan namoyondasi ham Muqimiydir.
Shoirning hayoti va faoliyati.
Muqimiyning asl ismi Muhammad Aminxo'ja, otasining oti Mirzaxo'jadir. Muqimiy esa shoirning adabiy taxallusi bo'lib, arabcha "muqim" (arabcha "turg'un" degani) so'zidan olingan. Muhammad Aminxo'ja Mirzaxo'ja o'g'li Muqimiy 1850-yilda Qo'qonda novvoy oilasida tug'ildi.
Otasi Mirzaxo'ja asli toshkentlik bo'lib, 1835 — 36-yillarda Qo'qonga ko'chib kelgan va shu yerda turg'un yashab qolgan. Onasi Bibioysha (Oyshabibi) xo'jandlik bo'lgan. Mirzaxo'ja bilan Bibioysha turmushlarida to'rt qiz va bir o'g'il ko'rganlar Qizlarining ismlari Tojinisa, Ulug'bibi, Saydinisa, Mehrinisa bo'lgan.
Muhammad Aminxo'janing onasi Bibioysha adabiyot va san'atni sevgan, o'qimishli, zukko, so'zamol, ayollardan bo'lgan. U o'z ertaklari, naqllari, qo'shiqlari bilan o'tirishlarga fayz bag'ishlagan, dugonalari yuragida zavq-shavq uyg'otgan o'qimshli ayol edi. Shuning uchun ham Qo'qon ayollari o'rtasida katta obro' va samimiy muhabbat qozongan Bibioyshani dugonalari sevib "Xumorbibi" deb chaqirishgan. Xumorbibidagi bu ma'naviy xislat, shubhasiz, o'g'li Muqimiyga ham ta'sir etdi va unda juda erta estetik zavq uyg'onishiga sabab bo'ldi.
Bo'lajak shoir ibtidoiy savodni eski maktabda oladi. Keyinroq Qo'qondagi "Hokim oyim" madrasasida ta'limni davom ettiradi. 1867-yilda onasi vafot etadi. Bir oz vaqt o'tgach, otasi Mirzaxo'ja Ziyodabibi ismli ayolga uylanadi.
Muhammad Aminxo'ja 1872 — 73-yillarda Qo'qon madrasasini bitirib, Buxorodagi "Mehtar Oyim" madrasasida o'qishni davom ettiradi. Shu yillari uni o'gay onasining qizi Sanambibiga uylantirishadi Muhammad Aminxo'ja avval Qo'qon, so'ngra Buxoro madrasalarida uzoq muddat davom etgan o'qish davrida ijodiy ish shug'ullanadi va "Muqimiy" taxallusi bilan talaygina she'rlar ham yozadi. Muqimiyning madrasa hayoti o'n yildan ko'proq davrni, ya'ni 1864—1865-yillardan 1875—1876-yillargacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi.
1877-yilda u Qo'qondagi yer qurilish mahkamasida mirzalik vazifasida ishlaydi. Bu yerda shoir ayrim yer o'lchovchi amaldorlarning turli hiyla-nayranglarini ko'radi. Mehnatkash xalqning og'ir turmushi-yu tekinxo'r boylarning shohona hayotini ko'zi bilan ko'rgan Muqimiy, shularning taassurotida "Tanobchilar" hajviyasini yozadi. Muqimiy bu vazifada uzoq ishlamaydi, ishini o'zgartiradi. Sirdaryo bo'yidagi Oqjar paromida pattachi bo'lib ishlay boshlaydi. Shoir bu yerdagi ahvolni, ba'zi shum, battol odamlarning badqiliqlarini shunday hajv qiladi:
Kelganim ushbu makonga qiladur manga alam,
Loyiqi tab' yo'q odamki, desam hasratu g'am.
Gaplashurga kishi yo'q ertadin oqshomg'acha ham,
Кип sovaq, qora chiroq, go'rdek uyu o'tun kam.
Chiqsam eshikka qilur to'rg'ayi chuldur-chuldur.
Kema vajhini demaslarki, beribon qutulay,
Tarzi bir hiyla qilib, derki yukumni yashuray,
Bilsa sarkori, "pocho!" deb etagiga osulay
Iki pul ber yana buyruqqa qarab, — desa, degay:
"Na qilursan, chaqamiz yo'q, mana o'ldir-o'ldir".
Shundan keyin shoir Oqjar paromidagi pattachilik ishidan voz kechib, Qo'qonga qaytadi. Bu vaqtda u butun kuchini ijodga bag'ishlaydi, xalqchil she'rlari bilan xalq e'tiborini qozonadi. Oradan ko'p vaqt o'tmasdan, 1885 —86-yillarda oilada yana bir noxushlik bo'ladi, otasi Mirzaxo'ja vafot etadi. Shoir otasidan qolgan hovlini sotib, o'gay ona va singillariga bo'lib beradi. O'zi esa madrasadan bir hujra olib, umrining oxiriga qadar o'sha yerda yashaydi.
Muqimiyning ilmi va dunyoqarashi anchayin keng bo'lgan. U riyozat, handasa va tib ilmidan o'z davriga ко'га yaxshigina xabardor bo'lgan.
Muqimiy ilk bora 1887- 1888-yillarda Toshkentga keladi. Uning bu ilk sayohati samarali kechdi, ota urug'larini topdi, ijodkor do'stlar davrasida bo'ldi. Nodim Namangoniy, Almaiy, Karimbek Kamiy kabi davrning ilg'or shoirlari bilan shaxs va shoir sifatidagi do'stlashuvi ham shu yerda ro'y berdi.
Shoir umri davomida iqtisodiy qiyinchilikda yashadi. Uning birdan-bir tirikchilik manbai xattotlik edi. Kishilardan buyurtmalar qabul qilib, ular uchun xat yozib, kitob ko'chirib, shundan tushadigan daromad hisobiga kun o'tkazgan.
Hujradagi faqirona hayot, turli noxush voqealar, oilaviy mojarolar, jamiyatdagi tengsizlik va haqsizlik, jismu joniga kelgan kasalliklar uning hayotini yemira bordi. Alal oqibat, xalq shoiri Muqimiy 1903-yil 25-mayda 53 yoshida vafot etdi.
Dostları ilə paylaş: |