Umum taʼlim maktablarida tasviriy sanʼat fanini oʻrganish
Naturaga qarab rasm ishlash mashg’ulotlari narsalarning tuzilishi, shakli, rangi, o’lchovlari, ularning xarakterli, tipik belgilarini bilish imkonini beradi. SHu orqali bolalarda kuzatuvchanlik, xotira, estetik did, obrazli tafakkur kabi eng muhim tasviriy malakalar shakllantiriladi va rivojlantiriladi. Ular tik, yotiq, og’ma, egri, to’lqinsimon chiziqlarni chizish, bo’yoqlar bilan tegishli yuzani bir meyorda bo’yash, och tusdan to’q tusga va aksincha to’qdan ochga o’tish, o’quvchilar to’g’ri va egri chiziqlarni teng bo’laklarga bo’lish malakalarni o’zlashtiradilar. CHizilayotgan rasm mazmunidan kelib chiqqan holda qog’oz formatini to’g’ri tanlashni hamda rasmni qog’ozda kompozitsion jihatdan to’g’ri joylashtirishni o’rganadilar. SHuningdek, rasmni bosqichlar asosida ishlashni o’zlashtiradilar.
Naturaga qarab rasm ishlash mashg’ulotlarida o’quvchilar mo’yqalam, rangli qalamlar, akvarel, guashь bo’yoqlari bilan ishlash yo’llarini o’rganadilar, imkoni bor joylarda ko’mir (ugolь), sous, pastel, sangina kabi materiallar bilan ham ish olib boradilar.
Amaliy ishlarda odam, hayvon, qushlar gavdasining tuzilishi, ular qismlarining o’lchov nisbatlari, shakllarini to’g’ri aks ettirish malakalari takomillashtiriladi. Yorug’soya, rangshunoslik, perspektiva, kompozitsiya yuzasidan nazariy ma’lumotlar berish bilan bir qatorda o’ziga qarab alohida va natyurmort ishlash yuzasidan amaliy ishlar bajariladi.
Tasvirlash jarayonida naturani tahlil qilish, ularning qismlarini bir-biri bilan taqqoslash, umumlashtirish kabilar rasm ishlovchining e’tibor markazida bo’ladi. Bunda, ayniqsa, chiziqlar ravonligi, ranglarning nafis va mutanosibligi, ifodalangan go’zallikni zehnlab tasvirlay olishga alohida e’tibor beriladi.
Yuqorida qayd qilingan vazifalar 1-2 soat davomida va qisqa muddatda (5-10 daqiqa) bajariladigan qoralama va ranglamalar shaklida bajariladi. Bu ishlar alohida mavzu asosida yoki mashg’ulot mazmunidan kelib chiqqan holda darsning boshlanish, o’rta yoki oxirida amalga oshiriladi. Yuqorida qayd qilingan vazifalar va topshiriqlar o’simlik va daraxt barglari, turli shakl va rangdagi gullar, meva va sabzavotlar, hunarmandchilik va amaliy san’at buyumlarini alohida va to’p holda natyurmort tarzida rasmini chizdirish orqali amalga oshiriladi.
Naturaga qarab bajariladigan topshiriqlar qush, hayvon, odam tasvirlarini to’la yoki xomaki rasmini ishlashni ham nazarda tutadi.
Boshlang’ich sinflarda ko’proq bolalarning tasviriy imkoniyatlariga mos keladigan bayroqcha, soat, havo shari, o’yinchoq mashinalar, ninachi, kapalak, tilla qo’ng’iz kabi hashoratlarni rasmini ishlash nihoyatda qo’l keldi. Bunday mashg’ulotlar uchun natura tanlashda o’qituvchi, ularning estetik ko’rinishiga, shakl, rang jihatidan bolalarda qiziqish uyg’otadigan bo’lishligiga o’z e’tiborini qaratadi.
Kompozitsion faoliyat o’z mazmuniga ko’ra uch qismga bo’linadi. 1. Rangtasvir kompozitsiyasi. 2. Dekorativ kompozitsiya. 3. Haykaltaroshlik kompozitsiyasi.
Kompozitsion faoliyat o’quvchilarda badiiy-ijodiy qobiliyatni, o’z fikr va taassurotlarini rasmda obrazli qilib tasvirlash hamda badiiy didni o’stirishni maqsad qilib qo’yadi.
Rangtasvir kompozitsiyasi mashg’ulotlari tevarak-atrofdan olingan ko’rinish va hodisalarni uning barcha janrlarida (manzara, turmush, natyurmort, tarixiy, animalistik, afsonaviy, marina) amaliy ishlar shaklida bajarishni nazarda tutadi. Bu amaliy ishlar bevosita yorug’soya, rangshunoslik, perspektiva yuzasidan olib boriladigan nazariy bilimlar bilan bog’liq holda amalga oshiriladi. Bunday amaliy mashg’ulotlarda bolalar naturani kuzatish, (qoralama, ranglama, uzoq davom etadigan rasm ishlash) xotiradan, tasviriy san’at asarlaridan olgan bilim va malakalarga tayangan holda ish olib boradilar. O’quvchilar tanlangan mavzuga ko’ra uning elementlarini qog’oz yuzasida bir-biriga bog’liq holda joylashtirish, yaxlit kompozitsiyani hosil qilish, mavzu mazmuniga mos keladigan kompozitsiyani topish uchun bir qancha xomaki ishlar, eskizlar ishlaydilar. Kompozitsiya tuzishda bolalar obrazlarning tipik belgilarini tanlab olib, qismlarning o’rnini almashtirib, qo’shimcha detallar kiritish orqali kompozitsiya mazmunini boyitish kabilarga alohida e’tibor beradilar. Unda kompozitsiyaning bir butunligi, qismlarni, shakllarni, ranglarni xillashtirish va ular o’rtasidagi bog’lanish va kontrastlik, asardagi hamma vositalarning bosh g’oyaga bo’ysindirish kabi qonun va qoidalar hisobga olinadi.
Rangtasvir kompozitsiyasi darslarida o’quvchilar bo’yoqlar bilan tasvirlash, tasvirda asosiyni bo’rttirib ko’rsatish, tasvirda uzoq-yaqinlikni ifodalashda perspektiva qoidalariga amal qilishni o’rganadilar.
Dekorativ kompozitsiya mashg’ulotlarida badiiy-bezak ishlarida foydalaniladigan yo’lsimon, kvadrat, to’rtburchak, doira naqshlar, ochiq va yopiq naqshlar, nomoyon naqsh namunalaridan ko’chirish va mustaqil ijodiy ishlarni o’rganadilar. Bu ishlar bevosita buyum bezagi bilan bog’liq holda amalga oshiriladi.
SHuningdek, taklifnoma, tabriknomalar tayyorlash kabi amaliy ishlar ham bajariladi. Milliy va chet el xalqlarining liboslari uchun eskizlar tayyorlanadi, tabiiy shakllarni stilizatsiyalash yuzasidan mustaqil ishlar olib boriladi. Dekorativ kompozitsiya mashg’ulotlarida halq ertaklari, hikoyalar, dostonlar, she’rlar mazmuniga eskizlar ishlash katta o’rinni egallaydi. Bunda bolalar kitoblarni ichki va tashqi (muqova) bezagiga doir (bosh bezak, yakuniy bezak, zarhal harf, illyustratsiya) ishlarni bajaradilar. Dekorativ ishlarda o’quvchilar buyumlarning vazifalari, ularning shakli, bezak elementlarining o’zaro bog’liqligi haqida elementar tushunchalarga ega bo’ladilar hamda yuksak mahorat bilan tasvirlangan narsalarni didsiz, pala-partish ishlangan narsalardan farq qilishni o’rganadilar.
Dekorativ kompozitsiya darslarida bolalarga har qanday naqshlarning elementlari tevarak-atrofdagi narsa va hodisalardan olingani haqida tushuncha beriladi. Binobarin, naqsh ishlash mashg’ulotlarida rasm ishlovchi real shaklni o’zgartirishi, uni soddalashtirishi, unga yangi elementlarni qo’shishi mumkinligini o’rganib oladi.
SHu bilan birga o’quvchilar turli xalqlarning bugungi dekorativ-amaliy san’ati hamda dizayn san’ati bilan tanishadilar. Dizayn ishlarida bolalar dazmol, choynak uchun taglik, quticha, libos uchun bezak eskizi, televizor, kreslo, yengil avtomobilni yangi markasi eskizlarini ishlash bilan shug’ullanadilar.
Haykaltaroshlik kompozitsiyasi mashg’ulotlarida odam, hayvon, qushlarning alohida haykallari, sport, hayvonot olami mavzularida, xalq ertaklari asosida tasviriy ijodiy ishlar bajariladi. Dekorativ haykaltaroshlik o’quvchilarda turli dekorativ bezakli rel’eflar va o’yinchoq haykallar ishlash orqali maxsus bilim hamda malakalar hosil qiladi. O’zbek halq kulolchilik san’ati an’analari asosida "Toychoq", "Qo’zichoq", “Bo’taloq“ kabi o’yinchoq haykalchalar ishlanadi. Fantastik mavzularda, dev, ajdarho, kentavr, suv parisi, xumo qushi kabilarni dekorativ haykallari ijodiy tarzda bajariladi. Bunday mashg’ulotlarda bolalar stek bilan ishlash, loy yoki plastilinni dumaloqlash, bosib yapaloqlash, silliqlash, cho’zish usullarini o’rganadilar.
Haykaltaroshlik mashg’ulotlarida ikki xil ish uslubi mavjud bo’lib, ularning birinchisi alohida-alohida loy yoki plastilin bo’laklarini bir-biriga yopishtirish orqali haykal ishlash bo’lsa, ikkinchisi yaxlit loy bo’lagiga stek bilan ishlov berish orqali haykal ishlashdir. Bularni bolalar yakka yoki guruh bo’lib bajaradilar. Kompozitsiyalardagi obrazlar soniga qarab, guruhdagi bolalar soni kam yoki ko’p bo’lishi mumkin.