Sovetlar davrida bajarilgan yer tuzish ishlari. Oktabr revolyutsiyasidan keyin yer tuzish chuqur agrar o‘zgarishlarning vositasiga aylandi. Sovet hokimiyatining birinchi yillarida uning asosiy vazifasi 1917 y. 26 oktabrda (8 noyabrda) Ikkinchi butun Rossiya Sovetlar s’ezdi tomonidan qabul qilingan yer to‘g`risidagi «Dekret»ni hayotga tadbiq qilishdan iborat edi. Хususan tortib olingan yerlarni mehnatkash dehqonlarga foydalanishga berishning amaliy masalalari yechildi.
Yer to‘g`risidagi «Dekret»ning ahamiyatli qoidalaridan biri dehqonlar so‘rovlari asosida tuzilgan, yerga uning ostiga, o‘rmon va suvlariga bo‘lgan xususiy mulkchilikni bekor qilish edi. Dehqonlarga yerdan foydalanish shakllarini o‘zlari tanlash huquqi berildi.
Revolyutsiyadan keyingi birinchi yillarning murakkab sharoitida me’yoriy aktlar tayyorlandi va chop etildi, ularda yer to‘g‘risidagi dekretning asosiy qoidalari yanada rivojlantirildi. Ularning orasidagi eng ahamiyatlilari - BMIQ 1918 y. 19 fevralda e’lon qilingan «Yerni ijtimoiylashtirish to‘g‘risida», va BMIQ tomonidan 1919 y. 14 fevralda tasdiqlangan «Sotsialistik yer tuzish va sotsialistik dehqonchilikka o‘tish choralari to‘g‘risidagi» qoidalardir.
Yuqoridagi hujjatlarning keyingisida «yer tuzish asosida kam mehnat sarfi bilan, Sovet respublikasini ko‘p miqdordagi xo‘jalik boyliklari bilan ta’minlovchi yagona ishlab chiqarish xo‘jaligini tuzishga intilish yotishi kerak» deb ko‘rsatilgan va shaxsiy yerdan foydalanishlarni umumlashtirishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yilgan edi. Bu masalaning yechilishi natijasida mamlakatda 1921 y. kelib kommunalar soni 3313 taga, qishloq xo‘jalik artellari - 10185, yerlarga birgalikda ishlov berish bo‘yicha o‘rtoqliklar - 2514 taga yetdi. 1921 y. hammasi bo’lib 227,9 ming dehqon xo‘jaliklari (1% yaqin) jamoalashtirildi.
1921 - 1927 yillardagi xalq xo‘jaligini tiklash jarayonida asosiy e’tibor shaxsiy dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishga qaratildi. Ular oziq-ovqat muammosini yechish va mamlakatning iqtisodiy ahvolini yaxshilash imkonini beradi deb hisoblandi; belgili darajada buni bajarishga erishildi. Yer tuzish bu davrda yerlarning polosa-polosa bo‘lib, uzoqda va cho‘zilib joylashishlarini, yerdan foydalanishlarning kamchiliklarini tugatish, qishloqlarning yirik yerdan foydalanishlarini bo’lish, ensiz, ko‘p va mayda polosalik yerlarni almashlab ekish dalalariga birlashtirish bilan tugatish ishlari bajarildi.
1923 y. boshidan yer tuzish ishlari RSFSR ning 1922 y. 30 oktabrda qabul qilingan Yer kodeksiga va 1922 y. 22 maydagi mehnat bilan yerdan foydalanish qonuniga mos tarzda bajarila boshladi; bunda asosiy e’tibor hududni oqilona tuzishga qaratildi.
Qishloq xo‘jalik korxonalarida yer tuzishning mazmuni bu vaqtda yerlarni ajratish, qishloq xo‘jalik yerlarining asosiy turlarini chegaralash, yo‘l tarmoqlarini joylashtirishdan iborat edi.
1928 y. boshlab yoppasiga kollektivlashtirish siyosati natijasida mamlakatda shaxsiy dehqon xo’jaliklari rejali tarzda tugatila boshladi. 1928 yilda qabul qilingan «Yer tuzish ishlarini bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar»da yer tuzishning ikki turi: qishloqlararo va qishloqlar ichida o‘tkazilishi tilga olingan. «Хo‘jalikda ichki yer tuzish» atamasi 20-chi yillarning oxiridan boshlab hamma joyda ishlab chiqarish, ilmiy va o’quv adabiyotlariga kira boshladi.
Yoppasiga kollektivlashtirish davrida yer tuzuvchi mutaxassislarning yetishmasligi va yerdan foydalanishlarni tuzish va yangi tuziladigan jamoa xo‘jaliklari hududlarini tashkil etish bo‘yicha ishlarni tezkor bajarish zarurati sababli, yer tuzish soddalashtirilgan usullarda o‘tkazildi va yer ko‘rsatish xarakteriga ega bo‘ldi. Bunda hududlarni o‘rganish va yangi tasvirga tushirish o‘tkazilmadi, oldingi yillarning plan-xarita materiallaridan foydalanildi. 1930 - 1932 yillarda bunday yer tuzish bir necha yuz million gektar yerlarda va yangi sovxozlar maydonlarida o‘tkazildi.
Sovxozlarda ichki yer tuzish markaziy qishloqni, yo‘llarni, suv inshootlarini joylashtirish, qishloq xo‘jalik yerlarini chegaralash va haydalma yerlarni katakchalarga bo‘lishdan iborat edi. U soddalashtirilgan xarakterga ega bo‘lib, faqat ishlab chiqarishni joylashtirish va tashkil etishning oddiy masalalarini yechar edi. Bu o‘sha vaqtdagi kolxoz va sovxoz yerdan foydalanishlaridagi turg‘unsizlik, yirik qishloq xo‘jalik korxonalarini va ularning hududlarini tashkil etish tajribasining yo‘qligi bilan ham bog‘liq edi. Hali yer tuzishni loyihalashning ham unchalik yaxshi nazariyasi yo‘q edi.
Kollektivlashtirish natijasida mamlakatda yerdan foydalanish xarakteri sezilarli darajada o‘zgardi. Yangi yirik xo‘jaliklar faqat mustahkam yer bazasiga ega bo‘lsalargina muvaffaqiyatli rivojlanishlari mumkin edi. Bu masalani yechishda sobiq SSSR BMIQ va ХKK ning 1932 y. 3 sentabrdagi «Kolxozlarning turg‘un yerdan foydalanishlarini yaratish to‘g‘risidagi» qarori ahamiyatli rol o‘ynadi.
Хo‘jaliklar yerdan foydalanishlari maydonlarini va chegaralarini belgilash, ularni yetarli texnik (geodezik) darajada bajarish va huquqiy rasmiylashtirish bo‘yicha ommaviy yer tuzish ishlari sobiq SSSR ХKK 1935 y. 7 iyuldagi «Qishloq xo‘jalik artellariga yerdan muddatsiz (abadiy) foydalanish uchun davlat aktlarini berish to‘g`risidagi» qaroriga asosan o‘tkazildi. Oxirgi 3 yilda 236 ming kolxoz ularga 500 mln ga yerlar berilganligini ko‘rsatuvchi davlat aktlarini olishdi. Bu ishlar jarayonida har xil kamchiliklar – polosa-polosa bo‘lib, har joyda joylashish, uzoq yerlar, boshqa xo‘jaliklarning yerlariga kirib ketish va boshqalar ham tugatildi.
1930 yilga kelib, kollektivlashtirish amaliy jihatdan tugatildi; kolxoz va sovxozlarga 93% dehqon xo‘jaliklari birlashtirildi. Yirik qishloq xo‘jalik korxonalarining yaratilishi natijasida mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga yordam beradigan ularni tashkiliy va iqtisodiy mustahkamlash zarurati paydo bo‘ldi, sababi, mamlakatda oziq-ovqat muammosi tangligi pasaymadi.
Yer tuzishning og‘irlik markazi kolxozlar va sovxozlarda ishlab chiqarishni hududiy tashkil etish tomonga og‘a boshladi. 1933 yildan boshlab, ularda almashlab ekishni tashkil etish, dalalar va brigada uchastkalarini joylashtirish bo‘yicha ishlar boshlandi; ular keyingi davrlarda ham davom etdi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida yer tuzish ishlari cheklangan tarzda o‘tkazildi.Urishdan keyingi yillarda qishloq xo‘jaligining texnik ta‘minoti sezilarli darajada o‘sdi. Faqat 1950 yilda 1940 yilga nisbatan traktor zavodlari va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi zavodlari qishloq xo‘jaligigi traktorlarni (15ot kuchiga o‘tkazilgan)– 4, kombaynlarni–3,8, pluglarini – 4, seyalkalarni 6 baravariga ko‘p ishlab chiqardi. Bu davrda davlat agrar siyosatining yo‘nalishlaridan biri qishloq xo‘jalik texnikasi unumdorligini oshirishga va ishlab chiqarishni samarali tashkil etishga sharoit yaratish maqsadida xo‘jaliklarni yiriklashtirish bo‘ldi. 1950 yildan 1954 yilgacha yer tuzish ishlarining asosiy turi mayda qishloq xo‘jalik artellarini birlashtirish va ularning hududlarini tashkil etish bo‘ldi. Bu o’zgarishlar murakkabroq va har xil yer tuzish ishlarini o‘tkazishni talab etdi. Ozuqa va maxsus almashlab ekishlar, yaylovlar, pichanzorlar, daraxtzorlar hududlarini tashkil etish masalalari ishlana boshladi.
O‘tgan asrning 50 yillari o‘rtalariga kelib qishloq xo‘jalik korxonalarida ichki yer tuzish to‘g`risida tushuncha uzil - kesil bunyod bo‘ldi.
1954 - 1961 yillarda mamlakatda keng hajmda cho‘l va bo‘z yerlarni o‘zlashtirish amalga oshirildi. Bu davrda yer tuzish ishlarining umumiy masalasi yangi sovxozlarda xo‘jaliklararo va xo‘jaliklarda ichki yer tuzish ishlariga qaratildi.
60-yillarning o‘rtalariga kelib qishloq xo‘jaligi korxonalari maydoni bo‘yicha yirik, nisbatan texnika va ishlab chiqarish fondlari bilan ancha yaxshi ta’minlangan xo‘jaliklardan iborat bo‘ldi. Shunga qaramasdan 1960 yildan boshlab, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining o‘sish tezligi pasaydi.
Тarmoqni ekstensiv usullar bilan yuritish uni turg`unlikka olib keldi, asosiy ekinlarning hosildorligi va mollarning mahsuldorligi juda pastligicha qolaverdi.
KPSS MK mart (1965 y.) Plenumida asosiy qoidalari tasdiqlangan yalpi agrar siyosat qishloq xo’jaligi yerlarini melioratsiyalash, ximizatsiyalash va tarmoqni moddiy - texnik jihatdan qayta qurollantirish bilan birgalikda intensivlashga asosiy e’tiborni qaratdi. Тuproq erroziyasining keng tarqalishi va u bilan kurashish zarurati sababli, 1967y. 20 martda "Тuproqlarni shamol va suv erroziyalaridan himoya qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar to‘g‘risidagi" hukumatning qarori qabul qilindi. Unga asosan tuproq eroziyasi kuzatilayotgan mintaqalarda xo‘jaliklarda ichki yer tuzish birinchi navbatda hududni eroziyaga qarshi tashkil etishga va kompleks tashkiliy - xo‘jalik, agrotexnik, o‘rmon meliorativ va gidrotexnik, tuproqni muhofaza qiluvchi tadbirlarga qaratildi.
SSSR Qishloq Хo‘jalik Ministrligi 1968 yil 27-mayda Yer tuzishning asosiy qoidalarini tasdiqladi, u yer tuzishning vazifalarini, mazmunini va yer tuzish ishlari bajarilishining umumiy tartibini aniqlab berdi. Ularga umumiy rahbarlik qilish SSSR Qishloq Хo’jalik Ministrligiga, bevosita rahbarlik esa ittifoqdosh respublikalar qishloq xo‘jalik Ministrliklarining yerdan foydalanish va yer tuzish boshqarmalari (bosh boshqarmalari) orqali ushbu Ministrlikning yerdan foydalanish va yer tuzish Bosh boshqarmasiga, ilmiy - uslubiy ta’minot esa 1968 y. tashkil etilgan Davlat yer resurslari IТIga topshirildi.
Barcha ittifoqdosh va avtonom respublikalarda, o’lka va viloyatlarda yer tuzishni tashkil etish yerdan foydalanish va yer tuzish boshqarmalari (bo‘limlari) tomonidan amalga oshirildi, ularni bajarish esa yer tuzish bo‘yicha loyiha institutlari (giprozemlar) zimmasida edi.
Giprozemlar, ularning filiallari va ekspeditsiyalari barcha turdagi yer tuzish ishlarini: yerdan foydalanishlarni tashkil etish va tartibga solish, yangi yerlarni o‘zlashtirish va transformatsiyalash uchun aniqlash, kolxozlar, sovxozlar va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalarida ichki yer tuzish, hamda bu maqsadlar uchun zarur izlanish, o‘rganish, tasvirga olish va boshqa ishlarni bajardilar.
1960 yillar oxirlarida yer to‘g‘risida ittifoq va respublikalar qonunchiligini kodlash o‘tkazildi. SSSR oliy kengashi tomonidan 1968 yil dekabrida «SSSR va ittifoqdosh respublikalar yer qonunchiligi asoslari» tasdiqlandi, unga asosan O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi” qabul qilindi. Bu yerdan foydalanishda tartib o‘rnatishga yordam qildi, yer tuzishning va uning organlarining statusini yangi darajaga ko‘tardi va qonuniy mustahkamladi.
1972 yildan boshlab mamlakatimizda yer tuzish organlari kelajakda yer resurslaridan foydalanishning bosh chizmalarini ishlashni boshladi. Shunga o‘xshash chizmalar ittifoqdosh respublikalar bo‘yicha ham ishlandi. Yer tuzish bo‘yicha loyihalash institutlari 1972 va 1977 yillarda qabul qilingan ko‘rsatmalar asosida viloyatlar (o‘lkalar, ASSRlar) va ma’muriy tumanlar yer tuzish chizmalarini tuza boshlashdi. Bu chizmalar yerdan oqilona foydalanishni tashkil etish bilan bog‘liq holda, xalq xo‘jaligi rivojlanishining kelajagini belgilash uchun reja oldi asosi, yer tuzishda esa loyiha oldi asosi sifatida xizmat qildi.
Yer tuzish ishlarining har xilligi va hajmining kattalashishi davlatning yer tuzish bo‘yicha loyihalash va izlanish ishlariga qiladigan harajatlarining sezilarli darajada o‘sishiga olib keldi.
Yerdan yuqori samara bilan foydalanish, uni muhofaza qilish, tuman agrosanoat majmualarini tuzish zarurati tufayli tumanlar yer tuzish chizmalarining hamda agrosanoat ishlab chiqarishini joylashtirish va oqilona tashkil etish uchun hududiy asos yaratuvchi xo‘jaliklarda ichki yer tuzish loyihalarining ahamiyati ancha oshdi.
Хo‘jaliklarda ichki yer tuzish loyihalari 1970 yillardan boshlab kompleks tarzda ishlana boshladi. Ularda ilmiy asosda nafaqat hududni tashkil etish masalalari, balki, xo‘jalik yuritish tizimlarini tashkil etish, melioratsiya, tabiatni muhofaza qilish va eroziyaga qarshi tadbirlar majmuasini loyihalash bilan bog‘liq masalalar ham yechila boshladi. Ularni ishlash uchun xarajatlar ham ko‘paydi (Sobiq SSSRda o‘tkazilgan yer tuzish ishlari misolida) (1- jadval).
Хo‘jaliklarda ichki yer tuzish loyihalari keyinchalik u yoki bu tadbirlarning - yerlarni rekultivatsiyalash, madaniy-texnik tadbirlar, yerlarni tubdan yaxshilash, qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirish, injenerlik inshootlarini qurish (yo‘llar, eroziyaga qarshi, gidrotexnik va selga qarshi qurilmalar, ko‘llar, suv saqlagichlar va boshq., bog‘larni, uzumzorlarni ekish, qiyaliklarni terrasalash va sh.o‘. o‘tkazish) nazarda tutilgan aniq uchastkalar uchun ishchi loyihalarni tayyorlashda asos bo‘ldi.
Bu loyihalar kolxozlar, sovxozlar, boshqa yerdan foydalanuvchilarga xo‘jalik yo‘li bilan yoki pudratchi tashkilotlar yordamida bosqichma - bosqich xo‘jaliklararo va xo‘jalikda ichki yer tuzish loyihalarida ko‘zda tutilgan tavsiyalarni amalga oshirish imkonini berdi.