Abu Ali ibn Sino haqida ma'lumot, hayoti va ijodi, asarlari, kitoblari
Reja: Abu Ali ibn Sino hayoti ijodi.
Abu Ali ibn Sino asarlari
Abu Ali ibn Sino hayoti ijodi. Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini oʻrta asr sharoitida dunyo madaniyatining oddingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali ibn Sino boʻlib, u Ovroʻpoda Avitsenna nomi bilan mashhurdir.
Ibn Sino (asl ismi Husayn, otasining ismi Abdulloh) Buxoroning Afshona qishlogʻida hijriy 370 (980) yilning safar oyida, amaldor oilasida tugʻildi. 986 yilda ibn Sino oilasi Buxoroga koʻchib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlangʻich maʼlumot olishga, ilm-fanni oʻrganishga kirishadi. Uning yoshligi, yigitlik chogʻlari somoniylar hukmronligining soʻnggi yillariga, xususan Nuh II ibn Mansur Somoniy hukmronligi davri (976–997) ga toʻgʻri keladi.
Ibn Sino isteʼdodli, xotirasi kuchli, zehni oʻtkir boʻlganligidan oʻz davrida maʼlum boʻlgan ilmlarni tezdan egallay boshladi. 10 yoshidayoq Kuʼoni Karimni boshdan-oyoq yod oʻqir edi. 13 yoshlaridan boshlangʻich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shugʻullana boshlaydi. Ibn Sino yosh boʻlishiga qaramay, Abu Abdullo Notiliy rahbarligida falsafani, Hasan ibn Nuh al-Qumriydan tibbiyot ilmini har tomonlama oʻrganadi, asta-sekin tabiblik bilan ham shugʻullanadi. U oʻzidan avval oʻtgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur oʻrganish bilan birga, qadimgi yunon tabiiy-ilmiy, falsafiy merosini, xususan Aristotel, Yevklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriylarning asarlarini ham qunt bilan oʻrgandi. 16–17 yoshidayoq ibn Sino mashhur tabib – hakim boʻlib tanidsi. 999 yilda Buxoro Qoraxoniylar tomonidan zabt etilgach, Somoniylar hokimiyati inqirozga uchradi. 1000 yilda ibn Sino Buxorodan chiqib ketdi va madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga bordi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Maʼmun saroyidagi olimlarni birlashtirgan oʻz zamonasining akademiyasiga qabul qilindi. Ibn Sino Beruniy, ibn Miskavayh, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr Hammor, Abu Nasr ibn Iroq kabi yetuk olimlar bilan yaqindan tanishdi. Lekin bu davrda kuchayib borayotgan Mahmud Gʻaznaviyning taʼqibidan qochib, Xorazmni tashlab ketishga va Xuroson, Eronning turli shaharlarida sarson-sargardonliqda yurishga majbur boʻldi. Abivard, Tus, Nishopur shaharlari orqali Jurjon shahriga kelgan ibn Sino hokim Qobus ibn Vashmgir saroyida mashhur tabib sifatida yashadi, boʻlajak shogirdi Juzjoniy bilan tanishdi. 1019–21 yillarda Hamadonda vazir lavozimida xizmat qilarkan, hokim bilan kelisha olmay, 4 oy qamoqda yotib chiqdi. 1023 yilda Isfahonga qochdi va bugun umrini ilmiy asarlar yozishga bagʻishladi. Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb”, “Kitob un-najot”, “Kitob ul-insof” kabi mashhur asarlari, geometriya, astronomiya, oʻsimlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalari, “Hayy ibn Yaqzon” falsafiy qissasi soʻngti yillarda yozilgan. U Isfahonda rasadxona qurish bilan mashgʻul boʻldi. Umrining soʻngti yillarida feodal urushlar kuchayib ketganligi, ijtimoiy-siyosiy hayotda oʻzi ham faol qatnashganligi tufayli u Isfahon, Ray, Hamadon shaharlari orasida sarson-sargardonliqda yurib, 1037 yil 18 iyunda Isfahon shahrida 57 yoshida qulunj kasalligidan vafot etdi.
Ibn Sinoning hayot yoʻli oʻzi yozgan tarjimai holi va shogirdi Juzjoniy tomonidan qoldirilgan manbalardan maʼpum. Ibn sinoning ilmiy qiziqishlari, dunyoqarashining shakllanishida qadimgi Sharq madaniyati, yunon ilmi, falsafasi, Markaziy Osiyo xalqlarining mustaqillik uchun olib borgan kurashlari muhim rol oʻynadi. Ibn Sino tarjimai holida Forobiyning “Metafizika maqsadlari”, “Fusus ul-hikam” kabi muhim risolalarini qunt bilan oʻrganganligi, ulardan keng foydalanganligini taʼkidlab oʻtadi.