2.Bilish obyekti va subyekti
3.Ilmiy bilish
4.Bilish va o`z- o`zini anglash
Bilish va bilishning shakllari. Bilishning mohiyati, shakllanish va rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlarini o'rganish falsafa tarixida muhim o'rin egallab kelmoqda. Inson o'z bilimi tufayli borliq, tabiat, jamiyatni va nihoyat, o'z-o'zini o'zgartiradi. Bilishga qaratilgan inson faoliyatini va uni amalga oshirishning eng samarali usullarini tadqiq etish falsafa tarixida muhim ahamiyatga ega. Shu bois ham falsafaning bilish masalalari va muammolari bilan shug'ullanuvchi maxsus sohasi — «Gnoseologiya» vujudga keldi va u qadimgi lotincha «gnozis» — bilish va «logos» — fan, ilm ma'nolarini anglatadi. Inson bilishi nihoyatda ko'p qirrali, murakkab va ziddiyatli jarayondir. Gnoseologiya asosan, bilishning falsafiy muammolarini hal etish bilan shug'ullanadi. Har bir tarixiy davr jamiyatning rivojlanish ehtiyojlaridan kelib chiqib, gnoseologiya oldiga yangi vazifalar qo'yadi. Xususan, XVII asr o'rtalarida yevropalik faylasuflar ilmiy bilishning ahamiyati, haqiqiy ilmiy bilishlar hosil qilishning usullarini o'rganish, ilmiy haqiqat mezonini aniqlash bilan shug'ullandilar. Tajribaga asoslangan bilimgina haqiqiy bilimdir, degan g'oyani olg'a surdilar. XVIII asr mutafakkirlari ilmiy bilishda inson aqli imkoniyatlariga, ratsional bilishning hissiy bilishga nisbatan ustunligiga alohida urg'u berdilar. Buyuk nemis faylasufi I. Kant bilish natijalarining haqiqiyligi xususida emas, balki insonning bilish qobiliyatlari haqida bahs yuritdi. Gnoseologiya oldida inson olamni bila oladimi, degan masala keskin qo'yildi. Insonning bilish imkoniyatlariga shubha bilan qaraydigan faylasuflar agnostiklar deb ataldi. Bilish nima? Bilish insonning tabiat, jamiyat va o'zi to'g'risida bilimlar hosil qilishga qaratilgan aqliy, ma'naviy faoliyat turidir. Inson o'zini qurshab turgan atrof-muhit to'g'risida bilim va tasavvurga ega bo'lmay turib, faoliyatning biron-bir turi bilan muvaffaqiyatli shug'ullana olmaydi. Bilishning mahsuli, natijasi ilm bo'lib, har qanday kasb-korni egallash faqat ilm orqali ro'y beradi. Shuningdek, bilish insongagina xos bo'lgan ma'naviy ehtiyoj, hayotiy zaruriyatdir. Insoniyat ko'p asrlar davomida orttirgan bilimlarini umumlashtirib va keyingi avlodlarga berib kelganligi tufayli ham o'zi uchun qator qulayliklarni yaratgan. Inson faoliyatining har qanday turi muayyan ilmga tayanadi va faoliyat jarayonida yangi bilimlar hosil qilinadi. Kundalik faoliyat jarayonida tajribalar orqali bilimlar hosil qilish butun insoniyatga xos bo'lgan bilish usulidir. Bilimlar bevosita hayotiy ehtiyojdan, farovon hayot kechirish zaruratidan vujudga kelgan va rivojlangan. Insoniyatning ancha keyingi taraqqiyoti davomida ilmiy faoliyat bilan bevosita shug'ullanadigan va ilmiy nazariyalar yaratuvchi alohida sotsial guruh vujudga keldi. Bular ilm-fan kishilari bo'lib, ilmiy nazariyalar yaratish bilan shug'ullanadilar. Bilishning ikki shakli: kundalik (empirik) bilish va nazariy (ilmiy) bilish bir-biridan farqlanadi. Kundalik bilish usullari nihoyatda xilma-xil va o'ziga xos bo'lib, bunday bilimlarni sistemalashtirish va umumlashgan holda keyingi avlodlarga berish ancha mushkuldir. Hozirgi zamon g'arb sotsiologiyasida xalqlarning kundalik bilim hosil qilish usullafini o'rganuvchi maxsus soha — etnometodologiya fani vujudga keldi. Gnoseologiya asosan nazariy bilish va uning rivojlanish xususiyatlarini o'rganish bilan shug'ullanadi.
Nazariy bilishning obyekti, subyekti va predmetini bir-biridan farqlash muhim. Bilish obyekti. Tadqiqotchi-olim, faylasuf, san'atkor va boshqalarning, umuman insonning bilimlar hosil qilish uchun ilmiy faoliyati qaratilgan narsa, hodisa, jarayon, munosabatlar bilish obyektlari hisoblanadi. Bilish obyektlari moddiy, ma'naviy, konkret, mavhum, tabiiy va ijtimoiy bo'lishi mumkin. Bilish obyektlari eng kichik zarralardan tortib ulkan galaktikagacha bo'lgan borliqni qamrab oladi. Bilish obyektlariga asoslanib, bilim sohalari tabiiy, ijtimoiy-gumanitar va texnik fanlarga ajratiladi. Bilish subyekti. Bilish bilan shug'ullanuvchi kishilar va butun insoniyat bilish subyekti hisoblanadi. Ayrim )lingan tadqiqotchi olimlar, ilmiy jamoalar, ilmiy tadqiqot institutlari ham alohida bilish subyektlaridir. Ilmiy faoliyat tabiat va jamiyat mohiyatini bilishgagina emas, balki insonning o'ziga ham qaratilishi mumkin. Inson va butun insoniyat ayni bir vaqtda ham bilish obyekti, ham bilish subyekti sifatida namoyon bo'ladi. Bilishning maqsadi ilmiy bilimlar hosil qilishdangina iborat emas, balki bilish jarayonida hosil qilingan bilimlar vositasida insonning barkamolligiga intilish, tabiat va jamiyatni insoniylashtirish, tabiiy va ijtimoiy garmoniyaga erishishdir. Fan — fan uchun emas, balki inson manfaatlari uchun xizmat qilishi lozim. Inson ilmiy bilimlar vositasida ma'naviy barkamollikka erisha borgani sari ilm-fan qadriyat sifatida e'zozlana boshlaydi. Fanning har tomonlama rivojlanishi bilan turli ilm sohalarining hamkorligi kuchayadi, butun ilmiy jamoalar bilish subyekti, yangi ilmiy kashfiyotlar ijodkoriga aylanadilar. Bilish predmeti subyektning bilish faoliyati qamrab olgan bilish obyektining ayrim sohalari va tomonlaridir. Fanning o'rganish sohasi tobora konkretlashib boradi. Tabiatshunoslik fanlarini bilish predmetiga qarab botanika, zoologiya, geografiya, ixtiologiya va boshqa sohalari vujudga kelgandir. Tadqiqot predmeti fanlarni bir-biridan farqlashga imkon beradigan muhim belgidir. Bilish darajalarini shartli ravishda: quyi, yuqori va oliy darajaga ajratish mumkin. Bilishning quyi darajasi barcha tirik mavjudotlarga xos bo'lib, hissiy bilish deyiladi. Hissiy bilish sezgilar vositasida bilishdir. Insonning sezgi a'zolari (ko'rish, eshitish, hid bilish, ta'm bilish, teri sezgisi) boshqa mavjudotlarda bo'lgani singari uning narsalarga xos xususiyat, belgilarini farqlash, tabiiy muxitga moslashish va himoyalanishi uchun yordam beradi. Bilishning quyi bosqichida sezgi, idrok, tasavvur, diqqat, xayol tashqi olam to'g'risida muayyan bilimlar hosil qilishga yordam beradi. Bilishning yuqori bosqichi faqat insonlargagina xos bo'lib, aqliy bilish (ratsional bilish) deyiladi. Agar inson o'z sezgilari yordamida narsa va hodisalarning faqat tashqi xossa va xususiyatlarini bilsa, tafakkur vositasida narsa va hodisalarning ichki mohiyatini bilib oladi. Mohiyat hamisha yashirindir, u doimo hodisa sifatida namoyon bo'ladi. Har bir hodisada mohiyatning faqat bir tomonigina namoyon bo'ladi. Shu boisdan ham hodisa aldamchi va chalg'ituvchidir. Binobarin, inson sezgilarining biron bir narsa yoki hodisa to'g'risida bergan ma'lumotlari hech qachon uning butun mohiyatini ochib bera olmaydi. Tushuncha, hukm va xulosalar chiqarish ilmiy bilishning muhim vositalaridir. Bunday bilish insondan alohida qobiliyat, kuchli irodani tarbiyalashni, narsa va hodisalardan fikran uzoqlashishni, diqqatni bir joyga to'plashni, ijodiy xayolni talab etadi. Bilishning oliy darajasi intuitiv bilish, qalban bilish, g'oyibona bilishdir. O'zining butun borlig'ini fan, din, siyosat va san'at sohasiga bag'ishlagan buyuk kishilar ana shunday bilish qobiliyatiga ega bo'ladilar. Intuitiv bilish hissiy va aqliy bilishga tayanadi. Buyuk shaxslarning g'oyibona bilishi ularning doimiy ravishda fikrini band etgan, yechimini kutayotgan umumbashariy muammolar bilan bog'liqdir.
Ilmiy bilishning eng samarali usullarini aniqlash gnoseologiyada muhim o'rin egallab keldi. Har bir fan o'ziga xos bilish usullaridan foydalanadi. Ilmiy bilish fakt va dalillarga, ularni qayta ishlash, umumlashtirishga asoslanadi. Ilmiy fakt va dalillar to'plashning o'ziga xos usullari mavjud bo'lib, ularni ilmiy bilish metodlari deyiladi. Ilmiy bilishning metodlari mavjud va ularni o'rganadigan maxsus soha — metodologiya deb ataladi. Ilmiy bilish metodlari o'z xarakteriga ko'ra: 1) eng umumiy ilmiy metodlar; 2) umumiy ilmiy metodlar; 3) xususiy ilmiy metodlarga bo'linadi. Eng umumiy ilmiy bilish metodlari barcha fanlar uchun xos bo'lgan metodlardir. Bunga analiz va sintez, umumlashtirish va mavhumlashtirish, induksiya va deduksiya, qiyoslash va modellashtirish kabilarni ko'rsatish mumkin. Masalan, tabiatshunoslik fanlarida kuzatish, eksperiment, taqqoslash umumilmiy metodlar bo'lsa, ijtimoiy fanlarda tarixiylik va mantiqiylik umumilmiy metodlar hisoblanadi. Xususiy ilmiy metodlar har bir fanning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Masalan, suhbatlash ish, anketa so'rovi, hujjatlarni o'rganish sotsiologiya faniga xos bo'lgan xususiy ilmiy metodlardir. Bir fanda yaxshi samara beradigan ilmiy bilish metodi boshqa fanda shunday samara bermasligi mumkin. Ilmiy bilishda to'g'ri metodni tanlash bilishda muvaffaqiyat garovi hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, ilmiy tadqiqotda nimani o'rganish kerak, degan masala fan predmetini aniqlashga imkon bersa, qanday o'rganish kerak, degan masala esa ilmiy bilish metodini to'g'ri belgilashga yordam beradi. Ilmiy bilish metodlari va ilmiy nazariya bir-biri bilan uzviy bog'liqdir. Ilg'or ilmiy nazariya fanning butun taraqqiyoti davomida erishilgan muhim yutuq bo'lib, u ilgarigi ilmiy qarashlarni ijodiy rivojlantirish, o'sha yutuqlarga tanqidiy nuqtayi nazardan qarash orqali vujudga keladi.
Inson nihoyatda murakkab, kо‘p qirrali va kо‘p о‘lchamli mavjudot bо‘lib, uning mohiyatini anglash yuzasidan turli qarashlar ilgari surib kelinmoqda. Sharq falsafasi tarixida ham inson bosh mavzulardan biri bо‘lib kelgan.
Masalan, Forobiy falsafasida inson butun borliq taraqqiyotining mahsuli sifatida izohlanadi. Mutafakkir insoning barcha olijanob fazilatlari ilm tufayli ekanligini, inson hayotining mazmuni-baxtli bо‘lish va baxtli qilishga intilish, bunga esa faqat ilm va ma’rifat orqali erishish mumkinligini kо‘rsatdi. Beruniy va Ibn Sino insonning boshqa mavjudotlardan ustunligi aql va tafakkur tufayli ekanligini isbotlashga harakat qildilar. Abu Homid G‘azzoliy insonning boshqa mavjudotlardan ustunligi aqlda emas, balki inson qalbida ekanligini kо‘rsatdi.Ulug‘ mutasavvuf Abduholiq G‘ijduvoniy insonni “kichik olam” deb hisoblagan.
Hayot gо‘zaldir, - deydilar shoir va mutafakkirlar, lekin hayot inson bilan gо‘zaldir. Inson gо‘zalligini belgilovchi asosiy mezon uning ma’naviyligi, ya’ni ahloq va odobi hisoblanadi. О‘zbek xalqining “Inson odobi bilan gо‘zal” degan maqolining mohiyatida chuqur falsafiy ma’no yotadi.
Konfusiy insonni о‘z mohiyatini ma’naviy-ahloqiy fazilatlari va kamoloti orqali namoyon etadigan jonzot sifatida talqin etadi. U insonning insonligi о‘zidagi har qanday tabiiy ehtiyoj, his va tuyg‘uni ma’naviylikka bо‘ysundira olishidir. Faqat insondagi ma’naviy mas’ullik ularga nima qilish keragu, nima qilish kerakmasligini о‘rgatadi. Shu jihatdan qaraganda insondagi ma’naviylik inson va insonlar faoliyatiga maqsad, yо‘nalish va mazmun beradigan omildir.
G‘arb ilmida esa insonga, asosan biologik mavjudot, tabiatdagi evolyusion о‘zgarishlarning mahsuli deb qaraldi.
Inson tushunchasiga aniq ta’rif berish uchun uni boshqa biologik mavjudotlardan ajratib turuvchi eng muhim xususiyatlarini aniqlash zarur. Bular qatoriga quyidagilar kiradi. Inson eng avvalo boshqa mavjudotlardan о‘zining xotirasi, tafakkuri, tili borligi bilan ajralib turadi. Boshqa mavjudotlardan insonning tub sifatiy farqini ifodalovchi xususiyatlardan yana biri uning о‘z amaliy faoliyatini tartibga sola bilishidir. Shuningdek, inson о‘z turmushi uchun zarur bо‘lgan moddiy va ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish, yaratish malakasiga ega ekanligi ham ana shunday xususiyatlardan biri hisoblanadi. Inson hayotida mehnat asosiy rol о‘ynaydi. Mehnat tufayli inson о‘zi yashayotgan tabiatga ta’sir etadi, uni о‘zgartiradi, moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratadi. Amerikalik olim B.Franklin “Inson mehnat qurollarini yaratuvchi jonzotdir”, deb ta’riflagan.
Komil inson tushunchasi ma’naviy barkamol inson tushunchasi bilan hamohangdir.Ma’naviy barkamollikka erishmay komil inson darajasiga yetish mumkin emas. Demak, ma’naviy barkamollikka intilish – bu komil inson darajasiga erishish uchun intilishdir.Komillikka inson butun umri davomida erishib boradi. Uchta tushuncha: sog‘lom avlod, ma’naviy barkamol, komil inson – darajama-daraja chuqur ma’no kasb etadi. Shundan kelib chiqadigan bо‘lsak, komil inson bо‘lishning aniq cheki va chegarasi yо‘q. Shu bilan birga ma’naviy-ahloqiy komillik darajasini har kim о‘zicha belgilay olmaydi. Kimki “Men ma’naviy-ahloqiy komillik chо‘qqisiga yetdim desa, о‘ziga о‘zi yuksak baho bersa, u hali komil inson emas. Inson hech qachon о‘zining ma’naviy kamolot darajasiga baho bera olmaydi. Komillik har bir shaxsning boshqalar bilan bо‘lgan munosabatda kо‘zga tashlanadi. Komil insonni ota-ona, jamoatchilik, ular bilan munosabat shakllantiradi. Komillikning yо‘li odamlardan faqat yaxshi fazilatlarni о‘rganish, ibrat olish, doimo yaxshilikka, ezgulikka intilishdir.
Foydalaniladigan adabiyotlar :