Materialistik dialektika. Gegel dialektikasi materialistik dialektikaning shakllanishiga zamin hozirlagan. Materializm dialektik mantiq bilan bog‘langan. Buning natijasi o‘laroq dialektikaning uchinchi tarixiy shakli yaratilgan (XIX asrning ikkinchi yarmi). Unga amalda ilmiy bilishning rivojlanishi yo‘l ochib bergan. XIX asrning 40-yillarigacha fanning turli sohalarida yangi kashfiyotlar paydo bo‘lgan va ular tabiatni tushuntirishga nisbatan dialektik-materialistik yondashuvni tabiatshunoslik nuqtai nazaridan asoslagan. Ularning orasida uch kashfiyot: fizikada – materiya harakati shakllarining o‘zaro aloqasini asoslab bergan energiyaning saqlanish va o‘zgarish qonunining aniqlanishi; biologiyada – butun jonli tabiatning (o‘simliklar, hayvonot dunyosining ham) tarkibiy jihatdan yagonaligini yoritib bergan hujayra nazariyasining yaratilishi; rivojlanish g‘oyasini jonli tabiatga tatbiqan ishlab chiqqani Darvinning evolyusiya nazariyasi alohida o‘rin egallaydi. Bu sharoitda materialistik dialektika borliqning o‘xshashi, ya'ni borliqni uning o‘ziga mos ravishda fikrlash va bilish imkoniyati sifatida falsafiy tafakkurning fanga ayniqsa mos keluvchi shakliga aylangan.
Materialistik dialektikaning shakllanishida tarixni materialistik tushunish ayniqsa muhim rol o‘ynagan. Bu kashfiyot yordamida dialektikaning nafaqat materializm, balki gumanizm bilan ham sintezi amalga oshirilgan. Dialektika insonga bog‘lanmasdan, o‘z holicha emas, balki inson hayot faoliyatining konkret-tarixiy muammolari nuqtai nazaridan qarala boshlagan.
Dostları ilə paylaş: |