FALSAFANING INTEGRATIV FUNKSIYASI real borliqning yangi ob’ektlari va hodisalari insonning nazariy tadqiqotlari sohasidan o‘rin olishi, shuningdek ilgari ma’lum darajada anglab etilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o‘rganish uchun birlashishga ehtiyoj. Ilmiy bilimlarning integratsiyalashuvi va u yoki bu muammolarni echish uchun kuch-g‘ayratni birlashtirish jarayoni yakkalanish xavfining oldini olish imkonini beradi. Zero, ayrim fanlar paydo bo‘lib, ular nafaqat o‘z tadqiqot ob’ekti va predmetini ajratdi, balki o‘zining faqat mazkur fanga xos bo‘lgan tili, kagegoriyalar apparati va hokazolarni yaratdi. Ammo bu yo‘lda jiddiy xavf ham mavjud bo‘lib, u shundan iboratki, fanlarning ajralishi natijasida ular o‘rtasidagi aloqalar susayadi, ular murakkab kompleks vazifalarni echishda faol o‘zaro aloqa qilish qobiliyatini yo‘qotadi. Bu esa ilmiy bilmning o‘sishiga salbiy ta’sir qiladi.
Murakkab kompleks muammolarni tadqiq etuvchi hozirgi zamon fanida ba’zan ayrim ilmiy fanlarning vakillari boshqa fanlarning vakillarini faqat ular turli tillarda, ya’ni har biri o‘z fanining tilida gapirgani bois tushunmaydi. Bu jihatdan falsafa ular uchun amalda bog‘lovchi bo‘g‘inga, birlashtiruvchi asosga aylanadi, chunki u o‘z tahlilida fanlararo muloqotga va mazmuni ayni bir kontekstda turli fanlar tomonidan qabul qilinadigan va qo‘llaniladigan fundamental tushunchalarni yaratishga qarab mo‘ljal oladi.
Murakkab ob’ektlarni kompleks tadqiq qilishda har bir muayyan fan o‘z predmetidan kelib chiqadi. Bu predmet doirasi unga o‘rganilayotgan ob’ektni yaxlit ko‘rish, uning aloqalarini aniqlash imkonini bermaydi. Bu vazifani hal qilishga ham faqat falsafa qodir bo‘lib, u butun vaziyatni yaxlit ko‘rish imkonini beradi va bu jihatdan nafaqat fanlar o‘rtasida, balki inson faoliyatining ayrim jabhalari, masalan, o‘tkazilayotgan tadqiqotlar bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqiy, siyosiy, axloqiy faoliyat o‘rtasida ham bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi.
FALSAFANING MADANIY FUNKSIYASI odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg‘otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali namoyon bo‘ladi. U dunyoni o‘zlashtirish va bilishning universal shakli sifatida, insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini o‘zida mujassamlashtiradi va ularni butun insoniyat mulkiga aylantiradi. Turli mamlakatlar va xalqlarning falsafa tarixini o‘rganish ularning o‘tmishdagi va hozirgi madaniyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, g‘oyalar almashinuvi va madaniy an’analarning o‘zaro ta’siriga ko‘maklashadiki, bu madaniy meros bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina muammolarni echishda muhim ahamiyat kasb etadi.