Inkorni-inkorda rivojlanish quyi bosqichining o‘ziga xos xususiyatlari yuqoriroq bosqichda takrorlanishi yuz beradi. Avvalgi holatlarga qaytish imkoniyati, ya’ni o‘tilgan holatlarning ayrim xossalari rivojlanishning yuqoriroq bosqichida takrorlanishi bilish va tarixning rivojlanishini tushunish uchun o‘z ahamiyatini saqlab qoladi.
Demak, inkor rivojlanish yangi sifat paydo bo‘lishiga olib keladigan aniq yo‘naltirilgan, qaytmas o‘zgarish sifatida tavsiflanadi. Shaklan rivojlanishbir chiziqli ham, aylanma ham emas, balki rang-barangroq va murakkabroq, chunonchi: bir chiziqli va ko‘p chiziqli, to‘g‘ri chiziqli va zigzagsimon, umumiy va xususiy, uyg‘un va nouyg‘undir.
MAVZU: RIVOJLANISH FALSAFASI. (FALSAFA METODLARI VA KATEGORIYALARI).
Tayanch iboralar.
Metod, metodologiya, metodika, kategoriyalar, alohidalik, umumiylik, sabab va oqibat, mazmun va shakl, sistema va element, butun va bo‘lak, mohiyat va xodisa, zarurat va tasodif, imkoniyat va voqelik, metod, metodologiya, metodika
Metod (yunon. metods — usul) keng ma’noda yo‘l, ijodiy faoliyatning har qanday shakli kabi ma’nolarni anglatadi. Metod u yoki bu shaklda ma’lum qoida, tartib, usul, harakat va bilim mezonlarining yig‘indisi hamdir. U tamoyillar, talablar tizimi bo‘lib, sub’ektni aniq vazifani bajarishga, faoliyatning shu sohasida ma’lum natijalarga erishish sari yo‘naltiradi. U haqiqatni izlashda vaqt, kuchni tejaydi, maqsadga eng yaqin va oson yo‘l bilan etishishga yordam beradi.
Har qanday metod muayyan nazariya asosida yaratiladi va tadqiqotning zaruriy sharti sifatida namoyon bo‘ladi. Har bir metodning samaradorligi uning chuqur mazmun va mohiyatga egaligi, nazariyaning fundamentalligi bilan asoslanadi. O‘z navbatida, metod mazmuni kengayib boradi, ya’ni bilimning chuqurlashishi va kengayishi, tajribaga tatbiq etilishi bilan metodning ko‘lami ham o‘zgaradi.
Ilmiy bilishda nafaqat ilmiy natija (bilimlar majmui) va predmetning mohiyatini anglash, balki unga eltuvchi yo‘l, ya’ni metod ham haqiqiy bo‘lmog‘i lozim. Shunga ko‘ra, predmet va metodni bir-biridan ayri holda tushunish mumkin emas. Har qanday metod u yoki bu darajada real hayotiy jarayonlarda shakllanadi va yana unga qaytadi. Metod har qanday tadqiqot boshlanishida to‘la holda namoyon bo‘lmasa-da, ma’lum darajada predmetning sifat o‘zgarishi bilan har safar yangidan shakllanadi. Metod bilish predmeti va harakatni sun’iy ravishda bog‘lamaydi, balki ularning xususiyatlari o‘zgarishi bilan o‘zgarib boradi. Ilmiy tadqiqot predmetga daxldor dalil va boshqa belgilarni jiddiy bilishni talab qiladi. U ma’lum materialning harakati, uning xususiyatlari, rivojlanish shakllari va h.k.larda namoyon bo‘ladi. Demak, metodning haqiqiyligi, eng avvalo, tadqiqot (ob’ekt) predmetining mazmuni bilan bog‘liq. Metod sub’ekt bilan chambarchas bog‘liqdir. Boshqacha qilib aytgan-da, "inson umum metodologiyaning markazidir" (Feyerbax). Ikkinchidan, har qanday metod y yoki bu darajada boshqaruv quroli vazifasini bajaradi.
Metod sub’ekt va ob’ektning murakkab dialektikasi acosida rivojlanadi va bunda oxirgisi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, har qanday metod, eng avvalo, ob’ektiv, mazmunli va konkret bo‘lsada, ayni paytda, sub’ektiv hamdir. Biroq u faqat mavjud qoidalar tizimi emas, balki ob’ektiv ilmiylikning davomi sifatida namoyon bo‘ladi.