FALSAFA FANING SATSIOL GUMANETAR FANLAR BILAN O'ZARO MUNASABATLARI
Reja:
1.Falsafaning predmeti,va uning boshqa fanlar bilan o’zaro aloqadorligi.
2.Falsafaning bahs mavzzui.Falsafaning asosiy muommolari.
3.Falsafaning jamiyat hayotidagi o’rni va funksiyalari.
4.Dunyoqarash tushinchasi.Dunyoqarash darajasi va ularning aloqadorligi
1. Falsafa insoniyat tarixidagi eng qadimiy ilmlardandir. Falsafa inson ma’naviy madaniyatining eng qiziqarli sohalaridan biri hisoblanadi. Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak uning o‘zi kabi falsafa ham qadimiydir. Falsafa olam va uning yashashi, rivojlanishi, o‘zgarishi, taraqqiyoti, hayot va inson umrining mohiyati, borliq va yo‘qlik kabi ko‘plab muammolar haqida bahs yuritadigan qadimiy fandir. «Falsafa» atamasi qadimgi yunon tilidan olingan bo‘lib, «Filio» – sevmoq va «sofos» – donishmandlik so‘zlarining birikuvidan iborat. Uning lug‘aviy ma’nosi – «donishmandlikni sevish» demakdir. Abu Nasr Forobiy o‘zining «Falsafaning ma’nosi va kelib chiqishi haqida» deb nomlangan asarida «falsafa» atamasi yunon tilidan kelib chiqqanligini tasdiqlaydi. Falsafa tabiat, jamiyat va insonning mohiyati haqidagi eng umumiy bilimlarni o‘zida ifodalab, insonni borliqqa bo‘lgan munosabatining metodologik asoslarini belgilab beradi, tabiat, jamiyat va inson tafakkuri rivojlanishining eng umumiy qonunlarini o‘rganadi va falsafiy dunyoqarashni shakllantiradi. Falsafa bundan 3 ming yil ilgari fan sifatida paydo bo‘ldi. Uning paydo bo‘lishida jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyot muhim rol o‘ynadi. Chunki, falsafa ijtimoiy ongning alohida o‘ziga xos shakli sifatida jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy hayoti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularni o‘zida aks ettiradi. Falsafa fan sifatida borliqni, ya’ni tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkuri taraqqiyotining eng umumiy qonunlarini o‘rganadi. Bundan kelib chiqqan holda falsafiy bilimlar doirasi ham juda keng bo‘lib, ularning tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) ontologiya – borliq haqidagi qarashlar;
b) sotsiologiya – jamiyat haqidagi qarashlar;
v) gnoseologiya – borliqni bilish muammolari;
g) logika – inson tafakkuri qonunlari haqidagi qarashlar tizimi.
Bundan tashqari, axloqiylik va go‘zallik haqidagi bilimlar tizimini o‘z ichiga olgan etika va estetika ham falsafiy bilimlar qatoriga kiradi. Insoniyat tarixining turli davrlarida falsafa nima va u nimani o‘rganadi degan savollarga turli mutafakkirlar turlicha javob berib kelganlar. Buning esa o‘ziga xos bir qancha sabablari bo‘lgan. Insoniyatning ijtimoiy amaliyoti va ma’naviyati rivojlanib borishi bilan falsafaning bahs mavzui, uning jamiyat hayotidagi o‘rni ham doimo o‘zgarib borgan. Bu esa har bir davrda borliqni, tabiatni, inson hayoti va jamiyatni tushunishda turli xil falsafiy qarashlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Ijtimoiy-tarixiy davrlarning turli bosqichlarida falsafa siyosat, iqtisodiyot, fan va madaniyat, san’at va adabiyot, shuningdek, din bilan, xullas, jamiyatning ma’naviy hayoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Falsafaning jamiyatdagi roli ayni shu vaqtning o‘zida o‘zgarib borgan. Xuddi shu tarzda falsafiy qarashlarning rivojlanib borishi turli xil oqimlar va yo‘nalishlarni keltirib chiqargan. Falsafa taraqqiyotida muayyan umumiy nazariy qarashlarni ishlab chiqqan mutafakkirlarning bir qismi o‘zining e’tiborini tabiatga, uni tushuntirish va izohlab berishga qaratganlar. Bunga Lukretsiy Karning «Narsalarning tabiati to‘g‘risida», Ahmad al-Farg‘oniyning «Astronomik risolalar», al-Xorazmiyning «Vasaya: az-Zijji mumtaxana», J.Brunoning «Dunyoning ikki sistemasi to‘g‘risida suhbat», D.Didroning «Tabiatni bayon qilish haqida fikrlar», P.Golbaxning «Tabiat sistemasi», Gegelning «Tabiat falsafasi», A.Gersenning «Tabiatni o‘rganish haqidagi xatlar» va F.Engelsning «Tabiat dialektikasi» asarlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Boshqa bir guruh mutafakkirlar diqqatini inson, inson hayotining ma’nosi va mazmuni, uning dunyoda tutgan o‘rni, tabiatga va jamiyatga bo‘lgan munosabatlari muammolari o‘ziga jalb qiladi. Ular inson hayotining ma’nosi va mazmunini nima belgilaydi, insonning dunyodagi o‘rni qanday, inson dunyoni bila oladimi, falsafa insonni qaysi jihatdan o‘rganadi degan savollarga javob izlaganlar. Bu muammolar haqida turli davrlarda yashagan mutafakkirlar turli xil fikrlar yuritganlar va ko‘plab asarlar yozganlar. Jumladan, bunga Arastuning «Etikasi», Ibn Sinoning «at-Tadabaru monazil» (Davlatni boshqarish), Yusuf Xos Xojibning «Qutadg‘u bilik», Ahmad Yassaviyning «Hikmat»lari, Amir Temurning «Temur tuzuklari», Erazm Rotterdamskiyning «Xristian jangchisi quroli», T.Gobbsning «Inson tabiati», B.Spinozaning «Ilohiy-siyosiy traktat» va «Aql kamoloti haqida traktat», A.Gelvetsiyning «Inson haqida», I.Kantning «Osmon umumiy tarixi va nazariyasi», «Sof aqlni tanqidi», Gegelning «Ruh falsafasi», L.Feyerbaxning «Xristianlikning mohiyati» asarlari misol bo‘la oladi. Bu asarlarning mualliflari o‘z davrdagi ilm-fan asosida insonning boshqa mavjudotlardan tub farqlari, mohiyati, hayotining ma’nosi va mazmuni, bu yorug‘ olamdagi o‘rni, o‘limi va abadiyligi kabi muammolarni yoritganlar. Inson bilimlari orta borgan sari jamiyat, uning moddiy va ma’naviy hayoti, ijtimoiy munosabatlar, siyosiy, huquqiy, axloqiy muammolar ham mutafakkirlarning e’tiborlarini o‘ziga jalb qila boshlagan. Natijada, mutafakkir faylasuflar bu sohada ham tadqiqotlar olib borib, jamiyat haqida ko‘plab asarlar yaratdilar. Bularga, Aflotunning «Davlat», «Qonunlar», Arastuning «Siyosat» asarini, Forobiyning «Fozil odamlar shahri», «as-Siyasa al madaniya» (siyosat ilmi), Mirzo Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi», T.Gobbsning «Grajdanin to‘g‘risida», Dj.Lokkning «Qonunlarning ruhi to‘g‘risida», Gegelning «Tarix falsafasi» va «Huquq falsafasi» kabi asarlarini misol qilish mumkin. Bu asarlarda, o‘z davri nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, bir butun jamiyat, uning moddiy va ma’naviy hayoti, jamiyatning ijtimoiy tuzilishi, uning bazisi va ustqurmasiga oid nazariy qarashlar o‘rtaga tashlandi. Xuddi shu tarzda har bir davrda falsafaning bahs mavzusi o‘zgarib borgan. Falsafa fanining muammolari, o‘z xususiyatlariga ko‘ra, azaliy yoki o‘tkinchi bo‘lishi mumkin. Azaliy muammolar insoniyat paydo bo‘lgan davrdayoq vujudga kelgan bo‘lib, toki odamzod mavjud ekan yashayveradi. Chunki insoniyat taraqqiyotining har bir bosqichida ushbu muammolar yangidan kun tartibiga qo‘yilaveradi. Ularni o‘rg ganish jarayonida ilm-fan taraqqiy etib boraveradi.
Olam va odam munosabatlari, dunyoning mavjudligi, borliqning voqeligi, undagi o‘zaro aloqadorlik va taraqqiy etish, insoniyat hayotidagi adolat va haqiqat, yaxshilik va yomonlik, urush va tinchlik, ularning mazmuni, tabiat va jamiyat taraqqiyotining asosiy tamoyillari bilan bog‘liq ko‘pdan-ko‘p masalalar falsafa va falsafiy bilim sohalarining azaliy muammolari qatoriga kiradi. Falsafada olamning asosida nima yotadi, uni voqe etib turgan narsaning mohiyati nimadan iborat, degan masalalar nihoyatda uzoq tarixga ega. Bu masalalarni qay tarzda hal qilishiga qarab farqlanadigan falsafiy oqim va yo‘nalishlar mavjud. Masalan, olamning asosida nima yotadi, uning mohiyati nimadan iborat degan masalada monizm, dualizm, plyuralizm, materializm va idealizm kabi qator falsafiy qarashlar shakllangan. Monizm (yunon. manos – yakka) – olamning asosi yakkayu yagona sababga, bitta asosga ega deb beradigan falsafiy ta’limotdir. Dualizm (lot. dua – ikki) – olamning asosida ikkita asos, ya’ni modda va materiya bilan birga ruh va g‘oya, ya’ni ideya yotadi deb aytuvchi qarash. Plyuralizm (lot. plyural – ko‘pchilik) – olamning asosida ko‘p narsa va g‘oya (ideya)lar yotadi deb e’tirof etadigan ta’limot. Materializm – olamning asosida materiya, ya’ni moddiy narsalar yotishini e’tirof etadigan, moddiylikni ustuvor deb biladigan ta’limot. Idealizm – olamning asosida ruh yoki g‘oyalar (ideyalar) yotadi, dunyo voqeligi va rivojida ideyalarni ustuvor deb ta’lim beradigan falsafiy ta’limot. Yuqorida ko‘rsatilgan falsafaning bahs mavzulari ham xuddi shu yo‘nalish va oqimlar asosida har xil tarzda tushuntirib berilgan. Falsafada hal qilinishi va yondashishi mumkin bo‘lgan masalalarda mutafakkirlar o‘zlarining fikr va mulohazalarini u yoki bu tarzda bayon etganlar. Falsafada dunyoni anglash, uning umumiy qonuniyatlarini bilish bilan bog‘liq masalalar ham mavjud bo‘lib, bu masalalarda ham har xil yondashishlar kelib chiqqan. Bu aytib o‘tilgan masalalar bilan falsafaning gnoseologiya (gnosis – bilish, logos – ta’limot) degan sohasi shug‘ullanadi. Dunyoni bilish mumkinligini tan oluvchi faylasuflar – gnostiklar deb ataladi. Bundan tashqari olamni bilish mumkin emas, bilimlarimiz to‘g‘ri va aniq haqiqat darajasiga ko‘tarila olmaydi deyuvchi faylasuflar mavjud bo‘lib, ularni esa – agnostiklar (yunoncha – bilib bo‘lmaydi degan ma’noni anglatadi) deb atashadi.