Reja farhod Musajonning hayot va ijodi



Yüklə 103 Kb.
səhifə2/2
tarix22.10.2023
ölçüsü103 Kb.
#159548
1   2
Reja farhod Musajonning hayot va ijodi

SABOQ
Hikoya
Bir maromda kechadigan hayot zerikarli, tund bo‘ladi. YAngi yil arafasida ana shu mudroq hayot bir muncha o‘zgaradi, jonlanadi, dillarda yangi orzu-umidlar jo‘sh uradi. Har xil tashvishlar paydo bo‘ladi, chunonchi yangi yilni qaerda, kimlar bilan kutish, qanday taomlar tayyorlash, kimlarga qanday sovg‘alar qilish…
Ochil aka ishlaydigan muassasa kichkinagina, atigi olti nafardan iborat: boshliq, kotiba va to‘rt xodim. Hammalari turli fe’l-atvorli bo‘lishlariga qaramay juda inoq, ahillar. YAngi yilni ham hamisha birga kutishadi.
Eski yil tugashiga yaqin Ochil aka hamkasblarini yig‘ib maslahat soldi.
— Og‘aynilar, kun aylanib, oy tug‘ib yangi yil ham yaqinlashib qoldi, tayyorgarlik ko‘rishni boshlaylik, necha puldan yig‘amiz, kelishib olsak, — dedi bijildoq, mahmadona Xurramov.
— Taqsir, siz jo‘ravoshimizsiz, o‘zingiz ketadigan xarajatni hisob-kitobini qilib, falonchadan tushadi deng, bizlar ko‘naveramiz.
— Unda yana bitta gap, — davom etdi Ochil aka, — agar qarshi bo‘lmasanglar, yangi boshliqni ham taklif etsak, yomon odamga o‘xshamaydi, ancha kamtarin, soddagina ekan. Kelganiga bir oydan oshdi, qachongacha begona tutib yolg‘izlab qo‘yamiz, safimizga qo‘shaylik.
— Mayli, qo‘shaylik, — hammadan oldin yana Xurramov jo‘ravoshining gapini ma’qulladi.
— Bo‘pti, — dedi Ochil aka, — unda men xarajatni xomcho‘t qilib chiqaman. Keyin yana bir yig‘ilamiz. Darvoqe, bu gal qaerda kutamiz, navbat kimniki edi?
— Navbat Zabixilloniki, — yana Xurramov so‘zamollik qildi, — shunaqami. Navbat sizniki-a, Zabixillo?
— Ha, meniki — dedi shu paytgacha gapga aralashmay o‘tirgan Zabixillo xokisor iljayib, — ammo…
— Nima ammo? — so‘radi Ochil aka.
Zabixillo gapirishdan oldin hamkasblariga xijolatomuz boqdi. U birovga yomonlikni ravo ko‘rmaydigan beozor, muloyim kimsa edi. SHuncha yil birga ishlab hali birorta odam bilan aytishmagan, g‘alva chiqarmagandi. Bir aybi laganbardor edi. Hamkasblari uning xushomadgo‘yligini yaxshi bilishar, ammo xafa bo‘lishmas, yuziga ham solishmasdi.
— YAngi yilni kutish haqida gap ochganingiz yaxshi bo‘ldi, Ochil aka, — Zabixillo iymanib davom etdi, — o‘zim qo‘zg‘amoqchi bo‘lib turgandim shu gapni. Meni ma’zur tutasizlar, kutilmaganda bir ishkal chiqib qoldi. Bu yilchalik an’anamiz buziladiganga o‘xshaydi.
— CHaynalmasdan, dardingizni aytavering, — shart kesdi gapni Zabixilloning sal quvligini biladigan Ochil aka.
— Dardimni aytadigan bo‘lsam, uch kun burun parkentlik bojam kelib yangi yilni birga kutgani uyiga taklif etib ketdi, mujmallik qilib, aniq javob bermagandim, bojam ketganidan keyin xotindan baloga qoldim. Nega tixirlik qilasiz, ishxonangizdagilar bilan har yili birgasiz, bir galchalik yangi yilni mening qarindoshlarim bilan kutsangiz, osmon uzilib erga tushmaydi, deya javray ketdi.
Odatda yolg‘onchi yoki aybi bor odam yolg‘onni yashirish, o‘zini oqlash uchun gapni cho‘zadi. Zabixillo ham ezmalandi. — Xotinni avrab yoki po‘pisa qilib jag‘ini yopishim mumkin edi, ammo masalaning boshqa nozik tomoni — bojam boshqa kun qurib qolgandek aynan o‘ttiz birinchi dekabrda tug‘ilgan. Bu yil yubileyi — ellikka to‘ladi. SHunday paytda yo‘qlab bormaslik uyat. Qolaversa, sovg‘adan qochdi deb o‘ylashi mumkin.
— Nima ham derdik, asosli vajingiz bor ekan, bojangizning oldida yuzingiz shuvut bo‘lmasin, — dedi mayda gapni, yalinchoqlikni yoqtirmaydigan Ochil aka, — o‘zimiz kutaveramiz.
— Ha, bir galchalik shunaqa bo‘lib qoldi. Xudo xohlasa, yanagi yilga yana birga kutaveramiz, — dedi Zabixillo engil tortib.
Masala oson hal bo‘lgandi. Endi Zabixillo o‘ylagan rejasini bemalol amalga oshirishi mumkin. Kechga tomon hamkasblarining ko‘zini shamg‘alat qilib, sekin boshliqning huzuriga kirdi. Ta’zim tavoze’ni o‘rniga qo‘yib iltijo qildi.
— Rabbim Qudratovich, aybga buyurmaysiz, men bir masala bo‘yicha kirgandim.
— O‘tiring, — boshliq Zabixilloni iliq kutib oldi, — eshitaman, qanday masala ekan?
— Gap shundaki… — Zabixillo eshilib yaltoqlandi, — men nozik masala yuzasidan, to‘g‘rirog‘i iltimos bilan kirgandim.
Har qanday boshliq yangi kelgan kezlari xodimlarning ishonchini, hurmatini qozonishga, o‘zini odil va dono ko‘rsatishga harakat qiladi.
— Bemalol gapiravering, Zabixillo Xalimovich. Qo‘ldan kelsa har qanday iltimosni bajaramiz. Hali yaxshi sinashda bo‘lmasak-da, siz haqingizda ma’lum tasavvurga egaman. Tayyorlagan oylik hisobotingizni ko‘rib chiqdim, ishingiz puxta, mukammal. Biz sizga o‘xshagan malakali mutaxassislarga suyanishimiz lozim.
— Ming rahmat, Rabbim Qudratovich, — bu maqtovdan Zabixillo taltayib ketdi, — hali yaxshi sinashda emasmiz deb juda to‘g‘ri aytdingiz. Bizning maqsad ham aynan shu, yaqinroq sinashda bo‘lish. Ishxonada munosabatlar baribir rasmiy bo‘ladi. SHuning uchun anchadan beri sizni uyga taklif qilishni niyat qilib qo‘ygandim. Ammo hali u, hali bu sabab bo‘lib, qolaversa, haddim sig‘may orqaga surib yurgandim. Niyat xolis ekan, qarasam yangi yil yaqinlashib qolibdi. SHu bahona huzuringizga kirishga jur’at etdim. Agar hech kimga va’da berib qo‘ymagan bo‘lsangiz, yangi yil oqshomida kulbamizga tashrif buyursangiz degandim.
Kelganiga hali hech qancha bo‘lmasidan shunday iltifotga sazovor bo‘lgani boshliqning ko‘nglini ko‘tardi.
— Hurmat uchun rahmat, Zabixillo Halimovich, nasib qilgan bo‘lsa o‘tamiz.
Boshliqdan ko‘ra ham Zabixillo ko‘proq suyunib ketdi.
— Rahmat, Rabbim Qudratovich, so‘zimizni erda qoldirmay, bizni nazarga ilib rozi bo‘lganingizdan boshimiz ko‘kka etdi. Demak, gap shu — yangi yil oqshomida kutamiz. Mana bu adres, — Zabixillo boshlig‘iga taklifnoma tutqazadi.
— Topish oson, uyimiz «Turon» mehmonxonasining shundoqqina yonida.
— Topamiz bir amallab, — dedi boshliq muloyim jilmayib.
Zabixillo boshliq bilan xayrlashar ekan dimog‘i chog‘ bo‘lib o‘yladi: ish pishdi, endi tayyorgarlikka zo‘r berish, ziyofatni do‘ndirish kerak.
Oradan bir kun o‘tib boshliqning huzuriga Ochil aka kirdi. U ortiqcha mulozamatsiz muddaoni aytib qo‘ya qoldi.
— Rabbim Qudratovich, yangi yilni hamma xizmatchilar birga kutish bizda rasm bo‘lib qolgan. Faqat hisobchi Ko‘paysinova bola-chaqasi ko‘p bo‘lgani uchun uyida kutadi. Kotibangiz Layloxon ham qo‘shilmaydi, yosh narsa, o‘z tengqurlari bor. Oldingi rahbarimiz ham doim biz bilan kutardi. Bu yil ham shu an’anani davom ettirsak degan niyatdamiz. Hammamizning nomimizdan sizni yangi yilni birga kutishga taklif qilgani kirdim.
Boshliq ajablanib, andak fursat xodimiga tikilib qoldi. Buni Ochil aka o‘zicha talqin etdi.
— Balki biror joyga va’da berib qo‘ygandirsiz yoki yilni uyda kutishga odatlangandirsiz… SHunday bo‘lsa, xafa bo‘lish yo‘q, — Ochil aka laganbardorlikni bilmasdi, dangal gap qildi. — Bizdan taklif, sizdan xohishga qarab ish tutish.
— Avvalo, taklif uchun rahmat, — boshliq ham ortiq chaynalmay gapning indallosini ayta qoldi, — o‘zimning ham xodimlar bilan yaqinroq tanishish niyatim bor edi, ammo kecha Zabixillo Xalimovich kirib uyiga taklif etdi, yangi yilni birga kutgani.
Hamkasbidan bunday nayrangni kutmagan Ochil aka quloqlariga ishonmay angrayib qoldi. Arang o‘ziga kelib g‘ulduradi:
— Yo‘g‘-e, rostdanmi?
— Nima, sizning xabaringiz yo‘qmi? — savolni savol bilan qarshi oldi boshliq — axir yangi yilni doim birga kutamiz dedingiz-ku.
Ochil aka Zabixillodan farqli o‘laroq sotqinlik qilmadi.
— Albatta aytadi bizga, faqat… oldin sizning roziligingizni olmoqchi bo‘lgandir. Mayli, uzr.
Ochil aka hamkasbining qilmishidan ichi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib o‘z xonasiga qaytdi. Zabixilloning tepasiga yaqinlashdida, masxaraomuz tirjayib ko‘ziga tikildi. Zabixillo bu parmalovchi nazarga dosh berolmay bezovtalandi.
— Ha, namuncha tikilib qoldingiz?
— Mabodo, yordam kerak emasmi?
— Qanday yordam? — Zabixillo hayron bo‘ldi.
— Bojangizning tug‘ilgan kuniga nima sovg‘a qilishni bilmay qiynalmayapsizmi? Hali bir to‘xtamga kelmagan bo‘lsangiz, yordamlashib yuboraylik, — dedi Ochil aka iztehzomuz. — Axir hamisha bir-birimizga ko‘maklashib kelgan sadoqatli insonlarmiz.
Bu tagdor gaplar Zabixilloning uyog‘-buyog‘idan o‘tib ketgan bo‘lsa-da, sir boy bermadi.
— Rahmat iltifotlari uchun, xotin mushkulimizni oson qildi, to‘n sovg‘a qiladigan bo‘ldik.
Ochil aka g‘alati iljayib o‘z joyiga borib o‘tirdi. Kechga tomon Xurramov bilan Bobosalmonovni xoli joyga boshlab bor gapni to‘kib soldi. Zabixilloning pismiqona qilmishi hamkasblariga yomon ta’sir qildi.
— Voy xushomadgo‘y-ey! YAltoqlanib eski boshliqning pinjiga kirib olgandi, endi bunisini ham yalab-yulqashni boshlabdi-da, — dedi Xurramov. — SHumlik qilgani uchun biz ham uni boplab tuzlaymiz.
Hamkasblar Zabixilloning ta’zirini berishga til biriktirdilar, ammo sir boy bermay yuraverdilar.
Hademay yangi yil oqshomi ham etib keldi. Zabixillo ziyofatni o‘rniga qo‘yardi, bu gal ham bozordan qazi-qartadan tortib ho‘l mevaning eng sarhilini xarid qildi. O‘z qo‘li bilan turli taomlar tayyorladi. Kechga tomon hamma narsani taxt qilib qo‘ydi. Ancha urinib charchagandi, biroz nafas rostlagani divanga o‘tirdi. Xotiniga choy buyurib, par bolishga yonboshladi. Bir piyola choy ichganini biladi eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi.
Zabixillo dik etib o‘rnidan turdi, boshliq kelib qolgan bo‘lsa-ya degan xayolda eshikni ochdi-yu, ostonada xotini bilan turgan Ochil akani ko‘rib, tili kalimaga kelmay, taxtadek qotib qoldi.
— Ha, taqsir, uyingizga kelgan mehmonni ichkariga taklif qilishni ham unutdingizmi? — so‘radi Ochil aka chapanichasiga.
— Kelinglar, yaxshimisizlar? — arang gapirdi Zabixillo.
— Xotinim bilan bojamnikiga ketayotgandik, eshigingizni bosib o‘tolmadik, birrovga bo‘lsa ham kirib, yangi yil bilan sizni tabriklab ketaylik dedik, — Ochil aka jilmayib so‘zladi.
— Ajab qilibsizlar, — Zabixillo ham o‘lganining kunidan ishshaydi, — qani ichkariga.
Oshxonadan Zabixilloning xotini Risolatxon chiqib mehmonlar bilan quyuq so‘rashdi.
— Kelganingiz ayni muddao bo‘ldi, Rixsixon, bilasiz xasip solish mayda ish, yordamlashib yuborasiz, — dedi va mehmonni oshxonaga boshladi.
Erkaklar mehmonxonaga kirdilar. Ochil aka katta stol ustidagi yasatilgan dasturxonni ko‘rib hayratlandi.
— Ana buni dasturxon bezash desa bo‘ladi. Odamning jonidan g‘ayra hamma narsa muhayyo! Eng aziz, eng nozik mehmonlarni kutib olishga arzirli dasturxon yasatibsiz, qoyilman, boplabsiz!
— Yo‘g‘-e, juda bahoyimizni oshirvordingiz, — g‘uldiradi Zabixillo.
— Darvoqe, bojangiznikiga bormoqchi edingiz?
— Endi yo‘lga otlanmoqchi bo‘lib turgandik, — dedi Zabixillo ming‘illab.
— Ketadigan odam nechun shunchalik to‘kin dasturxon bezamasangiz, — Ochil akaning har bitta gapi ilmoqli edi.
— Nima desam ekan, — Zabixillo duduqlanib bahona to‘qidi, — dasturxon yasatig‘liq tursa, xosiyati yaxshi bo‘ladi, yil bo‘yi xonadonda to‘kinchilik, qut-baraka bo‘ladi. Qolaversa, yangi yil bilan tabriklagani sizga o‘xshagan yoru birodarlar, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni kirib qolishi mumkin, birrovga bo‘lsa ham, — Zabixillo «birrovga bo‘lsa ham»ga atay urg‘u berib gapirdi.
— Kelin xasip solayapman dedi, u ham birrovga kirib ketadiganlargami? — yana nish sanchdi Ochil aka.
Zabixillo o‘zini sal o‘nglab olgandi:
— Taqsir, birovnikiga quruq borib bo‘ladimi, ayniqsa yangi yil arafasida.
— Qarang, shunga ham farosatim etmabdi, — dedi Ochil aka va piching aralash qo‘shib qo‘ydi, — ammo suvdan quruq chiqadiganlardan bo‘lib ketibsiz.
Zabixillo bu kesatiqni hazm qilib urgurmasidan eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Bu gal ham miyasiga «boshliq keldi» degan fikr urildi. SHoshib eshikni ochdi-yu, yana esankirab qoldi, ostonada Bobosalmonov ayoli bilan turardi.
— Xotinim bilan bojamnikiga ketayotgandik, eshigingizni bosib o‘tolmadik, birrovga bo‘lsa ham kirib yangi yil bilan o‘zlarini tabriklab ketaylik dedik…
— Ajab qilibsizlar, — dedi Zabixillo alamzada ovozda, — qani ichkariga.
Bobosalmonovning xotinini ham uy bekasi oshxonaga boshladi, erkaklar mehmonxonada xoli qolishdi. Zabixilloning ko‘zlari alang-jalang, oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilardi.
— Taqsir, sal bezovta ko‘rinasiz? — so‘radi Ochil aka.
— Bojamizning ko‘zi to‘rt bo‘lib bizni kutib o‘tirgandir. Bilasizlar, qishloqda yangi yil kutishni peshindan boshlab yuboradilar. Qolaversa, Parkent yaqin joy emas, etib olishning o‘zi bo‘lmaydi, — ustalik qildi Zabixillo.
SHu paytda yana eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ana endi boshliq kelgani aniq degan fikr bilan Zabixillo dahlizga otildi. Ostonada Xurramovni ko‘rib, tepa sochi tikka bo‘ldi.
— Xotinim bilan bojamnikiga ketayotgan edik, eshigingizni bosib o‘tolmadik, birrovga bo‘lsa ham kirib, yangi yil bilan tabriklab ketaylik dedik, — hamkasblarining gapini qaytardi Xurramov.
— Ajab qilibsizlar, — Zabixillo arang tishining oqini ko‘rsatdi. Zardasi qaynab mehmonlarni ichkariga taklif etdi.
Hamkasblari kelishib olgandek bir xil gapirishayotgani Zabixilloni shubhalantirdi. YAnada ko‘proq tahlikaga tushdi. Ichidan qirindi o‘tayotgan bo‘lsa ham mehmonnavozlik qilishga urindi.
— Qani, dasturxonga qaranglar, birpas o‘tiramiz.
— Yo‘q, endi biz turaylik, sizni boradigan joyingiz bor, kech qolmang, — dedi Ochil aka. — YAngi yil hammamizga omad keltirsin, qut-barakali, fayzli bo‘lsin.
— Aytganingiz kelsin, — dedi Xurramov, — har holda yilning boshlanishi bizlar uchun omadli bo‘layapti. Kecha Rabbim Qudratovich o‘n kunga YAponiyaga uchib ketdi. Bu degani o‘n kun o‘zimizga xon, o‘zimizga bek bo‘lib yayraymiz.
— Rabbim Qudratovich kecha kechgacha ishda edilar-ku, — dedi Zabixillo loqayd ko‘rinishga tirishib.
— Ha, kun bo‘yi ishda edilar. Kechqurun sakkizlarda uyda televizor ko‘rib o‘tirgandim, telefon jiringlab qoldi. Olsam, Rabbim Qudratovich, shoshilinch komandirovka chiqib qoldi, ketayapman dedilar. Bir-ikkita topshiriq berdilar. Biz ham ja unaqa so‘taklardan emasmiz, qo‘ng‘iroqdan maqsad kuzatib qo‘ygin, demoqchi bo‘lganlar. Ikkita qazi, to‘rtta yog‘li patir, ozgina ho‘l meva olib aeroportga chiqdim. Oq yo‘l tilab kuzatib qo‘ydim.
Zabixillo esi og‘gan odamdek baqrayib qoldi. Sal o‘ziga kelgach, har ehtimolga qarshi tusmollab so‘radi.
— Faqat topshiriq berdilarmi? Boshqa hech narsa demadilarmi, mabodo?
— Darvoqe, yaxshi esimga soldingiz. Zabixillo Xalimovichga berib qo‘ying deb sizga xat tashlab ketdilar, — Xurramov cho‘ntagidan kichkina konvert chiqardi. — Mana.
Xatda bittagina jumla yozilgan edi: «Zabixillo Xalimovich, o‘z hamkasblaringizning yuziga oyoq qo‘yib, laganbardorlik qilganingiz uchun rahmat. Sadoqatni sizdan o‘rganish kerak ekan».
Xatni o‘qib hangu-mang bo‘lib qoldi.
— Nima gap ekan? — deb so‘radi Ochil aka.
— Hech gap yo‘q, — Zabixillo hamkasblarining ko‘ziga qarolmay erga boqdi. — Hisobotning bir joyida xato ketgan ekan, o‘shani to‘g‘rilamasdan boshqarmaga jo‘natmang debdilar.
— Yo‘g‘-e, nahotki sizdan xato o‘tgan bo‘lsa, ishni pishiq qilardingiz-ku, — uzib oldi Ochil aka.
— Xato hammadan ham o‘tadi, beayb parvardigor deydilar.
— Bu gapingizda jon bor, xato hammadan ham o‘tadi, eng asosiysi — xatoni bo‘yniga olib, tuzatish. Xato qilib tonib turish — munofiqlik.
— Albatta, albatta, — deb g‘uldiradi Zabixillo.
U boshliq keladi deb ilhaq bo‘lib o‘tirgandi, endi umidini uzdi. Bir tarafdan katta xarajat qilib tayyorgarlik ko‘rgani zoe ketganiga achindi, ikkinchi tarafdan sal engil tortdi. Agar shu tobda boshliq kelib qolsa, hamkasblarining oldida sharmanda bo‘lardi. Mayli, boshliqning ko‘nglini keyingi safar olar, oldinda bayramlar ko‘p: Xotin-qizlar kuni, Navro‘z…
Kutilmaganda miyasiga yaxshi fikr keldi.
— Menga qaranglar, mehmon otaday aziz, deydilar. SHundoq ekan, taklif bor, sho‘tta qolasizlar, yangi yilni har doimgidek birga kutamiz.
— Nimalar deyapsiz?! — yo‘liga po‘pisa qildi Ochil aka, — Esingizdan chiqdimi, axir bojangizga va’da berib qo‘ygansiz.
— Bojamnikiga ertaga ertalab boraman, kun bo‘yi o‘tirib hissasini chiqaraman, bojam bama’ni odam, xafa bo‘lmaydi. Sizlar ham bojalaringiznikiga keyinroq o‘tarsizlar.
— Ne-ne umidlar bilan tayyorlagan taomlarim savil qolmasin deysiz-da, — yana piching qildi Ochil aka.
Tuyqus yana eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi, bu gal Zabixillo qo‘ng‘iroqqa e’tibor ham bermadi. Zum o‘tmay dahlizdan xotinining «Hay dadasi, mehmonlar keldi» degan ovozi eshitildi.
Zabixillo sakrab o‘rnidan turgandi, Ochil aka yo‘lini to‘sdi.
— To‘xtang, boyagi xat haqida boshliqqa og‘iz ocha ko‘rmang. YAngi yilni birga kutishga chap berganingiz uchun xatni men yozgandim.
Zabixillo es-hushini yig‘ib ulgurmasidan Rabbim Qudratovich ayoli bilan mehmonxonaga savlat to‘kib kirib keldi.
— Jamoat jam-ku. Mana bu ishni qoyil qilibsiz, Zabixillo Halimovich, hamkasblaringizni yig‘ganingiz zo‘r bo‘libdi, — boshliq to‘rdan joy oldi.
— Kutilmagan xushxabar yoki sovg‘a syurpriz deyiladi. Biz ham YAngi yil munosabati bilan sizni bir xursand qilaylik dedik-da, — yaltoqlandi Zabixillo.
— Haqiqatdan ham quvonchli hol bo‘libdi, — dedi boshliq.
— Kamina ham YAngi yil arafasida saboq, e, uzr, syurpriz oldik. G‘animlar kamchiligimizni yuzimizga aytmaydi, battar bo‘lsin deb atay yashiradi. Do‘stlar esa dashnom berib bizni to‘g‘ri yo‘lga soladilar, — Zabixillo boshliq payqab qolmasin uchun pardali qilib gapirdi va shu tariqa hamkasblaridan kechirim so‘radi.
— Taqsir, mana bu nozu-ne’matlardan totib ko‘ramizmi yoki falsafa so‘qiyveramizmi? — Ochil aka ham ustalik bilan Zabixilloning gunohidan kechganini anglatdi.
— Bo‘ldi, og‘zimni yumdim, endi og‘zimni faqat ovqat eyish uchun ochaman, — deb hazillashdi Zabixillo.
Engil kulgi ko‘tarildi. Hamkasblaridan dakki eb o‘sal bo‘lgan Zabixillo endi baxtiyor va shod edi. Nega quvonmasin, boshlig‘ini uyga chaqirgandi, niyatiga etdi, boz ustiga an’analari buzilmay hamkasblari ham yig‘ildi. SHu bois u xushomadga zo‘r berishga, nafaqat boshlig‘i balki qadrdon hamkasblarining ham ko‘nglini ovlashga kirishdi.
Yüklə 103 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin