Faol innovatsion-investitsion siyosat va bu borada xorijiy davlatlar saboqlari
Respublikamizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish muhim vazifalardan hisoblanadi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasida Prezident SH.Mirziyoev boshchiligida faol innovatsion-investitsion siyosat olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda faol ichki investitsion salohiyatdan foydalanish bilan bir qatorda ilg‘or xorijiy mamlakatlar innovatsion faoliyatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublikamizda faol innovatsion- investitsion siyosat quyidagilarda o‘z aksini topgan:
“jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotini barqaror o‘sishiga erishgan, shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri...” hisoblanadi;
“investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi”. Bu
mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyotining bosh strategik vazifasi hisoblanadi;
“biz faqat investitsiyalarni jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz. Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada to‘planib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi”;
“xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun mamlakatimizning investitsiya salohiyatini to‘la namoyon etish choralarini ko‘rishimiz kerak. Biz iqtisodiyotimizga sarmoya kiritishga intiladigan investorlar uchun hududlar va tarmoqlar bo‘yicha investitsiya loyihalarini puxta shakllantira olsak, bu masalada ijobiy natijaga erishish mumkin.”;
“... Tashqi ishlar vazirligi va uning chet eldagi vakolatxonalari ham o‘z ishini qayta ko‘rib chiqishlari lozim bo‘ladi. Bundan buyon bizning xorijdagi elchilarimizga ham talab o‘zgaradi. Ularning faoliyatiga birinchi navbatda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha qanday ishlayotganiga hamda ana shu investitsiya miqdoriga qarab baho beriladi.”[3.3]
“... biz O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatda aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm- ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz.”;
“iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish zarur”. “2020 yilda o‘zlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi to‘g‘ridan- to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar va kreditlar bo‘lishini alohida qayd etmoqchiman. Investorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda”[3.5]
Jahon tajribalari shuni ko‘rsatmoqdaki davlat tomonidan qo‘llab quvvatlanuvchi innovatsion dasturlar rivojlanayotgan davlatlarni rivojlangan davlatlar qatoriga tezroq olib chiqishi mumkin. Sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi va transport sohalariga innovatsiyalarni joriy etish rivojlanayotgan davlat fuqarolarining
turmush darajasini tezroq o‘sishiga olib keladi. Shu bilan birga innovatsiyalar xususiy, xorijiy va davlat korxonalari o‘rtasida raqobatning kuchayishiga, mehnat bozori egiluvchanligi oshishiga va axborot kommunikatsiya texnlogiyalari infratuzilmasining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Yuqoridagi ijobiy xususiyatlariga qaramay innovatsiyalarni boshqarish juda murakkab jarayon bo‘lib, ularning rivojlanishi va ta’sirini baholash ancha qiyin.
Afsuski ko‘pgina rivojlangan davlatlarda yaxshi ta’lim olgan aniq fanlar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari ko‘p bo‘lsada, ular mahalliy tadbirkorlarning innovatsion faoliyatida deyarli qatnashmayapti. Yana bir xavotirli holat shuki, rivojlanayotgan davlatlar chet el investitsiyalarini jalb qilishga katta mablag‘ sarflagan bir paytda, mahalliy startaplarni rivojlantirishga kam e’tibor qaratilyapti. Ishchi kuchining migratsiyasi, ayniqsa, malakali ishchi kuchi ko‘chib kelishi mamlakatda innovatsion muhitning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Umuman olganda innovatsion siyosat kichik va o‘rta korxonalarda innovatsiyalarni yaratilishini qo‘llab quvvatlashi kerak, buni biznes va davlat boshqaruvi tizimi o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish orqali amalga oshirish mumkin.
Innovatsiyalar mamlakatlarning mahalliy muammolarini hal qilishda eng maqbul yo‘l hisoblanib, ular eng yangi texnologiyalar asosida yaratilishi shart emas, balki berilgan muammolarni ijodkorona oddiy yechimidan iborat bo‘lishi mumkin.
Jahonning rivojlangan davlatlari har biri o‘ziga xos innovatsion siyosat olib borish evaziga yuqori mehnat unumdorligi va raqobatbardoshlik darajasiga erishib kelmoqda. Eng jadal rivojlanayotgan davlatlar orasida esa Xitoy va Hindiston ayniqsa oxirgi 10-15 yilda innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishdi. Jumladan Xitoyda yuqori texnologiyali sanoat klasterlarining yaratilishi telekommunikatsiya va elektronika sohasining jadal rivojlanishiga olib keldi. Hindistonning dasturiy ta’minot yaratishga ixtisoslashuvi ham innovatsion siyosatning muvaffaqiyatli olib borilayotganidan dalolat beradi. Xitoy va Hindistonning yuqori texnologiyali
sanoatda o‘z o‘rnini egallab borishiga qaramasdan, ularning iqtisodiyotida ko‘pchilik kichik va o‘rtacha korxonalar innovatsion sohalar bilan hamkorlikdan uzilib qolgan.
Innovatsion-investitsion siyosat rivojlangan xorijiy davlatlarda ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ayniqsa, Yevropa ittifoqida faoliyat bo‘yicha AQSH va Yaponiya bilan raqobatlashadi va qo‘yidagi tadqiqot turlarini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi:
tabiiy fanlarni genetika fanlari bilan birgalikda;