Reja Investitsiyalarning mohiyati, grafigi va funksiyasi (1)
Asosiy fondlarga investitsiyalar. Investitsiya xarajatlarining eng katta qismi, ya’ni deyarli toʻrtdan uch qismi, asosiy fondlarga investitsiyalar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu sarmoyalar shuni anglatadiki, investitsion tovarlar kelajakdagi ishlab chiqarish maqsadida firmalar tomonidan sotib olinadi. Bu xarajat, qisqa vaqt ichida ishlatilib yoki sotilib ketadigan zaxiralarga investitsiyalardan farqli oʻlaroq, uzoq muddat foydalanadigan asosiy kapital uchun boʻladi. Asosiy fondlarga investitsiyalar ofis jihozlaridan tortib zavodgacha, kompyuterdan tortib kompaniya mashinasigacha barcha narsani oʻz ichiga oladi. Asosiy fondlarga investitsiyalarning andozaviy modeli investitsiyalarning neoklassik modeli nomini olgan. Neoklassik modelda investitsion tovarlarga ega boʻlgan firmalarning foyda va xarajatlari koʻrib chiqiladi. Modelda investitsiyalar darajasi kapital zaxiralari bilan birgalikda kapitalning chekli mahsuli, foiz stavkasi hamda firmalarga nisbatan qoʻllaniladigan soliqqa tortish qoidalariga qanday bogʻliqligi koʻrsatiladi. Modelni shakllantirish uchun iqtisodiyotda firmalarning ikki turi mavjud deb faraz qilamiz. Ishlab chiqaruvchi firmalar ijaraga olingan kapitaldan foydalanib tovar va xizmatlar ishlab chiqaradilar. Kapitalni ijaraga beruvchi firmalar iqtisodiyotda barcha investitsiyalarni amalga oshiradilar, ular ishlab chiqarish fondlarini sotib oladilar va ularni ishlab chiqaruvchi firmalarga ijaraga beradilar. Hayotdagi iqtisodiyotda koʻplab firmalar ikkala funksiyani ham bajaradilar, ya’ni ular tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqaradilar hamda kelgusi ishlab chiqarishga kapitalni investitsiya qiladilar. Bizning tahlilimiz nuqtayi nazaridan faoliyatning bu ikki turini ular bilan turli xil firmalar shugʻullanadi deb faraz qilgan holda ajratish foydalidir. Dastavval ishlab chiqaruvchi firmalarni koʻrib chiqamiz. Odatda firma foydalanadigan kapital miqdori toʻgʻrisidagi qarorini quyidagi tartibda qabul qiladi: kapitalning har bir qoʻshimcha birligidan olinadigan foyda va xarajatlarni solishtiradi. Firma kapitalni R stavka boʻyicha ijaraga oladi va oʻz mahsulotini R narx boʻyicha sotadi, ishlab chiqaruvchi firma uchun kapital birligiga haqiqatdagi xarajatlar R/R ni tashkil etadi. Kapital birligidan foydalanishning haqiqiy natijasi kapitalning chekli mahsulotidir (KChM), ya’ni kapitalning qoʻshimcha birligidan foydalanish hisobiga olinadigan qoʻshimcha ishlab chiqarilgan mahsulotdir. Firma tomonidan foydalaniladigan kapital hajmi ortishi bilan uning chekli mahsuloti pasayadi: firma qanchalik koʻproq kapitalga ega boʻlsa, kapitalni qoʻshib borish bilan ishlab chiqarish hajmini shunchalik kam oʻsishiga erishiladi. Oldingi boblarda xulosa qilganimizdek, firma foydasini maksimallashtirish uchun kapitalning chekli mahsuloti kapitalni ijaraga olishning haqiqiy narxi darajasigacha pasaymagunga qadar, ijaraga olinadigan kapitalni oshiradi. Yuqorida muhokama qilingan sabablar tufayli, kapitalning chekli mahsuloti kapitalga boʻlgan talab egri chizigʻini aniqlaydi. Kapitalga boʻlgan talab egri chizigʻi oʻngdan pastga egilgan, chunki kapital hajmi qanchalik koʻp boʻlsa, uning chekli mahsuloti shunchalik kam. Har bir vaqtda iqtisodiyotdagi kapital miqdori qayd etilgan, shuning uchun taklif egri chizigʻi vertikal chiziq hisoblanadi. Kapitalni ijarasi uchun olinadigan narx talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun oʻzgartirib turiladi.
Kapital zaxiralarini kamaytiruvchi (yer qimirlashi), bandlikni oshiruvchi (jami talabni oʻsishi) yoki texnologiyalarni yaxshilovchi (ilmiy topilmalar) kapital ijarasi uchun olinadigan haqiqiy narxning muvozanatli miqdorini oshiradi. Endi ijara firmalarini koʻrib chiqamiz. Mashinani ijaraga beruvchi kompaniyalarga oʻxshash firmalar shunchaki kapital tovarlarini sotib oladi va ijaraga beradi. Maqsadimiz ijara firmalari tomonidan hosil qilinadigan investitsiyalarni tushuntirish boʻlgani uchun, kapitalga egalik qilishning foydasi va narxini koʻrib chiqishdan boshlaymiz. Kapitalga egalik qilish xarajatlari murakkabroq tuzilishga ega. Firma kapital birligini ijaraga berayotgan vaqtning har bir davri mobaynida u uch xil xarajat qiladi: 1. Firma kapital birligini sotib olib, keyin uni ijaraga berayotganda u kapitalni sotib olish uchun sarflangan mablagʻlarni bank hisobiga qoʻyib olishi mumkin boʻlgan foiz koʻrinishidagi daromadni yoʻqotadi. Yoki, shunga oʻxshash, firma kapitalni sotib olish uchun qarz mablagʻlaridan foydalandi, unda u olingan qarz boʻyicha foizlar toʻlashiga toʻgʻri keladi. Agar Rk – kapital birligini sotib olish narxi, i – nominal foiz stavkasi boʻlsa, unda iRk – foizlar boʻyicha xarajatlardir. E’tibor bering, agarda ijara firmasi qarz olishiga toʻgʻri kelmasa ham, foiz stavkasi qiymati bir xil boʻladi: agar ijara firmasi qoʻlda naqd pul evaziga kapital birligini sotib olsa, ushbu naqd pulni bankka omonatga qoʻyib ishlab topishi mumkin boʻlgan foizni yoʻqotadi. 2. Firma kapitalni ijaraga berguncha, uning narxi oʻzgarishi mumkin. Agar kapital narxi pasaygan boʻlsa, unda firma uning aktivlari qiymati pasayganligi tufayli zarar koʻrishi mumkin. Agar kapital narxi oshayotgan boʻlsa, unda firma aktivlari qiymati koʻtarilishi sababli yutadi. Bu yutuq yoki zararning miqdori -∆Rkga teng (bu yerda minus belgisi qoʻyilyapti, chunki foydani emas xarajatlarni hisoblayapmiz). 3. Kapital ijaraga berilganda, u eskiradi va qiymatini yoʻqotadi. Bu amortizatsiya deb ataladi. Agar δ-amortizatsiya me’yori, ya’ni eskirish natijasida muayyan davr davomida qiymatning yoʻqotilgan qismi boʻlsa, unda amortizatsiya miqdorining puldagi ifodasi δRk boʻladi. Shunday qilib, bir davr mobaynida kapital birligini ijaraga berish boʻyicha umumiy xarajatlar quyidagini tashkil etadi: Kapital birligiga xarajatlar = iRk-∆Rk+δRk= Rk(i-∆Rk/Rk+δ) Kapital birligiga xarajatlar kapital birligi narxiga, foiz stavkasiga, kapital narxni nisbiy oʻzgarishiga va amortizatsiya me’yoriga bogʻliq. Misol uchun, mashinani ijara beruvchi kompaniya kapital xarajatini koʻrib chiqaylik. Kompaniya har bir mashinani $10000 dan oladi va boshqa firmalarga ijaraga beradi. Kompaniyaning yiliga 10% foiz stavkasi bor, shunday ekan foiz stavkasi qiymati iPK kompaniya tasarrufidagi har bir mashina uchun $1000. Mashinalar narxi yiliga 6%ga oshmoqda, shunday qilib, amortizatsiyani hisoblamaganda, firma yiliga $600 kapital foyda ΔPK oladi. Mashinalarning amortizatsiyasi sababli yiliga 20% qiymatini yoʻqotadi, shunday ekan amortizatsiya δPK sababli yoʻqotishlar yiliga $2000. Shuning uchun, kompaniyaning kapital birligiga xarajati: Kapital birligiga xarajati = $1000-$600+$2000= $2400. Mashinani ijara beruvchi kompaniya uchun mashinani saqlab turish qiymati yiliga $2400ga teng.