«Iqtisodiy sotsiologiya» – iqtisodiyotning ijtimoiy jihatlarini o‘rganuvchi fan. Uning aniq predmetini quyidagilar belgilaydi:
jamiyat va ijtimoiy hayotning iqtisodiy va ijtimoiy hodisalari;
iqtisodiy va ijtimoiy holatlarning to‘g‘ri kelishi;
ijtimoiy va iqtisodiy holatlar orasidagi ziddiyatli qarama- qarshiliklar;
iqtisodiy omillarning ijtimoiy holatlarga ta’siri;
ijtimoiy omillarning iqtisodiy holatlarga ta’siri.
Sotsiologiya inson sotsiumini «hamma yerda va har qayerda» o‘rganadi: oila va turmushda, ekologiya va muloqotda, davlat va huquqda, ta’lim, madaniyat va tarbiyada. Odam iqtisodiy munosabatlarga kirsa, iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullansa, iqtisodiy muammolarni o‘zida sezsa yoki biron bir iqtisodiy holatga kirib qolsa, u holda sotsiologiya ham uning orqasidan iqtisodiy muhitga kirib boradi.
Iqtisodiy sotsiologiyaning predmeti – bu iqtisodiy munosabatlarni boshqarishning ijtimoiy mexanizmi bo‘lib, bunda moddiy boyliklar va xizmatlarni ishlab chiqarish, foydalanish, taqsimlash, ayirboshlash borasida ijtimoiy sub’ektlar o‘zaro harakatining barqaror tuzilishi hamda ushbu sub’ektlar iqtisodiy harakatining turlari tushuniladi. «Inson iqtisodda» tushunchasi ancha keng tasavvur tug‘diradi, har xil variantdagi ijtimoiy va iqtisodiy holatlar nisbatini aks ettiradi. Iqtisod inson uchun ishlaydi va rivojlanadi. Ehtiyojlar bilan bog‘liq bo‘lmagan iqtisodiy maqsadlar mavjud emas.
Iqtisod shu ehtiyojlarni qondirish nuqtai nazardan baholanadi. Shuningdek, inson o‘zi uchun o‘z kuchi bilan iqtisodiyotni bunyod etadi. Iqtisodiyotga madaniyat, ruhiyat va insonning kayfiyati ham ta’sir etishi mumkin. Ular uning holatini, turini va ayrim holda aniq o‘rnini belgilaydi. Iqtisodiyotda bilim va tajriba kabi dunyoqarash ham muhimdir. Shuni ta’kidlash kerakki, iqtisodiyot ham insonga ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga ega. Iqtisodiyot o‘z ta’siri bilan inson madaniyati, ruhiyati va kayfiyatini ham belgilaydi. Iqtisodiyotning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirini individlar, guruhlar va butun jamiyatning hayot tarzida ko‘rish mumkin.Iqtisodiyot – odamlarning ma’naviy tinchligi yoki noxushligini belgilab beradigan omil. Shunday holatlar bo‘ladiki, boshqaruvchilar birinchi navbatda inson to‘g‘risida o‘ylab va unga bor e’tiborini qaratib, atayin yoki tasodifan muhim iqtisodiy natijalarga erishadilar. Ikkinchi holatda esa boshqaruvchilar iqtisodni birlamchi narsa sifatida ko‘rib, o‘z e’tiborini iqtisodiy vazifalarning yechimiga qaratib, shu jarayonda muammolarni hal qiladi, insonning o‘ziga ham yordam beradi. Uchinchi holatda esa birinchi, ikkinchi prinsiplar ishlamaydi, iqtisodiy maqsadlar insonga ziyon keltiradi. Insonga yo‘nalish bilan iqtisodiyotga yo‘nalish orasida kelishuv yo‘q, ularni bir-biriga qo‘shish mumkin emas, ulardan birortasini tanlash esa fan va har kungi hayot uchun muammodir.
Iqtisodiy sotsiologiyaning ob’ekti – bu jamiyat hayotining ikkita asosiy sohasi, ya’ni iqtisodiy va ijtimoiy sohasi bo‘lib, mos ravishda ikkiyoqlama jarayonlarning – iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarning o‘zaro harakatidir. Ijtimoiy soha deganda, jamiyatda turli xil ijtimoiy statusga va turli hayotiy qadriyatga ega bo‘lgan hamda turli ijtimoiy-iqtisodiy ahvoldagi guruhlarning munosabatlari sohasini tushunamiz. Iqtisodiyot odamlarni yakka va guruhiy aloqalarga majbur qiladi va ular o‘rtasida munosabatlarning o‘ziga xos turlarini vujudga keltiradi.