Kasb kasalliklari me’yoriy asoslari
Kasb kasalliklari tavsifi
Kasb kasalliklari va ularni oldini olish.
Profilaktik tibbiy tadbirlar
Kasb kasalliklari-yomon mehnat sharoitlari va kasbga aloqador zararlarning organizmga ta'siri natijasida paydo bo'ladigan kasalliklardir.
Kasb kasalligining kechishi unga sabab bo'lgan zararli omillarning o'ziga xosligi, kuchi, davomiyligi va ularning birgalikdagi ta'siriga bog'liq. Kasb kasalligi ishlab chiqarishning zararli omillari ta'sirini xisobga olgan holda belgilanadi. Kasb kasalliklarining fizik - kasbga aloqador karlik, vibratsiya kasalligi, nur kasalligi, kesson kasalligi va boshqalar, biologik infektsion va parazit kasalliklar: brutsellez, kuydirgi va kimyoviy omillar ta'sirida - qattiq zaxarlanish, ba'zi changlardan uzoq vaqt nafas olinganda - pnevmokoniyoz, bronxit va boshqalar, shuningdek, jismoniy zo'riqqanda yoki shikastlanganda - nevrit,, bursit vujudga keladigan turlari farq qilinadi. Kasb kasalliklarining kelib chiqishiga organizmning o'ta toliqishi va kasalliklarga qarshi kurasha olish faoliyatining pasayishi ham sabab bo'ladi.
O'zbekistonda kasb kasalliklari ro'yxati va tegishli tavsiyanomalar O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ishlab chiqarish texnologiyasining takomillashtirilishi, ishlab chiqish jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirishning keng joriy etilishi, mexnat va dam olishning me'yorida tashkil qilinishi, zararli korxonalarda qisqartirilgan ish kunini belgilanishi tufayli kasb kasalligi kamayib bormoqda. Kasb kasalligini oldini olish, davolash, mexnat muxofazasini tashkil qilish ishlari bilan O'zbekiston sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy tekshirish instituti shug'ullanadi.
Kasbga aloqadar zararlar, ishlab chiqarish zararlari, odamning salomatligi va mexnat qobiliyatiga bevosita va bilvosita sal'biy ta'sir ko'rsatadigan mexnat jarayoni va ishlab chiqarish omillari, shuningdek, kasbga aloqador zararlar ma'lum sharoitlarda kasb kasalliklarini paydo qilishi va umumiy kasalliklarni zo'raytirib yuborishi mumkin. Kasbga aloqador zararlar yangi texnologiyaning, ba'zan toksik va organizmning sezuvchanligini o'zgartiradigan allergik xossaga ega moddalarning qo'llanilishi, shuningdek, xom ashyolarning yangi turini sanitar- gigienik jixatdan yaxshi bilmaslik hamda texnik vositalarning ma'lum darajada takomillashmaganligi va sanitariya-texnologiya normativlarining buzilishi natijasi bo'lishi mumkin.
Kasbga aloqador zararlarga chang, shovqin, vibratsiya, tempuraturaning yuqori yoki pastligi, yorug'likning etishmasligi, havo nisbiy namligining yuqoriligi, atmosfera bosimining yuqori va past bo'lishi misol bo'ladi.
Kasbdan kasallanish dinamikasini ko'rsatishicha, kasb kasalligiga chalingan bemorlarning har yili aniqlanishi o'z yo'nalishini o'zgartirdi. Chunonchi, 1993 yilda birinchi marta 411 nafar, 1994 yilda 380 nafar, 1995 yilda 325 nafar, 1996 yilda 414 nafar, 1998 yilda esa 484 nafar bemorlar aniqlanib, ularning 95% dan ortig'i surunkali kasb kasalliklariga chalinganlardir.
1997-98 yillarda qayd qilingan, kasbdan kasallanish strukturasi, fizik omillar ta'sirida paydo bo'ladigan kasalliklar etakchi o'rinda turishini ko'rsatib, 50,7% ni tashkil qildi. Shu jumladan: 31% shovqindan, 18,9 tebranishdan, 0,4% ionlashtiruvchi nurdan, 0,4 ionlashmagan nurlardan, 9% jismoniy zo'riqishdan, 16,3% chang sababli, 22,5% zaxarlanish va kimyoviy omillar ta'siridan, 1,5% biologik omillardan yuzaga kelganligi aniqlandi.
Kasb kasalliklarini maxsus xisobga olish tizimida O'zbekiston Respublikasining barcha xududi bo'yicha quyidagi yagona atamalar, ta'riflar qo'llanishi lozim.
1. Kasb kasalligi - zararli mehnat sharoitlari ta'siridan paydo bo'ladi va kasb kasalliklari ro'yxatiga kiritilgan xastalik.
2. O'tkir kasb kasalligi - zararli ishlab chiqarish omillarining bir martalik, ko'p deganda bir ish smenasida ta'sir ko'rsatishidan kelib chiqadigan xastalik.
3. Surunkali kasb kasalligi zararli ishlab chiqarish omillarining ko'p marta va uzoq vaqt ta'sir etishidan kelib chiqadigan surunkali kasallikdir.
4. O'tkir va surunkali kasbiy zaxarlanish - ayrim xollarda uchraydigan o'tkir va surunkali kasallik turi.
5. Ishlovchi kontigent orasida uchraydigan kasbdan kasallanish. Kasbdan kasallanish deganda, xodimlarga tegishli joriy aniqlangan xastalangan shaxslar soni tushiniladi.
6. Maxsus tekshiruv, bu davolash - profilaktika muassasining vrachi, korxona, muassasa va kasaba uyushmasi tashkiloti ishtirokidagi sanepidstantsiya vrachlari o'tkazadigan kasb kasalligining paydo bo'lish sabablari va shart - sharoitlarini tekshirish.
7. Guruxiy kasb kasalligi - bir vaqtning o'zida 2 va bundan ortiq kishi og'rigan zararlangan xoll tushiniladi.
Hozirgi vaqtda O'zbekiston sanoatida, qurilishida va qishloq xo'jaligida 3 mln.dan ortiq odam ishlaydi, ulardan 1mln. noxush va zararli mexnat sharoitlarida, shu jumladan 200 ming ayol ishlamoqda. Ko'p korxonalarda asosiy kasb guruxlarida zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari (shovqin, tebranish, kimyoviy birikmalar va boshqalar) ga quyiladigan ruxsat etuvchi gigienik qoidalarning buzilishiga yo'l qo'yilmoqda.
Bu kasbdan kasallanishning asosiy negizini ko'p jihatdan ishga vaqtincha qobiliyatsizlikga aloqadar kasalliklarni keltirib chiqaradi.Sog’liqni saqlash vazirligi, Aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 1995 yil 2 fevraldagi 23/36/9-sonli buyrug’i bilan “Kasb kasalliklari ro’yxati va uni qo’llash bo’yicha Yo’riqnoma” tasdiqlangan.
Ro’yxatga faqat noqulay ishlab chiqarish omillari ta'sirida kelib chiqqan kasb kasalliklari, ularning yaqin va uzoq vaqtdagi oqibatlari, shuningdek kasbiy zararlarning kasbga oid bo’lmagan asoratlariga (masalan, arterial gipertoniya – vibratsiyadan) bog’liq kasalliklar kiritilgan.
O’tkir va surunkali kasb kasalliklari va zaharlanishlarini farqlash mumkin.
O’tkir kasb kasalligi (intoksikatsiya) to’satdan, ishchi zonasi havosidagi kimyoviy moddalarning, boshqa zararli omillarning nisbatan yuqori kontsentratsiyalari, darajalari va dozalari bir marta ta'sir qilgandan so’ng (faqat bir ishchi smenasi davomida) yuzaga keladi.
Surunkali kasb kasalliklari zararli ishlab chiqarish omillarining yuqori bo’lmagan (ammo PDK, PDU, PDDdan ortiq bo’lgan) kontsentratsiyalari, darajalari, dozalarining davomli ta'siri oqibatida yuzaga keladi. Kasb kasalliklari tavsifi
Tasdiqlangan “Ro’yxat”ga muvofiq, kasb kasalliklari 7 guruhga ajratiladi:
Kimyoviy omillar ta'sirida yuzaga keladigan kasalliklar: ta'siri turli troplikka ega o’tkir, surunkali intoksikatsiyalar (neyro-, gemo-, gepato-, nefro-, politrop, dermatrop, allergik va h.k.);
Sanoat aerozollari ta'sirida yuzaga kelgan kasalliklar: pnevmokoniozlar, changli bronxitlar, rinofaringolaringitlar, allergiyalar;
Fizik omillar ta'siri bilan bog’liq kasalliklar: ionlovchi nurlanishlar (o’tkir, surunkali nur kasalligi, mahalliy nurli shikastlanishlar, ularning uzoq vatli oqibatlari – xavfli o’smalar); ionsiz nurlanishlar (lazerli, ultrabinafsha, infraqizil); dekompression – kesson kasalligi; o’tkir, surunkali issiq urishi, shovqin, vibratsion kasallik va h.k.;
Alohida a'zolar va tizimlarning ortiqcha zo’riqishi va ortiqcha keskinlikda ishlashi bilan bog’liq kasalliklar: koordinatorli nevrozlar (sut sog’uvchilarda, skripkachilarda, linotipistlarda), radikulitlar, tendovaginitlar, artrozlar, bursitlar, tromboflebitlar; qo’shiqchilar, o’qituvchilardagi laringitlar, kuchayib boruvchi uzoqni yaxshi ko’rolmaslik va b.;
Biologik omillar ta'siriga bog’liq kasalliklar: chorvadorlar, veterinar, infektsionistlar, baklaboratoriyalar laborantlari va boshqalarda infektsion va parazitar kasalliklar;
Allergik kasalliklar: kon'yunktivitlar, rinitlar, bronxial astma, dermatitlar, ekzemalar, eshak emi va h.k., ular o’simlik yoki hayvonlarga xos qo’zg’atuvchilar bilan ishlaganda yuzaga keladi;
Yangi hosil bo’lgan o’smalar – kelib chiqishi fizik (ionlovchi nurlanishlar, ultrabinafsha radiatsiya) va kimyoviy (3, 4-benzpiren, smolalar va h.k.) tabiatga ega kontserogenlar bilan ishlaganda yuzaga kelgan xavfli o’smalar.
Sanab o’tilgan zararli ishlab chiqarish omillari, ular keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan kasb kasalliklari va zaharlanishlarni hisobga olib, mehnat gigienasi bo’yicha shifokormutaxassislar, profpatologlar, sanoat korxonalari, davolash-profilaktika muassalari tibbiy sanitar qismlarining boshqa mutaxassislari oldida turgan vazifalar:
ishlab chiqarish muhitining, texnologik jarayonlarning zararli omillarini, ularning gigienik normativlarga muvofiqligini o’rganish; ishlab chiqarish muhiti (texnologik jarayon, ishchi zonasining havo muhiti, xom ashyo, yarim fabrikatlar, tayyor mahsulot, ishlab chiqarishning qo’shimcha mahsulotlari, chiqinldilari va ajratmalari) turli zararliklarining organizmga ta'sirini o’rganish; ishlovchilar sog’lig’i, ularning umumiy va kasbiy kasallanishi holatini o’rganish; kasb kasalliklari, zaharlanishlarni tashxislash va davolash, ishlovchilarning dispanser, sanatorkurort ta'minoti, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK), tibbiy-nazorat komissiyalari (TNK), tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) va h.k., kasbiy patalogiyalarni ekspertiza qilish, nogironlikni belgilash komissiyalari ishida qatnashishdan iborat.
Kasb kasalliklari va ularni oldini olish.
Ishlab chiqarish muhitidagi keng tarqalgan zararli fizikaviy omillar qatoriga ishlab chiqarishga doir shovqinni kiritish mumkin. Shovqin deb vaqt birligi ichida atrof-muhitga turli tezlik va jadallikda tarqaladigan tovushlar majmuasiga aytiladi. Ishlab chiqarish shovqinning asosiy manbayi - ishlab chiqarishdagi jihozlarning aylanishi, urilishi, ishqa lanishidan hamda kuchli havo oqimlari, havo harakati va b.q hisoblanadi. Shovqinning ishchilar organizmiga nomuvofiq ta’sir etish mumkinligi va ta’sir etish darajasi shovqinning ta’sir darajasiga, ta’sir etish muddatiga va chastotali tarkibiga bog‘liqdir.
Odamning qulog‘i 16 dan 20 000 Gs gacha bo‘lgan tovush chastotalarini qabul qila oladi. Shovqinlar o‘z tarkibida turli chastotalardagi tovushlarni tutishi mumkin, shuning uchun chastotali tarkibi bo‘yicha shovqinlar past chastotali (350Gs gacha), o‘rta chastotali (350-800 Gs ) va yuqori chastotali (800 Gs dan yuqori) shovqinlarga bo‘linadi. Shovqin darajasi 1 sm2 yuzaga to‘g‘ri keladigan energiya qiymati (W/sm ) bilan ta’riflanadi. Ammo akustika va gigiyena amaliyotida ko‘pincha nisbiy qiymatlardan foydalanish qabul qilingan bo‘lib, uning energiya qiymatidan kelib chiqib, tovushni qabul qilishning logarifmiga bog‘liqligi hisobga olinadi. Logarifmik shkalaning o‘lchov birligi Bel hisoblanadi. Tovushlarni qabul qiluvchi chegara qiymati 10-16 W/sm2 ni tashkil qiladi. 1 Bel 10 -15 W/sm2 ga teng. Tovush (shovqin)ning jadalligini 10 marta oshirilganda tovushni qabul qilish sezgisi 2 martaga ortadi, 100 martaga oshirganda 4 martaga va h.q.
Odamning qulog‘i 0 dan 14 Bel (0 - 140 detsibel, dB) chegarasidagi tovush energiyasini qabul qila oladi. 140 dB ga teng bo‘lgan tovush (shovqin) lar tovush sezgisini emas, balki quloqda og‘riq sezgisini keltirib chiqaradi, shuning uchun 140 dB dan ortiq bo‘lgan qiymat og‘riq chaqiruvchi bo‘sag‘a deb nomlanadi. 140 dB dan ortiq bo‘lgan shovqin (tovush) to‘lqinlari quloqning nog‘ora pardasini yirtib yuborishi mumkin. Turli korxonalar uchun shovqinning chastotali tarkibini hisobga olganda ruxsat etiladigan darajasi SanQ va M № 0325-16 “Ish joylarida shovqin darajasining yo‘l qo‘yiladigan sanitar me’yorlari ” da belgilangan.
Spektri bo‘yicha shovqin 3 sinfga bo‘linadi:
-quyi takrorlanuvchi (16-350 Gs)
-o‘rta takrorlanuvchi (350-800 Gs)
-yuqori takrorlanuvchi (800 Gs va undan yuqori)
Yuqori takrorlanuvchi spektrlar ayniqsa eshitish analizatorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ishchilar organizmida shovqinning ta’siri ham spetsifik va ham nospetsifik o‘zgarishlarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Odam mutloq tinchlik sharoitida o‘zini yomon his qiladi, ammo shovqinning salbiy ta’siri uning jadalligi etarlicha yuqori ko‘rsatkichlarda bo‘lgandagina kuzatiladi. Yuqori chastotali shovqinlar yuqori xavfli hisoblanib, kam jadallikda ham organizmda negativ o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Past yoki o‘rta chastotali shovqinlar esa katta jadallikda kuchliroq ta’sir samaralarini nomoyon qiladi.
Shovqinning spetsifik ta’siri kortiev organidagi sochsimon tolalarda degenerativ o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi bilan bog‘liq. Natijada ishchilar organizmida koxlear nevrit shakllantirib, eshitish sezgisini asta - sekinlik bilan pasaytiradi va og‘ir karlik holatiga olib keladi (kasbiy karlik).
Shovqinning nospetsifik ta’siri ko‘pgina organlar va sistemalarning funksional holatida nomoyon bo‘ladi. Markaziy asab sistemasi tomonidan tez charchash, eslab qolish qobiliyatini yo‘qotish, ish qobiliyatini susayishi, apatiya, kuch-quvvatni yo‘qotish, uyqusizlik, yurak-qon tomir sistemasi tomonidan-bradikardiya, gipertoniya, yoki gipotoniya, periferik qon tomirlarining qisqarishi va h.k. Nafas olish organlari tomonidan nafas olish tezligi va chuqurligini kamayishi. Sezgi organlari orqali ko‘rish qobiliyatini pasayishi, vestibulyar apparati tomonidan bosh aylanish, muvozanatni buzilishi, ovqat hazm qilish organlari tomonidan oshqozon shirasini kam miqdorda ajralishi, hamda oshqozon va ichak peristaltikalarini susayishi kuzatiladi. Ichki sekretsiya bezlari tomonidan buyrak osti bezining giperfunksiyasi, qalqonsimon bezni va moddalar almashinuvi karbonsuv, oqsil buzilishi kuzatiladi.
Organizmdagi spetsifik ta’sir va hamma o‘zgarishlarning kompleksini "shovqin kasalligi" deb nomlanadi.
Shovqin kuchini aniqlash uchun shovqin o‘lchovchi asboblardan foydalaniladi (asboblar: SH-3M, SH-63, IRNA, ISHK-1, ASH-2M).
Shovqin balandligini ob’yektiv o‘lchash uchun maxsus asboblar-shovqin o‘lchagichlar (shumomerlar) qo‘llaniladi. Hozirgi kunda inspektor shovqin o‘lchagich keng qo‘llanilmoqda.Bu asbob shovqinni, tovush tebranishlarini elektr tebranishlariga aylantiradigan mikrofondan iborat. Bu tebranishlar kuchaytiriladi, sozlanadi va o‘rtacha quvvati detsebil hisobida darajalangan mikroampermetr yordamida o‘lchanadi. Dastadan tebranishlar diapazonlarini o‘zgartirish uchun foydalaniladi.
Ish joyida haqiqiy shovqin balandligini ruxsat etsa bo‘ladigan balandlik bilan taqqoslash uchun grafik usulda shovqin spektrogrammasi tuziladi.
Shovqinning ishchilar organizmiga nomuvofiq ta’sirining oldini olish uchun sog‘lomlashtiruvchi tadbirlar kompleksini o‘tkazish kerak:
shovqinni gigienik reglamentlash va ish joylarida shovqin darajasini nazorat qilish;
manbadagi shovqin darajasini pasaytirish (texnik takomillashtirish, ta’mirlash, jihozlarni bir-biriga moslash va b.q.);
jihozlar shovqinini izolatsiyalash va shovqin yutuvchi material lardan foydalanish;
tashkiliy-rejalashtiruvchi tadbirlar - shovqin tarqatuvchi manbani izolatsiya qilish yoki ularni alohida xonaga joylashtirish;
agar shovqin darajasini RED ga tushirishning iloji bo‘lmasa - ishchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash: antifonlar - "Berushi", quloqni berkituvchi moslamalar;
audiometriya tekshirishini o‘tkazish bilan ishchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish;
Kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga binoan bo‘lajak kasb egalari ishga qabul qilinishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim.
Ishga qabul qilingan shaxslar shovqinning spektriga qarab, buyruqda ko‘rsatilgan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan takroran o‘tib turishlari lozim
2.3 Profilaktik tibbiy tadbirlar
Profilaktik tibbiy tadbirlar quyidagilarni o’z ichiga olishi zarur:
mehnat shartlarini sog’lomlashtirishning muhandislik-texnik vositalarini (ventilyatsiya, germetizatsiya, avtomatlashtirish, mexanizatsiya, masofali boshqarish va h.k.) ishlab chiqishda ishtirok etish; gigienik normativlar, boshqa sanitar qonunchilikni ilmiy ishlab chiqish; mehnatni ilmiy tashkil qilish (3.1-3.7-ilovalarga qaralsin); oldini oluvchi va joriy sanitar nazorat; mehnat jamoasi o’rtasida sanitar-ta'lim va profilaktik ishlar (sanitariya qoidalariga, xavfsizlik texnikasi qoidalariga, maxsus kiyimdan foydalanishga, individual himoya vositalaridan foydalanishga, davolash-profilaktika ovqatlanishiga, suyuqlik ichish rejimiga o’rgatish).
Ishlab chiqarish muhiti va mehnat sharoitlarining noqulay omillari (mikroiqlim, shovqin, vibratsiyalar, tabiiy va sun'iy yorug’lik, elektromagnit nurlanishlar va h.k.)ni o’lchash usullari va vositalarini talabalar tegishli gigyiena mavzularida o’rganadi, shuning uchun ushbu mashhulotda ular faqat tilga olib o’tiladi.
Atrof-muhit omillarining organizmga va sog’liqqa ta'sirini o’rganish usullari va ko’rsatkichlarini talabalar oldingi gigiyena kurslarida, fiziologiya, patologik fiziologiya, biokimyo kurslarida, klinik kafedralarda o’rgangan, shuning uchun bu mashhulotda ular faqat sanab o’tiladi.
Tana, nafas olish, ko’rish, eshitish a'zolarini individual himoya qilish vositalari “Shaxsiy gigiena” bo’limida ko’riladi.
Ish joylarida eng chegaraviy yo’l qo’yiladigan shovqin darajalari shovqin va vibratsiyani aniqlash va gigienik baholash metodikasi bo’yicha mashg’ulotlar materiallarida keltirilgan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
K. SH. Baltaeva, SH. T. Iskandarova, N. S. Tadjibaeva, M. I. Xasanova. Sanoat gigienasi va sanitariyasi. Farmatsevtika va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun darslik. - T., 2010 y.
Nurmuhamedova M. X., Nazarova X. A. Gigiena. Toshkent, 2007 y.
Uayt V. “Технология чистыхпомещеный” – M. Klinrum, 2002y.
A. E. Fedotov. “Чистыe пoмeщeния” - M. ASINKOM, 2003y.
Dade W.Moeller. Environmental Health. Third Edition. London, England. 2005. 652 pag