qadimgi va ilk o\'rta asrlar davlatchiliga asosiy bosqinchlari va o\'ziga xos xususiyatlari
Madaniy hayot. Ilk o‘rta asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar O‘rta Osiyo madaniyatiga ham tasir etmasdan qolmadi. Bu davrdagi madaniy hayot dastavval antik davr madaniy ananalari asosida rivojlangan bo‘lsada, Kushon davlati xarobalarida bir nechta mustaqil davlatlar va mulklarning paydo bo‘lishi o‘ziga xos mahalliy madaniyatlarning paydo bo‘lishiga imkon yaratgan edi. Ilk o‘rta asrlarda madaniyatining shakllanishiga shuningdek, qo‘shni davlatlar avvalo, Hindiston, Eron, Afg‘oniston, Xitoy bilan hamda ko‘chmanchi chorvadorlar bilan bo‘lgan aloqalar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan edi.
Bu davr memorchiligi O‘rta Osiyo xalqlari ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettiradi. Shakllanayotgan mulkdorlar toifasi O‘rta Osiyoning turli hududlarida yirik qalalar qurib, ular atrofini ximoya inshootlari bilan o‘rab oladilar. Bunday qalalar vohalarda ko‘pincha tabiiy tepaliklar ustiga bunyod etilgan. Bunday qalalar Xorazm, Toxariston, Sug‘d, Ustrushona, Marv hududlaridan topib o‘rganilgan. Memorchilikda asosan tosh, paxsa, xom g‘isht va yog‘och qurilish materiali sifatida ishlatiladi.
Mil.IV-VI asrlar O‘rta Osiyo xalqlarining diniy qarashlari zardo‘shtiylik, buddaviylik, xristianlik va moniylik diniy etiqodlari bilan bog‘liq edi.IV-V asrlarga oid zardo‘shtiylik ananalari bilan bog‘liq bo‘lgan otashkadalar Qashqadaryodagi Yerqo‘rg‘ondan, Panjikent atroflaridan, Buxoro vohasidan topib o‘rganilgan. Ularning barchasida zardo‘shtiylik bilan bog‘liq bo‘lgan ossuariy (astadon) lar uchraydi. Tadqiqotchilarning fikricha,bu davrda zardo‘shtiylik diniga O‘rta Osiyoning markaziy va shimoliy hududlarida sig‘inishgan bo‘lsa,mintaqaning janubiy hududlarida buddaviylik dini tarqalgan edi. Buddaviylik dinining ibodatxonalari Qoratepa, Fayoztepa (Termiz), Ushturmullo (Kobadiyon), Ajinatepa, G‘ishttepa, Qalaikofirnihon (Toxariston), Marv kabilardan topib tadqiq etilgan.
O‘rta Osiyodagi xristianlikning markazi Marv shahri edi. Beruniy malumotlariga ko‘ra, Iso payg‘ambar tug‘ilganidan 200 yil o‘tgach xristianlar Marvda paydo bo‘lgan edilar. “Tojik xalqi tarixi” kitobida berilishicha, 334 yildayoq Marvda yepiskoplik, keyinroq esa Mitropoliya mavjud edi. Govurqaladan xristianlik ibodatxonasi qoldiqlari va xristianlar dafn etilgan qabriston ochib o‘rganilgan. Sug‘dning ayrim hududlarida (Samarqand va Panjikent) ham xristianlik tarqalganligi haqida malumotlar bor.
III asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘rta Osiyoda moniylik dini tarqala boshlaydi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha,Moniylik diniga asosan Sharqiy Turkiston va qisman Chag‘aniyon hamda Sug‘d aholisi etiqod qilgan.
Ilk o‘rta asrlarda O‘rta Osiyo xalqlari sanati devoriy suratlar,haykaltaroshlik,turli taqinchoq buyumlari orqali izohlanadi. Devoriy suratlar Dilbarjin (Avg‘oniston), Varaxsha, Afrosiyob, Panjikentdan topib o‘rganilgan bo‘lsa, Quyovqo‘rg‘on, Vaxshi vohasi, Afg‘onistondagi Chaqaloqtepa, Yerqo‘rg‘ondan turli hajmdagi haykallar,zargarlik buyumlari topib o‘rganilgan. Umuman olganda, boy bezaklar, sopol, metall idishlar, devoriy suratlar, hatto kiyimlardagi tasvirlar bu davrda O‘rta Osiyodagi tasviriy sanatning rivojidan dalolat beradi.
Eftalitlar davrida chorvador aholi turkiycha so‘zlashganligi sababli,turkiy til tobora ko‘proq yoyila boshlaydi. Bu davrda o‘troq aholining katta qismi sug‘diy tilda so‘zlashar edilar. Sug‘d tili va yozuvi Yettisuv,Farg‘onadan o‘tib Sharqiy Turkistonga qadar yetib boradi. Uning “Samarqand usuli”keng yoyilgan edi. Bundan tashqari Xorazm, Kxaroshtiy, Buxoro yozuvlari ham mavjud bo‘lgan. Bunday yozuv yodgorliklari Zangtepa,Qoratepa, Afrosiyob xarobalaridan, Kofirqaladan topib o‘rganilgan.