2022 yil mobaynida: • Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida 12,9 mln yevro;
• Yevropa investitsiya banki ishtirokidagi “O‘zbekistonda global koronavirus pandemiyasi davrida zarar ko‘rgan tadbirkorlik sub’yektlarini favqulodda qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida 35 mln AQSh dollari;
• Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish 2-faza” loyihasi doirasida 30 mln AQSh dollari;
• Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jalik tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida qo‘shimcha 10 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Ushbu jalb qilingan mablag‘lar va bankning barcha boshqa manbalari hisobidan joriy yil davomida jami 164 mln 400 ming AQSh dollari miqdoridagi 299 ta loyiha moliyalashtirildi. Bank tomonidan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan respublikamizda oziq-ovqat zaxirasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish loyihalariga kreditlar ajratildi, jumladan issiqxona xo‘jaliklari barpo etish uchun 6,1 mln AQSh dollari miqdoridagi 10 ta loyiha, muzlatkichli omborxonalar barpo etish uchun 7,5 mln AQSh dollari miqdoridagi 11 ta loyiha, bog‘dorchilik, ya’ni bog‘lar barpo etish uchun 1,7 mln AQSh dollari miqdoridagi 6 ta loyiha, chorvachilikni rivojlantirish uchun 4,3 mln AQSh dollari miqdoridagi 25 ta loyiha moliyalashtirildi. Bundan tashqari eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 106 ta eksportyor korxonaga 110 mln AQSh dollari, jumladan, Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 35 ta eksportyor korxonaga 13,9 mln AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratilgan bo‘lib, joriy yilda ushbu korxonalar tomonidan 153 mln AQSh dollari miqdorida eksport tushumi amalga oshirildi. ATB “Qishloq qurilish bank” hududlarda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etayotgan pudrat korxonalarini moliyalashtirishda ham bevosita ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan davrda 634 ta ko‘p qavatli uy-joylarning (23 152 ta xonadondan iborat) qurilish ishlarini moliyalashtirish uchun bank tomonidan pudratchilarga 1 trln 776 mlrd 300 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-33-son Farmoniga muvofiq 2022 yilda bank tomonidan 2022 yilning o‘tgan davrida 10 401 nafar fuqarolarga 2 trln 200 mlrd so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi. Farmonga muvofiq yangi tartib doirasida respublika tijorat banklari tomonidan 2022 yilning 11 oyida jami ajratilgan ipoteka kreditlarining 1 trln 800 mlrd so‘mi yoki 23,7 foizi ATB “Qishloq qurilish bank” hissasiga to‘g‘ri keladi. Bank kelgusida ham mijozlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatib, aholi farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishga intiladi.