Farmonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlari o`rta muddatli istiqbolda quyidagilardan iborat ekani belgilandi:
sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazish shart-sharoitlarini istisno etish;
davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko`tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish, ular uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag`batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq ro`yxatini belgilash;
davlat xizmatchilari daromadlarini deklarasiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va ularning ish haqi etarli darajada bo`lishini ta`minlash, shuningdek, davlat xizmatini o`tashda manfaatlar to`qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
korrupsiya bilan bog`liq huquqbuzarliklar to`g`risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish;
davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish;
fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta`minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o`tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish.
Idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali dasturlarini amalga oshirish, ularning hisobdorligi va faoliyatining ochiqligi mexanizmlarini joriy etish, odob-axloq qoidalariga rioya etilishi va manfaatlar to`qnashuvining oldi olinishini ta`minlash bo`yicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish orqali tegishli sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon yaratayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tag-tomiri bilan yo`qotish davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining birinchi darajadagi muhim vazifasi hisoblanadi.
Qo`shimcha ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati mexanizmlarini samarali qo`llashga yo`naltirilgan “Yo`l xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi. Unda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligi tartibini takomillashtirish, qarorlar qabul qilish jarayonida fuqarolar ishtirokining shaffof va samarali usullarini joriy etish ko`zda tutilgan.
Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta`lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta`lim va tarbiya masalalari Qonunning 16, 17, 18-moddalarida o`z ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo`lgan va huquqiy ta`lim va tarbiya jihatdan etuk bo`lgan insonlar salbiy illat bo`lmish korrupsiyaga yo`l qo`ymaydilar.
Shunday ekan, o`zimizga xulosa qilishimiz, kelajakni korrupsiyasiz birgalikda qurishimiz, buning uchun avvalo o`zimizni o`zimiz tarbiya qilishimiz, korrupsiyanining har qanday ko`rishnishini bartaraf qilish uchun birgalikda kurashishimiz zarurdir. Qabul qilingan Qonun esa davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta`sir etuvchi mazkur illatga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi sifatida xizmat qiladi.