Bu sxemani chuqur o‘rganib va tahlil qilib, quyidagi xulosalarni keltirishimiz mumkin:
- Mahsulot sifati, kishilar hayotining ravnaqi, uning sifati (yashash darajasi) oldindan yaratilgan sifat fundamenti (poydevori) ga bog‘liqdir;
- Sifatning yuqori darajasi bu yurtimizning ilmiy, texnikaviy yuksalishi bilan chambarchas bog‘liqdir;
- Ilmiy texnikaviy yuksalish esa sifatning asosiy uch belgisi bo‘lgan – standartlashtirish, metrologiya va setifikatlashtirish rivojini ta’minlab beradi;
- Sifatning uch asosiy belgisiga dunyoda mavjud bo‘lgan va faoliyat ko‘rsatayotgan standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar: Xalqaro – standartlashtirish tashkiloti (ISO), Metrologiya sohasida qonunlashtiruvchi xalqaro tashkilot (MOZM), Xalqaro savdo tashkiloti (VTO) o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazadi va o‘tkazib kelmoqda.
Shuning uchun ham ushbu fanni uch qismda (metrologiya, standartlashtirish sertifikatlashtirish) o‘rganish natijasida talabalar metrologiya bo‘yicha asosiy qoidalarni, talablar va meyorlarni, standartlashtirish va sifatni boshqarishdagi davlat bayonnomalari va meyoriy hujjatlar bilan ishlashni bilishi va mavjud bilimlarini, tajribalarini amaliy faoliyatda qo‘llay bilishi lozim hisoblanadi. Bu hozirgi kunda, ayniqsa, jahon andozalariga mos keluvchi mahsulotlarni ishlab chiqish va uning raqobatbardoshligini ta’minlashda o‘ta muhim masalalardan biri sanaladi.
1.2. “Metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” fanining rivojlanish tarixi XX asrning ikkinchi yarmida xalq xo‘jaligining barcha sohalaridagi ilm-fan, madaniyatning gurkirab rivojlanishini bejiz ilmiy-texnikaviy inqilob deb atalmaydi. Ilg‘or ilmiy yutuqlar fanga, bizning kundalik hayotimizga kirib kelib, shu darajada odatiy bo‘lib qolganki, aksariyat hollarda biz ularga e’tibor bermaymiz yoki sezmaymiz. Ba’zan esa, bizga, korxona yoki laboratoriyaga yetib kelguncha ularning qanchalik murakkab, notekis yo‘llardan o‘tganligini ko‘z oldimizga keltirmasdan, fikr yuritmagan holda ulardan foydalanamiz. Yuqoridagilarning hammasi to‘la ma’noda zamonaviy axborotli o‘lchash texnikalariga ham tegishlidir.
O‘lchashlar haqidagi fanning tarixi minglab yillarni tashkil etadi. O‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyoj qadim zamonlarda yuzaga kelgan. Inson kundalik hayotida har xil kattaliklarni: masofalarni, yer maydonlarining yuzalarini, jismlarning o‘lchamlari va massalarini, vaqtni va hokazolarni bu jarayonlarning yuzaga kelish sabablarini, manbalarini bilmasdan, o‘zining sezgisi va tajribasi asosida o‘lchay boshlagan.
Eng qadimgi o‘lchash birliklari - antropometrik, ya’ni insonning muayyan a’zolariga muvofiqlikka yoki moyillikka asoslangan holda kelib chiqqan o‘lchash birliklari hisoblanadi. Masalan: Ladon - bosh barmoqni hisobga olmaganda qolgan to‘rttasining kengligi; fut - oyoq tagining uzunligi; pyad - yozilgan bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasidagi masofa, qarich, quloch, qadam va hokazolar.
Asrlar o‘ta bizga yetib kelgan ba’zi o‘lchov birliklari xozirda xam ishlatiladi. Masalan, qadimgi janubi-sharqda “loviya doni”, “no‘xotcha” ma’nosini bildirgan, turli qimmatbaho toshlarning o‘lchov birligi sifatida ishlatilgan - KARAT: dorishunoslikda og‘irlik birligi qilib qo‘llanilayotgan, ingliz, fransuz, lotin va ispan tillarida “bug‘doy doni” ma’nosi bildiruvchi -GRAN va hokazolar.
Ba’zi bir tabiiy o‘lchovlar ham uzoq o‘tmishga ega. Ularning dastlabkilaridan biri, hamma yerda ishlatiladigan vaqt o‘lchovlaridir. Munajjimlarning ko‘p yillik kuzatishlari natijasida qadimgi Vavilonda vaqt birligi sifatida yil, oy, soat tushunchalari ishlatilgan. Keyinchalik yerning o‘z o‘qi atrofida to‘la aylanishiga ketgan vaqtning 1/86400 qismi sekund nomini olgan. Qadimgi Vavilonliklar bizning eramizgacha bo‘lgan II asrdayoq vaqtni Minalarda o‘lchashgan. Mina taxminan ikki astronomik soat vaqt oralig‘iga teng bo‘lib, bu vaqt mobaynida Vavilonda rasm bo‘lgan suv soatidan massasi taxminan 500 grammga teng bo‘lgan “mina suv” oqib ketgan. Keyinchalik mina o‘zgarib, biz o‘rganib qolgan minutga aylandi.
Vaqtlar o‘tishi bilan suv soatlari o‘z o‘rnini qum soatlariga, ular ham vaqti kelib mayatnikli mexanizmlarga bo‘shatib berdilar.
Insoniyat taraqqiyoti rivojlanishining ilk davrlaridanoq “moddiy” o‘lchashlar va o‘lchov birliklarining katta ahamiyatini tushunib bilganlar.
Fan va texnikaning rivojlanishi har xil fizikaviy kattaliklarning o‘lchamlarini muayyan o‘lchovlarga qiyoslab kiritishni taqozo eta boshladi. Bunday faoliyat jarayoni va rivojlanishi davomida o‘lchashlar haqidagi fan, ya’ni metrologiya yuzaga keldi.
Ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanishi o‘lchash vositalari va usullarini mukammallashtirishni talab eta boshladi. O‘lchashlar nazariyasi hamda vositalarining rivojini aniqlab bergan texnika yutuqlarining uchta asosiy bosqichini ajratib ko‘rsatish mumkin:
- ishlab chiqarish jarayonida qatnashadigan va stanoklarga biriktirilgan o‘lchash vositalarining yaratilishini talab qiluvchi texnologik bosqich (manufaktura va mashina ishlab chiqarishning yuzaga kelishi);
- ishlab chiqarish jarayonlarini kuchaytirish sharoitida foydalanilayotgan o‘lchash vositalarining aniqligi, ishonchliligi va unumdorligini keskin oshirishni talab qiluvchi energetik bosqich (bug‘ energiyasini ishlatish, ichki yonuv dvigatellarining yuzaga kelishi, elektr energiyasini ishlab chiqarish va ishlatish);
- zamonaviy fan yutuqlarining barchasini o‘lchash vositalarining tarkibiga kiritishni talab qilgan ilmiy-texnikaviy inqilob (fanni ishlab chiqarish bilan bog‘lash va uni bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylantirish) bosqichi. Bu bosqichning alohida xususiyatlaridan biri obyektlar va jarayonlar holatini muayyan parametrlar yordamida umumiy baholovchi o‘lchash tizimlarini yaratish bo‘lib, olingan natijalarni bevosita texnik tizimlarni avtomatik boshqarish uchun foydalanishdan iboratdir.
Amaliyot juda keng ko‘lamdagi fizikaviy kattaliklar qiymatini, ko‘pincha juda tez (sekundning milliarddan bir ulushlarida), yuqori aniqliqda (xatolik o‘lchanayotgan qiymatning 10 % idan kichik) va nafaqat inson sezgi organlari to‘g‘ri ilg‘ay olmaydigan, balki hayot uchun sharoit bo‘lmagan holatlarda ham aniqlashni talab qiladi. Shu kunlarda fanga yuzdan ortiq har xil fizikaviy kattaliklar ma’lum bo‘lib, ularning 70 dan ortig‘ini o‘lchash mumkin. Hozirgi kunlarda fan va texnikaning rivojlanishi tufayli ilgari o‘lchab bo‘lmaydi deb hisoblangan kattaliklarni o‘lchash va baholash imkoni yaratilmoqda. Masalan Sankt Peterburg aloqa instituti olimlari hidni o‘lchash borasida birmuncha yutuqlarni qo‘lga kiritganlar. Bu xususda buyuk italiyalik olim Galileo Galileyning quyidagi so‘zlarini eslab o‘tish o‘rinli bo‘ladi: - “O‘lchash mumkin bo‘lganini o‘lchang, mumkin bo‘lmaganiga esa imkon yarating”. Kondensatorning elektr sig‘imi, nurlanish oqimi, erigan metallning temperaturasi va atomning magnit maydoni kuchlanganligi kabi kattaliklarni maxsus texnikaviy vositalar - o‘lchash o‘zgartkichlari, asboblari va tizimlaridan foydalanmasdan o‘lchashni amalga oshirish mumkin emas. Bularning hammasi ongimizga, hayotimizga shunchalik singib ketganki, aksariyat hollarda biz ularning atrofimizda mavjud ekanligini sezmaymiz. Hamma joyda: uy-ro‘zg‘or va ishlab chiqarishda, dalada va kasalxonada, avtomobilda va ilmiy laboratoriyada ular bizning beg‘araz va tengsiz yordamchilarimizdir.
Ishonch bilan aytish mumkinki, o‘lchash inson ongli hayotining asosini tashkil etadi. Bu borada ko‘plab olimlar o‘lchash texnikasining rivojiga munosib hissa qo‘shganlar. Ular ichida birinchi navbatda quyidagilarni: Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayxon Beruniy, Ulug‘bek, Mixail Lomonosov, Dmitriy Mendeleyev va boshqalarni alohida ko‘rsatib o‘tish o‘rinli bo‘ladi. Ahmad Farg‘oniyning “Miqyosi Nil”, ya’ni Nil daryosining sathini tutash idishlar qonuniyati asosida o‘lchash va uning natijasiga ko‘ra yilning yog‘ingarchiligi va uning ekin hosiliga ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlari, Ulug‘bekning “Zij jadvallari” da keltirgan, hozirgi kunlarda eng zamonaviy o‘lchash qurilmalarida olingan natijalardan juda oz tafovut qiluvchi ma’lumotlari alohida tahsinga sazovordir. Bundan tashqari, Forobiyning astronomik kuzatishlar va o‘lchashlar uchun maxsus asbob - usturlob yasash sirlari xususidagi qimmatli ma’lumotlari juda katta ham ilmiy, ham falsafiy ahamiyatga egadir.
O‘lchash texnikasi ehtimollar nazariyasi, boshqarish nazariyasi va boshqa ilmiy yo‘nalishlar bilan birgalikda informatsion-o‘lchash, ya’ni o‘zida asosiy informatsiya olish imkonini beradigan vositalarni jamlagan (o‘lchash, nazorat qilish, hisoblash, tashxis, umumlashtirish va tasvirlarni aniqlash) texnikasining rivojiga asos bo‘ldi. Qo‘yilgan muammolarning, ularni yechish usullari va olingan natijalarning har xilligidan qat’iy nazar, informatsiya olish mobaynida asosiy o‘lchash, ya’ni qayta ishlash, qabul qilish va biror jarayon yoki manba haqidagi ma’lumotni tasavvur qilish amallarini bajarish ko‘zda tutiladi.
Xulosa sifatida metrologiyaning rivojlanish tarixiga nazar tashlasak, quyidagi muhim bosqichlarni keltirishimiz mumkin.
- 1791 yilda metr etaloni Fransiyada qabul qilinishi (1 metr Yer meridiani uzunligining 1x10-7 bo‘lagiga teng qilib olinganligi);
- 1875 yilda Parijda 17 davlat tomonidan Xalqaro konvensiyani qabul qilinishi (bu esa mavjud metrik sistemaning takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, metr o‘lchov birligiga asos soladi);
- 1893 yilda Rossiyada D.M. Mendeleyev tomonidan o‘lchov va og‘irlik (tarozi) Bosh palatasining tashkil etilishi;