Raqobatga qarshi harakatlarga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari takomillashmaganligi
Strategiyaning maqsadi va vazifalari
Tovar va moliya bozorlarida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish orqali samarali raqobat muhitini yaratish maqsadida mamlakatimizda iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish, narxni ortiqcha tartibga solishdan voz kechish va davlatning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, oldimizda davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar monopoliyasining iqtisodiyot raqobatbardoshligiga salbiy ta’sirini yanada kamaytirish, imtiyoz va preferensiyalar berish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tartibga solish yukini pasaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar turibdi.
Tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun teng sharoitlarni yaratish, oshkoralikni ta’minlash va davlat xaridi tartib-taomillarini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
Bugungi kunda, samarali raqobat muhitini yaratish hamda tovarlar va xizmatlar bozoridagi monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish vazifalarini hal etish uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Shu maqsadda, mamlakat iqtisodiyotida davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar va bozor mexanizmlariga o‘tish amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyati sohasida 86 ta ayrim litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-tamoyillari, shu jumladan 38 ta turini 16 taga birlashtirish, 25 ta turi bo‘yicha rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish hamda 14 ta litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni berishni markazlashtirish orqali bekor qilindi va soliq yuki kamaytirildi.
Tadbirkorlik sohasi izchil rivojlanayotgani qayd etilmoqda, so‘nggi uch yilning o‘zidayoq amaldagi tadbirkorlik subyektlari soni 25 foizga oshdi.
Ko‘rilayotgan choralar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqariladigan ko‘plab oziq-ovqat (alkogolsiz ichimliklar, sharbatlar, non, non mahsulotlari, go‘sht va sut mahsulotlari, qandolatchilik mahsulotlari va boshqalar) hamda ayrim nooziq-ovqat tovarlar (mebel, gilam va gilam mahsulotlari, to‘qimachilik va boshqalar) bozorlarida raqobatning rivojlanishini ta’minladi. Qurilish materiallari, kabel va sim mahsulotlari, pul o‘tkazmalari xizmatlari bozorida yirik kompaniyalarning monopoliyasi tugatildi.
Yaratilgan birja mexanizmi bozor ishtirokchilarini yuqori likvidli va monopol turdagi xomashyo va materiallar bilan bir xilda ta’minlash imkonini berdi. Bugungi kunda O‘zbekiston respublika tovar xomashyo birjasi tovar aylanmasining 65 foizini monopol mahsulotlar tashkil etadi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda monopol korxonalar soni ikki baravardan ortiqqa kamaydi.
Shu bilan birga, mamlakat iqtisodiyotidagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan quyidagi tizimli muammolar hal etilmagan:
iqtisodiyotda davlatning haddan ziyod yuqori ishtiroki;
narxlarning haddan ortiq tartibga solinishi;
imtiyoz va preferensiyalarning samarasiz tizimi;
biznes subyektlariga yuqori tartibga solish yuki va tarmoq tartibga soluvchi organlarning raqobatni rivojlantirishdan manfaatdor emasligi;
tabiiy monopoliya holatini suiiste’mol qilish;
raqobatga qarshi holatlarga qarshi kurashish huquqiy mexanizmlarning takomillashmaganligi.
Bugungi kunda tovar va moliya bozorlarida davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar ustun mavqega ega bo‘lib qolmoqda, masalan, monopol tashkilotlarning 80 foizi davlat ulushiga ega yoki davlat ulushiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan nazorat qilinadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlatga tegishliligi va davlat tomonidan nazorat qilinishi masalasi qonun hujjatlarida tartibga solinmaganligi tufayli davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini aniqlashda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.
Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar raqobat holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan davlat unitar korxonalari (DUK) va sho‘ba korxonalar ko‘rinishida o‘zlarining nazorati ostidagi tuzilmalar tashkil etmoqda. Bugungi kunda bunday korxonalar soni 4 300 tadan ortiqni tashkil etmoqda, shu jumladan aksiyadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlari shaklida — 1 300 tadan ortiq, davlat unitar korxonasi shaklida — 1 800 tadan ortiq va ularning affillangan shaxslari — 1 100 tadan ortiq.
Bozor muhitining rivojlanmaganligi va davlatning iqtisodiyotdagi haddan ziyod yuqori ishtiroki davlat ishtirokidagi alohida xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining samarasizligiga olib kelmoqda, bu esa “o‘zaro kesishuvchi” subsidiyalash, soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalar, imtiyozli kreditlar taqdim etish ko‘rinishidagi davlat ko‘magi orqali qoplanmoqda.
Moliya va kapital bozorlarida (birja, markaziy depozitariy, banklar) davlatning ishtiroki va uning vakolatlarining yuqori konsentratsiyasi saqlanib qolmoqda, bu esa manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmoqda va bozor mexanizmlarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Masalan, fond birjasidagi qimmatli qog‘ozlar operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitob xizmati davlatga tegishli “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning monopoliyasi o‘rnatilgan. Umuman olganda, bank sektorining 83 foizi davlat ishtirokida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda davlat tomonidan narxlarni tartibga solish (deklaratsiya qilish, tasdiqlash, qat’iy belgilangan yoki cheklangan narxlarni (tariflarni), tartibga solish koeffitsiyentini, ustama va rentabellikning chegaralangan darajasini o‘rnatish va narxni tartibga solishning boshqa usullari) 30 dan ortiq tovar va xizmatlarga nisbatan amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, tabiiy monopoliyalar sohasida 10 xil turdagi tovar (ish, xizmat)lar tartibga solinishiga qaramasdan, amalda iste’molchilar va yetkazib beruvchilar toifalari, shuningdek, hududiy prinsipga qarab o‘rnatiladigan 137 xildagi narx darajalari orqali tartibga solinmoqda.
Monopol korxonalar va tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan foydalanilayotgan xarajatlarga asoslangan narxlarni shakllantirish usuli xarajatlarga minimal foydani qo‘shish sxemasidan iborat bo‘lib, u xarajatlarning asossiz o‘sishiga undaydi, ishlab chiqarish tannarxining pasayishini rag‘batlantirmaydi, xarajatlarning o‘sishi esa, narxlar va tariflarning iste’molchilar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri oshirish hisobiga qoplanadi.
3.1. Quyidagilar orqali raqobatni himoya qilish va rivojlantirish tizimini transformatsiya qilish:
bozor ishtirokchilarining xatti-harakatlarini tahlil qilishga o‘tishni nazarda tutuvchi “aqlli” monopoliyaga qarshi tartibga solish modelini joriy qilish, halol raqobatni rag‘batlantiruvchi tizimni yaratish, jarayonlarni raqamlashtirish orqali raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldindan yo‘l qo‘ymaslik (profilaktika) mexanizmlarini joriy etish;
xulq-atvor iqtisodiyoti (behavioral economics) tamoyillariga asoslangan tovar va moliya bozorlarini tahlil qilish vositalarini joriy etish;
Butunjahon iqtisodiy forumi Global raqobatbardoshlik indeksi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tovar bozorini tartibga solish indeksi metodologiyasi asosida tovar va moliya bozorlarida raqobat holatini muntazam diagnostika qilish;
bozor ishtirokchilariga nisbatan ma’muriy yukni kamaytirish maqsadida monopol korxonalar Davlat reyestri va tabiiy monopoliyalar Davlat reyestrlarini yuritishni bekor qilish;
bozor ulushiga asoslangan ustunlik mavqeni aniqlash mezonlarini qayta ko‘rib chiqish va bozordagi ustunligini aniqlashda bozor ishtirokchilarining raqobatga zid xulq-atvorini baholashga o‘tish;
bozor konsentratsiyasini (qo‘shib yuborish va qo‘shib olish) tartibga solishda jarayonlarni raqamlashtirish va raqobatga bo‘lgan ta’sirini baholash sifatini oshirish yo‘li bilan yanada takomillashtirilgan mexanizmini yaratish;
tarmoqlardan va faoliyatni halol amalga oshirishdan kelib chiqqan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlarni toifalashtirishni nazarda tutuvchi monopoliyaga qarshi davlat nazoratini amalga oshirishda xavf-xatarga asoslangan yondashuvni joriy etish.
3.2. Samarali faoliyat ko‘rsatadigan bozorlarni yaratish, ularning shaffofligini va kirish uchun teng sharoitlarni ta’minlash, shu jumladan:
asosiy tovar va moliya bozorlarda bozor ishtirokchilari sonini ko‘paytirish va ular uchun kirishni soddalashtirish hisobiga ularning samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
tender savdolari jarayonida raqobat to‘g‘risidagi qonun buzilishlarini aniqlash mexanizmini kuchaytirish va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan kichik biznes subyektlariga davlat xaridlari jarayonlarida qatnashish uchun teng imkoniyat yaratish;
strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarga monopoliyaga qarshi talablarni kiritish yo‘li bilan ularning xaridlari jarayonida raqobatni ta’minlash;
birja savdolariga chiqariladigan tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va ularga tadbirkorlik subyektlarining erkin kirishini ta’minlash orqali birja savdolari mexanizmini takomillashtirish;
birja savdolari jarayonida yuqori talab davrida narxlarning manipulatsiyasini oldini olish bo‘yicha monopoliyaga qarshi ta’sir ko‘rsatish mexanizmini ishlab chiqish;
chakana va ulgurji savdoga nisbatan monopoliyaga qarshi talablarni joriy etish.
3.3. Quyidagilar orqali tadbirkorlik subyektlarining ma’muriy yuki va xarajatlarini, iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini kamaytirish va davlat ko‘magini ko‘rsatilishini tartibga solish:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash;
normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan “gilotina” usulidan foydalangan holda kompleks o‘rganib chiqish;
amaldagi litsenziya turlari va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, keyinchalik ularni kamida ikki baravarga qisqartirish;
davlatning iqtisodiyotda ishtirok etish maqsadlarini belgilash mexanizmini joriy qilish va bozorda xususiy sektor mavjud bo‘lgan holda davlat korxonalari tashkil etilishini cheklashni ko‘zda tutuvchi “sariq sahifalar” tamoyiliga o‘tish;
raqobat muhitiga salbiy ta’sirini oldini olish maqsadida davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil qilishda monopoliyaga qarshi organ roziligini olish mexanizmini joriy qilish;
davlat organlarining ayrim davlat va xo‘jalik funksiyalarini bajarish uchun xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha dasturlarni tayyorlash;
raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan davlat organlari tomonidan ta’sis etiladigan, shuningdek, davlat ishtirokidagi yirik xo‘jalik birlashmalari va tabiiy monopoliya subyektlari bilan affillangan davlat unitar korxonalari sonini qisqartirish;
raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga “davlat ko‘magi” tushunchasini hamda imtiyozlar va preferensiyalar berilishida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olishni nazarda tutuvchi mexanizmni joriy qilish;
imtiyoz va preferensiyalarning reyestrini joriy etish va ularning samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish;
davlat tomonidan berilgan imtiyoz va preferensiyalarning samaradorligini tahlil qilish;
o‘zini o‘zi tartibga solish mexanizmi kabi davlat tomonidan tartibga solishga muqobil bo‘lgan mexanizmlarni joriy qilish.
3.4. Raqobatni rag‘batlantiruvchi ta’sirni vujudga keltiruvchi narxlarni shakllantirishning yuqori samarali usullarini qo‘llagan holda narxlarni (tariflarni) davlat tomonidan oqilona tartibga solish tizimini yaratish:
iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, iste’molchilarning manfaatlari, xarajatlarni kamaytirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xarajatlarini pasaytirish va sarmoyaning qaytishini rag‘batlantirishga asoslangan tovar va moliya bozorlaridagi narxlarni (tariflarni) shakllantirishda bozor mexanizmlariga to‘laqonli o‘tish;
tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatida raqobatni rag‘batlantirish effektini yaratuvchi narxlarni shakllantirishning progressiv bozor mexanizmlarini (investitsiya qilingan sarmoyaning iqtisodiy asoslangan rentabelligi usuli (Regulatory Asset Base), qiyosiy tahlil va boshqalar) joriy qilish;
tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xarajatlarining asosliligini aniqlash uchun taqqoslanadigan bozorlar va o‘zaro bog‘liq bozorlarda narxlarning “qiyosiy qiymatlari” usulidan foydalanishni nazarda tutadigan tartibga solinadigan narxlardan foydalanishni monitoring qilishning yangi modelini ishlab chiqish.
3.5. Quyidagilar orqali tabiiy monopoliya sohalarining raqobat bozori holatiga o‘tishi uchun to‘siqlarni bartaraf etish:
tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati va ishlashini, shu jumladan o‘zaro bog‘liq bozorlarda raqobat sharoitlarini yaratish imkoniyati nuqtai nazaridan o‘rganib chiqish;
tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatining shaffofligini va ularning infratuzilmasiga xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kamsitishsiz kirishini ta’minlash;
elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish va elektr energiyasining ulgurji bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish;
temir yo‘l va havo transportida tashish bozorida raqobatni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish.
3.6. Raqobatni himoya qilishda qonun hujjatlari talablari buzilishiga oldindan yo‘l qo‘ymaslik (profilaktika) vositalarini, shu jumladan davlat organlarida va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplaensni — raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xavf-xatarlarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha ichki tartib-qoidalar tizimini joriy qilish.
3.7. Quyidagilar orqali til biriktirishlar va “kartel” kelishuvlarini bartaraf etish chora-tadbirlarini kuchaytirish va halol raqobatni rag‘batlantirish:
ijtimoiy ahamiyatga ega va monopol turdagi tovarlar va xizmatlar narxlarini doimiy kuzatib borishning yangi mexanizmini ishlab chiqish;
til biriktirishlar va “kartel” kelishuvlariga qarshi kurashish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bitimlar tuzish;
“kartel” kelishuvlarini aniqlash maqsadida “yumshatuvchi holatlar” dasturi samaradorligini oshirish yo‘li bilan jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish;
raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, shu jumladan “kartel” kelishuvlari va til biriktirishlarga nisbatan ta’sir choralari va jarima sanksiyalarini qayta ko‘rib chiqish;
raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlariga samarali chek qo‘yish uchun muayyan holatlarda monopoliyaga qarshi aralashuvning quyi chegarasini joriy etish;
nohalol raqobat holatlarini sodir etganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish;
intellektual mulk huquqlarini buzadigan nohalol xo‘jalik yurituvchi subyektlar reyestrini yuritish;
Oldingi tahrirga qarang.
informatsion texnologiyalar yordamida Adliya vazirligi bilan axborot almashinuvining yangi mexanizmlarini joriy qilish;
(3.7-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
Oldingi tahrirga qarang.
monopoliyaga qarshi kurashish organi huzurida huquqshunoslar, patent vakillari hamda Adliya vazirligi mutaxassislaridan tuzilgan mahsulotning o‘xshashlik darajasini baholash bo‘yicha ekspert komissiyasini tashkil qilish.
(3.7-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
3.8. Quyidagilar orqali raqamli iqtisodiyotni monopoliyaga qarshi tartibga solishning samarali vositalarini joriy etish:
raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga “raqamli bozorlar” tushunchasini kiritish, ularning geografik va tovar chegaralarini hamda tartibga solish usullarini belgilash;
elektron tijorat orqali savdolarning monopoliyaga qarshi qoidalarini joriy etish;
monopoliyaga qarshi tartibga solish maqsadida “RegTech” (raqamli bozor ishtirokchilari tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini samarali qo‘llashga imkon beruvchi tartibga solish texnologiyalari) konsepsiyasiga asoslangan raqamli platformani yaratish;
raqamli bozorlarda innovatsiyalarni ortiqcha tartibga solish hujjatlarisiz sinash imkoniyatini beruvchi maxsus huquqiy rejim — “tartibga solish qumdoni” (regulatory sandbox)ni yaratish.
3.9. Quyidagilar orqali monopoliyaga qarshi organ faoliyatining shaffofligini va samaradorligini ta’minlash, jamiyatda raqobat madaniyatini va raqobatga qarshi harakatlarning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlikni shakllantirish:
jamoat tashkilotlari, ekspertlar va biznes hamjamiyatlari bilan o‘zaro munosabatlarni kuchaytirish va ularni sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash ishlariga keng jalb qilish maqsadida “Raqobat 4.0” munozaralar platformasini (maydonchasini) yanada rivojlantirish;
raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ekspertlar kengashini tuzish;
raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha nodavlat tashkilotlarni shakllantirish;
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti metodikasiga muvofiq tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitining rivojlanishi ko‘rsatkichlaridan foydalangan holda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini (KPI) joriy qilish;
raqobatni cheklash holatlarini aniqlash va ta’sir choralarini qo‘llash tezkorligini oshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining faoliyatiga innovatsion ishlanmalar va axborot texnologiyalarini joriy etish;
tadbirkorlik subyektlari uchun raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga oid bozor ko‘nikmalarini shakllantirish va bilimlarni oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilish.
3.10. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining kadr salohiyatini tizimli oshirish, shu jumladan:
oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga monopoliyaga qarshi tartibga solish va raqobat huquqi bo‘yicha kadrlar tayyorlash bo‘yicha maxsus yo‘nalishlarni joriy etish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi markaziy apparati va hududiy organlari xodimlari uchun raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish.