MAVZU: STATISTIK KUZATISH USLUBIYATI
Reja
1. Statistik kuzatish to’g’risida umumiy tushuncha
2. Statistik kuzatishning shakllari, turlari va usullari
3. Statistik kuzatishning dasturiy-uslubiy va tashkiliy masalalari hamda
statistik kuzatish ma’lumotlarini qabul qilish va uni nazorati
Har qanday statistik tekshirish o’sha o’rganilayotgan ob’ekt haqida tegishli
ma’lumotlarni to’plashdan, ya’ni statistik kuzatishdan boshlanadi, shuning uchun
ham statistik kuzatish har qanday statistik tadqiqotning birinchi bosqichi deyiladi.
Masalan, tekshiruvchiga respublikadagi yoki viloyatdagi banklarning moliyaviy
holatini o’rganish topshirildi. Bu ishni bajarish uchun tekshiruvchi barcha banklar
bo’yicha moliyaviy holatni tavsiflovchi ko’rsatkichlar to’g’risida ma’lumotlarni
boshlang’ich manbalardan olishi kerak. Bu ko’rsatkichlarga qanday omillar ijobiy
yoki salbiy ta’sir ko’rsatganligi haqida, moliyaviy holatni yaxshilash uchun qanday
zaxiralar mavjud edi va ulardan banklar qanday foydalanganligi to’g’risida
ma’lumotlar yig’ish kerak. Bunday ma’lumotlarsiz moliyaviy holatni o’rganib
bo’lmaydi.
Shunday qilib, statistik kuzatish deganda o’rganilayotgan hodisa va
jarayonlar to’g’risidagi ma’lumotlarni ma’lum bir yagona ilmiy-tashkiliy dastur
bo’yicha qayd qilishga va to’plashga tushuniladi. Statistik kuzatish qanchalik
to’g’ri, bir necha bor ilmiy-tashkiliy ekspertizalardan o’tgan dastur bilan o’tkazilsa,
uning ma’lumotlar aniq qo’yilgan maqsadga erishish uchun kerakli bo’ladi. Eng
asosiysi, kuzatish ma’lumotlarini qayta ishlab to’g’ri xulosalar chiqariladi.
Agarda to’plangan ma’lumotlar noaniq va noto’g’ri bo’lsa, birinchidan
sarflangan vaqt va mablag’ zoe ketgan bo’ladi, ikkinchidan esa, olingan natijalar
va chiqarilgan xulosalar noto’g’ri bo’lishi mumkin.
Har qanday ma’lumot to’plash ham statistik kuzatish hisoblanmaydi. Uni
o’tkazishda quyidagi talab va tamoyillarga rioya qilinadi.
Statistik kuzatish ma’lumotlarni bir-biri bilan uzviy bog’langan va bir
butunlikda qayd qilish zarur. Masalan, moliyaviy holat o’rganilayotgan bo’lsa,
uning yaxshilanib yoki yomonlashib borayotganligini tavsiflovchi ko’rsatkichlarni
bir guruhini o’rganib xulosa chiqarish mumkin emas. Chunki ular bir-biriga
bog’liq, bir-birini taqozo qiluvchi ko’rsatkichlardir. Agarda bir guruh
ko’rsatkichlarni tahlil qilib xulosa chiqarsak, oldindan ko’zlangan xatolarni keltirib
chiqaramiz.
Statistik kuzatishning muhim qoidalaridan biri – kuzatish o’tkazishda
to’plam birliklarini qamrab olish masalasidir. Bu masala ham makon, ham zamon
chegarasida to’g’ri hal etilsa maqsadga muvofiqdir.
Masalan, o’sha moliyaviy holatni o’rganish misolimizga qaytaylik. Agarda
birinchi yilda to’plamning barcha birliklari (faraz qilaylik 114 ta), kelgusi yili
to’plamning bir qismi (94 tasi), uchinchi yilda qolgan bir qismi (20 tasi) kuzatilsa,
olingan ma’lumotlar vaqt va to’plam birliklarini qamrab olish bo’yicha to’la-
to’kis bo’lmaydi va ularni taqqoslash mumkin emas.
To’planayotgan ma’lumotlarning aniqligi, haqqoniyligi va ob’ektivligi
haqida hech qanday shubha bo’lmasligi kerak. Agarda qandaydir bir shubha
tug’ilsa (uni hajmidan qat’iy nazar), to’plamga kiritilgan har bir ko’rsatkich
mustaqil ekspertlar tomonidan tekshirib ko’rilgani ma’qul. Bu erda gap arifmetik
hisob-kitob ustida ketmayapti, balki har bir birlikni ob’ektiv haqiqatni aks ettirishi
ustida bormoqda.
Ma’lumotlarni to’plash yagona (hamma ob’ektlar bo’yicha) dastur va
metodologiya bilan amalga oshirilishi shart, aks holda, ular keraksiz
ma’lumotlarga aylanadi.
Masalan, aholi fikrini o’rganmoqchisiz. To’plamga kiradigan aholi soni
1000 kishi. Ularni barchasiga bir xil savollar bilan murojaat qilish kerak va
javoblarni olishdan oldin respondentlarni savollarga javob berish yo’riqnomasi
bilan tanishtirish to’g’ri javoblar olishga asos bo’ladi.
Bozor iqtisodiyotining eng muhim talablaridan biri ma’lumotlarni o’z
vaqtida to’plashdir. Ma’lumki, amaliy menejmentda doimiy to’ldirilib boriladigan
statistik ma’lumotlarga zaruriyat bor. Menejerlarga bu ma’lumotlar juda zarur.
Ular ishonchli, to’liq va ob’ektiv bo’lishi hamda o’z vaqtida to’planishi kerak.
Kechikkan ma’lumot – keraksiz ma’lumotdir.
Statistiki kuzatish informatsiya etkazib beruvchi sub’ektlar kategoriyalariga
qarab quyidagi shakllarga bo’linadi:
1. Ma’muriy ma’lumotlarni to’plash. Ma’muriy idoralar(soliq, bojxona,
nikohdan o’tkazish va x.k.) statistika organlariga o’z faoliyatlari haqida
ma’lumotlarni pulsiz va so’ralgan vaqtda etkazib berishga majburdirlar.
2. Boshlang’ich statistik ma’lumotlarni to’plash. Ro’yxatdan o’tgan barcha
tashkilot, korxona, tadbirkorlar topshiradigan statistik hisobotlar orqali to’planadi.
3. Statistik organlar to’plagan ma’lumot. Statistika organlari uy xo’jaligini
o’rganish uchun maxsus tanlab kuzatishlar o’tkazishadi, aholi ro’yxati va boshqa
maxsus kuzatishlar yordamida to’plangan ma’lumot.
Statistik kuzatish tashkil etilishiga qarab: statistik hisobot va maxsus
uyushtirilgan statistik kuzatishlarga bo’linadi.
Hisobot (buxgalteriya va statistik hisobotlarga bo’linadi) statistik
kuzatishning asosiy shakli bo’lib, u barcha korxona va tashkilotlar faoliyati
haqidagi boshlang’ich ma’lumotlarni to’plash uchun imkoniyat yaratadi. Uning
ma’lumot manbai bo’lib buxgalteriya va operativ hisob hujjatlarida qayd etilgan
boshlang’ich yozuvlardir. Joriy statistika butunlay va to’laligicha hisobot
ma’lumotlariga asoslanadi. Hisobot ma’lumotlari, qaysi darajada bo’lmasin
(korxona, tuman, viloyat va respublika) operativ boshqarishda va belgilangan
rejalarning bajarilish darajasini o’rganishda juda katta ahamiyatga ega. Ammo
statistik hisobot qanchalik yaxshi yo’lga qo’yilmasin, qanchalik tez va aniq
ma’lumotlarni etkazib bermasin, uning ma’lumotlari amaliy menejment uchun,
ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish uchun, strategik yo’nalishlarni belgilash
uchun etarli emas. Shuning uchun ham hisobot bilan bir qatorda statistikada maxus
tashkil qilingan statistik kuzatishlar keng qo’llaniladi. Maxsus tashkil qilingan
statistik kuzatishlarga aholi ro’yxatini misol keltirishimiz mumkin. Sobiq ittifoq
chegarasida aholi 7 (1920, 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 y) marta
ro’yxatdan o’tkazilgan. Aholi ro’yxatini o’tkazishdan maqsad, uning soni,
joylanishi, tarkibi, migratsiyasi, yoshi, ish bilan bandligi va h. k. to’g’risida bebaho
ma’lumotlar to’plashdir.
Maxsus tashkil qilingan statistik kuzatishlarni voqea va hodisalarning sodir
bo’lishini qayd qilish vaqtiga qarab uch turga-uzluksiz, fursatli va bir yo’la
kuzatishga ajratish mumkin.
Uzluksiz kuzatish deganda hodisalar ro’y berishi bilanoq qayd qilinadigan
kuzatish tushuniladi. Masalan, bola tug’ilishi, nikohdan o’tish kabi voqea
(hodisa)lar sodir bo’lishi bilanoq, ya’ni o’sha kunning o’zidayoq qayd etiladi.
Fursatli kuzatish deganda ma’lum muddatlarda o’tkaziladigan kuzatishlar
tushuniladi. Masalan, aholi ro’yxati va boshqalar.
Bir yo’la kuzatish deb birorta masalani echish uchun o’tkazilgan kuzatishga
aytiladi. Masalan, savdo korxonalarini jihozlanish darajasining bozor iqtisodiyoti
talablariga javob berishi va bermasligini o’rganish uchun maxsus kuzatish
o’tkazish. Bunday kuzatishni keyinchalik o’tkazmaslik ham, zaruriyat tug’ilsa,
yana o’tkazish ham mumkin.
O’rganilayotgan to’plam birliklarini o’z ichiga qamrab olishiga qarab,
statistik kuzatish ikki turga: yoppasiga kuzatish va qisman kuzatishga bo’linadi.
Yoppasiga kuzatishda to’plam birliklarining barchasi kuzatiladi.Masalan,
O’zbekistonda aholi ro’yxati o’tkaziladigan bo’lsa, respublika fuqarolarning
barchasi (qaerdaligidan qat’iy nazar) ro’yxatga olinadi. Bu degani fuqaro chet
davlatdami, dengizdami, okeandami va hatto kosmosdagi kishi ham ro’yxatdan
o’tishi kerak.
Qisman kuzatishda o’rganilayotgan to’plam birliklarining bir qismi
kuzatishga jalb qilinadi. Qisman kuzatish to’rtta turga: anketa orqali kuzatish,
monografik tasvirlash, asosiy massivni kuzatish, tanlab kuzatishga bo’linadi.
Anketa orqali kuzatishda savollar yozilgan varaqalar kuzatish birliklariga
tarqatilib, ular to’ldirilgandan so’ng yig’ishtirib olinadi va umumlashtiriladi.
Bunday kuzatish jamoatchilik fikrini aniqlashda va,ayniqsa, bozor iqtisodiyoti
sharoitida ayrim hodisa va voqealar bo’yicha maxsus mustaqil ekspertlarning
fikrlarini bilishda yaxshi natija beradi.
Monografik tasvirlash deganda to’plamning bir bo’lagini har tomonlama va
chuqur o’rganish tushuniladi. Masalan, viloyatda bir jinsli 104 ta korxona bor,
shundan 4 tasi juda ham ilg’or.Ana shu to’rtta korxonani ilg’orlik sabablarini
o’rganish uchun u korxonalarda: ishni tashkil etish; asosiy va oborot fondlaridan
foydalanish; mehnat unumdorligi; ish rejalarini bajarilishi; jihozlarni
yangilanganlik darajasi; resurslardan to’liq va samarali foydalanish darajasi va
x.k. chuqur va har tomonlama o’rganiladi. Ushbu o’rganish monografik kuzatish
deyiladi. Xulosani chuqur yoki batafsil yozish, o’rganish va olingan natijalarni
chop qilishga monografiya deyiladi. Asosiy massivni kuzatishda o’rganilayotgan
belgi umumiy hajmining o’zgarishiga olib keladigan eng salmoqli o’rin tutgan
birliklar ajratib olib o’rganiladi. Masalan, shaharda 150 oziq-ovqat do’koni bo’lib,
shundan 15 tasi tovar oborotining 70-80 foizini beradi. Demak, 150 ta oziq-ovqat
do’konining barchasini o’rganib o’tirmasdan, 15 do’konni o’rganib shaharda oziq-
ovqat savdosi qanday tashkil qilinganligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Tanlab kuzatish deganda bosh to’plamdan bir qismini tanlab olib tekshirish
tushuniladi. Agarda kuzatishning bu turi to’g’ri tashkil qilinsa, qisman
kuzatishning turlari ichida eng yaxshi o’rganilgan ma’lumotlar umumiy to’plam
haqida to’la-to’kis va aniq fikr yuritish imkonini beradi. Bu kuzatishda asosiy
muammo tanlanma to’plamning reprezentativligini (vakolatliligini) ta’minlashdir.
Agarda tanlab olingan to’plamda bosh to’plamning muhim xususiyatlari
namoyon bo’lsa, u to’plam reprezentativ deyiladi. Reprezentativlikni ta’minlash
tanlash usullarini to’g’ri belgilashga bog’liqdir. Statistikada tasodifiy, tipik,
mexanik va seriyalab tanlash usullari mavjud.Bu usullar mazmuni tanlab kuzatish
mavzusida yoritiladi.
Boshlang’ich ma’lumotlarni olish usuliga qarab, statistik kuzatish bevosita
kuzatish, hujjatli, savol-javob usullarida amalga oshiriladi.
Bevosita kuzatishda kuzatuvchi o’rganilayotgan to’plam birliklarini birma-
bir ko’rib, sanab, tortib va o’lchab, keyin ro’yxatdan o’tkazadi. Hujjatli usulda esa
kerak bo’lgan ma’lumotlar faqat maxsus hujjatlardan olinadi. Savol-javob usulida
kuzatilayotgan shaxslarga savollar berilib, olingan javoblar kuzatish varaqasiga
yoziladi. Bu usulda so’raluvchidan hech qanday hujjat talab qilish mumkin emas.
Bu usulga aholi ro’yxatini misol keltirish mumkin. So’roq-javob usuli o’z
navbatida uchga bo’linadi: og’zaki usul; o’z-o’zini qayd qilish usuli;
korrespondentsiya usuli.
Og’zaki usulda, kuzatish organlari tomonidan maxsus tayyorlangan shaxslar
kuzatilayotgan shaxslarga og’zaki savol berib javob oladilar. Olingan javoblar
varaqaga yozilib, keyin umumlashtiriladi.
O’z-o’zini qayd qilish usulida kuzatuvchi maxsus tayyorlangan so’rov
varaqasini kuzatuvchilarga tarqatadi va ma’lum vaqtdan so’ng to’ldirilgan
varaqalarni yig’ishtirib oladi. Bu usulda savollarga javobni kuzatilayotgan
shaxslarning o’zi beradi va o’z qo’li bilan savol varaqasini to’ldiradi. Zarur
bo’lgan ma’lumotlarni ixtiyoriy korrespondentlar orqali ham to’plash mumkin.
Bunga misol Germaniyada chorrahalarda ixtiyoriy valanterlar turib (kamida uch
kishi) yo’l qoidasini buzgan haydovchilar haqidagi ma’lumotlarni politsiya
xodimlariga yuborishlarini keltirish mumkin. Oxirgilari esa haydovchilarga
nisbatan chora belgilaydilar. Ularni o’zaro uchrashuvi ta’minlanmaydi.
Valantyorlarga to’la ishoniladi.
Statistik kuzatishni tashkil qilish va uni o’tkazishda qo’pol xatolarga yo’l
qo’yilsa, statistik kuzatish natijalarining samaradorligi pasayadi. Shuning uchun
ham bu murakkab ishni boshlashdan oldin har tomonlama muhokama va ekspertiza
qilingan kuzatish rejasini tuzish zarur. Statistik kuzatish rejasi dasturiy-uslubiy va
tashkiliy masalalarni o’z ichiga oladi.
Statistik kuzatishning dasturiy-uslubiy masalalari quyidagilardan tashkil
topadi: kuzatish maqsadi va vazifalari; kuzatish dasturi; kuzatish ob’ekti va birligi;
kuzatish formulyari va yo’riqnoma.
Har bir ishni bajarishdan oldin, uni nima uchun bajarayapmiz o’zi, maqsad
nima?degan savollarga javob bo’lishi kerak. Bu tamoyil statistik kuzatishga ham
to’liq tegishli. Demak, aniq va tushunarli bo’lmagan maqsad va vazifalar
belgilansa, statistik kuzatish jarayonida keraksiz ma’lumotlarni to’plab, kerakli
ma’lumotlar qolib ketishiga sabab bo’lishi mumkin. Maqsad va vazifalar
aniqlangandan so’ng kuzatish dasturi tuziladi.
Dostları ilə paylaş: |