8-mavzu:Auditorlik tekshiruvi vaqtida ichki nazorat tizimini o’rganish hamda baholash
REJA:
Tekshiriladigan korxona (mijoz) faoliyatini o’rganish
Buxgalterlik hisobining tashkil etilishini o’rganish
Korxona hisob siyosatini o’rganish
Ichki nazorat tizimini o’rganish
Ichki nazoratni boshqarish faoliyati komponentlari
Tayanch so’z va iboralar: Tekshiriladigan mijoz faoliyatini o‘rganish, buxgalteriya hisobini tashkil etilishini o‘rganish, korxonani hisob siyosati va uni o‘rganish, ichki nazorat tizimi, nazorat muhiti, nazorat amallari, ichki nazorat tizimini baholash me’yorlari.
1. Tekshiriladigan korxona (mijoz) faoliyatini o’rganish.
Auditorlik tekshiruvni rejalashtirish tekshiriladigan korxona faoliyatini batafsil o’rganishdan boshlanadi. Auditor korxona faoliyatini o’rganishdan ikkita maqsadni ko’zlaydi: a) audit o’tkazishni osonlashtirish va sifatini oshirish; b) tekshiriladigan korxona iqtisodini yaxshilashga qaratilgan amaliy maslahat yordami ko’rsatish. Buning uchun korxona faoliyatiga ta’sir qiladigan ichki hamda tashqi omillar haqida ma’lumotlarni to’plash zarur.
Auditor birinchi navbatda e’tibor berish lozim bo’lgan, korxona iqtisodiga ta’sir qiladigan ichki omillarga quyi-dagilar kiradi: mulkchilik shakli va boshqaruv tuzulmasi, korxonaning qanday maqsadda tashkil etilganligi, korxona faoliyatida amalga oshiriladigan asosiy muomalalar, moliyasi, xodimlari, hisob yuritish siyosati, korxonaning uchinchi shaxslar bilan o’zaro munosabatlari. Tashqi omillarga mijoz faoliyat qiladigan tarmoq, mamlakatdagi iqtisodiy holat kiritiladi.
Tekshiriladigan korxonaning maqsadlarini tahlil qilish, uning muomalalarini yaxshi tushunishga imkon berib, tekshiriladigan hisobot haqida to’g’ri fikr shaklllantirilishi uchun zarurdir. Chunonchi, agar auditor ishini rejalashtirish chog’ida mulk egalarining korxonani tugatmoqchi ekanliklari aniqlansa, bunda u korxona hisobotiga nisbatan faoliyat qilayotgan korxona printsipini qo’llamasligi haqida auditorlik hisobotiga izoh kiritishga tayyorlanishi zarur.
Mijozning muomalalari haqidagi ma’lumotlar auditorga o’zining xatarli holatlarini to’g’ri baholash, samarali tekshirish dasturi tuzish va uni o’tkazishga ketadigan vaqtni tejashda yordam beradi. Korxonaning moliyaviy tuzilmasini bilish auditorga korxonaning mablag’larga bo’lgan talabi va ularning kelish manbalarini, korxonaning haqiqiy to’lov qobiliyatini aniqlash va shu bilan birga u kelgusida o’z muomalalarini amalga oshira olishini aniqlashda yordam beradi.
Tekshiriladigan korxonaning hisob yuritish siyosatini bilish auditorga har xil schyotlarni tekshirishning samarali metodlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Hisob yuritish siyosatini tushunish uchun quyidagilarni ko’rib chiqish zarur: hisob yuritish siyosatini qabul qilish tartibi; hisob yuritish siyosatiga o’zgartirishlar kiritish; talab etishi mumkin bo’lgan, korxona faoliyatida ruy berishi kutilayotgan o’zgarishlar; hisob yuritish siyosatining amaldagi qonunchilikka mosligi, hisob yuritish siyosatining mazkur tarmoq uchun xosligi. (hisob yuritish siyosatini tekshirish tartibi 3, 4-mavzuda batafsil bayon qilingan).
Korxonaning uchinchi shaxslar bilan o’zaro munosabatlarini ko’rib chiqishda quyidagilarni tahlil qilish zarur: korxona da’vosi, shuningdek unga qarshi qo’zg’atilgan da’vo bo’yicha mavjud va bo’lishi mumkin bo’lgan sudlashuvlar; korxonaning mulklari va mas’uliyatlari sug’urta qilinganligi; korxonaning soliq maqomi (soliqlar bo’yicha imtiyozlar va sh. o’.).
Auditor tarmoqda qanday xatarli holatlar bilan to’qnashishi va mazkur tarmoqning o’ziga xos muammolarini hal qilishga layoqatliligini, unga notanish va o’ziga xos murakkab masalalarni xal etish uchun tegishli mutaxassislar jalb qilish talab qilinishini tasavvur qila olishi lozim. Buning uchun u mazkur tarmoqdagi raqobatchilik shart-sharoitlarini (asosiy raqobatchilarning ro’yxatini tuzishi lozim); baholarning o’zgarishini, tarmoqda ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladigan sharoitlarni o’rganadi.
Auditor axborotlarni to’plashni o’ziga tushunarli metodlar bilan amalga oshirishi lozim.
Korxona rahbariyati va bosh mutaxassislardan so’rab-surishtirish yo’li bilan asosiy muammolarni, xususan, raqobat, soliq masalalari, korxonaning moliyaviy ahvoli, korxonaning yirik muomalalari, biznesdagi, rahbariyatdagi, mulkchilik shakllaridagi o’zgarishlar, ichki nazoratning tashkiliy tuzilmasi va metodlari, rahbariyatning auditor maxsus e’tibor qaratishini istagan o’ziga xos muammolarini aniqlashi mumkin. Bo’linmalar, ishlab chiqarish urinlari va omborlarga borib, mijozning amalga oshiradigan muomalalari, ishlab chiqarish tovar-moddiy zaxiralarning mavjudligi haqida tasavvurga ega bo’lishi mumkin.
Shuningdek, korxona faoliyati haqidagi uning hisobotida (buxgalterlik hisobotlari va analitik yozuvlar; direktorlar, boshqaruv va aktsiyadorlik kengashining majlis bayonnomalari; ichki auditorning va taftish komissiyasining hisobotlari, lavozim yo’riqnomalari), tashqi axborot manbalari (matbuotda chiqqan nashr mahsulotlari, ma’lumotlar bazasi, analitik nashrlar, qonunchilikka oid va boshqa me’yoriy byulletenlar) keltirilgan ma’lumotlarni tahlil qilishi lozim.
Auditor olingan ma’lumotlarni yozib boradi va korxonaga ta’sir qiluvchi omillar hamda aniqlangan tahlikali holatlar bayon qilingan holda bo’limlarga bo’lingan maxsus yozuv ko’rinishida rasmiylashtiradi.
2.Buxgalterlik hisobining tashkil etilishini o’rganish.
Auditor korxonaning moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirishni boshlashdan oldin buxgalterlik hisobi qanday tashkil etilganligi va yuritilayotganligini o’rganishi lozim. Bunda u korxonada qo’llanilayotgan nazorat vositalarini o’rganadi va baholaydi, ular asosida taxmin qilinayotgan auditorlik amallarining mazmuni, miqyosi va qilinadigan xarajatlarni aniqlaydi.
Eng muhimi, auditor amaldagi buxgalterlik hisobi tizimi tekshirilayotgan xo’jalik yurituvchi sub’ektning xo’jalik faoliyatini ishonarli aks ettirishi hamda tekshirilayotgan korxonadagi mavjud nazorat vositalariga qay darajada tayana olishiga ishonch hosil qilishi lozim. Shuningdek, hisob tizimini, ya’ni hujjatlar aylanish reja-grafigining tuzilishini, buxgalteriya xodimlarining xizmat vazifalari qanday taqsimlanayotganligini ko’rsatishi, korxonaning asosiy muomalalarini aks ettirish uchun qanday schyotlar korrespondentsiyalari (o’zaro bog’lanishlari) qabul qilinganligi va qanday hisob registrlaridan foydalanilayotganligi kabi masalalarni bayon qilish lozim.
Ko’pchilik auditorlar hisobni tashkil etish va uni yuritish uslubiyoti standart, markazlashtirilgan holda tartibga solishga bo’ysundirilgan va shuning uchun uni bayon qilishga ehtiyoj sezilmaydi degan noto’g’ri fikrga ega. Ular bunday fikrga asoslanib auditni rejalashtirishning bu qismiga etarli e’tibor bermaydilar. Bunday yondoshuvga yo’l qo’yib bo’lmaydi, chunki markazlashtirilgan tizim shunga olib keladiki, unda turli korxonalar nafaqat o’z xususiyatlarini, balki namunaviy schyotlar va registrlar nomi ostida ham xatolarini yashiradilar. Masalan, 1010-1090 «Materiallar» schyotlari bo’yicha qoldiqlarni balansda hisob baholarida aks ettirish hollari ko’p uchraydi. Hisob yuritish siyosatidagi «ishlab chiqarish zaxiralarining hisobi ularning o’rtacha sotib olish bahosi bo’yicha yuritiladi» degan yozuv ostida nafaqat o’rtacha miqdorlarni hisob-kitob qilishning xilma-xil usullari, balki ulardan to’g’ridan-to’g’ri voz kechish va materiallarni korxona uchun eng qulay bo’lgan baholarda hisobdan o’chirish va shunga o’xshashlar yashirinishi mumkin. Buxgalteriya xodimlari korxonada yuritiladigan oborot vedomostlari va shunga o’xshashlarni jurnal-orderlar deb tushunib, hisob jurnal-order shaklida yuritilishini tasdiqlashlari ham mumkin.
Buxgalterlik hisobi tizimini bayon qilish quyidagi hujjatlarni o’z ichiga olishi mumkin: auditor axborot olishni rejalashtirgan asosiy xodimlar familiyalari ko’rsatilgan korxona buxgalteriyasining tashkiliy tuzilmasi; tashkiliy tuzilmada ko’rsatilgan har bir xodimning vazifalari va mas’uliyatlarining bayoni; hisob tsiklining muhim uchastkalari bo’yicha hujjatlar aylanish reja-grafigi; hisob tsikllari yo’nalishida namunaviy muomalalar bo’yicha provodkalar bayoni; bir martalik muomalalar va xato bo’lish ehtimoli yuqori bo’lgan muomalalar «o’zining» firmalari, mavozalari, komissiya va konsignatsiya shartnomalari, qo’shma faoliyat shartnomalari, lizing) bo’yicha schyotlar korrespondentsiyalari bayoni; hisob yuritish siyosatidagi yoki ayrim schyotlarni yuritish qoidalarida me’yordan chetga chiqishlar; hisobot ma’lumotlarini tekshirishning nazorat varaqasi. So’nggi hujjat auditorning talabi bo’yicha mijoz tomonidan tuziladi. Unda hisobotning butunligicha ham, qisman ham tekshirishga tayyor ekanligi mijozning ushbu tekshirishni texnik jihatdan qay darajada ta’minlay olishi so’raladi.
Auditor buxgalterlik hisobi va hisobotining tashkil etilishi hamda holatini tekshirishda quyidagilardan foydalanadi:
Dostları ilə paylaş: |