Temperament xususiyatlarining o`ziga xos yig`indisi inson faoliyati munosabatlari va bilish jarayonlarida faoliyatning individual uslubi sifatida namoyon bo`ladi. U faoliyatning temperament bilan bog`liq dinamik tomonlarini ifodalaydi.
Faoliyatning individual uslubi faqat temperamentga ega emas, balki boshqa sabablarga shaxsiy tajriba jarayonida hosil bo`lgan ko`nikma va malakalarga ham bog`liqdir. Faoliyatning individual uslubini inson organizmini tug`ma xususiyatlari va asab tizimi tiplarining faoliyat sharoitlariga moslanishi deb qarash mumkin. Bunday moslanish kam kuch sarflab ko`proq natijaga erishish imkonini berishi kerak. Faoliyatning individual uslubining asosini asab tizimi xususiyatlari yig`indisi tashqil etadi. Faoliyatning individual uslubiga kiruvchi 2 xil xususiyatlar mavjud:
1. Asab tizimi individual xususiyatlari nuqsonlarining o`rnini tuldiruvchi tajriba jarayonida shakllangan xususiyatlar.
2. Insonda mavjud layoqat va qobiliyatlardan maksimal darajada foydalanish imkonini beruvchi xususiyatlar.
Temperament tiplarining kelib chiqishida irsiyatning roli katta. Masalan, gomozigot (1 tuxumdan ) rivojlangan va geterozigot (2 tuxumdan rivojlangan). egizaqlar temperamentlarini solishtirib bunga ishonch hosil qilish mumkin. Temperamentning ayrim xususiyatlari hayot davomida ma`lum bir o`zgarishga uchrashi mumkin. Lekin temperament tipi o`zgarmaydi. Temperament xususiyatlari ma`lum bir yoshda birdaniga paydo bo`lmaydi. Ba`zan kichik bolalarda yosh xususiyatlari tufayli to`la darajada namoyon bo`lmaydi. Ma`lum bir temperament tipining asosiy xususiyatlari birdaniga hammasi namoyon bo`lmaydi, balki yoshga qarab sekin - asta asab tizimining voyaga etishi bilan bog`liq holda namoyon bo`ladi. Bu jarayonni biz temperamentning voyaga etishi deb ataymiz. Umuman yaxshi va yomon temperament tipi yo`q. Masalan, sangvinik o`zining hissiyligi va ishchanligi bilan ajralib turadi. Lekin uning mayllari, diqqati beqarordir. Melanholik tez toliqadi, o`ziga ishonmaydi, lekin u noziq sezuvchi, ehtiyotkor va xushyor odamdir. Agar xolerikning kuch - quvvati, ehtirosliligi munosib maqsadlarga yo`naltirilgan bo`lsa, qimmatli fazilatlar bo`lishi mumkin, lekin etarlicha bo`lmagan muvozanatlik, hissiy qo`zg`aluvchanlik, zarur tarbiya bo`lmaganda o`zini tuta olmaslikda, keskinlikda, doimo qizishib ketishiga moyillikda ifodalanishi turgan gap. Flegmatikning vazminligi, sabr - toqatliligi, shoshqaloqlikning yo`qligi, qimmatli xususiyatlardir. Lekin tarbiyaning noqulay sharoitlarida ular kishini bo`shashtirib hayotining ko`pgina taassurotlariga befarq qilib qo`yadi. Shunday qilib, temperamentning aynan bir xil boshlang`ich xususiyatlari ularning qanday - ijobiy va salbiy tomonga rivojlanishini oldindan belgilab bermaydi. SHuning uchun tarbiyachining vazifasi bir temperamentni boshqasiga o`zgartirishga o`rinib ko`rishdan iborat bo`lmasligi kerak, balki muntazam ish olib borish yo`li bilan har bir temperamentning ijobiy tomonlari rivojlanishiga ko`maklashish va ayni paytda ushbu temperament bilan bog`liq bo`lishi mumkin, salbiy jihatlardan holi bo`lishga yordam berishdan iboratdir.