Boshqarishning tashkiliy-farmoyish usullari. Xo’jalik tashkilotlarining ishlab chiqarishni boshqarish bo’yicha faoliyati boshqaruvning turli tashkiliy-farmoyish usullarini qo’llash bilan bog’liqdir. Boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usullari boshqaruvchi va boshqariluvchi tizimlar samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi ta’sir etish tizimidan iboratdir. Boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usullari iqtisodiy usullarni to’ldirib, bozor iqtisodiyoti qonunlari. Xuquqiy aktlarni xisobga olish va bajarishga asoslanadi.
Davlat maxsus tuzilgan boshqaruv tashkilotlari vositasida boshqariladigan tizimga ma’muriy va tashkiliy jihatdan ta’sir o’tkazadi. Menejment tizimida tashkiliy usullar umumiy maqsadga erishish uchun ishlab chiqaruvchilarning hamkorlikdagi xarakati tartibga solinadigan ma’muriy xujjatlar asosida amalga oshadi. Tashkiliy-farmoyish usulini qo’llash asosini boshqaruvning barcha tamoyilariga rioya qilish tashkil etadi.
Nima sababdan boshqaruvning ma’muriy-farmoyish usullari ma’muriy shakllar bilan qo’shib olib boriladi. Bu ko’p hollarda tashkiliy ta’sir ma’muriy xuquqni qo’llash, ya’ni qaror va farmoyishlarni amalga oshirishga asoslanadi. Lekin, «boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usuli» tushunchasi «ma’muriy boshqaruv usuli» tushunchasidan bir muncha kengdir, chunki tashkiliy-farmoyish usullari boshqaruvning turli darajalariga turli ko’lamda va shaklda tashkiliy ta’sir etishni o’rganish masalalarini ham qamrab oladi. Tashkiliy-farmoyish usullari tashkiliy aniqlikni ta’minlaydilar, tashkiliy tizim, boshqaruvning har bir bo’g’ini vazifalarini belgilab beradi, boshqaruv apparati intizomi va faoliyati samaradorligini ta’minlaydi, ishda tartib o’rnatadi. Qaror, farmoyishlarni bajarish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo’yishda bu usullarning ahamiyati katta. Boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usullari ishlab chiqaruvchilarga ta’sir etish manbalari va yo’nalishlari bo’yicha turlarga ajratiladi. Bunga bog’liq holda ta’sir etishning tashkiliy-farmoyish usullari uch guruxga bo’linadi: tashkiliy-barqarorlashtiruvchi, farmoyish va intizomga oid usullar.
Ta’sir etishning tashkiliy-barqarorlashtirish usullarining asosiy maqsadi hamkorlikda ishlash uchun tashkiliy asos yaratishdir, ya’ni, vazifa, majburiyat, javobgarlik va vakolatlarni taqsimlash, tartib o’rnatish va boshqalar. Ma’muriy ta’siretish tashkiliy shakllarining ikki turi mavjud: tashkiliy reglamentlash va tashkiliy meyorlash. Tashkiliy reglamentlash vositasida boshqaruvchi va boshqariladigan tizimlar o’zaro ta’sirining maqbul nisbati belgilanadi, tashkiliy tizimda va har bir boshqaruv darajasida boshqaruv chegaralarini aniqlash imkoniyati vujudga keladi. Tashkiliy reglamentlashga misol qilib lavozimlar xaqida yo’riqnomani ko’rsatish mumkin. Tashkiliy meyorlash xujjatlari vositasida xomashyo, materiallar sarfini me’yorlash, maxsulotlar ishlab chiqarishga mehnat sarfi, ishlab chiqarish fondlaridan foydalanish, texnikaviy va texnologik me’yorlar (standartlar, meyorlar, qayta ishlov berish usuli, tartibi va x.k.) ishlab chiqarishini tashkil etish meyorlari (maqbul ishlanma ko’lami)ni kiritish mumkin..
Ta’sir etishning farmoyish usullari me’yoriy-cheklovchi xujjatlarda ko’zda tutilmagan vaziyatdan kelib chiqqan holda joriy boshqarishda qo’llaniladi. Farmoyish ta’sirining asosiy maqsadi boshqaruv apparatining aniq xarakati, boshqaruvning barcha bo’linma va xizmatlari barqaror ishlashini ta’minlab berishdan iborat. Ta’sir etishning farmoyish usullari buyruq, farmoyish, ko’rsatma va boshqa me’yoriy xujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Buyruq - bu rahbarning qo’l ostidagi xodimlardan ma’lum vazifani bajarishni yozma yoki og’zaki ravishda talab qilishidir. Buyruq faqat chiziqli boshqaruv tizimi rahbari tomonidan beriladi. Farmoyish - xodimlardan ayrim ishlab chiqarish va xo’jalik masalalarini hal etishni talab qilishdir. Farmoyish boshliq o’rinbosarlari, bo’lim boshliqlari tomonidan vakolatlari doirasida beriladi. Farmoyish operativ xarakterga ega bo’lib, vaziyatga mos tezkor qaror qabul qilishni ifodalaydi. Boshqaruv amaliyotida qo’llaniladigan ta’sir qilish usullaridan yana biri - og’zaki ko’rsatmadir. Ta’sir etishning bunday shaklini barcha darajadagi rahbarlar, ko’pincha quyi daraja menejerlari, brigada boshliqlari, ustalar qo’llaydilar.
Farmoyish vositasida ta’sir etish bajarish muddatlari bilan farq qiladi. Buyruq va farmoyishlar uzoq yoki qisqa muddatda mo’ljallangan bo’ladi. Har bir buyruq yoki farmoyishda qanday vazifa bajarilishi, qachon bajarilishi kerakligi belgilanadi. Ta’sir etishning farmoyish usuli tashkiliy ta’sirga nisbatan uning bajarilishini nazorat qilishni ko’proq talab etadi. Ijro etishning borishi nazorat qilingandan so’ng yana farmoyish bilan ta’sir etishga extiyoj tug’iladi. Farmoyish usulining qo’llanish ko’lami boshqaruv kadrlari malakasi, tashabbuskorligi va qobiliyatiga bog’liqdir.
Korxonani boshqarishda farmoyish bilan ta’sir etish faqat qonunga zid bo’lmagan xoldagina bajarilishi qat’iy bo’lgan xuquqiy kuchga ega bo’ladi. Shu sababli barcha boshqaruv tizimlar va darajalarda tashkiliy-farmoyish faoliyati mavjud qonunchilikka bo’ysungan xolda amalga oshishi lozim.
Intizomiy ta’sir usullari tashkiliy barqarorlashtiruvchi va farmoyish vositasida ta’sir etish usullarini to’ldirib, intizomiy talablar va majburiyatlar tizimi vositasida tashkiliy aloqalar barqarorligini ta’minlashga qaratilgandir.
Dostları ilə paylaş: |