4. Disaxaridlar. Ularni tabiatda tarqalishi va kimyoviy xossalari Disaxaridlar, ularning eng muhim vakillari; saxaroza, maltoza, laktoza va sellobioza. Disaxaridlarning umumiy formulasi C12H22O11. Ular suvda yaxshi eriydi, shirin ta'mga ega. Disaxaridlar gidrolizlanganda ikkita bir hil yoki ikki hil monosaxarid molekulalari hosil bo’ladi. Disaxaridlar hosil bo’lishida doimo birinchi monosaxarid o’zining yarim atsetal gidroksili bilan qatnashadi, ikkinchi monosaxarid molekulasi ham yarim atsetal gidroksili yoki qolgan gidroksillari bilan qatnashadi.
Disaxaridlarning molekulasida karbonil guruhga oson o’ta oladigan guruh bo’lmasa, bunday disaxaridlar qaytarmaydigan disaxaridlar deb ataladi. Masalan, saxaroza. Molekulasida karbonil guruhga oson o’tadigan guruhlar bo’lsa, bunday disaxaridlar qaytaruvchi disaxaridlar deyiladi.
Saxaroza (shakar). Qamish shakari yoki lavlagi shakari deb ataladigan saxaroza o’simliklar dunyosida juda ko’p tarqalgan. U qand lavlagida 16-20 foizni va shakar qamishda 14-20% ni tashkil etadi. U palma daraxti shirasida va makkajo’xori tarkibida ham ko’p uchraydi.
Saxaroza rangsiz kristall modda, uning suyuql. h. 160ºC. U gidrolizlanganda D–glyukoza va D – fruktozani hosil qiladi:
C12H22O11 + H2O →C6H12O6 + C6H12O6
D-glyukoza D-fruktoza
Maltoza (solod shakari). Kraxmalga solod tarkibidagi diastaz ta'sir ettirilganda maltoza hosil bo’ladi. Shuning uchun ham maltoza solod shakari deb yuritiladi. Maltoza gidrolizlanganda ikki molekula glyukozaga parchalanadi:
C12H22O11 + H2O →2C6H12O6
α-D-glyukoza
Laktoza (sut shakari). Laktoza sut tarkibida (sigir sutida 4,0-5,5%, ayollar sutida 5,5-8,4%) bo’ladi:
C12H22O11 + H2O →C6H12O6 + C6H12O6
glyukoza galaktoza
Sellobioza. Uning tuzilishi maltozaga o’xshash bo’lib, faqat farqi shuki, maltozada qoldiq α-D-glyukoza bo’lsa, sellobiozada esa β-D– glyukoza qoldig’idir:
C12H22O11 + H2O →C6H12O6
β-D- glyukoza
B ilasizmi?
Eramizning VIII asrlarida oq qand eronliklarning asosiy savdo (ayriboshlash) buyumi bo’lgan.
Nemis kimyogari F. K. Axard rahbarligida birinchi qand zavodi qurilgan (Sileziya, 1801).
Tarkibida 19% saxaroza bo’lgan 100kg qand lavlagidan 16,5kg shakar va 50% saxarozasi bo’lgan 2,0kg patoka olinadi.